Rasmiy xabar: Dilshod Ahmadaliev AGMKga ko'chib o'tdi

Narzulla Saydullayev
5 yanv 2021, 18:52
Tarkibni yanada kuchaytirishga harakat qilayotgan va selekciya ishlarini jadallik bilan davom ettirayotgan jamoa navbatdagi transferga qo'l urdi.

AGMK o'tgan yillar davomida Bunyodkor sharafini himoya qilgan ajoyib qanot himoyachisi - Dilshod Ahmadalievni o'z safiga qo'shib oldi. Ajoyib tezlik va dribling sohibi endilikda konchilar libosida jamoa muxlislarini xushnud etishga intiladi. Dilshod Ahmadaliev erkin agent sifatida AGMK bilan 1 yillik shartnoma imzoladi.

Dilshod Ahmadaliev 1994 yili Namangan viloyatining To'raqurg'on tumanida tavallud topgan va 2015 yili Obod safida harakat qilgan. 2016 yildan e'tiboran esa katta futbolda Bunyodkor jamoasi orqali faoliyat yuritmoqda. Himoyachi 2016-2020 yillar mobaynida Bunyodkor safida jami 128 o'yinda maydonga tushgan va raqiblar darvozasini 5 marotaba ishg'ol qilgan. Dilshod Ahmadaliev O'zbekiston chempionatida 101 o'yin, OCHLda 9 uchrashuv va kubokda 18 bellashuv o'tkazgan.

Ahmadaliev AGMK bilan shartnoma imzolaganidan baxtiyor va himoyachi AGMKdagi ilk taassurotlari bilan o'rtoqlashdi.

Dilshod Ahmadaliev: AGMK ahil oilasiga qo'shilganimdan baxtiyorman. Ochig'i, jamoa almashtirib, o'zimni yangi muhitda sinab ko'rish payti kelgandi. Olmaliq tanloviga to'xtalganimni asosiy sababi bu Mirjalol Qosimov qo'l ostida harakat qilish ishtiyoqi bo'ldi. Qo'shoqovich bilan avval ishlaganman va bu menga maqul kelgan. AGMK bilan ichki musobaqalarda va xalqaro maydonda muvaffaqiyatli qatnashishni maqsad qilganman. O'ylaymanki, AGMKdagi faoliyatim nafaqat men uchun yangi sahifa, balki jamoamiz uchun ham qiziqarli va yangi muvaffaqiyatlarga boy bo'ladi. Yangi kollektiv va muhit menga yoqdi. Xudo xohlasa AGMK safida muxlislarni xursand qilishga bor kuchimni sarflayman.

AGMK ahil oilasiga xush kelibsan, Dilshod!", - deb yozadi AGMK matbuot xizmati.


O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia