So’nggi yangiliklar

00:30Ла Лига. "Реал Мадрид" — "Бетис" 0:0 (матнли трансляция)  5 00:11Тен Хаг "Ливерпуль" (0:3)дан учралган мағлубиятдан сўнг нималар деди?  4 23:45Туркия Суперлигаси. "Сивасспор" ва Турғунбоев Истанбулда "Бешиктош" меҳмони бўлмоқда (онлайн ҳисоб)  3 23:45А Серия. "Рома" ва Шомуродов Туринда "Ювентус" меҳмони бўлмоқда (онлайн ҳисоб)  10 23:45Лига 1. "Лилль" ва ПСЖ ўзаро куч синашмоқда (онлайн ҳисоб)  0 23:19Бир-икки, бир-икки...  6 22:40АПЛ. 3-турнинг марказий учрашувида Салаҳ ва Диас "Манчестер"ни "ёндиришди"  13 22:26Бундеслига. "Бавария" ўз уйида "Фрайбург"ни қийинчиликсиз таслим этди  2 22:25Лига 1. "Монако" - "Ланс" 1:1, Ҳусанов Минамино ва Балогунга қарши  3 22:09Ўзбекистон U-20 жамоаси Хитойдаги мусобақага йўл олмоқда. Сафар олдидан видео репортаж  1 21:55АПЛ. "Ливерпуль" "Олд Траффорд"да "Манчестер Юнайтед"ни йирик ҳисобда мағлуб этди  66 21:33"Спартак" Туркия терма жамоаси футболчиси учун саккиз миллион евро таклиф қилди  1 21:03КХДРнинг ёпиқ ўтган машғулотидан ФОТОГАЛЕРЕЯ  7 20:10ҚПЛ. "Қайрат" — "Астана" ўйини тақдирини 84-дақиқадаги гол ҳал қилди, Йўлдошев эса...  1 20:00"Ланс" сўнгги дақиқаларда гол уриб, мағлубиятдан қутулиб қолди. Ҳусанов тўлиқ ҳаракат қилди  12

Bir klub tarixi: "Roma – Amor" Yangiliklar

Bir klub tarixi: "Roma – Amor"

"Championat.asia"da "Bir klub tarixi" rukni davom etadi.

Miloddan avvalgi davrlar shukuhini ifodalovchi landshaftlar, gladiatorlar jangi, ko'hna “Kolizey”, “La Sapienca”, “Ponteon”, “Pyacca navona” va “Villa Borgeze” bu nomlar nimani yodingizga solmoqda? Agar sayohat sabab Italiyaga tashrif buyursangiz, mamlakat boshkenti Rim sizni go'zalligi ila rom aylab, bir muddat tarix qariga uloqtiradi va zalvorli o'tmishini ko'z-ko'z qiladi. Hattoki, yuksak didli sanat ixlosmandlari ham Rim go'zalligi bosimiga dosh bera olmaydilar! Pozitiv tuyg'ular, takrorlanmas inikos va tarixiy viqor – bularning barchasi Rimda mujassam. “Roma” futbol klubi esa shaharning faxr va g'ururi timsolidir.


Apenin yarim oroli aholisi sportga, hususan futbolga umrlarining bir qismi sifatida qarashadi. Hattoki, ijtimoiy hayotda ham ular uchun futbolning o'rni salmoqlidir. Statistik malumotlarga qaraganda Italiyada turmush qurishlar va oilaviy ajrimlar asosan yoz oylariga to'g'ri kelar ekan. Mutaxassislar fikricha bunga asosiy sabab: mamlakatda futbol mavsumi tugab, klublar tatilga chiqib ketishganida, odamlar etiborlarini futbolga emas balki, shaxsiy hayotlariga qaratgan holda, oilaviy masalalarda bir to'xtamga kelib olishar ekan. Bu shundan dalolat beradi-ki, italiyaliklar uchun futbol hayotlarining ajralmas bo'lagi va mazmuni desak yanglishmagan bo'lamiz. Rim shahri aholisi esa 92 yillik tarixga ega “Roma” klubi muvaffaqiyatlari bilan yashashadi. “Bo'rilar”ning har bir g'alabasidan quvonishadi, mag'lubiyatida qayg'urishadi. Eng asosiysi jamoani turli vaziyatlarda ham yolg'izlatib qo'yishmaydi. 2012 yilda “La Repubblica” ro'znomasida elon qilingan malumotiga ko'ra, Italiya aholisining 7,3% aynan “bo'rilar”ga tarafkashlik qilishi keltirilgan. Mazkur maqolamiz orqali rimliklarning tarixiga sayohat qilamiz.



Klub tarixi

1927 yil 7 iyun sanasida “Roma” klubiga asos solingan. Jamoaning shakllanishida birinchi prezident Italo Foskining hissasi katta bo'ldi. Klub dastlabki mavsumlarning o'zidayoq raqiblariga o'ziga hos “sovg'a”lar tayyorlay olishdi. A seriyada o'sha yillari raqobat juda kuchli bo'lgan. “Yuventus”, “Torino” va “Jenoa” singari klublar “Skudetto” uchun kurashda raqiblarini ayab o'tirishmas edi. “Bo'rilar” tashkil topganlariga bir yil to'lishi xamonoq ichki chempionatda bronza medallariga ega chiqishdi. Mazkur g'alabada jamoa bosh murabbiyi angliyalik Uilyam Garbattning chizgilari sezilarli bo'ldi. 1930 yilda esa italiyalik Gvido Bakkani boshchiligida kumush medallar qo'lga kiritildi. SHundan so'ng, “bo'rilar” boshqaruviga kelgan Frensis Byordjess, Yonar Baar, Layosh Kovach, Luidji Barbezino va Gvido Ara singari mutaxassislar jamoa bilan mazmunli o'yinlar namoyish qila olgan bo'lishiga qaramasdan, “Skudetto” masalasini hal qila olishmadi. Faqatgina, Edgar Baccini prezidentligi davrida klubga boshqaruviga tayinlangan vengriyalik Alfred SHeffer 1942 yilda rimliklarga tarixiy chempionlikni tuhfa qila oldi. SHundan so'ng,
A seriyadagi kuchli raqobat tufayli “bo'rilar” bir nechta mavsumlarda yutuqlardan chetda yurishiga to'g'ri keldi va faqatgina kumush va bronza medallari bilan cheklanishdi hamda kubok finallarida mag'lubiyat alamini totib ko'rishga majbur bo'lishdi. Hattoki, klub quyi ligalarga tushib ketganini ham qo'shimcha qilish o'rinli. 1952 yil Juzeppe Viani “bo'rilar”ni yana B seriya chempionligini qo'lga kiritib, jamoani kuchlilar qatoriga qaytarishga erishgan. SHuningdek, klub 1961 yilgi mavsumga kelib xalqaro maydonlardagi birinchi sovrinini qo'lga kiritdi. Yarmarkalar kubogi finalida “Birmingem Siti” klubini ikkita to'p farqi bilan mag'lub eta olishdi va klubning hozirgi kunga qadar yagona bo'lib qolayotgan xalqaro g'alabasini rasmiylashtirishdi. Rimliklar 1964 yilga kelib ispaniyalik mutaxassis Luis Miro boshchiligida birinchi marta mamlakat kubogini qo'lga kiritishdi. Mazkur g'alabada klubning o'sha paytdagi mashxur futbolchisi Jakamo Lozining mehnati katta bo'ldi. Umuman olganda klub XX asrning ikkinchi yarmi, 70 yillarida A seriyaning o'rtamiyona jamoalari qatorida yurishdi. Bazi mavsumlarda bronza medallariga ega chiqishgan bo'lsalarda, kubok finalidagi mag'lubiyatlar va xalqaro maydonlardagi muvaffaqiyasizliklar “bo'rilar”ning tashrif qog'oziga aylanib qolgan edi.

1927 yil. Qaldirg'och “bo'rilar”


Uzoq kutilgan chempionlik


“Roma” 1980 yillarga kelib qayta “uyg'ondi” va bir necha bor klub muzeyini sovrinlar bilan bezashdi. Jumladan, 40 yillik tanaffusdan keyin yana 1983 yilgi mavsumda shveciyalik Nils Lidxolm boshchiligida “Skudetto”ni qo'lga kiritishdi va ketma-ket Italiya kubogiga ham ega chiqa olishdi (1980,1981,1984 va 1986 yillarda). 1984 yilda mashxur Sven-Yoran Eriksson boshchiligida ECHL finaliga qadar bo'lgan mardonavor yo'l bosib o'tildi. CHempionat finishidagi raqib esa “Liverpul” edi. SHveciyalik referi Erik Fredrikssonning hushtagi yangrashi bilan daxshatli jang boshlandi. Birinchi bo'lib hisobni “mersisaydliklar”ning qanot himoyachisi Fil Nil ochdi va inglizlarni o'yinda oldinga olib chiqdi. Taym oxirida rimliklarning forvardi Roberto Prucco hisobni tenglashtirdi. O'yinning asosiy vaqti durang bilan nihoya topdi va qo'shimcha bo'limlarda ham muvozanat buzilmadi. Lotoreyalar bahsidagi yutuq Jo Fegan boshqaruvidagi liverpulliklarga chiqdi. SHunday qilib, “bo'rilar” bugungi kungacha yagona bo'lib qolayotgan ECHL final bellashuvida imkoniyatni boy berishdi. Ottavio Byanki bosh murabbiylik davrida klubda bir muncha o'zgarishlar bo'ldi. Jumladan, Italiya kubogida zafar quchildi va superkubok finaliga chiqishdi hamda UEFA kubogi finaliga qadar etib borishdi. Ammo, ikkinchi yirik turnir finalida ham mag'lubiyat alamini totib ko'rishga majbur bo'lishdi. UEFA kubogining 1991 yil mavsumidagi final bahsida A seriyadagi azaliy raqiblari Milanning “Inter” klubiga ikki o'yin natijasiga ko'ra imkoniyatni boy berishdi va yakunda kumush medallar bilan kifoyalanishdi.

1980 yilgi yulduzli tarkib


Ketma-ket murabbiylar almashinuvi


Yangi asrning ibtidosi “bo'rilar”ga ancha omadli keldi bosh murabbiy Fabio Kapelloning qatiyati va uzoqni ko'ra olishi natijasida jamoa bir nechta sovrinlarga ega chiqishdi. Qolaversa, uzoq kutilgan chempionlik (2000 yilda) va birinchi bor superkubokdagi g'alabaga (2001 yilda) erishildi. Don Fabio klubni tark etgan so'ng, uning o'rniga kelgan CHezare Prandelli, Rudi Fyoller, Bruno Konti va Luidji Delneri singari mutaxassislar davrida aytarli yutuqlar qo'lga kiritilmadi. 2005 yilda Luchano Spaletti bosh murabbiyligida o'tgan to'rt mavsum davomida klub Italiya kubogi (2007,2008 yillarda) va superkubogi (2007 yilda) qo'lga kiritildi va A Seriyada kumush medallariga ega chiqildi. SHu bilan birga, orta qolgan so'nggi o'n yil davomida “bo'rilar”ga ustozlik qilgan Vinchenco Montella, Luis Enrike, Zdenek Zeman, Aurelio Andreacolli, Rudi Garsiya, Eusebio Di Franchesko va Klaudio Raneri kabi murabbiylar ham jamoani g'oliblik sari etaklab bora olishmadi. Bugungi kunda rimliklar boshqaruv “rul”ida portugaliyalik Paulu Fonseka faoliyat olib bormoqda. “Roma” ayni vaqtda A Seriya bahslarida 13 tur natijalariga ko'ra, 25 ochko jamg'argan holda, turnir jadvalining beshinchi pog'onasidan joy olgan.

Don Fabio


Klubning erishgan natijalari:


Italiya chempioni: (3 marta).
1942, 1983 va 2001 yillardagi masumlarda.
Italiya kubogi sohibi: (9 marta).
1964, 1969, 1980, 1981, 1984, 1986, 1991, 2007, 2008 yillardagi mavsumlarda.
Italiya superkubogi sohibi: (2 marta).
2001 va 2007 yillardagi mavsumlarda.
Yarmarkalar kubogi g'olibi: (1 marta)
1961 yilgi mavsumda.


Derby della Capitale yohud Rim derbisi

Futbol muxlislari tarixda juda ko'p derbilarga guvoh bo'lishgan. Bir shaharning ikki jamoasi o'zaro hisob-kitob qilgan uchrashuvlarda odatda muxlislar o'rtasida “intirga” kuchayadi. Hamma fanatlar ham o'z suyuklilarining g'alabasiga ilxaq bo'lishi turgan gap. Dunyoda shunday derbilar borki, yakuni “qonli” tugashi bilan “mashhur”. Jumladan, Istambul, Qoxira va Sofiya derbilari har doim agressiv ruhda bo'lib o'tishi va dunyo OAV ning diqqat markazida bo'lishi barchamizga ayon.

Derby della Capitale - Rim shahrining ikki jamoasi “Roma” va “Lacio” o'rtasida bo'lib o'tadigan derbi huddi shunday nom olgan. Mazkur ikki klub fanatlari har doim ham yaxshi chiqishavermaydilar va bir-birlariga “dushman ko'zi” ila boqishadi. Eng yomoni esa ikki klub ham uy uchrashuvlarini bitta o'yingohda o'tkazishadi. “Roma” klubi muxlislari o'rtasida “Curva sud” guruhi shakllangan bo'lib, mazkur “jamoa” o'zining o'ta shavqatsizligi va agressivligi bilan mamlakatda nom qozongan. Derbining birinchi bahsi 1929 yil 8 dekabr sanasida bo'lib o'tgan va unda “bo'rilar”ning qo'li baland kelgan. Umumiy hisobdagi derbilarda jamoalar 181 bora to'qnash kelishgan. 66 ta o'yinda “Roma” g'alaba qozongan bo'lsa, 51 ta bahsda “Lacio”ning qo'li baland kelgan va 64 ta bellashuvda Rim klublari murosa yo'lini tanlashgan. “Bo'rilar” hamshaharlari darvozasiga 222 ta to'p kiritgan holda, o'z mudofaalaridan 178 gol o'tkazib yuborishgan.



Franchesko - Bimbo d’Oro!

“Sizning vaqtingiz cheklangan, uni o'zga hayotni yashab sarf qilmang”. Stiv Djobsning mazkur so'zlari Franchesko Tottining faoliyati bilan uyqash. Har birimizda biz qanday hayot kechirishimiz va nima qilishimiz kerakligi haqida o'z tasavvurimiz bor. Ushbu iqtibos bizda bittagina qisqa hayotimiz borligi, shu bois vaqtimizni boshqa odamlarga o'xshab sarflamasligimiz kerakligini tushuntirmoqda. Biz o'z hayotimizni topishimiz va bizni baxtli qiladigan mashg'ulotlar bilan band bo'lishimiz kerak. Darhaqiqat, Franchesko butun faoliyati davomida sevimli mashg'uloti bilan band bo'ldi. Hayotini faqat Rimda deb bildi. Futbolni va “Roma”ni sevdi uni ardoqladi! Har qanday vaziyatda ham “bo'rilar” uchun sodiq bo'ldi. Sadoqat naqadar oliy tuyg'u ekanligini barchaga ko'rsatdi va bu bilan faxranmadi, hatto. Totti klub safida o'tkazgan 25 mavsumi davomida 786 ta o'yinga maydonga tushdi va 307 ta to'p kiritishga erishdi hamda 18 mavsumda jamoasini sardor sifatida maydonga boshladi. Faoliyati davomida jahon chempioni, A seriya g'olibi, mamlakat kubogi va superkubogi g'olibi, mavsum to'purari, yilning eng yaxshi o'yinchisi bo'ldi va yana bir nechta titullarni qo'lga kiritdi. Faqatgina, bitta armoni bor edi – ECHL g'olibligi. Franchesko “shalpangquloq” kubokni faqat “Roma” sardorligida ko'tarishni xohladi va shunga intildi. Hattoki, bir necha bor grand klublardan kelgan “sovchi”larni qaytarib yubordi, olmashumul summalardagi shartnomalarga uchmadi. Faqat “Roma” uchun yashadi va hayotini mazmunini Rimda ko'rdi. Futbol shunchaki o'yin emasligini, unda sadoqat hamda vafo kabi to'yg'ular ham borligini Francheskoning faoliyatida ko'rish mumkin.

“Tilla bola” - Bimbo d’Oro


Rimdagi bir o'yin haqida


Evropa chempionlar ligasi 2017/18 yilgi mavsumi chorak final o'yini rimliklar “Barselona” klubiga qarshiligini sindirishlariga to'g'ri keldi. Dastlabki bahsda kataloniyaliklar De Rossi va Manolasning avtogollari hamda Pike va Suares tomonidan urilgan gollar evaziga g'alaba qozonishdi. Hujumchi Edin Jeko kiritgan gol “Bo'rilar”ning muxlislariga yupanch vazifasini o'tab berdi. Javob uchrashuvidan oldin barcha mutaxassis va muxlislar so'zsiz “Barsa”ning g'alabasini tahmin qilishidi. 2018 yil 10 aprel sanasidagi ikkinchi bellashuvda raqiblar “Stadio Olimpiko”da saf tortishdi. O'yingohdagi 56 580 tomoshabinlar va zangori ekran qarshisidagi millionlab insonlar haqiqiy drammatikani guvohiga aylanishdi. Rimliklarga uchta to'p farqi bilan g'alaba qozonish talab etilar edi. Taqdirning hazilini qarangki, birinchi bellashuvda “bo'rilar” safida o'z darvozalariga to'p kiritib qo'ygan futbolchilar De Rossi va Manolas “Kamp nou”dagi alami xunini ortig'i bilan olishdi. O'yining 6 daqiqasida dastlabki uchrashuvda “Roma”ning yagona javob to'pini kiritgan Edin Jeko hisobni ochdi. Ikkinchi bo'limning 58 daqiqasiga kelib De Rossi penaltidan oradagi tafovutni ikkitaga oshirdi. Bellashuv tugashiga 8 daqiqa qolganida esa Manolas tomonidan urilgan gol barchani karaxt ahvolga solib qo'ydi. Bosh hakam Kleman Tyurpenning o'yinni yakunlovchi hushtagi yangrashi esa Messi boshchiligidagi kataloniyaliklarni birinchi reys bilan Rim-Barselona havo yo'llarida parvoz qiluvchi samalyot bortiga kuzatib qo'ydi. Mazkur tasavvur qilib bo'lmas natija qayd etilishi “Roma” klubi muxlislarini quvonch ko'z yoshlariga sabab bo'ldi. Barcha rimliklar aqldan ozayozishdi va o'yin yakunlanishi bilan klubning rasmiy Twitter sahifasida quydagicha g'alaba postini qoldirishdi - “DAJEEEEEEEEEEEEEEEEEEEEEEEEEEEEEEEEEeifefefbejfwjofnwjfnwjfbrufbwfubwrufbewfuewbewbfwejfwjlfjfwfjlwfjbfjwfbwjfbwjofwjfnewjofnewjofnwjfnweAHHHHHHHHHHHHHHHHHHHHH!!!!!!!!!!!!!”

O'sha mashhur post


Hammasi “Roma” haqida:
Klub prezidenti:
Jeyms Palotta.
Klub homiysi: Nike, Qatar Airways.
Klub tarixidagi eng ko'p o'yin o'tkazgan futbolchi:
Franchesko Totti. 786 ta o'yin (1992-2017 yillarda).
Klub tarixidagi eng ko'p gol urgan futbolchi:
Franchesko Totti. 307 ta gol (1992-2017 yillarda).
Klubni eng ko'p boshqargan prezident:
Franko Sensi. (1993-2008 yillarda)
Klubni eng ko'p boshqargan murabbiylar:
Elenio Errera. (1968-1973 yillarda)
Fabio Kapello. (1999-2004 yillarda)
Klubda eng ko'p sardorlik qilgan futbolchi:
Franchesko Totti. (1999-2017 yillarda).

“Bo'rilar”ning goledori “Batigol”


Ko'pchilik Rim so'zida muhabbat yashiringan deyishadi. CHunki, shahar nomini teskari o'qilishi italiyaliklar tilida sevgi manosini beradi.

Rim – muhabbat demakdir! Qalblarni larzaga keltiruvchi dunyodagi eng nozik tuyg'uni o'z bag'riga berkitgan fusunkor shaharning bosh jamoasi “Roma” haqida yozganlarim hozircha shular. Agar futbol atalmish o'yin jozibasidan lazzat olishni xohlasangiz – Italiya futboli sizga muntazir! Jiddiy raqobat, soniyalar qadri, murosasizlik va albatta hammamiz bilgan katenachcho... Haqiqiy futbol ko'rmoqchimisiz unda – “buzoqlar mamlakati”ga marhabo!

P.S: Maqoladagi statistik malumotlar xorijiy saytlardan olingan faktlar asosida tayyorlangan. Sahifadagi matnlar esa maqola muallifining shaxsiy imhosi.

Etiboringiz uchun rahmat
Farruh Doniyorov

Reyting: +19   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика