Bugun futbol. O'z maydonida gol o'tkazmayotgan "Buxoro" AGMKni qabul qiladi

Xayrulla Xoliqov
19 apr 2018, 14:54
Bugun Superliganing 7-tur bahslariga start beriladi. "Buxoro" o'z maydonida Olmaliq shahrining AGMK klubiga qarshi bahs olib boradi.

Turnir jadvalida "Buxoro" 12 ochko bilan to'rtinchi o'rinni egallab turibdi. AGMK hisobida 8 ochko bo'lib, ular 6-o'rinda bormoqda. "Buxoro" bungacha o'tkazilgan uydagi hamma uchrashuvlarda g'alaba qozondi. Buxoroliklar uyda "Qo'qon-1912", "So'g'diyona" va "Paxtakor"dan ustun kelishdi. 

Qizig'i shundaki, "Buxoro" o'z maydonida hali gol o'tkazgani yo'q. To'plar nisbati 5-0. Jamoa oxirgi ikkita o'yinini 1:0 hisobidagi g'alaba bilan yakunladi. 

Bilasizmi? AGMK oxirgi uch o'yindan beri mag'lub bo'lmayapti. Viktor Kumikov shogirdlari uyda "Lokomotiv" va safarda "Neftchi"ni mag'lub etishdi. Shuningdek, "Qo'qon-1912" bilan 0:0 o'ynashdi. 

Bugun Buxoroda qiziqarli bahs kechishi kutilmoqda. "Buxoro" o'z maydonida hujumkor o'yin ko'rsatishi tabiiy. Ammo AGMK ham yaxshi tarkibga ega va ularda bo'ydor futbolchilar ko'p. Imkoniyatlar borasida teng deya olamiz.

O'xshash yangiliklar


Xayrulla Xoliqov Muallif
Manba: championat.asia