Eden Azar: “Menga doim gol urishdan ko'ra aldab o'tish yoqqan”
20 apr 2017 20:00
Yangiliklar
Eden Azar: “Menga doim gol urishdan ko'ra aldab o'tish yoqqan”
Mavsumni ishonchli o'tkazayotgan futbolchi “Frans Futbol” haftanomasi muxbirlariga intervyu berdi. Suhbatda u futboldagi qarashlari, klubi va turli qiziqarli savollarga javob qaytardi.
- Musiqachilar, shoirlar va rassomlar ijodi kabi o'yini orqali odamlarda hissiyot uyg'otadigan futbolchilar bor. Siz ulardan birimisiz?
- Bilmayman, buni muxlislar bilishadi. O'yin uslubi tarafdan o'zimni ijodkor inson deb bilaman.
- Qaysidir manoda artistmi?
- Faqat buyuk o'yinchilarni shunday atash mumkin. Artistlar - Zidan, Ronaldino, yana ajoyib to'p oshirishlari bilan Rikelme. Albatta, Messi. Uning to'p bilan qiladigan ishi fantastika! Bu futbolchilar yonida turaman deb o'ylamayman. Lekin artist maqomiga loyiq yoki buning aksincha ekanini muxlislar hal qilishadi.
- Yoxan Kroyf-chi?
- Uni umuman ko'rmaganman. 2-3 videosini tomosha qilganman – qanday qilib baho beraman? Maradona borasida ham shunday deyman. Qanday o'ynayotganini ko'rish nasib etmagan. Futbolni 1998 yildan tomosha qilishni boshlaganman – jahon chempionatidan. Otam va keksa avlodning so'zlariga ko'ra, Kroyf fantastik o'yinchi bo'lgan va murabbiy sifatida ham maqomga loyiq topilgan. Futbolni o'zgartirib yuborgan insonlardan biri. Ular haqida aytib berishganda buni o'zgacha qabul qilasan. 15 yildan keyin men bolalarimga Zidan to'g'risida shunday narsalarni gapirib beraman.
- Futbolda o'zining artistlari bor ekan, uni sanat deb tariflash mumkinmi?
- Ha, bu sanat va shu bilan birga o'yin ham. “CHelsi”dek buyuk klubda g'alaba asosiy maqsadning o'zi emas. Men uchun muhimi – futboldan rohatlanish. Agar yutsak, bu yaxshi. Yutqazgan bo'lsak, ammo yoqimli o'yin namoyish qilsak, bu fojia emas. Keyingi uchrashuvda g'alaba qozonamiz.
- Muhimi tomoshabop bo'lishmi?
- Omma zavq olishi shart. Odamlar stadionga aynan shu maqsadda keladi – vaqtini chog' o'tkazgisi, rohatlangisi keladi. Buning qanday amalga oshishi esa o'yinchilarga bog'liq.
- Odamlar o'rnidan turib ketishi kuch beradimi?
- Ha, bu ajoyib. Ishqiboz chiroyli futbolni yoqtiradi. Uchrashuvdan so'ng ularning biror harakatni yaxshi amalga oshirganimni takidlashi yoqimli. Bu tarafdan Lilldagi xayrlashuv o'yinim yodda qolgan. Butun stadion Belgiya va menga muxlislik qilgan. Men bor kuchimni ishga soldim va uch to'p kiritdim. Bellashuv mobaynida ko'proq hisga boshqa ega bo'lmadim.
- Siz uchun biror harakatni chiroyli amalga oshirish muhimmi?
- Aynan shunday. Menga hamisha foydalilik muhim ekanini gapirishgan. Ammo foyda keltirmasa ham chiroyli harakat baribir chiroyli holda qoladi. Albatta, uning foyda keltirishi yanada yaxshiroq. Raqibni oyoqlari orasida to'pni tashlash yoki darvozaning yuqori burchagiga aniq zarba berish chiroyli. Odamlar shularni eslab qolishadi. Mendan ularning xotirasida nimadir qolishini xohlayman. Hamisha shunday bo'lganman, o'n yoshimda ham. O'zgarmaganman. Futbol – sportning sehrli turi. O'yinim bilan ommada hissiyot uyg'otishim kerak.
- Zamonaviy futbolda bunday ijodkor o'yinchiga oson emas.
- Hammasi jamoaga bog'liq. Bunday o'yinchilar boshqalardan ko'proq qadrlanadi. Biroq natija muhim ekanini ko'p marta eshitishga to'g'ri keladi. Biroq ijodkor futbolchilar shu bilan to'xtab qolmaydi. Muhimi – biror narsani amalga oshirish. Neymarga qarang.
- Siz kabi o'yinchilarsiz futbol zerikarli bo'lib qolardi.
- Balki. Kimdir go'zallikni chuqur himoya yoki golsiz o'yinlarda ko'radi. Tomoshaboplik uchun kelganlar uchun futbolni bunday o'yinchilardan mahrum qilib bo'lmaydi.
- Kelganingizdan buyon “CHelsi”da to'rt murabbiy almashdi. Konte – beshinchisi. Barcha murabbiy qo'l ostida maydonda erkin ijodkor bo'lganmisiz yoki kimdir sizni malum doiraga solganmi?
- Himoyadagi harakatga kelsak, ko'rsatma hammada turlicha bo'lgan. Hujumda ular bir narsani takidlashgan: “To'p sendaligida yashil chiroq. Sen – mahoratlisan, sen kabilar natijani belgilab beradi. Nima qilish kerakligini aytmaymiz. Nimani zarur deb hisoblasang. SHunday harakat qil”. O'ng, chap yoki markaz bo'ylab hujumga o'tishim mumkin. Buning evaziga g'alaba qozonsak – hech kim hech narsa demaydi. “Lill”da Rudi Garsiya boshchiligida shunday bo'lgandi. U erda Jervino va Mussa Sou ham erkinlikka ega edi. CHunki ortimizda Kabay, Balmon, Mavuba uchligi o'ynardi. Erkinlik yaxshi, ammo natijaga erishish kerak sanalardi.
- Ijodkorlik xislati sizda tug'mami?
- Ha, bunga mashg'ulotlarda erishib bo'lmaydi. Besh yoshimdayoq shunday uslubda o'ynardim. Albatta, hozirgidek bo'lish uchun ishlashga to'g'ri kelgan. Ammo senda bori doim bo'ladi. Yaratish – qalbning bir holati. Nimadirlar o'zgargan. Maydonda hamisha biror narsa amalga oshirishga urinish to'g'ri emas. Meyorida bo'lgani yaxshi.
- Aldab o'tishingiz va o'yiningiz kutilmagan yo'nalishda. To'pni qabul qilganingizda keyin qanday harakat qilishni bilasizmi?
- Yo'q. Mendan to'pni olishdan avval biror narsani o'ylashim haqida so'rashadi. Terri Anri bilan ham shuni muhokama qildik. U aldab o'tishdan avval nimani rejalashtirganini o'ylab olarkan. Ammo men bunday emasman. Miyamda biror reja bo'lmaydi. To'pni qabul qilaman va keyingi lahzada qarorning o'zi keladi. O'z-o'zidan, instinkt bilan.
- Sizga murabbiyning erkinlik berishi zarurmi?
- Albatta. Futbolda boshqa yoqimli bo'lmagan ishlarni ham bajarishga to'g'ri keladi. Bazida to'pni kam qabul qiladigan, asosiy vaqtni himoyada o'tkazadigan uchrashuvlar bo'ladi. Bu ham futbol. Bir narsani bilaman: o'z futbolimni o'ynaganimda foydaliroqman. SHu sababli menga eng muhimi – to'p bilan bo'lish.
- To'pni oyog'ingizga qabul qilishni afzal bilasizmi yoki harakatlanayotgan paytdami?
- Oyog'imga. Zamonaviy futbolda ko'pchilik bo'sh hududga to'p oshirishni so'raydi. Bu jihat ustida ko'proq ishlashim kerak. Bu yil ozroq o'sishga erishdim. Biroq to'pni yaqinroq, oyoqlarim ostida olib yurishni yoqtiraman. SHunda xavfliroq bo'laman. Bazan ochilasan, qandaydir urinishlar qilasan, ammo to'pni olmaysan. SHunda nega bunday qildim deb o'ylaysan. To'pni oyoqqa olib, keyin qalbing xohlagan ishni qilgan yaxshiroq!
- Baribir bu qanday ro'y beradi?
- To'pni olishim bilan keyingi lahzada miyam buyruq beradi: bunday qil, bunday. Keyin esa oyoqlarim harakatga keladi. So'ng to'pni boshqaradigan oyoq qismi, tana.
- Batafsil to'xtalsangiz. To'pni qabul qildingiz.
- Bungacha atrofga boqib, sheriklarim va raqiblar qaerda turishganini bilib olaman. Pedro, Kosta yoki Villianga to'p oshirishim mumkinligini taxminan aniqlab olaman. Keyin hal qilish lozim – oshirish yoki aldashga kirishish. Messi doim eng yaxshi variantni tanlaydi. Menga bu hamisha nasib etmaydi. Bazida buni o'yinni ko'rayotganingda tushunasan. Saviyang qanchalik yuqori bo'lsa, shunchalik to'g'ri qarorlar qabul qilasan. Bu tarafdan o'zimni buyuk deb ayta olmayman.
- To'pdan tezroq qutulishni xohlaydigan o'yinlar bo'ladimi?
- Ha, bir necha uchrashuvlarda o'yin chiqmayotganini sezasan va dovdirashni boshlaysan. To'g'risi, ishlar o'xshamayotgani va ikkinchi bo'limning yarmi o'tib ketganini ko'rish dahshat! Almashtirib yuborishsa yaxshi. Qora kun bo'lganda va o'yining chiqmaganda senga to'pni oshirmasdan boshqa variant topishlarini o'ylaysan.
- Sizni o'yindan chiqarishga urinadigan yoqimsiz raqiblar bormi?
- Yo'q. Hech qachon qo'rqmaganman, oyog'imga ataylab zarba beruvchilar bo'lsa ham. Oyog'imni tortib olmayman. Biror kun jarohat olsang, demak taqdiring shunday ekan.
- O'yiningiz raqiblarni asabiylashtiradigan uslubda quriladi.
- Bu haddan oshib ketmasligiga urinaman. Kimningdir ustidan kulish uchun aldamayman. To'pni raqib oyog'i orasidan o'tkazganingda bu uning uchun alamli. Ammo odamlar ham buni ularni uyaltirish uchun amalga oshirmaganimni tushunishadi.
- Qarshingizda ikki himoyachi va sherigingizga to'p oshirishning iloji yo'q. Qanday yo'l tutasiz?
- Aldashga kirishaman. Ehtimol, qoidani buzishar. Agar to'pni yopsam, raqib uni tortib olishga urinadi va to'qnashuv sodir bo'ladi. Oldimda tez bo'lmagan ikki raqib turgan bo'lsa, to'pni oldinga tepib qochib ketishga intilaman. Bazan esa ularni chalg'itish uchun fintlarni ishga solishga to'g'ri keladi.
- To'pni oyoq panjangizning ichki tarafi bilan olib yurasizmi?
- Mark Vilmots aynan shunday ko'p olib yurishimni takidlagandi. Buni atayin qilmayman. O'sha holatda qulay bo'lgan yo'l tutaman. CHap qanotda ko'proq harakat qilaman. O'ng oyoqda o'ynaganim uchun markazga yaqinlashganimda to'pga kuchliroq zarba berish uchun uni ichki tarafda olib yurgan maqulroq.
- Raqibni aldab o'tish rohat beradimi?
- Ha, bu ajoyib. Menga hamisha gollar urishdan ko'ra aldab o'tish yoqqan. Yaxshi holatda bo'lsam aldashga kirishaman. Gol esa boshqacha rohatlanish beradi. Lekin har ikkisini uddalash ajoyib: fint qilaman, raqibni aldayman va gol uraman! CHiroyli to'p oshirishlardan ham rohat olasan. Baribir men uchun aldab o'tish boshqacha o'rin tutadi. “Lill” akademiyasida Ronaldino va Robinoning o'yinlarini tomosha qilardim. Roino kichkina, ozg'in, ammo maydonda qanday chiroyli ishlarni amalga oshirardi. “Yutub”ga kirib, Zidan, Anrining aldamchi harakatlarini soatlab ko'rardim.
- Yoqtirgan fintingiz qaysi?
- Oyoq orasidan to'pni o'tkazish. Raqibni erga urishni istamayman, chunki bu raqib uchun og'riqli holdir. Oyoqni chalishtirib aldab o'tish katta bo'shliq bo'lganda foydali. “Rabona” (to'pni oyoqlar chalkashtirgan holda tepish) ko'proq omma uchun. Yigirma martacha urinib, bir martagina tuzukroq zarba berganman.
- To'p siz uchun nimani anglatadi – o'yinchoq yoki sevgilingizga qiyoslay olasizmi?
- U – mening do'stim. Dunyoga kelganidan beri u bilan tanishman. Hayotimda u turli ko'rinishda bo'lgan, ammo baribir do'st (kuladi). Bolaligimda barcha xonalarda to'plarim bo'lardi, jami 15tacha. Kun bo'yi to'pdan ajralmasdim.
Behzod NAZAROV tayyorladi.
Fikrlar