So’nggi yangiliklar

12:49Тен Хаг "Манчестер Юнайтед" ўйини ҳақида: "Кечирасизлар, аммо тушунинг, мен Гарри Поттер эмасман"  4 12:23ЖЧ-2026 саралаши. Қатар бўлажак ўйинлар учун таркибини эълон қилди  3 11:54Футзал. Марокаш футзал терма жамоаси Тошкентга етиб келди  0 11:40Жейдон Санчо: "Тўғрисини айтсам, ёшлигимда Дидье Дрогба ва Фрэнк Лэмпард кумирларим эди"  5 11:11Карикатура: Каземиро "Олд Траффорд"да "Ливерпул"га эшикларни очиб берди  5 10:33Муҳаммад Салоҳ келаси ёзда "Ливерпул"ни тарк этиши мумкинлигини маълум қилди  0 09:51Эрик тен Хаг: "Мен сиздек инсонларга ачинаман"  14 09:20Арне Слот 88 йиллик ноҳуш анаънага чек қўйди  3 08:47Sofascore. 10 дақиқа ҳаракат қилган Шомуродов, 82 дақиқа ҳаракат қилган Довбик билан деярли бир хил баҳога лойиқ кўрилди  4 08:35Туркия чемпионати. "Башакшехир"да йирик ғалаба, Пёнтекдан хет-трик! (+мусобақа жадвали)  3 08:17"Кайсериспор" Отабек Шукуровни трансфер қилишга яқин  6 08:10А Серия. 3-турнинг марказий учрашувида ҳисоб очилмади, Шомуродов захирадан ўйинга қўшилди  6 07:51Мбаппе ўзини "Реал"да Роналдунинг вориси деб ҳисоблайдими? деган саволга жавоб берди  2 07:24Sofascore. Ҳусанов кечаги учрашувда неча баҳо олди?  1 06:45ЛаЛига. "Реал Мадрид" - "Бетис", Мбаппе ЛаЛигадаги биринчи голини урди  1

Bir klub tarixi: “Kanonirlar” Yangiliklar

Bir klub tarixi: “Kanonirlar”

"Championat.asia"da "Bir klub tarixi" rukni davom etadi.

Franciyaning buyuk rassomlaridan biri Mone London haqida chizgan etyudida shahardagi tumanni qizg'ish rangda ifodalaydi. Tanqidchilar Monedek rassom nega bunday no'noqlikka yo'l qo'ydi deb boshlari qotib turganda, Mone bir og'iz so'z bilan masalaga oydinlik kiritadi va ”Men tumanni emas, tutunni chizganman”, - deya javob bergan ekan. Evropa shaharsozlik ananalarini o'zida aks ettirgan Londonda asosan qizg'ish rangdagi binolar bo'lib, ob-havosi tumanli bo'lgan hududdagi inshootlar yanayam aniq ko'rinishi uchun shu tusga keltirilar ekan. Mone esa shahar ramzi bo'lgan qizil rangni hatto tutunga ham qo'shib tasvirlagani, uning betakror istedod sohibi ekanligidan dalolatdir. Darhaqiqat, alvon rang Londonning inikosi va o'ziga hos ramzi hisoblanib, shahar sharafini himoya qiluvchi “Arsenal” futbol klubi libosida ham o'z aksini topgan.

Mone naznida London aksi 


London “darg'asi”

London inglizlar uchun 33 ta hududiy birlikdan iborat mamlakatning poytaxti bo'libgina qolmay, yirik savdo markazlari, tarixiy obidalari, muhtasham ko'priklari, mo'jaz qadimiy ko'chalari va osmono'par binolari bilan mashhur bo'lgan maskan hisoblanadi. SHahardan kesib o'tuvchi jilvakor Temza daryosi bo'ylab sayr qilar ekansiz o'zgacha pozitiv tuyg'ularni his qilishingiz mumkin. Agarda London manzaralarini dabldekerda kuzatish baxtiga muyassar bo'lsangiz, mashhur Big-Ben soatidan tortib, Bukmingem saroyi mahobati va ko'rkam Kenotaf bir muddat sizning diqqatingizni o'g'irlaydi hamda tarixiy go'zallikni inom etadi. 

SHahar aholisi esa uik-endni orziqib kutishadi va mehnat haftasi so'nggida o'z suyuklilarini qo'llash uchun stadionga oshiqishadi. London sharafini himoya qiluvchi eng keksa jamoalardan biri “Arsenal” o'z fanatlarining mehrini ortig'i bilan qozona olgan klublardan biridir. “Kanonirlar”lar uy uchrashuvlarini qabul qiluvchi “Emireyts” o'yingohi esa “to'pchilar” va jamoa fanatlarining orzulari to'qnashgan muhabbat manzili hisoblanadi.

Zamonaviy Londonning rangi inikosi


 “Arsenal”ning 113 yillik tarixiga nazar tashlaydigan bo'lsak, jamoa 

13 marta mamlakat  chempionligi va kubogi sohibi, 15 bora superkubok sovrindori, 2 marta Liga kubogida g'alabaga erishganiga guvoh bo'lishimiz mumkin. SHuningdek, xalqaro maydonlardagi musobaqalarda esa Kubok egalar kubogi va Yarmarkalar kubogida zafar quchishgan. 2018 yil “Forbes” ro'znomasi taqdim qilgan malumotga ko'ra, “to'pchilar” 2,238 mlrd. dollar byudjetga ega bo'lgan dunyoning oltinchi jamoasi sifatida ko'rsatilgan. Qolaversa, Deloitte auditorlik kompaniyasiga ko'ra “Arsenal” 2016/17 yilgi mavsumda 487,6 mln. evro mablag' bilan jahonning eng boy klublari o'ntaligiga kirishga erishgan. Bugungi ruknimiz orqali “kanonirlar”ning tarixiga sayohat qilamiz.

“Kanonirlar”


Klubning erishgan natijalari:

Angliya birinchi divizioni chempioni: (10 marta)

1931,1933,1934,1935,1938,1948,1953,1971,1989,1991 yillardagi mavsumlarda.

Primer liga chempioni: (3 marta)

1998, 2002, 2004 yillardagi mavsumlarda. 

Angliya kubogi sohibi: (13 marta)

 1930, 1936, 1950, 1971, 1979, 1993, 1998, 2002, 2003, 2005, 2014, 2015, 2017 yillardagi mavsumlarda.

Angliya liga kubogi g'olibi: (2 marta)

1987, 1993 yillardagi mavsumlar.

Angliya superkubogi g'olibi: (15 marta)

1930,1931,1933,1934,1938, 1948,1953,1991, 1998, 1999, 2002, 2004, 2014, 

2015, 2017 yillardagi mavsumlar.

Kubok egalari kubogi g'olibi: (1 marta)

1994 yilgi mavsumda.

Yarmarkalar kubogi sohibi: (1 marta)

1970 yilgi mavsumda.


“Jangchi” Mesut


Klubning shonli tarixi

“Kanonirlar” 19 asrning 80 yillarida havaskor jamoa sifatida tashkil etilgan.  Klubga 1886 yil London shahrining janubiy-sharqiy qismida bir guruh artileriya fabrikasi ishchilari tomonidan “Dayal Skuer” nomi ostida  asos solingan va jamoa o'zining ilk bahsini “Istern Uonders” jamoasiga qarshi o'tkazgan. SHundan so'ng, klub nomi “Royal Arsenal”ga o'zgartirilgan va klub timsollari, libos ranglari tanlangan. “To'pchilar” 1891 yilda professional maqomda ishtirok etishni boshlagandan so'ng, klub nomi “Vulij Arsenal”ga almashtirildi. 1893 yilda esa jamoa ilk marta quyi futbol ligasida qatnashishga muvaffaq bo'ldi.  20 asrning dastlabki yillarida “kanonirlar” ikkinchi divizionda debyut qildi va kuchlilar qatoriga kirishga erishdi. O'sha davrlarda jamoada iqtisodiy muammolar bo'lib, bu muxlislarning stadionga kelishi bilan bog'liq edi. Jamoa stadioni shahar markazidan olis hududda joylashganligi sababli ishqibozlar tashrifi biroz kamroq edi. 1913 yilda jamoa yangi “uy”ga ko'chib o'tdi. Temza daryosi bo'yidan yangi “Xayberi” o'yingohi qad rostladi va klub mezbonligida o'tadigan o'yinlarni qabul qila boshladi. Mazkur o'yingoh “kononirlar” uchun 93 yil hizmat qildi. 1914 yilda jamoa nomidan “Vulij” so'zi olib tashlanadi va “Arsenal” deya atala boshlaydi. 1925 yilda Gerbert CHempening klubga bosh murabbiy etib taynilanishi bilan jamoada ijobiy o'zgarishlar yuz bera boshladi va tarkibga o'z davrining mashhur futbolchilari Byuken, Aleks Jeyms va Kliff Bastin singari ijrochilar taklif etildi. Jamoa o'zining mamlakatdagi birinchi sovrininii qo'lga kiritishni roppa-rosa 44 yil kutishlariga to'g'ri keldi. 1930 yilgi mavsumga kelib, jamoa Angliya kubogini qo'lga kiritdi. Final bahsida “Xaddersfild” klubini ikkita to'p farqi bilan mag'lubiyatga uchratishdi. Qolaversa, o'sha mavsumda mamlakat superligasi bahslarida ham etkachilikni hech kimga berishmadi va hal qiluvchi bellashuvda “SHeffild” tiz cho'ktirildi. Oradan bir yil o'tib “kanonirlar” mamlakat chempioni bo'lishga erishdilar va bu unvonni qatorasiga uch mavsumda munosib himoya qila olishdi. 1936 yilgi mavsumda bosh murabbiy Jorj Ellison etakchiligida ikkinchi marta kubok finaliga muvaffaqiyat qozonishdi va asosiy uchrashuvda “SHeffild” klubi taslim etildi. 1938 yilgi mavsumda “to'pchilar” beshinchi bor chempionlik masalasini ijobiy hal qilishdi. SHundan so'ng, jamoa o'yinlarida biroz muddat pasayish kuzatildi. Jamoa o'yinchilarining boshqa jamoalarga o'tib ketishi va ikkinchi jahon urushi tasirida, “kanonirlar” bir-necha o'n yil mobaynida sovrindorlar qatoriga qo'shila olishmadi. 1948 yilga kelib klubga kuchli futbolchilar taklif etildi, jamoaviy o'yin shakllantirildi va moliyaviy masalalar ijobiy hal qilindi. Buning oqibatida o'sha mavsumda londonliklar turnir jadvali yakunida asosiy raqibi “Manchester Yunayted”ni etti ochko farqi bilan ortda qoldirib, o'zlarining oltinchi chempionligini nishonlashdi. Jamoa hujumchisi Ronni Ruk 33 ta gol bilan musobaqa to'purari bo'lishga erishdi. SHuningdek, o'sha yili superkubok bahslarida “qizil iblislar” ustidan g'alaba qozonishdi. 1950 yilda esa jamoa Angliya kubogida zafar quchishdi. “Kanonirlar” 1953 yilgi mavsumdagi ettinchi chempionligi va superkubokdagi g'alabasidan so'ng, biroz muddat “tanaffus”ga chiqishdi.  

Retro surat


Londoncha Natyurmort yohud Xalqaro maydondagi ilk g'alaba

1970 yilga kelib “to'pchilar” qayta uyg'onishdi. O'sha masumda jamoa o'zlarining xalqaro maydondagi dastlabki g'alabasiga erishdi. Yarmalarkalar kubogi bahsida Belgiyaning “Anderlext” klubi ustidan ikki o'yin natijasiga ko'ra ustun kelishdi. Oradan bir yil o'tgandan so'ng, mamlakat chempionligi nishonlandi. Turnir jadvali so'nggida “Lids” jamoasini atigi bir ochko farqi bilan orta qoldirishidi va o'zlarining sakkizinchi chempionlik unvoniga ega chiqishdi. Kubok bahsi finalida esa “Liverpul” klubi qo'shimcha taymlardagi urilgan gollar evaziga tor-mor keltirildi. O'sha davrlarda mamlakat birinchi divizionida raqobat keskin kuchli bo'lganligi uchun, londonliklar chempionatning o'rtamiyona klublari safida bo'lishga majbur bo'lishdi. 1979 yilgi kubok bahslaridagi g'alabasini hisobga olmasa “Arsenal” aytarli yutuqni qo'lga kirita olishmadi. 1987 yilda birinchi marta Angliya Liga kubogini qo'lga kiritishdi. 1989 yilgi mavsumga kelib esa navbatdagi chempionlik nishonlandi. Turnir jadvalida butun mavsum davomida taqib qilib kelgan “Liverpul” jamoasini ortda qoldirib, mamlakatda etakchi bo'lishga erishishdi. 1991 yilgi mavsum ham “to'pchilar” uchun ancha omadli keldi garchi, kubok bahslari va xalqaro maydonlarda o'zlarini ko'rsata bilishmagan bo'lsalar ham, ichki  birinchilikda o'ninchi chempionlik tantana qilindi.  1993 yildagi kubok bahslari finalida “SHeffild” ustidan ishonchli g'alaba qo'lga kiritildi. Keyingi mavsumda “kanonirlar” bosh murabbiy Jorj Grem boshchiligida UEFA kubok egalari kubogi finaliga qadar etib kelishdi. CHempionlik masalasini hal qiluvchi o'yindagi raqiblari Italiyaning “Parma” jamoasi edi. Final bahsida Alan Smit tomonidan urilgan gol evaziga g'alaba qozonildi va xalqaro maydonlardagi navbatdagi yutuqni rasmiylashtirishdi. O'sha davrdagi klub sharafini himoya qilgan o'yinchilar tom manoda “to'pchilar”ning ajratib bo'lmas o'yinchilari bo'lishgan. Jumladan, Devid Simen, Li Dikson, Naydjel Uinterbern, Pol Devis, Toni Adams, Kevin Kempbell, Stiven Morrou, Alan Smit, Pol Merson, Yan Sili, Alan Miller, Endi Linigan, Eddi Makgoldrik, Rey Parlor va Pol Dikov kabi ijrochilar jamoaning yutuqlariga munosib hissalarni qo'sha olishgan.  1994 UEFA supkerkubogi uchrashuvida esa “Milan” klubi qarshiligini sindira olishmadi.


1979 yilgi tarkib

Starsburglik msening tashrifi va yangi yaratilgan tarix

1996 yilda klub bosh murabbiyliga o'sha vaqtlarda futbol olamida u qadar mashhur bo'lmagan francuz Arsen Venger tayinlanadi. Murabbiylik faoliyati davomida asosan Franciyaning o'rtamiyona jamoalarida ishlagan va oxirgi yilini “Kunchiqar yurt”da o'tkazgan o'tkazgan mutaxassisni jamoaga kelishini “to'pchilar” muxlislari unchalik ham oqlashmadi. Ammo, Venger keyinchalik klubda o'z “imzo”sini qoldirib bildi va franciyalikning jamoada qilgan birinchi ishi gollandiyalik Denis Berkampni transfer qilish bo'ldi. “Uchmas golland”ning kelishi jamoadagi hujumkorlikni oshirdi. Umuman olganda, Vengerni jamoa bosh murabbiylik kursisiga o'tirishi ortidan klubga bir nechta mashhur franciyalik futbolchilar kelib qo'shilgan. Nikolya Anelka, Terri Anri, Emmanuel Peti, Patrik Vieyra, Silven Viltor va Rober Pires shular jumlasidan. 1998 yilgi mavsumda “kanonirlar” Arsen Venger boshchiligida ajoyib tarix sahifasini yaratishdi va Premer-Ligada birinchi chempionlik nishonlandi. Venger esa klubda chempion bo'lgan dastlabki xorijiy murabbiy bo'lib, jamoa tarixiga muhrlandi. Undan tashqari, “Kanonirlar” o'sha mavsumda mamlakat kubogida ham zafar quchib “oltin dubl” qayd qilishdi.


Mse Arsen


2000 yilgi mavsumda Venger boshchiligida “kanonirlar” UEFA kubogi finaliga qadar etib borishdi. Final bahsida Istambulning “Galatasaroy” klubiga penaltilar seriyasida imkoniyatni boy berib qo'yishdi. Alamli mag'lubiyat londonliklar uchun ikki hissa og'ir botdi. CHunki, Kopengagen finali arafasida ikki klub muxlislari o'rtasida ommaviy mushtlashuv kuzatildi. Londondan tashrif buyurgan fanatlar mazkur tartibsizliklarda ko'proq jabr ko'rishdi. 2002 yilgi mavsumda “to'pchilar” yana “oltin dubl”ni qayd etishdi. Jamoa tarixidagi eng yuqori cho'qqi esa 2004 yilgi mavsumga to'g'ri keladi. O'sha yilgi mavsumda Prem    er-liga bahslarida jamoa biror marotaba mag'lubiyatga uchramadi va chempionlik masalasini ijobiy hal etishgan holda mag'lubiyatsiz o'yinlari sonini ketma-ket 49 o'yinga etkazishdi. Mazkur natija hozircha mamlakat rekordi bo'lib turibdi. 2005 yilda esa “kanonirlar” Angliya kubogida zafar quchishdi. SHundan so'ng, klub bir necha mavsumlar davomida sovrindorlar qatoriga kira olishmadi. 2006 yilgi mavsumda esa UEFA chempionlar ligasida finalga qadar etib kelishdi. Biroq, Sesk Fabregas, Fredrik Yunberg, Eshli Koul, Teri Anri, Aleksandr Gleb, Kolo Ture, Emmanuel Ebue va Gael Klishi singari futbolchilar bilan ham, Ronaldino va Eto`o kabi ijrochilariga ega “Barselona” qarshiligini engga olishmadi hamda o'zlarining birinchi, shu bilan bir qatorda, hozirgi vaqtga qadar yagona bo'lib qolayotgan - ECHL finalini boy berishdi. SHuningdek, o'sha yili “to'pchilar” o'zlari uchun qadrdon bo'lgan va klubga qariyb bir asrga yaqin hizmat qilgan “Xayberi” o'yingohini, yangi qurilgan zamonaviy “Emireyts”ga almashtirishdi.  


 


O'rtamiyonalik davri...

“Arsenal” garchi, yaqin orada Premer-ligada chempionlikni qo'lga kirita olmagan bo'lsa ham, kubok bahslarida bosh sovringa ega chiqish bilan birgalikda, Angliya superkubogini ham qo'lga kiritishdi  (2014, 2015, 2017 yillarda). Yaqin o'n yillik davomida klubda ajoyib transferlar amalga oshirildi. Yirik miqdordagi shartnomalarga evaziga klubga top darajadagi ijrochilar taklif etildi.      Jumladan, Mesut O'zil, Granit Jaka, Genrix Mxitaryan, Sokratis Papastatopulos, Per- Emerik Obameyang va yana boshqa bir qator yulduz futbolchilar ham “kanonirlar”ni shohsupaga olib chiqa olmadi. Londonliklar fanatlari g'alabalarni sog'inib qolishgan va buning ustiga jamoaning doimiy ravishda o'rtamiyonalar safida yurishi ularni ranjitardi. Buning oqibatida Vengerning kursisi “qimirlab” qoldi. Jamoa fanatlari fikricha: klubga yangi qon kerak edi. Hattoki, fanatlar bir-necha marta bosh murabbiyga qarshi “Wenger out” akciyalarini o'tkazishdi. Premer-ligadagi salbiy natijalar, jamoaning bo'sh o'yin ko'rsatishi va muxlislar etirozi ortidan, “to'pchilar”ni 22 yil boshqargan va jamoani 1236 ta uchrashuvga boshlab chiqqan franciyalik mutaxassisga  2018 yil 30 iyun sanasida klub rahbariyati tomonidan chiqish eshiklari ko'rsatildi. “Kanonirlar” jamoa bosh murabbiy tanlashda bir nechta nomzodlar ustida bosh qotirishdi va yakunda “PSJ”da ishlab qaytgan ispaniyalik Unai Emerini tanlashdi. Emerining klubda olib borgan faoliyati davomida u qadar katta yutuqlar ko'zga tashlanmadi. Premer-ligada nursiz o'yinlar va kubok bahslaridagi muvaffaqiyatsizliklar mutaxassisning jamoa bilan uzoqqa bora olmasligini anglatar edi. Qolaversa, klubda ichki muhitni ham alo darajada deb aytish qiyin bo'ldi. 2019 yilgi mavsumda Ispaniyalik murabbiy boshchiligida “to'pchilar” UEFA kubogi finaliga qadar etib borishdi. Ammo, hal qiluvchi bellashuvda azaliy raqiblari va hamshaharlari “CHelsi” klubiga imkoniyatni boy berib qo'yishdi. Boku mezbonligida o'tgan finalda “aristokratlar” Emeri shogirdlariga futbol “darsi” o'tib berishdi. Joriy mavsumdagi salbiy natijalar tufayli, Unai Emeri istefoga chiqarildi. Klub hozirda 16 ta o'yinda, 22 ochko jamg'argan holda, turnir jadvalining, to'qqizinchi pog'onasidan joy olgan. “Kanonirlar”ni hozirda klubning o'tmishdagi sobiq yulduzi Fredrik Yunberg vaqtincha boshqarmoqda.


Klub afsonalari


Barchasi “Arsenal” haqida:


Klub tarixidagi eng ko'p to'p kiritgan futbolchi:

Teri Anri. 228 ta gol.


Klub tarixidagi eng ko'p o'yin o'tkazgan futbolchi:

Devid O`liri. 722 ta o'yin. (1975-1993 yillardagi mavsumda).


Klub tarixidagi bir mavsumda eng ko'p to'p kiritgan futbolchi:

Ted Dreyk. 42 ta gol. (1935 yildagi mavsumda).


Klubning eng yirik g'alabasi:

12:0. 1893 yil “Ashford Yunayted” klubi ustidan.


Klubning rasmiy homiysi:

Fly Emirates. 2006 yildan.


Klub o'yingohi:

“Emireyts” 60 704 ming sig'imga ega (2006 yildan).


Sobiq “to'pchi”- Mixi

Agarda “Arsenal”  jamoasining o'tmishi haqidagi xotiralaringizni  yod olsangiz, tarixdagi eng esda qolar yutuqlar, qiyinchilik bilan erishilgan muvaffaqiyatlar va unutilmas voqeliklar ko'z oldingizga keladi. Mo'jazgina “Xayberi” o'yingohida bo'lib o'tadigan bahslar va g'alabalar bizni bolalik davrlarimizga qaytaradi. Teri Anrining hujumdagi o'yinlari, Bergkampning paslari, Piresning driblinglari, Yunbergning uzoqdan yo'llagan zarbalari, Anelkaning boshi bilan urgan gollari, Devid Simenning “seyv”lari va Toni Adamsning ijrolari muxlislar yuragidan joy olgan va o'zgacha his tuyg'ular bilan eslanadi. Tumanli Albionda o'z o'yinlari bilan suyuklilarini maftun etgan ”Kanonirlar”ning tarixiga qilgan kichik sayohatimiz o'z nihoyasiga etdi. 

Siz aziz muxlislar o'z xotiralaringiz bilan o'rtoqlashgan holda, “Arsenal”ga qanday tarif bergan bo'lardingiz?


P.S: Maqoladagi statistik malumotlar horijiy saytlardan olingan faktlar asosida tayyorlangan. Sahifadagi matnlar esa muallifning shahsiy imhosi.


Farrux Doniyorov

Reyting: +15   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика