So’nggi yangiliklar

23:11Битта гол урилган Тошкентдаги "Олимпик" — "Бунёдкор" ўйинидан ФОТОГАЛЕРЕЯ  0 23:00Франция чемпионати. "Ланс" Ҳусановсиз ўз уйида "Марсель"дан учта тўп ўтказиб, мағлуб бўлди  7 22:49Моуринью "Реал" собиқ ўйинчисини нишонга олди  1 22:11АПЛ. "Арсенал"дан йирик ғалаба, лондонликларнинг сўнгги голини ўтган йили Ўзбекистонга қарши баҳсда ҳаракат қилган 17 ёшли ўйинчи урди  8 22:06Бундеслига. "Байер" 0:2ни 5:2 қилди, "Боруссия Дортмунд"дан жавобсиз 4та тўп, "Хоффенхайм" — "Лейпциг" ўйинида 7та гол  0 22:00Суперлига. Экстра-тайм: жорий мавсум узоқ давом этган ўйинлар  0 21:35"Манчестер Сити" — "Тоттенхэм". Холанд ва Сон Хён Мин асосий таркибда  2 21:10"Милан" — "Ювентус". Таркиблар маълум  6 20:57А Серия. "Интер" "Верона"га қарши ўйин тақдирини биринчи бўлимнинг ўзида ҳал қилди  0 20:40Вадим Абрамов: "Барча голларни қарши ҳужумлар туфайли ўтказиб юбордик, ўйин учун режамиз умуман бошқача эди"  2 20:27Александр Хомяков: "Раҳбарият янги мутахассис излаётган экан, демак улар мендан мамнун эмас"  7 19:44"Арсенал" - "Ноттингем Форест". Таркиблар билан танишинг  0 19:35"Челси" ғалаба қозонди ва жадвалда 3-ўринга чиқиб олди  1 19:27Илёс Зейтуллаев: "Йигитлар сўнгги учрашувларда асосий ва захира деган тушунчалар йўқлигини тушунишди"  4 19:21Суперлига. "Андижон" "Динамо"ни йирик ҳисобда мағлуб этди ва Суперлигада ўрнини сақлаб қолди  13

Dilshod Nuraliev: Futbolchi bo'lib tanilish peshonamda yo'q ekan… Yangiliklar

Dilshod Nuraliev: Futbolchi bo'lib tanilish peshonamda yo'q ekan…

Dilshod NURALIEV. Bu mutaxassis ko'pchilikning ko'z o'ngida bolalar futboli murabbiyi sifatida gavdalanadi.
Vitaliy Denisov, Sanjar Tursunov, Marat Bikmaev, Akmal SHorahmedov, Anzur Ismoilov singari istedodlarni kashf qilgan Nuraliev terma jamoalar miqyosida ham etirofga arzigulik muvaffaqiyatlarga erishdi.

O'zbekiston futboli tarixida ilk marta Osiyo chempioni bo'lgan jamoamizga aynan Dilshod aka ustozlik qildi. O'smirlarimiz uning qo'l ostida  BAAda o'tgan kichik mundialda ham mazmunli o'yinlar namoyish etishdi. Bu mehnatlar javobsiz qolmadi, albatta. 2013 yilgi mavsum yakunlariga ko'ra, Dilshod Nuraliev O'zbekistonning eng yaxshi yoshlar murabbiyi, deb topildi. Bugun bolalar bilan tillasha oladigan murabbiyimizning o'z bolalik yillari, faoliyati bo'ylab sayohat uyushtiramiz.

BOLALIK  YILLARI


- Bolalik yillarim Toshkentdan uzoqroqda, poytaxt viloyatining Oqqo'rg'on tumanida o'tgan, - deya so'z boshladi bugungi qahramonimiz. - Rahmatli dadam onam bilan Toshkentda turmush qurishgan. Keyin kasblari taqozosi bilan Oqqo'rg'onga ko'chib o'tishgan. Otam shifokor bo'lganlar. Men aynan Oqqo'rg'onda dunyoga keldim. Elas-elas eslayman, o'sha payt sharoitlar ancha og'ir edi. Tabiiyki, futbol bilan shug'ullanish ham oson emasdi. SHunday bo'lsada, millionlar o'yiniga qiziqish baribir, o'z kuchini ko'rsatgan. Akamga havas qilib, men ham futbol o'ynay boshlaganman. Akam Baxtiyor Nuraliev mana bir necha yillardan beri Paxtakor akademiyasida murabbiylik qilib kelyapti. Mendan 10 yoshga katta. O'zbek futboliga ko'plab istedodli yoshlarni etkazib berdi va bu jarayon hamon davom etmoqda. Juda ko'p shogirdlari oliy liga jamoalari sharafini himoya qilishyapti. O'z vaqtida To'ra SHoymardonov kabi futbolchilar bilan birga o'ynagan. Rahmatli dadam ham futbolga qattiq qiziqardilar. Bolalik yillarim Oqqo'rg'onda o'tgan bo'lsada, futbol bilan Toshkentda astoydil shug'ullandim. Yoshligimdan Titov nomli, hozirgi Respublika Olimpiya zaxiralari kollejida tahsil olishni orzu qilardim. Lekin afsuski, bu amalga oshmagan. Ota-onam bunga qarshilik qilishgan. O'sha payt futbol maktab-internatida o'qishni umuman boshqacha talqin qilishardi. Go'yoki, bu maktabda yotib qolib o'qish bolalar uyida tahsil olishdek tushunchani yuzaga keltirgan. Onam ham shunday xayolga borganlar. Eng yaqin do'stim Zafarni ham uyidagilar shu sabab qo'yib yuborishmagan. U istedodli darvozabon edi. Doimo birga bo'lardik, hech ajralmasdik. Balki Zafarga ruxsat berishganida, ota-onamning fikrlari ham o'zgararmidi? Xullas, bir o'zimni qo'yib yuborishni istashmagan. Ammo futbolga qiziqish baribir, kuchlilik qildi. 9-sinfda o'qib yurgan kezlarim Vali aka SHamsiddinov qo'l ostida futbol bilan astoydil shug'ullana boshladim. Keyin O'zbekiston Davlat jismoniy tarbiya institutiga o'qishga kirdim. U erda tajribali murabbiy Rustam Akramov ustozlik qildilar.

ILK JAMOA - BINOKOR

- Aksariyat bolalar singari avvaliga hujum chizig'ida o'ynadim. Darvozani ishg'ol qilishga ishtiyoqim baland bo'lgan. Lekin murabbiyimning ko'rsatmalariga asosan qanot himoyasiga o'tkazilganman. Jussam kichik hamda tez yugurganim uchun qanot himoyasida o'ynatishdi. Bu poziyaciya o'zimga ham yoqib qoldi. Bosh bilan yaxshi o'ynardim va eng muhimi, poziciyani to'g'ri tanlardim. Paxtakorda o'ynagan Husan Boymatov, Mahmud Sobirov singari futbolchilardan ko'p narsa o'rgandim. Professional faoliyatimdagi ilk jamoa - Binokor. Qibray tumani sharafini himoya qiladigan klubda malum muddat o'ynadim. Keyin Qashqadaryo viloyati Yakkabog' tumanining Quruvchi hamda  Qoraqalpog'istonning To'rtko'l jamoalarida to'p tepdim. SHundan so'ng yana Qibrayga qaytdim va O'zbekiston chempionatining 1-ligasida ishtirok etadigan Madaniyat klubi sharafini himoya qildim. Afsuski, aynan shu jamoada oyog'im va belimdan jiddiy jarohatlandim. Buning natijasida 22 yoshimdayoq futbolchilik faoliyatim xotima topdi. O'zi professional faoliyatim juda erta boshlangan. 16 yoshimdayoq professional klubning asosiy tarkibida o'ynardim. SHifokorlar jarohat jiddiyligi, agar futbol o'ynashda davom etsam, oqibati yaxshi bo'lmasligini aytishdi. O'sha paytlar juda qiynalgandim. Sevimli mashg'ulotingiz bilan ayni kuchga to'lib kelayotgan paytda xayrlashish... Buni hech kimga ravo ko'rmayman. Lekin futboldan uzoqlashib ketolmasligim kundek ravshan edi.


MURABBIYLIKKA ILK QADAM

- Futbolchi bo'lib tanilish peshonamda yo'q ekan... Jarohat sabab futbolni tashlaganimdan so'ng o'zimni murabbiylikda sinab ko'rishga qaror qildim. SHu maqsadda kasaba uyushmalariga qarashli Paxtakor bolalar va o'smirlar futbol maktabiga ishga kirdim. O'sha payt Vladimir SHtern maktab direktori edi. SHu tariqa, 1992 yildan murabbiylik faoliyatim boshlandi. Binokor jamoasida Orif aka Kurtmulaev, Evgeniy Valickiy, shuningdek, malum muddat Birodar aka Abduraimovdan murabbiylik sir-asrorlarini o'rgandim. Bolalar bilan ishlash juda og'ir. Ayniqsa, bu narsa o'quv-mashg'ulotlar jarayonida yaqqol ko'zga tashlanadi. Yosh bolalar tushunchasi va shu bilan birga qabul qilishi turlicha. Hamma ham nimani talab qilayotganingizni birdek tushunmaydi. Har biriga alohida munosabatda bo'lishingiz kerak. Birinchi navbatda, murabbiyga hurmat shakllanishi shart. SHaxsiy fikrim, o'z qarashlari bor murabbiy avvalo, bolalar bilan ishlagani maqul. CHunki bolalar jamoasida o'z qarashlari va uslublarini amaliyotda sinab ko'rishi mumkin. Yoshlar bilan ishlagan murabbiy keyinchalik kattalar jasoasida qiyinchilikka duch kelmaydi. Har bir narsani bosqichma-bosqich amalga oshirgan maqsadga muvofiq. Akam haligacha qo'lidan kelganicha menga yordam berib turadi. Jamoam o'yinlarini birgalikda tahlil qilamiz. SHu asnoda kerakli ko'rsatmalar beradi.


BOLALAR EMAS,

OTA-ONALAR XOHISHI...


- Afsuski, hozirda futbolchi bo'lishni bolalarning o'zlari emas, ko'proq ota-onalari xohlashyapti. To'g'ri, ota-ona qiziqtirishi kerak, lekin farzandini majburan futbolga berishi noo'rin. Agar bolaning o'zida qiziqish bo'lmasa, boshqalarning ming harakat qilishi befoyda. Malum muddat o'ynashi mumkin, lekin keyin... 14-15 yoshda haqiqiy mashaqqatli mehnat boshlanadi. SHu qiyinchiliklarga chidagan bolagina futbolchi bo'lib etishadi. Aynan shu yoshda bolalarning saragi sarakka chiqadi. Futbolga majburan olib kelingan bola o'z-o'zidan ajralib qoladi.

Endi har bir murabbiyning o'z qarashi bor. SHaxsan men birinchi navbatda, bolaning chaqqonligi, epchilligi, fikrlashi, to'p bilan ishlashiga etibor qarataman. Fikrlash deganda, maydondagi holatni nazarda tutmayapman. CHunki yosh bolada hali bu tushuncha shakllanmagan bo'ladi. Murabbiy sekin-asta bu narsani yuzaga chiqarib boradi. Bolalarning bir-biri bilan gaplashish muomalasi, maktabda qanday o'qishi ham muhim. Alo baholarga o'qigan boladan yaxshi futbolchi etishib chiqishi ehtimoli yuqori. Bunday bolalarning fikrlashi boshqacha bo'ladi. SHunga qarab yoshlarni maydonga joylashtirish mumkin. Bu sinov shaxsiy tajribamdan muvaffaqiyatli o'tgan. Alochi bolalarni yarim himoya chizig'iga qo'yganimda, bu o'z natijasini bergan. Aksariyat hollarda qarorim o'zini oqlagan.


JAHON CHEMPIONATIDAN KEYIN

- Jahon chempionatida ishtirok etgan terma jamoaning aksariyat futbolchilari Paxtakor akademiyasida tahsil olishgan. Mundialdan keyin ayrim o'yinchilarni asosiy tarkibga tanlab olishdi. Ayrimlari o'rinbosarlar tarkibiga, shuningdek, 1-ligada qatnashadigan Paxtakor-2 klubiga jalb qilinishdi. Yaqinda Paxtakor akademiyasiga rahbar etib tayinlandim. Bu yog'iga ham bor tajribamni ishga solib, istedodli yoshlarni kashf qilib, asosiy tarkib, turli yosh toifasidagi terma jamoalarimizga etkazib berish niyatidaman. 2002 yili Paxtakorga Samvel Babayan rahbar bo'lib tayinlanganidan so'ng klubda yangi davr boshlandi. Birinchi navbatda, jamoa akademiyasiga etibor qaratildi. Ko'pchilik bu inson haqida turlicha fikr bildiradi. SHaxsiy fikrim, agar Babayan ishni to'g'ri yo'lga qo'ymaganida, bugungidek yutuqlar qo'lga kiritilmasdi. Buni hech kim inkor qilolmaydi. Istalgan yosh toifasidagi terma jamoaga qarang, uning tarkibida albatta, Paxtakor tarbiyalanuvchilari bor. Akademiyani ochish bilan unga munosib murabbiylarni taklif qilish, o'quv jarayonini to'g'ri yo'lga qo'yish muhim hisoblanadi. Har bir guruhda murabbiydan tashqari, jismoniy tayyorgarlik va darvozabonlar bilan ishlaydigan mutaxassislar ishlashlari shart. Ilmiy guruh ham. Hammasini amalga oshirish uchun katta mablag' kerak. Oson emas, harqalay. Mana hozir Bunyodkor akademiyasida etirof etishga arzigulik ishlar amalga oshirilyapti. Hech ikkilanishsiz aytishim mumkin, Bunyodkor akademiyasi Osiyoda katta mavqega ega. Bunday akademiyani qitaning o'zim bo'lgan boshqa davlatlarida hali ko'rmaganman. U erdagi futbol maydonlari, sharoitlar, o'quv jarayoni - hamma hammasi professional darajada. SHu kunlarda PRO licenziyasi uchun tahsil olyapman. Bizga Germaniya terma jamoasida Berti Fogtsga yordam bergan mutaxassis mashg'ulot o'tkazdi. Bu murabbiy ham Bunyodkor akademiyasini ko'rib, og'zi ochilib qoldi. Nasaf akademiyasida ham ishlar to'g'ri yo'lga qo'yilgan. Endi faqat 3ta akademiya bilan ish bitmaydi. Qolgan viloyatlarda ham bunday akademiyalarni ochish kerak. 2 yil oldin Doxa shahridagi Aspire akademiyasida bo'lgandim. U erda o'smirlar terma jamoamiz xalqaro turnirda qatnashdi. Akademiyada yaratilgan sharoitlarni ko'rib, ochig'i, hayron qolgandim. O'sha payt akademiyaga mashhur mutaxassis, 5ta terma jamoani jahon chempionati final bosqichiga olib chiqqan Bora Milutinovich rahbarlik qilardi. U bilan safarimiz davomida gaplashganmiz. Futbolimiz haqida yaxshi fikrlar bildirgandi. Turnirda 3-o'rinni qo'lga kiritgandik. Taqdirlash marosimida kubokni bizga  Milutinovichning o'zi topshirgandi. Bu akademiyasida asosan Afrika va Osiyo davlatlari futbolchilari tahsil olishadi... Mendagi aniq malumotga ko'ra, BAAdagi jahon chempionatida ishtirok etgan Nigeriya va Kot-d`Ivuar terma jamoalari safidagi aksariyat futbolchilar aynan Aspire akademiyasida o'qigan ekanlar...

Hozir ko'pchiliknig fikricha, jahon chempionatida qatnashib qaytgan ayrim futbolchilar sekin-asta ko'rinmay qolishyapti. Bu holat avvalgi mundiallardan keyin ham kuzatilgan. Bu fikrlarga qo'shilaman. Menimcha, futbolchilarga o'yin amaliyoti etmayapti. Hamma ham asosiy tarkibda maydonga tusholmaydiku! BAAdagi jahon chempionatida qatnashib kelgan yigitlardan Ibrohim Abdullaev va Jamshid Boltaboevni Paxtakorning asosiy tarkibiga qabul qilishdi. 8 nafar futbolchi o'rinbosarlar tarkibiga jalb etildi. Qolganlar 1-ligadagi Paxtakor-2da o'ynashadi. Agar bolalarga etarlicha o'yin amaliyoti berilsa, o'sishda davom etishadi. Axir 17-20 yosh oralig'ida futbolchiga eng muhimi - o'yin amaliyoti. Qisqasi, murabbiylar yigitlarga ishonch bildirishlari lozim. SHu o'tish davrida yoshlarni qo'llab-quvvatlab yuborsak, keyin buning foydasi katta bo'ladi. 17-18 yoshli bola asosiy tarkibda maydonga tushgan payt qandaydir xatolikka yo'l qo'ysa, yoshi katta futbolchilar baqirib, so'kinishlari tabiiy hol. Bunday holatlarda bosh murabbiy o'sha o'yinchilarni tartibga chaqirib qo'yishi kerak. Aks holda, yosh futbolchining ruhiyati tushib ketadi.


YOSHLAR LIGASIDA HAQIDA

- Vadim Abramov milliy jamoada ishlagan payt aynan shu mavzuda gaplashgandik. Vadim Karlenovich, siz bosh murabbiysiz, Professional futbol ligasi mutasaddilari fikringiz bilan hisoblashishadi, o'rinbosarlar o'rtasidagi turnirni 17-19 yoshli futbolchilar o'rtasida o'tkazish kerak, deb aytgandim. O'sha payt Yoshlar ligasi o'rinbosarlar musobaqasi, deb yuritilardi. Endi 20 yoshli futbolchilardan ham 2-3 nafarini qo'shish mumkindir. Lekin 21 yoshli yigit kattalar jamoasida o'ynashi kerak, nazarimda. Mayli, Paxtakor yoki Bunyodkorning asosiy tarkibida maydonga tushishga tortmas, lekin boshqa klublarda o'ynashi mumkin-ku! Akademiyada o'sib kelayotgan yoshlarga tarkibdan joy ajratish shart. Bu hayot qonuni. Istedodli, kelajagi porloq bola shunda tezroq o'sadi.

 
SO'NGGI SO'Z O'RNIDA


- Terma jamoada ishlash shaxsan men uchun juda og'ir. Ehtimol, bazi murabbiylarga osondir. Terma jamoa bilan biror musobaqaga borsangiz, birinchi navbatda, Vatan nomidan maydonga tushiladi. Masuliyatni his qilib, uni zimmangizda ko'tarib yurishdek qiyin ish bo'lmasa kerak. Lekin bir tomondan, bu juda katta sharaf. 1992 yildan beri Paxtakorda ishlab kelyapman. 31 dekabr kuni Terma jamoalar markazi bilan tuzgan shartnomam yakuniga etdi. Agar taklif bo'lsa, albatta, yana biror yosh toifasidagi terma jamoada ishlardim. O'zimni klub murabbiyi sifatida sinab ko'rishim haqida ham ko'p so'rashadi. Menimcha, klubda ishlash birmuncha osonroq. Balki qachondir klubda ham ishlash nasib etar.

Fursatdan foydalanib, futbolimiz mutasaddilariga minnatdorchilik bildiraman. Jahon chempionatidan qaytib kelganimizdan keyin bizni ortig'i bilan taqdirlashdi. Ochig'ini aytaman, na futbolchilar va na murabbiylar mukofot haqida o'ylashmagandi. CHunki vazifani to'la uddalamadik. Yigitlarning ham, bizning ham rejalarimiz umuman boshqacha edi. Har bir futbolchiga 15-20 mln. so'mdan mukofot puli, menga Malibu mashinasi topshirildi. Etirof tanlovining Eng yaxshi yoshlar murabbiyi nominaciyasida kuchli uchlikka kiritildim. Bu men uchun yuksak sharaf. Endi etiroflarga munosib bo'lishga astoydil harakat qilaman.
Reyting:    

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика