Bosimga dosh berish - muvaffaqiyat kaliti!
21 dek 2022 19:54
Yangiliklar
Bosimga dosh berish - muvaffaqiyat kaliti!
Navbatdagi mundial ham ehtiroslarga boy bo'ldi. Futbolni yorituvchi OAV ancha rivojlangani sabab o'zimizni xuddi Doha ko'chalarida yurgandek his qildik. Bu musobaqada tarixda birinchi marta Osiyodan 6ta terma jamoa ishtirok etdi: Qatar, Eron, Avstraliya, Janubiy Koreya, Yaponiya va Saudiya Arabistoni.
Qatar - 0 ochko, guruhda oxirgi o'rin
Saudiya Arabistoni - 3 ochko, guruhda oxirgi o'rin
Eron - 3 ochko, guruhda 3-o'rin
Janubiy Koreya - 4 ochko, guruhda 2-o'rin
Avstraliya - 6 ochko, guruhda 2-o'rin
Yaponiya - 6 ochko, guruhda 1-o'rin
JCH-2022 mezboni Qatar mundialga juda jiddiy hozirlik ko'rdi. Qatar terma jamoasi Osiyo Kubogi bilan qanoatlanmay, Kopa Amerika, hatto KONKAKAF Kubogida ham ishtirok etdi. Evropaning JCH saralash o'yinlarida konkursdan tashqari qatnashdi. Lekin yakuniy natija o'zingizga malum, qatarliklar guruhdagi barcha o'yinlarni boy berib, nol ochko bilan oxirgi bo'lishdi.
Guruhda Argentinani mag'lub etgan Saudiya Arabistonining quvonchi uzoqqa cho'zilmadi. Keyingi turlarda bu jamoa Polsha va Meksikaga imkoniyatni boy berdi.
Eronning birlamchi maqsadi AQSHni yutish edi. SHu tufayli Karlush Keyrushni qaytargan jamoa faqat Uelsni mag'lub eta oldi. Angliya va AQSH bilan forslar hech narsa qila olishmadi.
Dastlabki turda Urugvay bilan 0:0 o'ynagan Janubiy Koreya daramatik tarzda kechgan Gana bilan bahsda mag'lub bo'ldi va oxirgi turga kelib Portugaliya ustidan g'alaba qozondi.
Avstraliya esa ko'pchilik kutmaganda Tunis va Daniyani mag'lub etib, keyingi bosqichga yo'l oldi, garchi ular ilk turda Franciyaga 1:4 hisobida mag'lub bo'lgan bo'lsa-da.
Albatta, bu o'rinda Osiyo grandi Yaponiyaga qoyil qolmay iloj yo'q. "Samuraylar" ham xuddi Avstraliya kabi uch o'yindan ikkitasida g'alaba qozonib, keyingi bosqichga yo'l olishdi. Yaponiya dastlab Germaniyani mag'lub etdi va oxirgi turda Ispaniyadan ustun keldi. 2-turda Kosta Rikadan uchralgan mag'lubiyat esa shunchaki omadsiz o'yin bo'ldi.
SHunday qilib Osiyoning oltita jamoasidan uchtasi keyingi bosqichga yo'l oldi. Musobaqaning 1/8 finalida har uchala jamoa mag'lubiyatga uchrab, mundialni tark etdi. Avstraliya bo'lajak chempion Argentinaga imkoniyatni boy bergan bo'lsa, Yaponiya penaltilar seriyasida Xorvatiyaga yutqazdi. Janubiy Koreya esa Braziliyaga qarshi hech narsa qila olmadi va 1:4 hisobida mag'lub bo'ldi.
Umuman olganda Osiyo jamoalarining jahon chempionatidagi ishtirokiga 10 balli tizimda 6,5-7 ball qo'ysa bo'ladi. Har holda 6ta jamoadan uchtasining keyingi bosqichga chiqishi katta yutuq, biroq hech kimning hatto chorak finalga qadar bora olmagani muvaffaqiyatsizlik hisoblanadi.
Endi O'zbekiston terma jamoasi ko'zi bilan vaziyatga qaraydigan bo'lsak, biz keyingi mundialga chiqish uchun shu jamoalarga qarshi bahs olib boramiz. Undan oldin esa bizni Osiyo Kubogi kutib turibdi.
Agar jahon chempionati saviyasi tomonlama olib qarasak, Osiyo jamoalari boshqalar oldida birmuncha kuchsiz ko'rinar, biroq biz uchun ular hamon kuchli va etakchi bo'lib qolaveradi. Masalan, guruhdagi har uchala o'yinda mag'lubiyatga uchragan Qatar hamon O'zbekiston terma jamoasidan ustun bo'lishi mumkin. Eron bilan Saudiya Arabistonini esa gapirmay qo'ya qolaylik.
Jahon chempionatiga chiqish uchun orzuning o'zi kamlik qiladi. Faqat kuchli etibor va mehnat orqaligina azaliy orzuga erishish mumkin.
O'zbekiston jahon chempionatiga borishini faqat futbolchi-yu, murabbiylar va muxlislar xohlashi kamlik qiladi. Futbolda kimki ishlayotgan bo'lsa, hamma shuni o'ylashi lozim va barchamiz bir maqsad yo'lida jam bo'lishimiz kerak. Aravani o'z tomoniga tortgandan foyda yo'q.
O'zbekiston jahon chempionatiga chiqishi uchun biz avvalo ichki musobaqalarda bosim ostida o'ynashni o'rganishimiz kerak. Lekin ko'ryapmizki, Superligada bosim u qadar yuqori emas. Avvallari chempionat qandaydir kuchli bo'lardi.
Futbolchini avvalo ichki musobaqalar tarbiyalaydi. SHundan so'ng terma jamoaga kelganda oyog'i qaltiramaydi va har bir o'yinda mardonavor harakat qiladi. Xulosa shuki, bosimga dosh beradigan terma jamoaga ega bo'lish uchun avvalo har bir o'yini katta bosim ostida o'tadigan o'z futbolimizga ega bo'lishimiz kerak. Faqat shundan keyingina jahon chempionatiga chiqish haqida jiddiy bosh qotirsa bo'ladi.
X.Xoliqov
Fikrlar