So’nggi yangiliklar

20:21"Пахтакор" 8 йил олдинги антирекордини такрорлади  0 20:15Суперлига. "Навбаҳор" сафарда "Қизилқум"ни 5:1 ҳисобида мағлуб этди  17 20:00Ямаль "Сельта"га қарши ўйнамайди  1 19:42Франция футбол Федерация ПСЖнинг "Мбаппе иши" бўйича апелляциясини рад этди  0 19:31Суперлига. "Нефтчи" – "Насаф" 2:0. Highlights  5 19:17Анвар Бердиев: "Мақсадимиз — Суперлигага чиқиш"  0 18:59Фарҳод Нишонов: "Ҳакам қарорини муҳокама қилишни истамайман, аммо..."  0 18:34Моуринью яна Роналду билан бирга ишлаши мумкин  0 18:08ПРО-Лига. Расман — "Шўртан" плей-оффнинг иккинчи иштирокчиси!   2 18:05Чемпион "Насаф" Фарғонада "Нефтчи"га мағлуб бўлди  44 17:43Суперлига. "Қизилқум" - "Навбаҳор": Асосий таркиблар маълум  2 17:09ПРО-Лига. 5 та гол урилган ўйинда "Бухоро" "Арал"дан устун келди  2 16:49ПСЖ янги машғулот марказини очди  0 15:32Жорж Микаутадзе фаолиятини "Ювентус"да давом эттириши мумкин  1 15:01"Манчестер Сити" Холандга янги шартнома таклиф қилмоқчи  2

Ektor Kuper: "Osiyo kubogidagi maqsad - chempionlik" (Intervyu) Yangiliklar

Ektor Kuper: "Osiyo kubogidagi maqsad - chempionlik" (Intervyu)

"Championat.asia" sayti O'zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper bilan eksklyuziv intervyu uyushtirdi.

O'zbekiston terma jamoasida ish boshlaganiga 2 oydan oshgan argentinalik mutaxassis bilan saytimiz ijodiy guruhi intervyu tashkil qildi. Kuper terma jamoamiz rulida hozirgacha ikkita yig'in o'tkazdi va to'rtta o'rtoqlik uchrashuvida maydonga tushdi. Mazkur o'yinlarning ikkitasida g'alaba, 1 durang va yana bir mag'lubiyatga uchradik. Biz Ektor Kuperdan Osiyo Kubogiga tayyorgarlik, yig'inlar, futbolchilar va boshqa mavzular suhbatlashdik.

- O'FA rahbariyati oldingizga Osiyo Kubogida yaxshi ishtirok etish va JCH-2022ga chiqish vazifasini qo'ygan. To'g'rimi? Osiyo Kubogidagi yaxshi ishtirok: guruhdan chiqishmi? Yarim final yoki final?
- Osiyo kubogiga borishdan maqsad albatta unda chempion bo'lish. Har bir terma jamoa va futbolchilar o'z oldiga mana shunday maqsad qo'yishi aniq. Biz musobaqaga optimistik ruhda yondoshamiz. Hozirdan aniq bir maqsad haqida ayta olmayman. Osiyo Kubogida malum bir bosqichga etib boramiz deb aytishni noto'g'ri deb hisoblayman. Lekin biz qita chempionatida qo'limizdan kelgan barcha ishni qilamiz va iloji boricha yaxshi ishtirok etish uchun bor kuchimizni sarflaymiz. O'zbekiston terma jamoasida avvalo tartibni o'rnatamiz. Malum bir tartib o'rnatilganidan so'nggina terma jamoa o'z oldiga qo'ygan vazifalarni bajarishi uchun oxirigacha kurashadi.

- Sizni oldingizga qo'yilgan asosiy vazifa terma jamoamizni Qatarda bo'ladigan JCH-2022ga olib chiqish. Lekin ayni paytda terma jamoada yoshi katta futbolchilar ko'pchilikni tashkil qilmoqda. Mundial saralashiga yaqin etakchilar ancha qarib qolishadi. Siz bu muammoga qanday echim topmoqchisiz?

- To'g'ri takidlab o'tdingiz. Ayni paytda terma jamoamizda juda ko'p yoshi katta futbolchilar to'p tepishmoqda. Lekin avlodlar almashinuvi hech qachon birdaniga amalga oshirilmaydi. To'g'ri ular Qatardagi Jahon chempionatiga etib bormasliklari mumkin, ammo ular hozirgi kunda, Osiyo Kubogi yoki Jahon chempionati saralashida bizga yordam berishlari mumkin. Men doimo Misr terma jamoasi darvozaboni Essam Al Xadarini misol qilib keltiraman. Tajribali posbon 45 yosh bo'lishiga qaramasdan Rossiyadagi mundialga bordi va juda yuqori saviyada o'ynadi. SHuning uchun, futbolchilarning yoshiga qarab birdaniga terma jamoadan chiqarib tashlash noto'g'ri deb o'ylayman. Tajribali futbolchilardan iloji boricha foydalanish kerak. SHu bilan bir qatorda Jahon chempionati uchun yoshlarni ham tayyorlab borishimiz kerak. Yani avlodlar almashinuvi katta talofatlarsiz, silliq o'tishi lozim.



- Ilk yig'inda boshqa tarkib. Bu galgi yig'inda ham ko'plab yangi nomlarni ko'zdan kechiryapsiz. Osiyo Kubogiga boradigan tarkibning asosiy o'zagini qachon aniqlab olasiz? Noyabrdagi yig'inda jamoa musobaqaga boradigan optimal tarkibda shug'ullanadimi?

- Terma jamoani doim o'zagi bo'lgan. Sentyabr oyidagi ikkita o'rtoqlik o'yinlarda ham malum darajada jamoaning o'zagini ko'rishimiz mumkin edi. To'g'ri, tarkibda o'tgan Jahon chempionati saralashida ishtirok etgan futbolchilardan iborat bo'lgan o'ziga xos o'zagni hosil qildik. Oktyabr oyidagi yig'inda tarkibga bir qator yoshlarni chaqirganmiz. Terma jamoa o'zagini doimiy ravishda asosi bor deb bo'lmaydi. CHunki bu futbolchilar hozirda yaxshi o'ynashlari mumkin, ammo Osiyo Kubogiga yaqin ularning o'yinida pasayish bo'lishi mumkin. Futbolchilarning jismoniy, ruhiy va barcha holatlarini inobatga olgan holda tarkib tanlaymiz. Yoshlar termasida o'ynagan futbolchilar o'sha jamoada yaxshi harakat qilgan bo'lishi mumkin, ammo milliy terma jamoaga qanchalik kirishib ketishlarini vaqt ko'rsatadi. Yani, aytmoqchi bo'lganim, boshqa jamoada yaxshi o'ynagan futbolchi terma jamoada ham shu o'yinini ko'rsatadi degani emas. Yoki aksincha, o'z klubida o'ynay olmagan futbolchi terma jamoada yangi qirralarini ochishi mumkin.

- O'zbekistonlik muxlislar juda talabchan. Ular xatto o'rtoqlik o'yinlarida ham g'alabalarni kutishmoqda. Siz o'rtoqlik uchrashuvlarida aynan nimalarga ko'proq urg'u berasiz va bunday bahs sizga qanday xizmat qiladi?

- To'g'ri, muxlislar doim o'z terma jamoasidan g'alaba kutishadi. Lekin murabbiylar uchun o'rtoqlik uchrashuvlaridagi asosiy maqsad - futbolchilarni sinovdan o'tkazishdan iborat. Sentyabr oyidagi ikkita o'rtoqlik o'yinidan ko'zlangan maqsad - futbolchilar bilan yaqindan tanishib olish edi. Ularning ismlarini, ko'rinishlarini bilib olishim kerak edi. futbolchilarni ko'rishim bilan tanib olish uchun malum vaqt kerak bo'ladi. Undan keyingi maqsad ularning maydondagi harakatlari va holatlaridan xabardor bo'lish edi. To'g'ri, muxlislar bu futbolchilarni juda yaxshi bilishadi, tanishadi, ammo men bu yigitlarni ilk bor maydonda ko'rdim. Masalan, ko'pchilikka yoqmaydigan futbolchi yangi murabbiy qo'l ostida ochilib ketishi mumkin. Bazi futbolchilar o'z klubi safida ko'p vaqtini zaxirada o'tkazishi, lekin terma jamoada juda yaxshi o'yin ko'rsatishi mumkin. Men ham xuddi muxlislar kabi jamoamdan doimo g'alaba kutaman. Biroq o'rtoqlik bellashuvlarida birinchi navbatda futbolchilarni sinab ko'rish kerak. O'rtoqlik o'yinlaridan xulosa chiqarib, rasmiy o'yinlarga optimal holatda borishimiz lozim.

- Noyabrda Avstraliyada yig'in o'tkaziladi. U erda Janubiy Koreya bilan o'rtoqlik o'yini rejalashtirilgan. Bittagina o'yin uchun Avstraliyaga uchib borish jamoani toliqtirib qo'ymaydimi?

- Noyabrda Avstraliyada bo'ladigan yig'innining biz uchun foydali taraflari ko'p. To'g'ri, biz u erda Janubiy Koreya bilan bitta o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazamiz. Lekin terma jamoa Avstraliyada nafaqat birgina bahs, balki katta yig'in o'tkazish uchun boradi. Bundan tashqari mazkur yig'in futbolchilarga muhitni o'zgartirishga ham yordam beradi. Yig'inni o'zga yurtda o'tkazish orqali biz futbolchilarni boshqacha sharoitda sinab ko'ramiz. Terma jamoani doim noodatiy vaziyatlarga tushirib turish kerak. Masalan, sentyabr oyida biz Erondek kuchli jamoaga qarshi o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazdik. Hali futbolchilar bilan to'liq tanishib olmasdan turib Osiyoning eng kuchli jamoasi bilan o'yin o'tkazish to'g'rimi, deganlar ham ko'p bo'ldi. Bu sinab ko'rish xolos, bundan hech narsa yo'qotmaymiz. Futbolchilarni shunday qiyin vaziyatga soladigan bo'lsakkina o'zimiz uchun kerakli xulosalarni chiqaramiz. Avstraliyaga borish ham shunga o'xshash narsa va boshqacha iqlimda, boshqacha sharoitda yig'in o'tkazish orqali futbolchilarni qaytadan sinab olamiz.



- Murabbiylar shtabiga mahalliy mutaxassislardan birini jalb qilish haqida o'ylab ko'rmadingizmi? Bu orqali futbolimiz, futbolchilar haqida malumot olishingiz ham engillashardi. Qisqa fursat ichida futbolimiz bilan tanishish, futbolchilarni o'rganish oson ish emas. SHuningdek, sizdek tajribali mutaxassisdan keyinchalik ko'p narsalarni o'rganadigan, ish uslubingiz bilan yaqindan tanishadigan mahalliy mutaxassis qoladi. O'FA sizdan ish o'rganishi uchun mahalliy mutaxassisni murabbiylar shtabiga qo'yish taklifini bermadimi?

- Men O'zbekistondagi barcha murabbiylarning fikrlarini eshitishga tayyorman. Hozirgi kunda Toshkentda yashayapman, poytaxtdagi barcha Superliga o'yinlariga boryapman, viloyatlardagi uchrashuvlarga ham tashrif buyurishga harakat qilyapman. Bazi bir murabbiylar bilan allaqachon gaplashib olganmiz. Ular mendan ko'ra futbolchilarni yaxshiroq bilishadi. Allaqachon bazi murabbiylar bilan yig'ilish o'tkazdik, ularning maslahatlarini olganmiz. O'FA vakillari O'zbekistondagi barcha murabbiylar milliy terma jamoa murabbiyi bilan hamkorlik qilishga tayyor va yordamini ayamasligini bildirib o'tishdi. Bu esa meni o'ziga xos ravishda ijobiy tarzda xayratga soldi. CHunki bunday holatni oldin ko'rmaganman. O'zbek mutaxassislari menga ko'maklashmoqchi ekanliginidan juda xursandman. Kelgusidagi faoliyatimda mahalliy murabbiyning maslahatlaridan foydalanaman. Lekin hozirgi kunda murabbiylar shtabiga mahalliy mutaxassisni qo'shish haqida aniq bir fikr ayta olmayman. Buni vaqt ko'rsatadi. Masalan, shtabimdagi darvozabonlar murabbiyi Denis Ivankovni mahalliy mutaxassis desa ham bo'ladi. To'g'ri u darvozabonlar murabbiyi, lekin Superligadagi barcha futbolchilarni taniydi va bu bizga albatta qo'l kelmoqda.

- Matbuot anjumanlaridan birida siz terma jamoaga futbolchilar tanlashda avvalo uning o'sha paytdagi optimal sport formasini va jismoniy holatini inobatga olaman degansiz. Lekin boshqa matbuot anjumanida futbolchi o'z klubida asosiy tarkib futbolchisi bo'lmay zaxirada qolayotgangan bo'lsada, mening talabimga mos tushsa bo'lgani degandingiz. Mantiqan o'ylab qaralsa, o'z jamoasida zaxirada qoladigan futbolchining sport formasi va jismoniy holati optimal bo'lmaydi...

- Ushbu holatga oydinlik kiritib o'tmoqchiman. Siz to'g'ri takidlab o'tdingiz, zaxiradagi futbolchi optimal formada bo'lmasligi mumkin. Sentyabr oyidagi yig'inga ayna mana shunday futbolchini chaqirgandim. Yani o'z jamoasida asosan zaxirada qolayotgan futbolchi menda iliq taassurot qoldirdi. Biroq hozir uning sharifini aytishni xohlamayman. Nimaga o'z klubida zaxirada o'tiradi? Bu degani yomon formada emas, faqat o'sha klub murabbiyining talab qilayotgan narsani maydonda bajara olmayotgan bo'lishi mumkin. Yani murabbiyning o'yin uslubiga tushmayapti. Bazi murabbiylar himoyachilardan ko'proq hujumga o'tishni istashadi, bazilar esa ko'proq himoyada harakat qilishlarini xohlaydi. Men o'z vaqtida Gruziya va Misr terma jamoalarida ishlaganimda ham milliy chempionatda o'z klubi safida zaxirada o'tirgan o'yinchilarni qo'rqmasdan chaqirganman. Mana shu futbolchilar men xohlagan funkciyalarni bajarishgani uchun klubida o'ynamasa ham terma jamoada asosiy tarkibda bo'lishgan.



- Sentyabr oyidagi yig'inga chaqirilgan futbolchilar orasida 4 nafari umuman maydonga tushmadi. Ular orasida Janubiy Koreya birinchi ligasida o'ynayotgan SHohruh Gadoev ham bor edi. Ushbu futbolchi nima uchun imkoniyat berilmagani haqida malumot bera olasizmi?

- Terma jamoa barcha narsadan ustun. Hech qaysi murabbiy yoki futbolchi terma jamoadan yuqori turmaydi. Futbolchilar men uchun emas, terma jamoa hamda vatani sharafini himoya qilish uchun o'ynashadi. Ular doim terma jamoaga faxr tuyg'usi bilan kelishi lozim, nimaga o'ynadim, nimaga o'ynamadim deyishlari kerak emas. To'g'ri, uzoq mamlakatdan kelgan bo'lishi mumkin, lekin terma jamoa uchun har bir futbolchi borini berishi shart. Futbolchilar hech qachon o'z manfaatini terma jamoadan ustun qo'ymasligi lozim. Nafaqat muxlislar, balki jurnalistlar bilan ham bir jamoa bo'lishimiz kerak. Bu birgina meni emas, balki umumiy barchamizning ishimiz. Eron bilan o'rtoqlik uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanidan keyin juda xursand bo'ldim. Men ko'plab tanqidlar bo'lishini kutgandim, lekin bunday bo'lmadi va albatta bu meni xursand qildi. Dunyoning barcha davlatlarida ham bunday holatni ko'rmaymiz. Barchamiz birlashgan holda umumiy maqsad yo'lida harakat qiladigan bo'lsak, unda ko'plab yutuqlarga erishamiz.

- Muxlisdan kelgan savol: Superligada qaysi jamoa sizda yaxshi taassurot qoldirmoqda? Kuchli taktikaga ega jamoa bormi?

- Agar hozir bir jamoa nomini aytadigan bo'lsam, o'sha jamoa muxlislari meni yaxshi ko'rib qolishadi. Qolgan 11ta klub muxlislari esa aksincha, meni yomon ko'rib qolishadi. SHu boisdan ham bu savolga javob bermaslikni maqul ko'raman. Bundan tashqari hali Superligadagi barcha klub o'yinlarini ko'rganim yo'q. Qachonki barcha klublar ishtirokidagi uchrashuvlarni ko'rib, xulosa chiqarganimdan so'ng balki bu savolga to'liq javob berishim mumkin.


Intervyu. Ektor Kuper - "Osiyo kubogiga borishdan maqsad, unda g'alaba qozonish" (VIDEO)


Intervyuda ishlagan "Championat.asia" ijodiy guruhi:
Narzulla Saydullaev
SHahboz Beg'amov
Zoir Tursunboev
Alisher Xolmatov
Jahongir Fayzullaev
Akram To'xtamirzaev

Ovoz muallifi: Mirzaxakim To'xtamirzaev

Intervyuni tashkil etishda amaliy ko'mak bergani uchun O'FA rahbariyati, "Milliy" stadion rahbariyati, "Bunyodkor" klubi menejeri Ulug'bek Mirzaevga minnatdorchilik bildiramiz.

Reyting: +59   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика