So’nggi yangiliklar

02:57Ла Лига. "Барселона" "Сельта"га қарши ўйинда сўнгги дақиқаларда иккита гол ўтказиб, ғалабани қўлдан чиқарди  92 02:06"Челси" 100 миллионлик форвардни харид қилмоқчи?!  2 00:29А Серия. "Милан" ва "Ювентус" ўртасидаги ўйин нурсиз дуранг билан якунланди  9 00:26АПЛ. "Манчестер Сити" ўз уйида "Тоттенхэм"га йирик ҳисобда таслим бўлди  26 23:11Битта гол урилган Тошкентдаги "Олимпик" — "Бунёдкор" ўйинидан ФОТОГАЛЕРЕЯ  0 23:00Франция чемпионати. "Ланс" Ҳусановсиз ўз уйида "Марсель"дан учта тўп ўтказиб, мағлуб бўлди  7 22:49Моуринью "Реал" собиқ ўйинчисини нишонга олди  2 22:11АПЛ. "Арсенал"дан йирик ғалаба, лондонликларнинг сўнгги голини ўтган йили Ўзбекистонга қарши баҳсда ҳаракат қилган 17 ёшли ўйинчи урди  9 22:06Бундеслига. "Байер" 0:2ни 5:2 қилди, "Боруссия Дортмунд"дан жавобсиз 4та тўп, "Хоффенхайм" — "Лейпциг" ўйинида 7та гол  0 22:00Суперлига. Экстра-тайм: жорий мавсум узоқ давом этган ўйинлар  0 20:57А Серия. "Интер" "Верона"га қарши ўйин тақдирини биринчи бўлимнинг ўзида ҳал қилди  0 20:40Вадим Абрамов: "Барча голларни қарши ҳужумлар туфайли ўтказиб юбордик, ўйин учун режамиз умуман бошқача эди"  3 20:27Александр Хомяков: "Раҳбарият янги мутахассис излаётган экан, демак улар мендан мамнун эмас"  8 19:44"Арсенал" - "Ноттингем Форест". Таркиблар билан танишинг  0 19:35"Челси" ғалаба қозонди ва жадвалда 3-ўринга чиқиб олди  2

Baxtiyor Boboev bilan Kecha, bugun, ertaga. II qism. Yangiliklar

Baxtiyor Boboev bilan Kecha, bugun, ertaga. II qism.

1989 yili tuman rahbari almashdi. Jamoamizga esa yangi murabbiyni taklif etishdi.

U, o'z navbatida, 7 nafar ukrainalik futbolchi bilan tashrif buyurdi. Bu murabbiyni birov jiddiy qabul qilmadi. U bilan kelgan ukrainalik futbolchilarning tajribasi evaziga jamoa g'alaba qozondi.

KOSONSOYDAN NAVBAHORGACHA...

Men esa bu paytda Popda jamoa tuzdim. Bir yil ichida ikkinchi liga ostonasiga olib keldim. 2-ligaga chiqqanimizdan keyin o'z maydonimizda Andijon jamoasi bilan o'rtoqlik uchrashuvini tashkil qildik. O'yinda 1:3 hisobida mag'lubiyatga uchradik. O'yindan keyin menga etirozlar bo'la boshladi: yutqazishni o'zimiz ham eplaymiz deyishdi. Vaholanki, Popda shu paytgacha jamoa bo'lmagan. Ketganimdan keyin ko'p o'tmay jamoa ham inqirozga yuz tutdi. Balki o'sha paytlar ishimga aralashmaganlarida Pop hozir o'z jamoasiga ega bo'larmidi?

Kunlarning birida Hakimjon aka Xoshimov bilan uchrashib qoldim. U kishini nafaqat Namangan ahli, balki butun O'zbekiston futboliga aloqador insonlar yaxshi bilishadi, hurmat bilan yodga olishadi. O'sha kezlarda Navbahorga Birodar aka Abduraimov ustozlik qilayotgan, menga esa Navbahor-2 jamoasini tuzish vazifasi yuklatildi. Bu erda ham o'z odatimga ko'ra, mahalliy yoshlarga etibor qarata boshladim. U paytda jamoada ikki nafar yosh futbolchi o'ynashi shart edi. Tohir Madrahimov va Zafar Musaboev kabi yoshlarni jalb etdim. Keyin Ilhom Abduqodirov keldi. Bu orada Navbahor asosiy tarkibining ishlari yurishmay qoldi. Hakimjon aka meni chaqirib yordamchi murabbiy bo'lishimni aytdilar. Asosiy tarkibda esa bor yo'g'i 11 nafar futbolchi qolgan edi: kimdir jarohat olgan, kimdir jamoani tark etgan. Klub 11-o'ringa tushib ketgan. Tarkibni to'ldirish uchun Sakaev, Skripnik, Madrahimov, Musaboev, Rahimovni chorladim. Mavsumni medallar bilan tugata olmagan bo'lsak-da, mamlakat kubogini qo'lga kiritdik. 1993 yili mutasaddilar jamoani menga topshirishlarini aytishdi. Ishlar chakki emas edi. Birinchi davraning so'nggi turida Kosonsoyda 1:1 hisobida durang o'ynadik. Kosonsoylik bo'lganim uchun mendan shubha qilishdi. Tabiiyki, Navbahor muxlislarini durang qanoatlantirmadi. Menga muxlislar oldida mazkur natija uchun hisobot berishim kerakligini aytishdi. Bunday vaziyatda men ketishni maqul ko'rdim.

Yana Kosonsoyga qaytdim. 1995 yilgi mavsumda jamoamiz oliy ligaga chiqishga tayyor edi. SHu payt Hakimjon aka qo'ng'iroq qilib yana bir bor Navbahorga qaytishim kerakligini xabar qildi. Men esa rahbariyatga vada berib qo'yganman, qolaversa, Kosonsoy hokimi bizga katta ishonch bildirayotgan edi. Hakimjon aka hokimga qo'ng'iroq qilib meni Navbahorga qo'yib yuborishlarini so'radi. Qizig'i, Navbahor o'shanda mening Namanganga o'tishim uchun Kosonsoyga pul to'lagan (Kim biladi deysiz, bu balki o'zbek futbolidagi trenerlar borasida ilk transfer bulgandir – N.YU.). Ikkinchi davrada Navbahorni Viktor Romanovich Jalilov bilan men boshqardik.

NAVBAHORNING DAVRI...

Hakimjon aka faqat yuqori maqsadlarni ko'zlaydigan inson edi. Birinchi davradagi muvaffaqiyatsizlikka qaramay oldimizga chempionlik vazifasi qo'yildi. Tarkib ham kuchaytirildi. Moskvadan Batinkov, o'zimizdan Oleg SHackix, Vali Keldiev, Aleksey Vinnikov Navbahor safiga kelib qo'shildi. Ketma-ket qatorasiga 11ta o'yinda zafar quchdik. Farg'onada bizni chempionlik o'yini kutib turar edi. Ammo o'z aybimiz bilan mag'lubiyatga uchradik. Anchagacha maydonda teng kurash kechgan o'yinda g'ayritabiiy tarzda gol o'tkazib yuborgan edik. Neftchi darvozasi tomon jarima zarbasi belgilandi. To'p tepgani Farhod Magometov bordi. U paytda bir chiziqli himoya bo'lmagan, old va orqa himoyachi bilan o'ynar edik. Himoyachimiz Sergey Arslonov kichik jarohat olganligi bois shifokordan yordam olayotgandi. Jarima zarbasi tepildi, to'p jonli devorga tegib bizning jarima maydonchamiz tomon uchdi. Bu paytda Arslonov maydon chetida, o'rtani ushlashi kerak bo'lgan Magometov mudofaaga qaytib ulgurmagan. Qanotdagi himoyachilar ham yo'q. To'pga yarim himoyachimiz Vali Keldiev va unga qarama-qarshi tomondan darvozabonimiz Gulenkov yaqinlasha boshladi. Ikkisi bir-biriga ishonib to'pni nazoratsiz qoldirishdi, natijada Valining orqasidan yugurib kelayotgan Sergey Lebedev bo'sh darvozamizni ishg'ol qildi. Keyin ikkinchi golni o'tkazib yubordik. O'yin esa 2:1 hisobida tugadi. Mavsumni uchinchi o'rinda yakunladik. Kubok finalida o'sha yili MHSKni mag'lubiyatga uchratdik.

1996 yili oldimizga faqat va faqat chempionlik vazifasi qo'yildi. Buning uchun tarkibimizni kuchaytirishimiz kerak bo'lardi. Lekin Neftchining imkoniyatlari yuqoriligicha qolayotgandi. CHempion bo'lish uchun Navbahorni kuchaytirishdan tashqari Neftchini kuchsizlantirishimiz ham kerak edi. SHunda men Hakimjon aka Xoshimovga farg'onaliklar safidan Fyodorov, Lebedev va Mamotov kabi futbolchilarni o'z safimizga taklif etishimiz kerakligini aytdim. Hakimjon akaning fikru-hayoli chempionlikda edi. SHuning uchun bu borada moliyaviy imkoniyatlar yaratilishini bildirdi. Farg'onaga borib Lebedev bilan gaplashdim. Sergey o'z shartlarini aytdi va biz bir bitimga keldik. Lebedev Navbahorga o'tadigan bo'ldi. U orqali Mamotovni topdim. Qozog'istonlik futbolchi bilan aeroportda uchrashdim. U bilan kelishib oldik. Fyodorov esa Rossiyaga ketayotganligini aytib qolishdi. Bu ham bizning foydamizga xizmat qilardi. Ikki futbolchining shartnomasi borasida hamma xabardor bo'lgan. Hattoki biz ular uchun transfer pulini ham to'lagan edik. Ammo chempionat boshlanishiga yaqin ayrim sabablarga ko'ra Lebedevni Neftchiga qaytarishga majbur bo'ldik. Mamotov esa bizga juda katta yordam berdi. Aynan uning yagona goli evaziga Neftchini 1:0 hisobda mag'lubiyatga uchratdik. Yakunda chempionlikni qo'lga kiritdik.

1997 yili tarkibimizni saqlab qolgan bo'lsakda, uchinchi o'rin bilan cheklandik. Nazarimda buning asosiy sababi futbolchilarning aksariyatining qorni to'yib qolgani bo'lgandi. Bundan tashqari, SHackixni jarohatlar epidemiyasi taqib qilardi. Vinnikov intizomni buzadigan bo'lib qoldi. Aslida, o'sha mavsumda jamoada biroz qon almashtirish kerak edi. Ammo klub rahbarlari yana bir bor chempionlikka erishaylik, keyin deyishdi...

XAYR, NAVBAHOR. SALOM, MASH'AL!

Hakimjon aka Navbahordan ketgach men ham klubni tark etdim. Dam olib, nafas rostladim. SHunday kunlarning birida avvaldan yaxshi tanish bo'lgan Bahrom Davlatov Mashalni kuchaytirish niyatida ekanligini aytib, buning uchun yaxshi murabbiy topib berishimni iltimos qildi. Men esa hazillashib unga o'zimni taklif qildim. U ham bo'sh kelmay, sen anchadan beri ishlamayapsan-ku, deb kulib qo'ydi. Hazil-hazil bilan Muborakka keldim.

2002 yilda Hakimjon aka Xoshimov yana Navbahor rahbariga aylandi va jamoaga qaytishim kerakligini aytdi. Bu paytda Mashalni ham oliy ligaga olib chiqqan edik. Navbahorda Farhod Magometov bosh murabbiy sifatida faoliyat olib borayotgan edi. Hakimjon aka bizga 2003 yil Navbahorni chempion qilish vazifasini yukladi. So'g'diyonadan Jasur Hasanov, Traktordan Ilhom Mo'minjonov keldi. SHuningdek, Dilyaver Vaniev va Renat Bayramov ham tarkibimizni kuchaytirdi. Qolaversa, Alaniyadan Davron Fayzievni olib kelgan edik.

SHu erda bitta xatoga yo'l qo'yganimni tan olishim kerak. Farhod yosh bo'lgani uchun Hakimjon akaga bitta tajribali yordamchi murabbiy kerakligini aytdim. Maqsadim o'z ishining ustasi Vitaliy Ivanovni jamoaga olib kelish edi. Og'zimdan gap chiqib ulgurmay Hakimjon aka Moskvaga, tajribali Igor Volchekka qo'ng'iroq qildi. Igor Semenovich bir paytlar namanganliklarga sobiq ittifoq birinchi ligasida ustozlik qilgan edi. Volchekka katta murabbiy bo'lib ishlashini aytdik, u rozi bo'ldi. Yangi yil oldi mashg'ulotlari o'tgach, Hakimjon akaning oldiga kirib, yo men bosh murabbiy bo'lay, yo ketay debdi. Farhod oldida hijolatda qoldim. Lekin Magometov mardlik qilib, Volchek bo'lsa, Volchekda. Undan o'rganadiganlarim ko'p, - deya rozi bo'ldi. Afsuski, bosh murabbiyni tanlashda xatoga yo'l qo'ygandik. Jamoaning o'yini o'xshamadi, vaholanki, tarkib yomon emasdi. Autsayderlar bilan durang o'ynay boshladik. Hujumkor futbolga ko'nikkan namanganliklar uning 5ta himoyachidan iborat taktikasini qabul qilishmadi. Aslida, uchta himoyachi bilan ham o'ynasak bo'lardi. Bu fikrlarni Volchekka aytdim. Inqirozga yuz tutsak, siz chamadoningizni olib ketasiz, men esa bu shaharda yashashim kerak, - dedim. Bu gap unga og'ir botib ustimdan arz qildi. Rahbariyat menga bir oy tatilga chiqishim kerakligini aytdi. Men esa ariza yozib bo'shab qo'ya qoldim. Ammo natija yaxshilanmadi. Oxir-oqibat Volchek ketdi, o'rniga Jalilov keldi. Butenkoni inobatga olmaganda tarkibda aytarli o'zgarish bo'lmadi va shu holida jamoa oliy ligada uchinchi o'rinni oldi. Meni yana chaqirishdi. Ammo men tayyoriga kelishni istamadim. Qolaversa, meni murabbiy taklif qilmagan edi.

Bu paytda Mashalga yaxshi homiylar keldi. Navbahorda esa inqiroz boshlandi. Xayrulla Karimov, Pavel Butenko, Dilyaver Vaniev, Jasur Hasanov va SHuhrat Mirxoldirshoev yoppasiga Mashalga o'tishdi. Ko'pchilik bu o'tishda Jalilovni ayblab keladi. Aslida, futbolchilar Mashal bilan Jalilovdan oldinroq shartnoma imzolagan edilar. Keyin murabbiy masalasi ko'tarilganida Jalilov nomzodiga to'xtaldik. Mavsum yomon o'tmadi. CHempionatda ikkinchi o'rinni egallab, OCHL yo'llmanmasini qo'lga kiritdik. CHempionlar ligasiga chiqqanimiz uchun stadionni talab darajasida tamirlashimiz kerak edi. SHu bahona Davlatov bilan akademiya infratuzilmasini takomillashtirish borasida reja tuzdik. OCHL orqali stadion hududida akademiya barpo etdik. Loyihani Nuriddin aka Zayniev har tomonlama qo'llab-quvvatladilar.

NAVBAT BUNYODKORGA

2007 yilning boshida Amet Memet qo'ng'iroq qilib Quruvchiga ishga taklif qildi, jamoa o'z oldiga yuksak maqsadlarni qo'yayotganligini aytdi. Memet tarkib borasida o'z rejalari bilan o'rtoqlashib, qanot yarim himoyachilariga ehtiyoj borligini bildirdi. Men Rashid G'ofurovni tavsiya qildim. Unga qo'ng'iroq qilishgani, ammo rozi bo'lmayotganini aytdi. Rashidni yoshligidan bilganim uchun unga Quruvchi bilan shartnoma tuzishi yaxshi bo'lishini tushuntirdim. Keyin Jasur Hasanovni tavsiya qildim. Boisi, bu paytda Kumikov bilan o'rtasidagi munosabat yaxshi emas edi. Rashid bilan Jasur bir kunda Quruvchiga borishdi. Balki Hasanov bormaganida G'ofurov ham ko'nmasdi. CHunki Rashid juda ham tortinchoq yigit edi. O'zim esa Mashal akademiyasini tashlab ketishga ko'zim qiymasdi. Quruvchi o'z maydonida Traktorga yutqazib qo'yganidan keyin Memet yana bir bor menga qo'ng'iroq qilib kelmasam bo'lmasligini takidladi, rahbariyat bilan uchrashuv belgilab qo'yganini aytdi. Bu erda Bahrom Davlatov meni qo'yib yuborgisi yo'q... Xullas, Toshkentga keldim, Bahrom Boyjonovich ikki oycha mendan xafa bo'lib yurdi. Keyin vaziyatni to'g'ri tushundi va munosabatlarimiz iziga tushdi. Taqdirni qarang, bir necha yil o'tib u bilan yana birga ishladik, bu safar endi Bunyodkorda.

Men chindan baxtiyor insonman. CHunki futbolni yaxshi ko'raman. Umrim futbol ichida o'tyapti. Qaerda ishlamayin, yaxshi odamlarga uchradim, yuksak natijalar sari intilib, ko'pincha ularga erishdim.


Davomi ertaga...

Reyting:    

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика