So’nggi yangiliklar

14:52Альфонсо Дэвиснинг "Реал"га трансфери боши берк кўчага кириб қолди  0 14:30Карло Анчелотти: "ЛаЛига ғолиби бўлишимизга 4 очко қолди"  4 14:15Тарихий натижа қайд этган Тожикистон футзал терма жамоасига каттагина мукофот пули берилади  3 13:35ВАР «отмен». Европанинг илк чемпионати юқори технологиядан воз кечди  20 13:07«Байер» юлдузи Флориан Вирцнинг келажаги маълум  2 12:33Тожикистон терма жамоаси бош мураббийи: " Бу бизга яхши тажриба бўлди ва унинг самарасини Жаҳон чемпионатида кўрсатамиз"   11 12:10Веско Стешевич: "Забиҳилло Ўринбоевнинг сафга қайтишини интиқлик билан кутмоқдамиз"  0 11:48Интервью. Станислав Андреев: "Пахтакор" ҳар қандай ҳолатда ҳам кучли рақиб. "Сўғдиёна" кубокни ютишни мақсад қилган"  3 11:46Воҳид Шамсаи: "Ўзбекистонга қарши ўйинда футзалда учратмаган ҳодисага гувоҳ бўлдим"  16 11:33Хосе Венансио Лопес: "Ушбу Осиё кубогидан мамнунман"  9 11:09Баҳодир Ҳакимқулов: "Кубок ўйинлари давомида тажриба тўпладик"  1 10:55Саудия Арабистони U-23 бош мураббийи: "Шогирдимнинг четлатилишига Ўзбекистон терма жамоасининг тактикаси сабаб бўлди"  40 10:45«Барселона» Левандовски билан янги шартнома тузишга тайёр, фақат битта шарт билан  7 10:23Виталий Левченко: "Иккинчи бўлимда назорат қўлимизда бўлишига қарамай вазиятлардан фойдаланмадик"   0 10:21Шуҳрат Қурбонов: "Бизга битта ғалаба зарур эди"  1

Bir klub tarixi: "Samodagi lochinlar" Yangiliklar

Bir klub tarixi: "Samodagi lochinlar"

"Championat.asia"da "Bir klub tarixi" rukni davom etadi.

Yo'lingiz vodiy tomonlarga tushgudek bo'lsa, dovondan o'tishingiz bilan so'lim Namangan sizni quchoq ochib kutib oladi. Vodiyliklarning mehmondo'stligi, tantiligi va bag'rikengligi tillarda doston. Ayniqsa, Namangan ahlining futbolga mehri bo'lakcha. Viloyat sharafini himoya qiluvchi “Navbahor” esa muxlislarining ardog'idagi va ezozidagi jamoadir. “Lochinlar”ning ishqibozlari nafaqat o'z maydonlaridagi o'yinlarda, balki, mehmonda ham sevimlilarini yolg'iz qoldirishmaydi. “Navbaxor”ning o'yinlari poytaxtda bo'ladimi, Qarshi yoki Buxorodami klub jonkuyarlari jamoa bilan birga bo'lishadi, namanganlik qorako'zlar uchun masofa tushunchasi ikkinchi darajali hisoblanadi. Muhimi – g'alaba. Demak, klub fidoyi muxlislari izohiga hojat yo'q, lekin etirofiga ehtiyoj bor.


O'zbek futboli muxlislari ichida shunday gap yuradi: “Agar, “Navbahor” o'yini Afrikada bo'lsa, unda o'sha joyda ham namanganlik muxlislarni uchratasiz!”. Darhaqiqat, mamlakatning eng sadoqatli tarafkashlari “lochinlar”ga tegishli desak mubolag'a bo'lmaydi. Klub o'z maydonida bo'lib o'tgan o'yinlarda juda kuchli o'yin namoyish etadi va raqib qaysi jamoa bo'lishidan qatiy nazar ijobiy natija qo'lga kiritish namanganliklarning birinchi galdagi muhim vazifasi hisoblanadi.

Erishgan natijalari:
O'zbekiston chempioni: (1 marta)

1996 yilgi mavsum.
Bronza medal sohibi: (9 marta)
1993, 1994, 1995, 1997, 1998, 1999, 2003, 2004, 2018
yillardagi mavsum.
O'zbekiston kubogi sohibi: (3 marta)
1992, 1995, 1998 yillardagi mavsum.
O'zbekiston kubogi finalchisi: (1 marta)
1993 yillardagi mavsum.
O'zbekiston superkubogi sohibi: (1 marta)
1999 yildagi mavsum.



Klubning tarixi

Mamlakat futbolida o'z mavqeiga ega “Navbahor” Oliy liganing barcha chempionatlari ishtirokchisi bo'lgan, ichki birinchilikdagi ikki jamoaning biridir. 1974 yilda “Tekstelshik” nomi bilan tashkil qilingan klub 45 yillik faoliyati davomida Sobiq ittifoq birinchiligi bahslarida ishtirok etgan. 1992 yilgi mavsumdan etiboran esa Oliy liga o'yinlarida muntazam qatnashib kelmoqda. Klub ortda qolgan 28 mavsum davomida bir marta chempion bo'lgan ersa, uch bora kubok bahslarida g'olib bo'lishgan va bir safar superkubok sohibiga aylanishgan. SHuningdek, jamoa to'qqiz marotaba bronza medallariga ega chiqqan. Bugun mazkur maqola orqali “lochinlar” tomonidan bosib o'tilgan mardonavor yo'l haqida malumot berishga harakat qilaman.

“Lochinlar” 1978 yildan Sobiq ittifoqning ichki birinchiliklarida ishtirok etib kelgan. Klub bir necha marta “Tekstelshik”, ”Avtomobilist”, “Navbahor” nomlari ostida xududiy va ikkinchi liga bahslarida faoliyat yuritgan. 1992 yildan etiboran Oliy liga bahslarida ishtirok eta boshlashdi. O'zbekiston milliy birinchiligi bahslarining dastlabki mavsumida jamoa turnir jadvalida 44 ochko to'plagan holda, beshinchi o'rinni band etdi. Kubok bahslarida esa birinchi bo'lishga erishdi va mustaqillik yillarida tashkillashtirilgan kubok bahslarining birinchi g'olibi sifatida tarixga kirdi. Samarqand shahri mezbonligida o'tgan final bellashuvida Birodar Abduraimov boshchiligida maydonda saf tortgan namanganliklar Qo'qonning “Temiryo'lchi” klubini penaltilar seriyasida mag'lubiyatga uchratishdi va dastlabki sovrinlarini qo'lga kiritishdi. O'sha mavsumlarda Oliy ligada raqobat juda kuchli bo'lgan. “Neftchi” va “Paxtakor”ning ligadagi gegemonligi va mazmunli o'yinlari alohida mavzu edi. Undan tashqari “Nurafshon” va “So'g'diyona” singari jamoalar ham namanganliklarga jiddiy raqobat qilishardi. 1993 yilgi mavsumda jamoa murabbiylar shtabida bir necha marta mutaxassislar almashinishi ro'y beradi. Jumladan, jamoa dastlab Usmon Asqaraliev boshchiligida turnirni boshlab, so'ngra Baxtiyor Boboev boshqaruvida mavsumni yakunlaydi. Bu holat klubning jamoaviy o'yiniga salbiy tasir o'tkazmay qolmadi. Kubok o'yinlarida omadsizlikka uchraldi va chempionat bahslarida finishga uchinchi bo'lib etib kelindi. 1994 yilgi mavsumga kelib tojikistonlik mutaxassis SHarif Nazarov klubga bosh etib tayinlandi. Mazkur murabbiy boshchiligida jamoa yana bir bor bronza medallarini qo'lga kiritdi. SHundan so'ng, klubni Birodar Abduraimov va Nikolay Lyubarcev singari murabbiylar boshqardi. 1995 yil “Lochinlar” ikkinchi bor kubok bahslarida zafar quchishdi. Yarim finalda azaliy raqiblari “Neftchi” jamoasini yirik 5:0 hisobida tor-mor etib, hal qiluvchi final bahsida Toshkentning MXSK klubi bitta to'p farqi bilan mag'lub etildi.


Oltin yil

1996 yilning kuzida ko'pchilik sport gazetalarining bosh sahifasida shunday so'zlar tahrir qilindi: “Namanganda bayram - “Navbahor” chempion bo'ldi”. O'sha davr muxlislari yaxshi eslashsa kerak, jamoa milliy birinchilik bellashuvlarini mazmunli va shiddatli tarzda o'tkaza oldi. Asosiysi, “Paxtakor”, “Neftchi”, MXSK, “Nurafshon” va “Yangier” kabi kuchli klublarni ortda qoldirlan holda, o'zlarining hozirgacha yagona bo'lib turgan chempionlik unvonini qo'lga kiritishdi. Bunda bosh murabbiy Viktor Jalilovning xizmatlari katta edi. Qolaversa, Viktor Romanovich ajoyib tarkibni yig'a olgan va ajoyib taktika hamda jamoaviy o'yinni to'g'ri yo'lga qo'ya olgan edi. CHempiolik mavsumida klub turnir jadvali yakunida 30ta o'yinda 74 ochko to'plab, kumush medal sohibi bo'lgan “Neftchi” klubini atigi ikki ochko farqi bilan ortda qoldirdi. SHuningdek, o'sha mavsumda jamoa besh bora durang qayd etib, ikki marta mag'lub bo'ldi. “Lochinlar” mavsumda 88ta to'p kiritgan holda, o'z darvozasidan 23ta gol o'tkazib yubordi. Jamoa hujumchisi Oleg SHackix raqiblar darvozasini 23 bora aniq nishonga olib, mavsum to'purari bo'lishga erishdi. CHempionlik masalasini hal qilgan o'yinda Sirdaryoning “Yangier” klubini 5:1 hisobida mag'lub etishdi. O'sha kuni “Gullar shahri”da haqiqiy bayram boshlandi. “Markaziy” o'yingohga yig'ilgan 50 mingdan ziyod muxlislar uchun tarixiy g'alaba ajoyib tarzda nishonlandi. Hakamning final hushtagi yangrashi bilan tarixiy chempionlik tantanalari boshlanib ketdi. “Navbaxor - CHempion!”, “Navbaxor - CHempion!”, – deya hayqirayotgan muxlislar ovozi butun shaharning “qulog'ini qomatga” keltirayozdi.

Balki, muxlislar ovozi butun vodiyga eshitilgandir?! Xa, bu – chempionlik quvonchi edi. Namangan ko'chalari uzra g'oliblikni nishonlayotgan muxlislar o'yingohdan chiqib, shahar markazi CHorsugacha piyoda mag'rur borishdi. Mazkur g'alabada hamma munosib qatnashdi. Jumladan, To'raqo'rg'on ahlining duolari, chortoqliklarning tarafkashligi, popliklarning mehri, uchqo'rg'onlik muxlislar sadoqati, chustliklar olqishi va Kosonsoy xalqining qo'llashi natijasida namanganliklar tarixiy g'alabaga erishdilar. Oradan 23 yil o'tgan bo'lishiga qaramasdan ”Navbaxor”ning o'sha g'olibligi o'zgacha entikish bilan eslanadi. Yillar va fasllar bir-biri bilan navbat alishib, yangi tarix yaratilishiga sabab bo'ladi. Ortda qolgan yillar esa qilingan va bajarilgan esda qolarli natijalar bilan yodga olinadi. “Navbahor”ning o'sha chempionligi bugun ham muxlislar og'zidan tushmay kelinishi sababi balki shundandir. Tarixni yodga olib, o'sha chempionlikka munosib hissa qo'shgan fidoyi jamoa azolarini birma-bir esga olsak. Klub prezidenti - Muhammadjon Karimov, vice prezidenti - Hakimjon Hoshimov, klub raisi – Tolib Abdullaev, jamoa boshlig'i – Baxtiyor Boboev, bosh murabbiy – Viktor Jalilov, murabbiy – Vladimir Yatchenko, texnik direktor – Mixail Vartazarov, jamoa mamuri – Samvel Babayan, shifokor – Anatoliy Kamalov. Jamoa futbolchilari: darvozabonlar – Dmitriy Bashkevich va Oleg Belyakov. Himoyachilar: Baxtiyor Tog'aev, Farhod Magometov, Mustafo Bayramov, Eduard Mamotov, Marat Dilmuxamedov, Gennadiy Denisov. Yarim himoyachilar: Aleksey Vinnikov, Abduqahhor Marufaliev, Anvar Asadullaev, Ilxom SHaripov, Sergey Arslonov, Toxir Madraximov, Anvar Soliev. Hujumchilar: Oleg SHackix, Zafar Musaboev, Dilshod Aliev, Yorpulat Yoraliev.


Oltin mavsum

CHempionlikdan keyingi yillar


1996 yilgi mavsumdagi chempionlikdan so'ng, jamoa ketma-ket uch mavsumda birinchilikda bronza medallarini qo'lga kiritdi. 1998 yilda esa “lochinlar” uchinchi bor kubok bahslarida g'alaba qozondi. Final bahsida principial raqibi “Neftchi” jamoasini “Paxtakor” markaziy o'yingohida ikkita to'p farqi bilan dog'da qoldirishga erishdi. 1999 yil ham namanganliklar uchun ancha omadli keldi. Oliy ligada bronza medallari qo'lga kiritilgan bo'lsa, birinchi bor tashkil qilingan superkubok uchrashuvida “Paxtakor” taslim qilindi. Farg'onada bo'lib o'tgan bellashuvda Viktor Jalilov boshchiligidagi “lochinlar” poytaxtlik “sherlar”ni 4:2 hisobida mag'lub etishni uddasidan chiqishdi. Ushbu g'alabadan so'ng “Navbaxor” keyingi mavsumlarda aytarli natijalarni qo'lga kirita olmadi. SHuningdek, o'sha vaqtdagi jamoa tarkibi “yoppasiga” Toshkentning “Paxtakor” klubi tarkibiga o'tib ketishgan edi. 2003 yilga kelib klub mutasaddilari rossiyalik Igor Volchokni bosh murabbiylikka olib kelishdi. Igor Semyonovichga katta ishonch bildirildi va chempionlik masalasini hal qilish vazifasi qo'yildi. Qolaversa, klubga tajribali futbolchilar taklif etildi. Ammo, yakunda jamoa faqat bronza medallari bilan cheklandi holos. Keyingi mavsumda 2004 yilgi Osiyo chempionatiga Turkmaniston terma jamoasini olib borgan taniqli mutaxassis Rahim Kurbanmamedov bosh murabbiy etib tayinlandi. Jamoa o'yini ancha o'sdi va asosiysi chempionatda raqobatdosh klub sifatida yana shakllandi. Guvanchmuxammed Ovekov va Didar Xajiev singari turkmanistonlik futbolchilar muxlislar mehrini qozona oldi. 2004 yilgi mavsumdagi bronza medallari qo'lga kiritildi va jamoa hujumchisi SHuhrat Mirxoldirshoev 31ta gol bilan chempionat to'purari bo'ldi. Keyingi masmularda “lochinlar”ning Oliy ligada sovrindorlar qatoridan joy olishi anchayin muammo bo'lib qoldi va namanganliklar chempionatning o'rtamiyona jamoalari safiga qo'shilib qoldi. Bir necha yillar davomida navbatma-navbat bosh murabbiylarning o'zgarishi, o'rtamiyona legionerlar olib kelinishi, viloyat futbol maktablari tarbiyalanuvchilarining boshqa hudud klublariga o'tib ketishlari va rahbariyatning tez-tez almashinib turishi oqibatida jamoaviy o'yin yo'qoldi. Eng yomoni esa chempionlik ruhi jamoani tark etgandi va hattoki, sovrindorlar qatoriga kirish ham jamoa uchun muammo bo'lib qolgan davrlar bo'ldi. Statistik malumotlarga etibor bersak 2005 yildan 2015 yilgacha bo'lgan vaqtda jamoani 8 nafar bosh murabbiy boshqargan. Jumladan, Rustam Zabirov, Ildar Sakaev (2 marta), Tolib Boboev, Viktor Jalilov, Mustafo Bayramov, Baxtiyor Ashurmatov va Rashid G'ofurov singari mutaxassislar “lochinlar” bilan aytarli natijaga erisha olmagan. Jamoaning eng yomon natijalaridan biri esa 2016 yilgi mavsumda qayd etilgan bo'lib, o'sha yili namanganliklar 23 ochko bilan turnir jadvalining 15-o'rnini egallashgan va Oliy ligada qolish uchun o'tish o'yinida ishtirok etishga majbur bo'lishgan. 2016 yil 28 noyabr sanasida yana bir viloyat vakili “Norin” jamoasini 3:1 hisobida mag'lub etib, arang birinchilikda qolishga erishgan. 2017 yilgi mavsumda Ilhom Mo'minjonov bosh murabbiyligida klub o'yinlarida biroz bo'lsada o'zgarish sezildi va raqobatdosh jamoa shakllandi hamda yil yakunida jamoa turnir jadvalining kuchli beshligiga kirishga muvaffaq bo'ldi. Mo'minjonovning boshqaruvidan keyin klubni qabul qilib olgan o'tmishning yorqin yulduzi Andrey Kanchelskis ham “lochinlar”ning o'yiniga mazmun olib kira oldi va klubni 14 yillik tanaffusdan keyin yana sovrindorlar qatoriga olib kira oldi. O'sha mavsumdagi bronza medallarida Mo'minjonovning hissasi katta edi. Joriy mavsum boshida jamoaning o'yini biroz pasaydi va durranglar seriyasi avj oldi. Buning natijasida klub rahbariyati murabbiylar shtabiga Deyan Jurjevichni olib kelishdi. Serbiyalik mutaxassisning qarashlari jamoa o'yiniga mos tushmadi va unga chiqish eshiklari ko'rsatildi. Hozirda “lochinlar”ning boshqaruv ruli yana Andrey Kanchelskisga ishonib topshirilgan. “Navbaxor” ushbu mavsumda 23 o'yinda ishtirok etib, 31ochko jamlagan holda, turnir jadvalining ettinchi pog'onasida bormoqda.



Osiyo maydonlaridagi o'yinlarga nazar

“Navbaxor”ning Osiyo maydonlaridagi dastlabki ishtiroki 1996/97 yilgi mavsumga to'g'ri keladi. O'sha yili Osiyo kubok egalari kubogi (hozirgi OFK kubogi) o'yinlarining birinchi bosqichida Iroqning “Al Quva” klubini mag'lubiyatga uchratgan holda, ikkinchi bosqichda Eronning “Istiqlol” klubi bilan o'zaro hisob-kitob qilishga to'g'ri kelgan. Namanganda 4:1 hisobidagi g'alaba qozonilganiga qaramay, Texrondagi bahsda uchta javobsiz to'p o'tkazib yuborilgan va musobaqani erta tark etishga majbur bo'lishadi. “Lochinlar” 1997/98 mavsumlarda Osiyo chempionlar kubogi (hozirgi OCHL)da ishtirok etishdi. Pley-off bahslarida Tojikistonning “Dinamo Dushanbe” va Turkmanistonning “Nisa” klublarini mag'lub etib, guruh bahslariga yo'llanma olishdi. Kvartet uchrashuvlarida esa Bayrutning “Al Ansor” va Tehronning “Piruzi” jamoalari bilan murosa yo'li tanlangan bo'lsa, Al riyodning “Al Hilol” jamoasiga 1:3 hisobida engilib musobaqani tark etishdi. 1999/2000 mavsumda jamoa yana Osiyo kubok egalari kubogi bahslarida ishtirok etish xuquqini qo'lga kiritdi. Ushbu musobaqa “lochinlar” uchun ancha omadli kechdi. Ikkinchi raund bahslarida Qizilo'rdaning “Qaysar” jamoasini ikki o'yin natijasiga ko'ra mag'lub etishdi. CHorak final uchrashuvida Jiddaning “Al Ahli” klubi qarshiligini sindira olmagan bo'lsalar ham, saudiyaliklarning musobaqadan diskvalifikaciya qilinishi natijasida keyingi bosqichga yo'llanma olishdi. Yarim final bahsida Bog'dodning “Al Zavra” klubiga 1:2 hisobida imkoniyatni boy berib qo'yishdi. Final ostonasidagi mag'lubiyatdan so'ng, uchunchi o'rin uchun kechgan bahsda Tailandning “Bangkok Bank” jamoasi bilan to'qnash kelishdi va g'alabani qo'ldan boy berishgan bo'lsada, yakunda Osiyoning eng kuchli to'rt jamoasi safiga kirishga erishishdi.

“Lochinlar”ning Osiyo maydonlaridagi statistikasi:
Ishtiroki:
Z marta (1996/97, 1997/98, 1999/2000 yillardagi mavsumlar)
O'yinlar soni : 17 ta
G'alaba: 6ta.
Durrang: 4 ta.
Mag'lubiyat: 7 ta.
Urilgan gollar soni: 32 ta.
O'tkazib yuborilgan gollar soni: 33 ta.
Eng yuqori natija: 4-o'rin.



Muxlislar ardog'ida bo'lgan “Navbaxor”ning bugungi kundagi o'yinlari ancha o'sishga erishgan. Mahalliy hokimiyat tomonidan ham etibor oldingi yillarga qaraganda ancha kuchaygan. Eng quvonarlisi esa “Markaziy” o'yingoh jahon talablariga javob beradigan darajada rekonstrukciya qilindi. Klubga yuqori saviyadagi legionerlar olib kelindi va uzoq muddatli shartnomalar imzolandi. Olib borilayotgan ijobiy o'zgarishlar o'z natijasini bermasdan qolmaydi, albatta. Biz esa “lochinlar”ga ulkan parvozlar tilab qolamiz. Zero, shunday muxlislari bor jamoaga faqat va faqat yirik g'alabalar yarashadi.

Etiboringiz uchun rahmat!
Farruh Doniyorov



Foto Bir klub tarixi: "Paxtakor" - xalq jamoasi

Reyting: +37   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика