Bikmaev urmagan penalti, Omar Momani karikaturasi va Joze Mourinyu bilan uchrashuv - Eldor SHomurodov katta intervyu berdi
19 mar 2019 15:58
Yangiliklar
Bikmaev urmagan penalti, Omar Momani karikaturasi va Joze Mourinyu bilan uchrashuv - Eldor SHomurodov katta intervyu berdi
- Osiyo Kubogi 1/8 finali - O'zbekiston terma jamoasi uchun muvaffaqiyatmi?
- Albatta, biroq milliy jamoamiz 1/8 finaldan o'tishi kerak edi. Buning uchun bizda imkoniyat bo'ldi. Hozir terma jamoamiz kuchli, ammo omad etishmadi. Guruhdagi o'yinlarda ishonchli harakat qilib, bosqichni muvaffaqiyatli yakunladik, Avstraliyaga qarshi yomon o'ynamadik deb o'ylayman. Penaltilar seriyasi - bu lotereya.
Avstraliya juda kuchli jamoa. Ammo mag'lubiyatga uchramaydiganlar bo'lmaydi. O'zbekiston terma jamoasi hech qachon avstraliyaliklarni mag'lub etmagan, ammo qachondir bu seriya yakunlanadi.
- Osiyo Kubogining 4ta o'yinida 4ta gol urdingiz.
- Ha, bu yaxshi, ammo birinchi navbatda jamoaning natijasi muhim. Agar gol urmaganimda va jamoa 1/4 finalga chiqqanida yanada xursand bo'lardim.
- Yaponlar darvozasiga urgan golingiz chiroyli chiqdi. Bu qanday sodir bo'ldi?
- O'yin vaqtida o'zgacha biror narsa qilaman deb o'ylamagandim. To'pni qabul qildim va vaziyatni baholadim: Oldinda ikki himoyachi, yonimda hech kim yo'q. Aks xolda pas bergan bo'lardim, ammo hujumni o'zim yakunlashga qaror qildim.
To'p o'ng oyog'im ostida edi. Himoyachi zarbamni to'sishini tushunib, uni chapga oldim. Ammo o'sha vaziyatda posbon biroz darvozasini tark etganini ko'rdim va o'ng oyog'imning tashqi qismi bilan zarba berishga qaror qildim. CHapda zarba berish noqulay bo'lardi.
- Avstraliyaga qarshi bahsning qo'shimcha vaqtida o'rningizga penaltidan gol ura olmagan Marat Bikmaev tushdi. Rossiyada Fyodor Smolov bilan shunday voqea bo'lgan va u tanqidlar ostida qolib ketgan.
- Masuliyatli vaziyatda gol urmasang, odamlar yomon gaplar aytishadi, negativ reakciya bo'ladi. Bu tabiiy. Ammo Marat aybdor emas, u o'yindan so'ng o'zini yomon his qildi. Biz uni jamoa bilan qo'llab-quvvatladik va hozir ham qo'llaymiz. Qo'rqinchli hech narsa sodir bo'lmadi.
- Avstraliya va Yaponiya - doimo Osiyo Kubogining asosiy etakchilari. Nega Qatar chempion bo'ldi?
- Men uchun ularning chempionligi kutilmagan xol bo'ldi. JCH-2018 saralashida va Osiyo Kubogidan oldin Qatar bilan o'ynaganmiz va har safar g'alaba qozonganmiz.
O'shanda Qatarning o'yini yaxshi edi, ammo nimadir etishmasdi. Hozir bu jamoani "Barselona"da ishlagan ispaniyalik mutaxassis boshqarmoqda. SHu bilan birga Osiyo Kubogida ularga omad kulib boqdi.
- Osiyo Kubogidan oldin Ektor Kuper O'zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyiga aylandi. U qanday o'zgarishlarni amalga oshirdi?
- Deyarli hamma narsani o'zgartirdi, ammo asosiysi - biz bilan ko'p muloqotda bo'ldi. Kuper - motivator. Bor kuch bilan o'ynashimizni talab qildi va bizga quyidagi gaplarni aytib, motivaciya berdi: "Sizlar Osiyo Kubogi g'olibi bo'la olasiz!" Maqsadimiz shunday edi.
Ektor Kuperning yordamchilari ko'p, ammo barcha mashg'ulotlarni uning o'zi o'tkazadi. U himoyachi bo'lgan, shu sababli Osiyo Kubogi oldidan ko'proq himoya ustida ishladik. Ammo O'zbekiston terma jamoasi doimo himoyada o'ynadi deya olmayman. Biz to'pni nazorat qildik, raqibga pressing uyushtirdik, qanot himoyachilarimiz hujumga qo'shilishdi. Kuper bizga turnirga himoyada o'tirish uchun kelmaganimizni aytgan.
- Osiyo Kubogi guruh bosqichidan so'ng Omar Momani siz va O'zbekiston terma jamoasi posboni Ignatiy Nesterovning karikaturasini chizdi.
- Menimcha, o'xshagan. Aytgancha, Nesterovni "Osiyoning Buffoni" deyishadi. U qitaning eng yaxshi darvozabonlaridan biri.
- Demak, O'zbekiston terma jamoasida Buffon va Messi bor, shundaymi?
- Axaxa, bilmadim... "Rostov"ga o'tganimdan so'ng ilk marta meni bunday atashdi. Fikrimcha, men Messiga o'xshamayman. Bolaligimda kaminaga Fernando Torres va Dide Drogba yoqardi.
- Joze Mourinyuchi? Qaerda u bilan suratga tushdingiz?
- Osiyo Kubogi tugashi bilan "Rostov" safiga qaytib, turnirda "Lokomotiv"ga qarshi 69 daqiqa o'ynadim va murabbiylar shtabi menga kichik tanaffus berdi. Tasodifan Moskvada Mourinyu bilan uchrashib qoldim. Buni qarangki, Joze mening agentim German (Tkachenko)ni tanir ekan. Agentim bilan uchrashgani restoranga borgandim, u erda esa Mourinyu o'tiribdi! Bu uchrashuv murabbiy Balashixdagi muzda yiqilishidan oldin bo'lgan.
Uni jahonning eng yaxshi murabbiylaridan biri deb hisoblayman. Aynan shu sababli "Yunayted"ga emas, "CHelsi"ga muxlislik qilsam kerak, xa-xa.
- Fevral oxirida "Krasnodar"ni Rossiya Kubogidan chiqarib yubordingiz. "Rostov" ushbu turnirda qanchalik uzoqqa borishi mumkin?
- O'yin qiyin bo'ldi, chunki bu tanaffusdan keyingi ilk uchrashuv edi. Ammo muxlislarimiz ko'z o'ngida kuchli raqibni mag'lub eta oldik. Oldinda "Lokomotiv" bilan bahs bor. Maqsadimiz har bir raqibni mag'lub etish.
- Kubokda bitta o'yin bo'lishi kerakmi yoki ikkita - qay biri sizga ko'proq yoqadi?
- Ikkita uchrashuv tarafdoriman. Birinchi o'yinda o'yinimiz o'xshamasa, xatolarni to'g'irlash, keyingi bosqichga chiqish uchun yana bir imkoniyatingiz bo'ladi.
O'tgan yili "Amkar"ga mag'lub bo'lib, turnirni tark etganmiz, bu faoliyatimdagi eng uzoq penaltilar seriyasi bo'lgan. Hayotimda ilk bor ikki marta penalti tepdim. Penaltilarning ikkinchi davrasiga tayyor emasdim. SHu sababli gol ura olmadim... Ha, yana sovuq ham bo'lgan. O'zbekistonda chempionat o'yinlari ko'proq issiq paytlarda o'tkaziladi.
- Ko'pchilikning aytishicha, "Rostov" - avtobus emish. SHu sababli jamoa etakchilardan ochko olib, autsayderlar bilan qiynalayotgan ekan.
- Himoyaga etibor qaratish - normal holat. Ammo O'zbekiston terma jamoasi kabi hujum qilamiz, pressing uyushtiramiz. "Avtobus" so'zidan xafa bo'lmayman. O'yin uslubimiz foyda beryapti - asosiysi shu. Gap-so'zlar uchun 3 ochko berishmaydi.
- Murabbiy Karpinni tasvirlab bering. U qanday mutaxassis?
- Valeriy Georgievichni tug'ilgan kuni bilan tabriklaganimizda, uni quvnoq inson deb aytganman. Karpin - taktik va jismoniy tayyorgarlik bo'yicha eng yaxshi murabbiylardan biri. Nazariy mashg'ulotlarda u bizga top-klublar qanday o'ynashini - himoyadan qanday chiqishi va hujumga o'tishini ko'rsatib beradi.
Osiyo Kubogidan keyin jamoadagi hamma meni gollar bilan tabrikladi. Valeriy Georgievichning aytishicha, unga o'yinim yoqqan ekan.
- "Rostov" qishda Guliev va Yusupovni Popov va Eremenkoga almashtirdi.
- Futbolchilar ketishiga ko'nikish kerak. Ammo maydon markazida yo'qotish bo'lmadi, Eremenkoga qarab, uni ikki yil futbol o'ynamagan futbolchi deyish qiyin.
Popov yig'inlarda darvozabonlar va meni yotib turishga majbur qildi. Oqlar va ko'klar o'rtasidagi o'yinda mag'lub jamoa doimo jazolanadi. 50 marta yotib turdim! Baxtimga, buni sal keyinroq bajarish mumkin.
- OAVda siz qishki transfer oynasida "Rostov"dan ketishingiz mumkinligi haqida mish-mishlar paydo bo'ldi. Takliflar bo'lganmidi?
- Bu haqida faqat internetda o'qidim, agentim hech narsa degani yo'q, rahbariyat ham. "Rostov" bilan 2,5 yillik shartnomam bor. Raqobatdan qo'rqmayman, shu erda qolib, o'ynashga munosibligimni isbotlamoqchiman.
"Rostov"ga o'tishimdan oldin Qatar klubining qiziqishi haqida eshitgandim, ammo Rossiyani tanladim. Ko'pchilik pul tufayli Osiyo jamoalarini tanlashadi, ammo Evropada o'sishni istadim. Biroq Odil Ahmedovning aytishicha, hozir Xitoyda futbol yaxshi rivojlanayotgan ekan. U o'ynaydigan "SHanxay SIPG" dunyodagi eng yaxshi akademiyalardan birini quribdi.
- Mavsum boshida maydon markazida va o'ng qanot himoyasida o'ynadingiz. Bu poziciyalarda harakat qilish qiyin bo'lmadimi?
- Bungacha chap qanot hujumchisi sifatida to'p tepganman, biroq 4-2-3-1 sxemasida. "Rostov"da 5 nafar himoyachi bilan o'ynaymiz, shu sababli qanot futbolchisining vazifalari biroz farq qiladi. Asosiysi - biroz ko'proq yugurish kerak. Ammo bu men uchun muammo emas.
- Qaerda tug'ilganingiz haqida malumot yo'q.
- Termizda tug'ilganman, bu Surxondaryo viloyatida joylashgan O'zbekistonning eng janubiy shahri. O'sha erda futbol bilan shug'ullanishni boshlaganman, chunki oilamizning deyarli barcha vakillari futbolchilar. Otam Azamat quyi ligada o'ynagan, amakim Ilhom - terma jamoada o'ynagan, "Nasaf" bilan OFK Kubogini qo'lga kiritgan va "Bunyodkor"da O'zbekiston Kubogi sohibi bo'lgan. Vatanimda ularni yaxshi tanishadi.
Olti yoshimda mashg'ulotlarga borishni istaganman, ammo meni faqat birinchi sinfda qabul qilishgan. Avvaliga shunchaki Termizdagi maktabda to'p tepganman, 11 yoshimda otamning do'sti - "Mashal" akademiyasi selekcioneri meni ko'rib qolgan. U tufayli otam men va akamni ko'rikka olib borgan. Birinchi o'yindayoq meni olib qolishdi.
- Akangizchi?
- Sanjar 1991 yilda tug'ilgan. Uyga qaytib, Termizdagi mahalliy jamoada o'ynadi. Faoliyatini yakunlagan. Hozir rus tili va adabiyotini o'rganyapti.
"Mashal" akademiyasida qiyin bo'lgan. Uyimni juda sog'inganman. Bazida uyga qaytib ketishni istardim, ammo maqsadim futbolchi bo'lish edi. O'sha paytda "Mashal" akademiyasi O'zbekistondagi eng yaxshilardan biri edi, uning ko'plab tarbiyalanuvchilari terma jamoada o'ynashgan. Biz shunchaki maktabga bormas edik, u erda rus va ingliz tili bo'yicha qo'shimcha darslarda qatnashardik. Yana futbol mashg'ulotlari.
- Natijada orzuingiz amalga oshdi.
- "Mashal"ning asosiy jamoasida bor-yo'g'i 10ta o'yin o'tkazganman, asosan zaxiradan maydonga tushardim. Ammo "Bunyodkor"ning o'sha paytdagi ustozi Sergey Lushan meni O'zbekiston o'smirlar terma jamoasi orqali yaxshi tanir edi. U tufayli eng kuchli o'zbek klubiga o'tdim.
- Ismoilov "Match"ga bergan intervyusida, O'zbekistondagi bazi maydonlarda futbol o'ynab bo'lmasligini aytgan. Hozir ham shundaymi?
- SHaroitlar haqida malumotga ega emasman, oliy ligada bunday emas. Avvallari futbol o'ynab bo'lmaydigan maydonlar bo'lgan. Ammo hozir bunga Rossiyadagi kabi jiddiy qarashmoqda: Tekshiruvchilar kelib, chim holatiga baho berishadi. Agar maydon yaxshi bo'lmasa, ular Superligada ishtirok etishmaydi.
- 2008-10 yillarda "Bunyodkor"da Rivaldo o'ynardi. Uni eslaysizmi?
- Jamoa "Mashal" bilan o'ynaganida uni qo'lidan ushlab maydonga olib chiqqanman. O'sha paytda O'zbekiston terma jamoasida o'ynagan Ignatiy Nesterov, Aleksandr Geynrix va Anzur Ismoilov men uchun yulduz edi. Rivaldoni ko'rib shokka tushganman. Kechagina ularga to'p olib berardim, bugun esa terma jamoada o'ynayapman.
Fikrlar