Azamat Allaniyazov: “Kelishilgan o'yinlar bor ekan, futbolimiz rivojlanmaydi”
26 avg 2015 00:15
Yangiliklar
Azamat Allaniyazov: “Kelishilgan o'yinlar bor ekan, futbolimiz rivojlanmaydi”
O'tgan turda "Buxoro"ni enga olmay, yaxshigina shov-shuvga sababchi bo'lgan jamoadan muxlislar o'sha ikki ochko yo'qotilgan o'yin tasodifiy bo'lganligi va "Nasaf" yana g'alaba qozonishni boshlashini kutishadi. Biz jamoaning yosh, istedodli futbolchilaridan biri Azamat Allaniyozovdan intervyu oldik.
- Azamat, futbolni tanlashingizga kim yoki qaysi omil sabab bo'lgan?
- Futbolni tanlashimga dadam sababchi bo'lganlar. O'zlari qo'limdan etaklab, Nukusdagi futbol maktabiga etaklab olib borganlar. 2001 yili futbol internatida tahsil olishni boshlaganman. Ilk murabbiyim Yo'ldosh Qo'shchonov millionlar o'yinining ilk sir-asrorlarini o'rganishimda katta yordam berdilar. Ulardan bir umrga minnatdorman.
- Futbolga kirib kelgan ilk davringizda kimga havas qilgansiz?
- Dadam bilan birga ukrainalik mashhur hujumchi Andrey SHevchenkoning o'yinlarini miriqib tomosha qilardik. “Milan” ishtirokidagi uchrashuvlarni umuman qoldirmasdik. Tabiiyki, SHevaga o'xshashni xohlaganman. Menimcha, tengqurlarim orasidan ko'pchilik aynan SHevchenkoning o'yinlariga havas qilgan.
- Nukusdagi maktab internatida siz bilan birga tahsil olgan futbolchilardan hozir kimlar katta futbolda faoliyatlarini davom ettirishyapti?
- Men bilan birga o'qiganlardan Oybek Nurboev, Salamat Qutiboev, Azamat Bobojonov, Navro'z Alimov kabi do'stlarimiz oliy liganing turli klublarida to'p tepishyapti.
- SHuncha istedodlar borku, lekin Qoraqalpog'istonning oliy ligada jamoasi yo'q. Buni qanday izohlaysiz?
- Albatta, siz aytgandek istedodlar etarli. Qoraqalpog'istonda futbolni juda ham yaxshi ko'rishadi. Lekin moliyaviy muammolar sabab hozircha oliy ligada jamoamiz yo'q. Ammo men ishonamanki, yaqin yillarda “Orol” jamoasining avvalgi shoni tiklanadi. Qoraqalpoq zaminiga katta futblol yana qaytadi. Vaqti kelib biz ham o'zimiz tug'ilib o'sgan shahar jamoasi sharafini himoya qilamiz.
- Ilk professional shartnomangiz qachon va qaysi klub bilan imzolangan?
- 2007 yili “Orol” jamoasi bilan birinchi professional shartnomaga imzo chekkanman. 2010 yilda esa “Nasaf” klubi bilan shartnoma imzoladim. Avvaliga o'rinbosarlar tarkibida o'ynadim. Sekin-asta murabbiylar asosiy tarkibga qo'ya boshlashdi.
- Mana besh yildan beri “Nasaf” jamoasidasiz. O'sha Qarshi klubiga kelgan ilk davrlaringizni eslab ko'ringchi. O'tgan davr bilan taqqoslaganda qanday o'zgarishlar ro'y berdi?
- Bir yarim yil mobaynida “Nasaf” jamoasining o'rinbosarlari tarkibida to'p tepdim. Keyin ukrainalik mashhur murabbiy Anatoliy Demyanenkoning taklifi bilan asosiy tarkib mashg'ulotlariga jalb etildim. Ikkinchi davraga tayyorgarlik Yalta shahrida bo'lib o'tgandi. Asosiy jamoa bilan birga ikkinchi davraga tayyorgarlik ko'rdim. 2012 yili hujum chizig'idagi kuchli raqobat sabab “Nasaf-2” jamoasida o'ynadim. Mana 2013 yildan to shu kungacha “Nasaf”ning asosiy tarkibida o'ynab kelyapman. Afsuski, jarohat sabab bir yil katta futboldan chetda qolib ketdim. Hozirda o'zimning avvalgi sport formamni tiklab olayapman.
- Anatoliy Demyanenko haqida qanday fikrdasiz?
- Bu mutaxassisga ortiqcha tarif berish shart bo'lmasa kerak. Bu murabbiy bilan birga 2011 yili OFK Kubogida bosh mukofotni qo'lga kiritdik. U kuchli strateg bo'lish bilan birga ajoyib inson hamdir. Aynan Demyanenkoning taklifi bilan asosiy tarkib mashg'ulotlariga taklif etilgandim.
- “Nasaf” tarkibida kiritgan ilk golingiz yodingizdami?
- O'zbekiston Kubogi doirasida Samarqandning “Registon” jamoasiga qarshi kechgan uchrashuvda ilk golimni kiritgandim. CHempionatdagi birinchi golimni esa adashmasam, “Metallurg” klubi bilan bo'lib o'tgan o'yinda nishonlaganman.
- O'sha gollarni kimga bag'ishlagansiz? O'zi umuman kiritgan gollaringizni alohida nishonlaysizmi?
- Ochig'ini aytsam, kiritgan gollarimni alohida kimgadir bag'ishlamayman. Keyin ortiqcha nishonlamayman ham. CHunki hujumchining vazifasi gol kiritish xisoblanadi. SHunchaki, o'z gollarim bilan jamoam muvaffaqiyatiga xissam qo'shsam, bunday o'zimni baxtiyor xis qilaman.
- Hozir ham “Nasaf”da raqobat kuchli. Buni xis qilyapsizmi?
- Albatta, raqobat juda ham kuchli. Aslida shunday bo'lishi ham kerak. Raqobat bo'lmasa qanday qilib o'sishga erishish mumkin? “Nasaf”ning asosiy hujumchisi bo'lish uchun astoydil harakat qilyapman.
- “Lokomotiv”ning o'z maydonida “Metallurg” bilan bo'lib o'tgan o'yinda ochko yo'qotishi “Nasaf” uchun qo'l keldi. Bundan maksimal darajada foydalanish endi o'z qo'llaringizda...
- Xuddi shunday. Ikkinchi davrada oson o'yinlarning o'zi bo'lmaydi. Har bir yo'qotiladigan ochko qimmatga tushishi turgan gap. Lekin biz asosiy raqiblarimizning ochko yo'qotishini kutmasligimiz kerak. O'z o'yinlarimizda g'alaba qozonishimiz bu birinchi galdagi vazifamiz xisoblanadi.
- “Nasaf” har yili sovrinli o'rinlar uchun kurashadi. Lekin chempion bo'lish hozircha sizlarga nasib qilmayapti. Bu jamoada chempionlik ruhiyatining etishmasligidanmi yoki boshqa omillari bormi?
- Buning o'ziga yarasha sabablari bor. O'tgan yillarda “Paxtakor”, “Lokomotiv”, “Bunyodkor” jamoalari juda kuchli o'yin namoyish etishgandi. Mana bu yil ham kurash qizg'in pallaga kirib boryapti. Hech bir jamoa osonlikcha taslim bo'lishni xohlamaydi. Nasib qilsa, bu yil chempion bo'lish uchun urinib ko'ramiz. Hali imkoniyatimiz bor. Bundan maksimal darajada foydalanishga harakat qilamiz.
- Lekin bu kurashda “Paxtakor” va “Lokomotiv” jamoalarining imkoniyati yuqoriroq ko'rinyapti.
- Hali hech narsa hal bo'lgani yo'q. Biz ham so'nggi turgacha chempionlik uchun kurashamiz.
- Agar vaziyatga real ko'z bilan qarasak-chi?
- Maqsadimiz – chempionlik va O'zbekiston kubogida zafar quchish.
- Birinchi davrada kutilmagan o'yinlarda qimmatli ochkolarni boy berib qo'ydinglar. O'z maydoningizda “Metallurg”ga yutqazdinglar...
- Ha, bu biz uchun kutilmagan “sovg'a” bo'ldi. O'zi “Metallurg” biz uchun noqulay raqib bo'lib kelgan. Endi ikkinchi davra o'yinlarida yo'l qo'yilgan xato va kamchiliklarni takrorlamaslikka harakat qilamiz. “Metallurg” bilan Bekobodda kechadigan javob o'yinida qarzimizni uzamiz, deb o'ylayman.
- Umuman birinchi davradan qanday taassurotlar qoldi?
- Yo'qotgan ochkolarimizni inobatga olmasa, ikkinchi davrani yomon o'tkazmadik. Hali chempionlik uchun kurashishga imkoniyatimiz etarli. Ikkinchi davradagi har bir o'yinga g'alaba ishtiyoqida tushishimiz shart. Faqat shu yo'l bilan muxlislarni xushnud etishimiz mumkin. Guvohi bo'lganingizdek, birinchi davra o'yinlari kutilmagan natijalarga boy bo'ldi. Kurash ham turnir jadvalining yuqori qismida, ham autsayderlar o'rtasida keskin kechyapti. O'tkinchi o'yinlaning o'zi yo'q.
- Oldinda “Lokomotiv”ga qarshi kechadigan kubok o'yini bor. Bu ikki uchrashuvdan nimalarni kutyapsiz. Finalga chiqish uchun “Nasaf”ning kuchi va salohiyati etadimi?
- Albatta etadi. Niyatimiz Qarshiga O'zbekiston kubogini olib kelish.
- Aytish hamisha oson bo'lgan. Lekin buni amalda isbotlash kerak.
- Xuddi shunday. Biz aynan shu rejalarimizni amalda isbotlashga harakat qilamiz.
- “Bunyodkor” – “Paxtakor” juftligida qaysi jamoa finalga chiqishini taxmin qilyapsiz?
- Oldindan biror narsa deyish qiyin. Har ikki klubning imkoniyatlarini deyarli bir xil baholayman. Yo'l qo'yiladigan kichik bir xato ham bu juftlikda final chiptasi taqdirini hal qiladi. Qolaversa, bizning juftligimizda ham ikkala jamoaga ham oson bo'lmaydi.
- Yana bolalik yillariga qaytsak. Yoshlingingizda qaysi jamoada o'ynashni orzu qilgansiz?
- Har bir futbolchi bolaligida Evropada o'ynashni orzu qilsa kerak. Menda ham shunday istak bo'lgan. Lekin baribir Evropaga yo'l O'zbekistondan boshlanishini inobatga olsak, har bir futbolchi singari oliy liga klublarida to'p tepishni xohlaganman.
- Oliy ligada qaysi klubda o'ynashni orzu qilgansiz?
- “Nasaf”da.
- Futbol ortidan olgan birinchi maoshingiz qancha edi?
- Birinchi maoshimni “Orol” jamoasida olganman. O'shanda 50 ming so'm berishgandi.
- “Nasafda”chi?
- Bu kunni esdan chiqarmay. “Nasaf”dagi ilk maoshim 175 ming so'm bo'lgandi
- Hozirchi?
- Keling hozirgisi sir bo'la qolsin.
- Maoshlarni vaqtida olyapsizlarmi?
- Ha, imkon qadar vaqtida berilyapti?
- Birinchi davradan qarzdorlik yo'qmi?
- Ozgina bor, lekin ularni ham tez kunda berishar ekan.
- Sizga o'yinni kelishish bo'yicha murojaat qilishganmi?
- Yo'q, umuman bunday holatga duch kelmaganman.
- Umuman kelishilgan o'yinlarga munosabatingiz qanday? Balki bu haqida eshitgandirsiz?
- Tabiiyki, bunday jirkanch holatga qarshiman. Bunday o'yinlar saqlanib qolar ekan, o'zbek futboli umuman rivojlanmaydi. Jahon chempionatiga chiqish orzusi ham armon bo'lib qolaveradi.
- Ko'pchilik 7, 9, 10, 11-raqamli futbolkalarda o'ynashni yoqtiradi. SHaxsan siz uchun raqamlarning ahamiyati bormi?
- Menga umuman buning ahamiyati yo'q. Siz aytgan raqamlarda o'ynash mumkin. Lekin gol kiritmagandan, jamoasiga foydasiga tegmagandan keyin, buning qanday ahamiyati bor?
- Milliy va olimpiya terma jamoamizdagi o'zgarishlarga munosabatingiz qanday?
- Munosabatim ijobiy. Ancha o'zgarishlar bo'ldi. Nima bo'lgan taqdirda ham bu o'zgarishlar o'zbek futboli rivoji uchun ishlasa, uni oqlash mumkin. Asosiy maqsad jahon chempionatiga chiqish ekan, buning uchun hamma harakat qilishi shart.
- Professional futbolchi sifatida aytingchi, maoshlarning o'z vaqtida berilmasligi, jamoa o'yini va natijasiga salbiy tasir ko'rsatadimi? Yoki bunga birlamchi vosita sifatida etibor qaratmaysizlarmi?
- Albatta tasir qiladi. Futbolchilarning boshqa hunarlari yo'q. Futbol orqali ro'zg'or tebratamiz. Lekin faqat pulni o'ylash ham to'g'ri emas. Mehnatdan qochmasangiz, pulning o'zi keyin ketingizdan taqib etadi. Fikrimni misollar orqali isbotlashim shart bo'lmasa kerak.
- Evropadan qaysi jamoalarga muxlislik qilasiz?
- Madridning “Real” klubi muxlislik qilaman.
- Futbolchilardanchi?
- Krishtianu Ronaldu va Zlatan Ibragimovichga.
- Ronaldu kuchlimi yoki Messi?
- Har ikki futbol yulduzining ham o'ziga yarasha kuchli jihatlari bor. Ronalduda tezlik, Messida dribling ishlatish qobiliyati kuchli.
- “Real” kuchlimi yoki “Barselona”mi?
- “Real” (kuladi).
- Lekin o'tgan mavsum yakunida “Real” emas, “Barselona” chempion bo'ldiku!
- Endi bu futbol. Ayniqsa, Evropa futbolida bunday holatlar tez-tez uchrab turadi.
Kamoliddin ALIMOV suhbatlashdi
Fikrlar