So’nggi yangiliklar

12:19Тадич ҳам Саудия Арабистонига кўчиб ўтадими? Унда "Ал Қодисия"дан таклиф бор  0 11:55Ўзбекистон футзал терма жамоаси Тошкентда йиғин бошламоқда — Даврон Чориев сафга қайтди   0 11:34МЮ ҳимоячиси "Вест Хэм"га ўтишга яқин турибди  1 11:09Доминикан Республикаси ОТЖ сардори Ўзбекистонга қарши ўйинни ўтказиб юборади  11 10:44Даврон Ҳошимов иккинчи даврани Суперлигада ўтказади  7 10:10«Сурхон» ўтган йилги легионерини ортга қайтарди  5 09:37«Барселона» «отмен»! Нико Уильямс келажаги борасида бир қарорга келди  5 09:05«Бухоро» «Андижон» футболчиси билан шартнома тузди  2 08:32Ўзбекистон ўсмирлар терма жамоаси Япония билан жанговар дуранг ўйнади  5 07:58Испанлар Европани «забт этишди». «Қизил фурия» икки кун ичида иккита «Евро»да ғалаба қозонишди  8 07:26Ўртоқлик учрашуви. «Қўқон-1912» «Сўғдиёна»ни мағлуб этди   1 01:48"Ал Шабаб" "Милан" футболчисини 14 млн евро эвазига харид қилишга тайёр, аммо...  3 01:21"Милан" сардори "Галатасарой"ни рад этди. Турк клуби ҳимоячига "Милан"дагидан кўпроқ маош таклиф қилганди  1 00:51"Комо" Рафаэль Вараннинг трансферини эълон қилди  3 00:22"Жирона" "Тоттенхэм" форвардини ижарага олиш бўйича келишувга эришди  1

Bugun mening tug'ilgan kunim! Yangiliklar

Bugun mening tug'ilgan kunim!

Teglar :  TahlilPepe
Baliq sotuvchisi qanday qilib Evropa chempioni bo'ldi yoxud bugun 35 yoshni qarshi olgan futbolchi hayotiga nazar.


15 yoshlik davringizni bir eslangchi. Vaqtingizning hech bo'lmasa bir qismi hayot tashvishlari to'g'risida o'ylash bilan o'tarmidi? Etibor bering, tashvishlarni o'ylash, ularga echim topishni aytganim yo'q hali. 

Kimda qanday bo'lgan bilmadimu, shahsan men 15 yoshimda 9-sinfni bitirib, kollejda o'qish qanday bo'larkin deb, kollej futbol jamoalari o'rtasida ko'proq futbol uchrashuvlari tashkil etilarmikin deb hayol surib yurardim. O'sha payt meni o'ylantirgan bazi tashvishlarni aytsam, to'g'risi, kulib yuborsangiz kerak. Hayot katta muallim, lekin uning qiyin darslari har kim uchun turli xil vaqtga to'g'ri kelarkan. 

Uni-buni qo'ying, bugun kim uchundir zamonamizning eng kuchlilaridan biri, yana kimgadir "eng qonxo'r himoyachisi" PEPE haqida gaplashamiz.



To'liq ismi: 
Kepler Laveran Lima Ferreyra (Pepe).
Tug'ilgan sanasi: 1983 yil 26 fevral.
Terma jamoa: Portugaliya  
Klub: "Real Madrid"
Ampluasi: Himoyachi

- Kepler, nima qilyapsan, toming joyidami? 15 yoshlik o'g'liga yuzlandi oyisi, Pepe esa javlon urib er qazish bilan ovvora edi. - Oyijon, men baliq boqaman, menga bu judayam yoqadi. Xo'rsingancha uyga kirib ketgan oyisiga qaxramonimiz albatta yolg'on gapirgandi. U er qazishniyu, suv tashib yurishni o'lgudek yomon ko'rardi. Lekin Kepler baliqni qaerdan topish, uning ovqati qaerdan olsa arzonroqqa tushishi va kimga baliqlarni qimmatga sotish mumkinligini yaxshi bilardi. SHu sababli, o'zining mikrobiznesini yo'lga qo'yadi bolakay. "Biz hech ham och qolmaganmiz, nonga pulimiz doim bo'lgan. Lekin faqat nonga. Ota-onam erta tongdan, kun botgunga qadar tinmay ishlashgan. Masalan, oyim men va uch qizi uchun ovqat tayyorlab ulgurish uchun soat 4da turardi. Biroz ulg'ayib, baliq va tovuq sotib ko'p bo'lmasada pul ishlay boshladim. Bizga pul kerakligini tushunardim", - bolaligini eslaydi Pepe. 

Barchaning hayotida bo'lganidek, unda ham qiziqarli voqealar yuz bergan. Aniq maqsadi bo'lishiga qaramay, bir bor Pepe yo'lda do'stini uchratadi, u "Real" formasida, elkasida esa Stiv Makmanaman yozuvi. Uzoq muzokaradan so'ng, bor baliq evaziga Pepe o'sha vaqtdagi katta orzularidan biriga etadi. Uyga quruq qo'l bilan, Makmanaman formasini hisobga olmaganda, qaytganini ko'rgan ota-onasi ham farzandini koyimaydilar. U bunga loyiq edi.    

"Dadam doim bir gapni aytardi: "Sen oilamiz ayollarini himoya qilishing kerak". SHuning uchun bo'lsa kerak, masuliyatsizlik bilan ancha erta xayrlashganman. 12 yoshimda meni mahalliy "Korintians Alagoano" jamoasiga qabul qilishdi. 2 yil o'tib, 14 yoshimda men stipendiya ola boshladim, lekin o'zimga faqat yo'l kira uchun olib qolib, qolganini oyimga oziq-ovqat uchun ishlatishlari berardim, yoki opalarim pardozi (kosmetika vositalari)ga ketardi. Avval boshidan iqtidorli bo'lmaganman, tengdoshlarim orasida ham ortda qolib yurardim. Lekin bugunga kelib, bir do'stim qorovul, boshqasi ishsiz uyda o'tiribdi" - chinakamiga achinish bilan so'zlaydi Pepe. 

Bunaqasi bo'lishi mumkin emas, qanday qilib u bu darajaga etdi deysizmi? Hammasi oddiy, u ota-onasiga kun kelib oilasi uni televizorda ko'rishlariga vada beradi. Har nima bo'lganda ham, dadasi va oyisini uyaltirishi mumkin emasdi. 

10 yoshida 18(!) yoshdagi "futbolchilar" bilan o'ynagan, qo'rqmagan. Biror marta ham oyog'imni tepib sindirishsachi degan fikrga chalg'imagan. 

"Keyinroq, "Korintians" klubiga o'tganimdan so'ng, individual mashqlarga etibor berganman. Qumda yugurib, sakrash mashqlari suvda bajarilardi. Natija o'zini uzoq kuttirmadi va men jamoadoshlarimdan tezroq yugura, balandroq sakray boshladim". Ota-onasi va 3 opasi birorta ham o'yinni qoldirmay Keplerni stadiondan qo'llab turishgan. Futbol uchrashuvidan keyin esa oila muzqaymoq egani sohilga borgan. Bazan oyisi unga futbol - bo'lmag'ur ish, yaxshisi o'qishga jiddiy etibor berish zarurligini takidlardi. Bir yil mobaynida fizioterapevtlik sir-asrorlarini o'rgangan Pepeni Portugaliyaning "Maritimu"siga taklif qilishadi va o'qish butkul tamom bo'ladi. 

"Braga" bilan o'ynagandik, men xatto gol urgandim. Esimda biz uzoq vaqt g'alaba qozona olmagandik, murabbiy meni hujumga qo'ydi. "U faqat ishlashni biladi, oldinga tashlaychi, raqib himoyachilarini tinkasini quritar, degan bo'lsa ajabmas. Murabbiyga bu borada yuzlanishganda: "Maritimu"da 6 braziliyalik jam bo'lgandi. Pepe ularning eng kichigi edi, lekin zarur payt o'z haqqi uchun hech kimdan qo'rqib o'tirmasdi. Ish xatto mushtlashishga borgan vaziyatlar ham bo'lgan, ammo Kepler umuman bosh egmasdi" degan.



Himoyachini ko'pchilik "Portu"dagi o'yinlari orqali tanigani rost gap. Lekin ancha yillar avval Pepe "Sporting"da paydo bo'lishi kerak edi aslida. Ko'rikda bo'lgan futbolchi bir oy davomida mashg'ulotlarda harakat qiladi, o'zi kabi yosh Ronaldo bilan do'stlashadi, ammo keyin klub mutasaddilari unga chiqish eshiklarini ko'rsatib yuborishadi. 

Futbolchi tabiiyki tushkunlikka tushib qoladi, shu kayfiyat bilan Madeyroga qaytadi. Lekin o'sha kunlarda unga "Portu" prezidenti qo'ng'iroq qiladi: "Hoy bola, yaxshilab gaplarimni eshit, ko'p ham siqilavermay, o'z ustingda ishlashdan to'xtama. SHunday o'ynab turgin, seni biz olamiz..." Himoyachi o'zida yo'q xursand bo'lib ketadi, tasavvur qilyapsizmi, uni yaqindagina UEFA Kubogida zafar quchgan jamoaga deyarli taklif qilishdi. CHempionlar Ligasidagi g'alabaga ulgurmay qolgan Pepe, keyinchalik Superliga oltin medalini, Portugaliya Kubogi va Superkubogini qo'lga kiritadi.


Avvaliga Pepe Portugaliyada o'zini begonadek his qiladi. Atrofdagilar o'sha-o'sha portugal tilida (Braziliya aholisining 99% aholisi aynan portugal tilida gaplashishi hech kimga sir emas), gapirgani bilan madaniyat umuman boshqa. "Adaptaciya"ga 3 yil vaqt kerak bo'ldi va 2005 yili braziliyalik birinchi bor Portugaliya fuqaroligini qabul qilishga rozi ekanligini bildirdi. Keplerning bu qarorga kelishida uning qiz o'rtog'i - Sofiya katta rol o'ynaydi. Aytishadi-ku, har bir buyuk qaxramon ortida kuchli ayol turadi deb. Ular Portuda tanishib qolishadi va bugungi kungacha birgalar. Bilmaganlar uchun aytib o'tamiz, Pepe va Sofiyaning ikki farzandi, biri-biridan chiroyli qizlari bor: Andjeli (27.08.2012) va Emili (13.05.2014). 


Sofiya tibbiyot olami vakilasi, aynan shuning uchun "Real" himoyachisi faoliyatini yakunlaganidan so'ng xususiy klinika ochish niyatida. Kelajakka asrab qo'yilgan ikkinchi maqsad: dunyo bo'ylab sayohat. Himoyachining otasi mashina xaydovchisi bo'lganini inobatga olsak, bu istak qaerdan paydo bo'lganini bilish qiyin emas. 

Kepler Portugaliya fuqarosi pasportini olganida ham ota-onasi ajablanib, bunga qarshilik ko'rsatishmagan. 

"Portugaliya menga juda ko'p narsa berdi. Braziliyada men ota-onam bilan bir xonada uxlardim va umuman hech nimam yo'q edi. Hech qachon portugalga aylanganimdan afsuslanmaganman va bunday bo'lmasa ham kerak", - deydi keyinroq Pepe. U ikkinchi vatani terma jamoasi uchun debyut o'yini Evro-2008 saralash bosqichiga to'g'ri keladi. O'shandan buyon Portugaliya ishtirok etuvchi biror yirik musobaqa Kepler Laveran Lima Ferreyrasiz o'tmaydi. Hozir u 33 yoshda va tan oling, jahonning eng kuchli himoyachilari qatoridan joy egallay oldi. Kuni-kecha yakuniga etgan Evro-2016 da yakkakurashlarda ustun kelavergan Pepe (statistik malumotlarga ko'ra - 25 bor) nomdor Boateng, Xummels va Pogbani ortda qoldirdi va turnirning eng yaxshi ko'rsatkichini qayd etdi. Final o'yini "eng yaxshi futbolchisi" aynan Pepe bo'lgani o'sha kuni ham u maydonda chin dildan mehnat qilganini isbotlaydi. 


"Qonxo'r himoyachi" tahallusi Keplerga "Real"da nasib etdi. Qirollik klubi 9 yil oldin markaziy himoyachi uchun "Portu"ga 30 million to'lagan. SHuster, Pellegrini, Ramos va Mourino undan raqiblarni vahimaga soluvchi qurol sifatida foydalanishdi. 

Vaziyat faqat ancha og'ir-bosiq Karlo Anchelotti davriga kelib o'zgardi. Birinchidan, qoida buzishlar soni ikki barobar kamaydi. Ikkinchidan, qizil kartochkalar (deyarli) butkul yo'qoldi. Uchinchidan, Pepe raqiblarni o'zi kutib olish va qoida buzishga majbur qilishni o'rganib oldi. Intervyularining birida o'yin uslubi o'zgarishida nafaqat murabbiy balki uning turmush o'rtog'ining ham xissasi bor ekanligini takidlagandi futbolchi. 

"Men chinakamiga katta bo'ldim va aqlliroq bo'ldim. Buning uchun mening Sofiyamga tashakkur. U doim men tarafda, har qanday vaziyatda ham u meni qo'llab-quvvatlashiga ishonaman. Ammo meni nohaq deb hisoblasa u buni yashirib o'tirmaydi va o'zimga, yuzimga ochiq aytadi. U yonimdaligidan baxtliman va umid qilamanki, biz doim birga bo'lamiz".

Turli klublarda ko'plab sovrinlarni qo'lga kiritgan Pepe shu yil terma jamoa tarkibida ham bosh sovringa ega chiqdi. Turnir avvalida muxlis va mutaxassislarning fikriga ko'ra, g'oliblikka davogar jamoalar ko'p edi. Germaniya, Ispaniya, Franciya, Angliya... Lekin Portugaliya g'alaba qozonadi deganlar ko'p emas edi. Amalda esa Pepe bugun "Evropa chempioni" degan nomni qo'lga kiritdi va uning ismi tarixda qoladi.

Gapimiz avvalida takidlaganimizdek, inson hayot davomida o'zgarib boraveradi. Vaqt va hayot darslaridan qochib bo'lmaydi! Asosiysi kimlar va nimalar tasir qilgani emas, qiyinchilikda kun ko'radigan oiladan, oddiy baliq sotuvchisidan, dunyo taniydigan futbolchi darajasiga chiqa oldi Pepe. Qoyil qolmay iloj yo'q. O'rnak olishga arzirli hayot yo'li. Bunda albatta oilasi, jumladan ota-onasining har qanday ishda uni qo'llab turganliklarini etirof etish zarur chamamda. 


Pepe to'g'risida yaxshigina malumotga egaman deb o'ylaysizmi? Unda yana 1-2 daqiqa ajratishingizni so'raymiz.


Pepe "Real Madrid"ning eng tez uch futbolchisidan biri! (U jamoada faqat Ronaldo va Beyldan ortda qolishi mumkin)
Futbolchining so'zlariga ko'ra, "Maritimu" asosiy tarkibidagi debyutini rossiyalik Anatoliy Byshovec qo'l ostida o'tkazgan.
2009 yil 32-tur uchrashuvida "Xetafe"ga qarshi bahsda Pepe raqib o'yinchisini o'z jarima maydonchasida yiqitadi va maydonda yotgan raqibini tepkilay boshlaydi. Maydonni qolganlardan erta tark etgan Pepe keyinroq 10 ta o'yinga chetlatiladi.
Pepening sevimli xobbisi — ov qilish.
Pepe va turmush o'rtog'i Sofiyaning ikki qizi bor: Andjeli va Emili.

Balki ko'p o'qigan, ko'p eshitgandirsiz, bu gaplarni o'qib ensangiz qotishi ham mumkindir. Lekin so'zimiz oxirida shuni so'rab qolardim, farzandlaringiz bilan ko'proq suhbatlashing, iloji boricha yaqinroq bo'ling. Ota-ona farzandiga yomon narsani ravo ko'rmasligini tushunib etguniga qadar, uni koyib, o'zingizdan sovutmang. Yosh o'quvchilarimizga esa ota-onangizni gaplariga quloq tuting, vaqtida ularning qadriga eting degan bo'lardik. Zero, inson oila azolari uchun kuyib-pishadi, har ne ish qilsa ham ular uchun qiladi. 

So'nggi paytlarda Pepening Xitoy klubiga o'tib ketishi haqidagi gaplar paydo bo'ldi. Qaysidir manbaa futbolchi xitoyliklar bilan kelishib qo'ydi desa, boshqasi yo'q, u "Real"da qoladi demoqda. Nima bo'lgan taqdirda ham, Pepe oddiy baliq sotuvchisidan jahon darajasidagi futbolchiga aylandi. O'z orzusi tomon dadil qadam bosdi va niyatiga etdi. 

Tug'ilgan kuning muborak bo'lsin, Kepler Lima!    


Saytimiz o'quvchilariga esa ishda va shahsiy hayotda omad yor bo'lsin deb qolamiz. Omon bo'ling, azizlar!


Omonjon To'xtamirzaev




Bizning rasmiy Telegram kanalimiz: 

https://telegram.me/joinchat/ABZZKDwZeeD_3ALjRNIgqA


Reyting: +85   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика