So’nggi yangiliklar

10:25"Рома" Сардор Азмунни "Байер"дан тўлиқ сотиб олиши мумкин, агар...  2 10:03Таиланд пойтахти Бангкок шаҳрида ОФКнинг футзал ва соҳил футболи қўмитаси йиғилиши бўлиб ўтди  0 09:42"Ал Насcр" кетма-кет 7 та ўйинда ғалаба қозонди. Роналду кетма-кет 2 та баҳсда самарали ҳаракат қилгани йўқ  9 09:21"Атлетико" мухлислари Нико Уильямсни "маймун" дейишди, Гризманн ва Коке эса...  4 09:01"Нефтчи" - "Металлург" учрашувидан ГАЛЕРЕЯ  0 08:39"Барселона" эркаклари қила олмаган ишни аёллар жамоаси амалга оширди  5 08:18МЛС. "Интер Майами"дан йирик ғалаба. Мессида 2+1, Суарес ҳам гол урди  12 07:54Ўзбекистон U-23 терма жамоаси Индонезия билан ўйинга тайёргарликни бошлади + Ҳусайн Норчаевдан интервью   2 07:30Футзал. Бугун Ўзбекистон бронза медали учун Тожикистон билан ўйнайди  1 07:09Ўзбекистон кубоги. Бугун "Андижон" - "Насаф", "Динамо" - "Навбаҳор" ва яна 4 та ўйин бор  4 06:50Серия А. "Ювентус" - "Милан" 0:0   0 06:45АПЛ. "Астон Вилла" - "Челси" 2:2   0 06:40АПЛ. "Ньюкасл" - "Шеффилд" 5:1   0 06:35АПЛ. "Манчестер Юнайтед" - "Бернли" 1:1   2 06:30АПЛ. "Вест Хэм" - "Ливерпуль" 2:2   1

Asosiyga aylangan azamatlar Yangiliklar

Asosiyga aylangan azamatlar

2016 yilgi mavsum yakunlariga bag'ishlangan bir qator maqolalar chop etildi. Bu safargi maqolamiz oldingilaridan biroz farq qiladi.

Biz 2015 yilda o'z klubi safida deyarli maydonga tushmagan va bu yil o'z jamoasining asosiy futbolchisiga aylangan o'yinchilar haqida so'z yuritamiz.

DONIYOR ISMOILOV
Klubi:
"Olmaliq"
Tug'ilgan sanasi: 14.02.1994
Ampluasi: Hujumchi
2015 yil: 7 o'yin 220 daqiqa 3 gol
2016 yil: 27 o'yin 1305 daqiqa 4 gol

Bir yil oldin oliy ligada debyut qilgan va 7ta o'yinda ishtirok etgan Doniyor Ismoilov bu mavsumda 27ta uchrashuvda maydonga tushishga erishdi. Igor SHkvirin bu yil Ismoilovga ko'proq ishonch bildirdi. Doniyor 2016 yilda "Metallurg", "Bunyodkor", "Neftchi" va "Lokomotiv" bilan o'yinlarda o'z nomini tabloga yozdirib qo'ydi. Tezkor futbolchi keyingi mavsumda oliy ligada yanada yaxshi o'yin ko'rsatishiga deyarli shubha yo'q. 


Intervyu. Doniyor Ismoilov: "Olmaliq” - katta bir oila"



FARHOD BEKMUROTOV
Klubi:
"Andijon"
Tug'ilgan sanasi: 08.10.1994
Ampluasi: Yarim himoyachi
2015 yil: 5 o'yin 228 daqiqa 1 gol
2016 yil: 28 o'yin 2376 daqiqa 1 gol

Oliy ligani tark etgan jamoa safida bu yil eng ko'p o'yinni yosh yarim himoyachi Farhod Bekmurotov o'tkazdi. 22 yoshli futbolchi 30ta o'yinning 28tasida maydonga tushdi. Bitta o'yinni diskvalifikaciya tufayli o'tkazib yuborishga majbur bo'ldi. 23ta o'yinda Bekmurotov to'liq o'ynadi. Jamoada murabbiylar almashinuvi ro'y berganini barcha biladi. Biroq qaysi murabbiy kelsa ham u yarim himoyachiga ishonch bildirib asosiy tarkibda maydonga tushiraverdi. O'tgan mavsum oxirlarida 5ta uchrashuvda harakat qilgan futbolchi 2016 yilda anchagina o'sishga erishdi. Farhod Farg'onada "Neftchi" bilan o'yinda o'z hisobiga gol ham yozib qo'ydi.

Intervyu. Farhod Bekmurotov: “Andijonlik muxlislarga achindim”



AKROM KOMILOV
Klubi:
"Bunyodkor"
Tug'ilgan sanasi: 14.03.1996
Ampluasi: Himoyachi
2015 yil: 15 o'yin 1079 daqiqa
2016 yil: 29 o'yin 2542 daqiqa

CHap qanot himoyachisi Akrom Komilov o'tgan mavsum "Bunyodkor" tarkibida 15ta uchrashuvda qatnashgandi. Bu yil esa Komilov jamoaning almashtirib bo'lmas o'yinchisiga aylandi. Sababi himoyachi 2016 yilgi oliy ligada faqat bitta uchrashuvda (29-turda "Navbahor" bilan) diskvalifikaciya tufayli ishtirok eta olmadi xolos. Qolgan barcha o'yinlarda Akrom chap qanotda raqiblarga tinchlik bergani yo'q. U jamoasining beshdan ortiq gollariga samarali to'p uzatishni amalga oshirganini takidlash lozim. 20 yoshli futbolchi o'z ustida ishlashdan to'xtamasa yaqin orada xorij klubiga ketishi mumkin.



RUSTAM ASHURMATOV
Klubi:
"Bunyodkor"
Tug'ilgan sanasi: 07.07.1996
Ampluasi: Himoyachi
2015 yil: 11 o'yin 928 daqiqa
2016 yil: 27 o'yin 2419 daqiqa

Bir yil ichida "Bunyodkor"da asosiy o'yinchiga aylangan futbolchidan yana biri bu - Rustam Ashurmatov. Himoyachi Baxtiyor Ashurmatovning jiyani bo'lgani uchun "Bunyodkor"da o'ynamayotganini o'zining ishonchli o'yinlari orqali isbotlab bo'ldi. Bir yil muqaddam 11ta uchrashuvda ishtirok etgan Rustam bu mavsumda 27ta uchrashuvda maydonga tushib ularning 26tasida to'liq o'ynadi. Markaziy himoyada o'ynaydigan Ashurmatov yaqin kelajakda terma jamoamizning himoyadagi muammolarini hal qilishi kutilmoqda. Buning uchun esa hozirgidan ham yaxshiroq o'ynashi va stabillik talab etiladi.


DOSTON TURSUNOV
Klubi:
"Qo'qon-1912"
Tug'ilgan sanasi: 13.06.1995
Ampluasi: Himoyachi
2015 yil: 2 o'yin 94 daqiqa
2016 yil: 24 o'yin 1977 daqiqa 2 gol

O'tgan yil oliy ligada "Neftchi" safida 2tagina uchrashuvda jami 94 daqiqa harakat qilgan Doston Tursunov bu mavsumni "Qo'qon-1912"da o'tkazdi. Tursunov qo'qonliklar safida eng ko'p o'yin o'tkazgan uchinchi futbolchiga aylandi. 21 yoshli himoyachi o'ziga bildirilgan ishonchni oqlash uchun har bir o'yinda yaxshi saviyada o'ynashga urindi. Klubga legioner himoyachilar kelganidan keyin ham Doston maydonga tushishda davom etdi. U nafaqat himoyada balki hujumda ham jamoasiga foyda keltirishni eplay oladi. "Andijon" va "Buxoro"ga qarshi bahslarda Tursunov raqib darvozasiga gollar urishga muvaffaq bo'ldi.

Intervyu. Doston Tursunov: "Karles Puyolning o'yinlariga havas qilardim"


SARDOR MIRZAEV
Klubi:
"Lokomotiv"
Tug'ilgan sanasi: 21.03.1991
Ampluasi: Yarim himoyachi
2015 yil: 10 o'yin 499 daqiqa
2016 yil: 27 o'yin 2141 daqiqa 13 gol

Mavsumning eng yaxshi futbolchisi nomiga davogarlardan biri shubhasiz Sardor Mirzaev bo'ldi. "Lokomotiv" yarim himoyachisi bu mavsumda 27ta uchrashuvda maydonga tushib 13ta gol urishga erishdi. Bundan tashqari u 10ga yaqin golli paslarni ham berishga muvaffaq bo'ldi. Bir yil oldin Mirzaev 10tagina uchrashuvda ishtirok etgan va umuman gol ura olmagandi. Sardor Mirzaev Mirko Yelichichning taktikasiga to'la mos keldi va yorqin mavsumlardan birini o'tkazdi.



ISKANDAR SHOYQULOV
Klubi
: "Mashal"
Tug'ilgan sanasi: 26.04.1993
Ampluasi: Himoyachi
2015 yil: 0 o'yin
2016 yil: 28 o'yin 2350 daqiqa 1 gol

O'tgan yil oliy ligada umuman maydonga tushmagan Iskandar SHoyqulov 2016 yilgi mavsumda "Mashal" safida eng ko'p uchrashuv o'tkazgan futbolchiga aylandi. 23 yoshli himoyachi yakuniga etgan mavsumda oliy ligada 28ta o'yinda qatnashdi. "Paxtakor"da ijarada bo'lib qaytgan SHoyqulov bu yil Xomyakovning asosiy futbolchilaridan biriga aylandi qoldi. Qanot himoyachisi jamoasining g'alabalariga xissa qo'shdi. 13-turda "Qo'qon-1912" mag'lub etilishida SHoyqulovning urgan goli ham muhim rol o'ynagandi.



JAVOHIR ESONQULOV
Klubi:
"Metallurg"
Tug'ilgan sanasi: 20.04.1997
Ampluasi: Yarim himoyachi
2015 yil: 0 o'yin
2016 yil: 26 o'yin 1869 daqiqa 4 gol

Javohir Esonqulov bu yil oliy ligada debyut qilgan o'yinchilardan yana biri hisoblanadi. Hali 20 yoshga ham to'lmagan futbolchi "Bunyodkor"dan "Metallurg"ga ijara asosida o'tdi. O'zbekiston yoshlar terma jamoasi azosi Bekobod klubi safida asosiy futbolchilardan biriga aylana oldi desak mubolag'a bo'lmaydi. 30ta o'yinning 26tasida ishtirok etgan Esonqulov raqiblar darvozasiga 4ta gol urdi va sheriklariga 5 marta golli pas oshirdi. Universal futbolchilar toifasiga kiruvchi Esonqulov hujumda ham, qanot yarim himoyasida ham, xatto himoyachi rolida ham o'ynay oladi. Bir necha yillardan buyon deyarli o'zgarmay keladigan "Metallurg" jamoasi safiga qo'shilib ketishni va bunchalik ko'p o'yin o'tkazishni hamma ham uddalay olmaydi.


Intervyu. Javohir Esonqulov: “Futbolchilik faoliyatimni Rossiyada boshlaganman”


A'ZAM ALIEV
Klubi
: "Navbahor"
Tug'ilgan sanasi: 07.07.1991
Ampluasi: Yarim himoyachi
2015 yil: 13 o'yin 625 daqiqa
2016 yil: 30 o'yin 2548 daqiqa 1 gol

"Navbahor" yarim himoyachisi Azam Aliev bu mavsum barcha 30ta o'yinda maydonga tushgan kam sonli futbolchilardan biri bo'ldi. Bu o'yinlarning 25tasida Aliev to'liq ishtirok etdi. Yarim himoyachi jamoada qaysi murabbiy ishlashidan qatiy nazar asosiy tarkibda maydonga tushirildi. Aliev "Andijon" bilan bahsda o'z hisobiga mavsumdagi yagona golni yozib qo'ygandi. Yakunda aynan shu gol "Navbahor"ni oliy ligada 16-o'ringa tushib ketmasligini taminladi.



SHOHRUZ NORXONOV
Klubi:
"Obod"
Tug'ilgan sanasi: 13.04.1993
Ampluasi: Hujumchi
2015 yil: 0 o'yin
2016 yil: 29 o'yin 2387 daqiqa 14 gol

Oliy ligada birinchi mavsumini o'tkazgan SHohruz Norxonov mavsum kashfiyoti bo'ldi desak hech kim qarshilik ko'rsatmasa kerak. Sababi hujumchi oliy liga debyutanti "Obod" klubi tarkibida o'ynashiga qaramay 14ta gol urishni uddalladi. Norxonov 29ta uchrashuvda maydonga tushdi. Faqat "SHo'rtan" bilan G'uzordagi bahsni sariq kartochkalari to'planib qolgani bois o'tkazib yubordi xolos. Norxonov o'z o'yini orqali terma jamoa murabbiylari etiboriga ham tushdi va yig'inga chaqirildi. Agar shunday o'ynashda davom etsa yaqin orada terma jamoada debyut qilishiga shubha yo'q.

Intervyu. SHohruz Norxonov: “Neymar deb chaqirishsa xursand bo'laman”


XURSHID G'IYOSOV
Klubi:
"Obod"
Tug'ilgan sanasi: 12.04.1995
Ampluasi: Yarim himoyachi
2015 yil: 0 o'yin
2016 yil: 28 o'yin 2273 daqiqa

"Bunyodkor"dan ijaraga olingan Xurshid G'iyosov "Obod"ning asosiy o'yinchilaridan biri bo'la oldi. G'iyosov bu yil oliy ligada debyut qildi va jami 28ta uchrashuvda ishtirok etdi. Futbolchi o'zining chaqqonligi va epchilligi bilan boshqalardan ajralib turdi. Turli poziciyalarda o'ynashga ko'nikkan Xurshid "Obod"ning oliy ligada qolishida katta xissa qo'shgan futbolchilardan biri bo'ldi deb bemalol ayta olamiz. Keyingi yil u "Bunyodkor"da o'ynaydimi, "Obod"dami yoki umuman boshqa jamoadami bunisini hozircha bilmaymiz.



JAMSHID BOLTABOEV
Klubi:
"Paxtakor"
Tug'ilgan sanasi: 03.10.1996
Ampluasi: Yarim himoyachi
2015 yil: 0 o'yin
2016 yil: 27 daqiqa 1935 daqiqa 2 gol

O'smirlar o'rtasidagi Jahon chempionati ishtirokchisi Jamshid Boltaboev bu yil oliy ligada birinchi marta maydonga tushdi. Futbolchi "Paxtakor" safida 30ta o'yinning 27tasida ishtirok etishga erishdi. Gohida himoyachi rolida, gohida yarim himoyachi rolida harakat qilgan Jamshid universal futbolchi ekanligini ko'rsata oldi. 20 yoshli futbolchi "Mashal" bilan o'yinda oliy ligadagi ilk golini urdi. Bundan tashqari "So'g'diyona" bilan bahsda ham to'p kiritishga muvaffaq bo'ldi. Keyingi mavsumda Boltaboev "sherlar"ning asosiy va almashtirib bo'lmas o'yinchisiga aylanishiga shubha yo'q.

Intervyu. Jamshid Boltaboev: “Jahon chempionati biz uchun transfer bozori”


MUZAFFAR ABDULLAEV
Klubi:
"So'g'diyona"
Tug'ilgan sanasi: 26.01.1992
Ampluasi: Darvozabon
2015 yil: 0 o'yin
2016 yil: 21 o'yin 1890 daqiqa

Bu yil oliy liganing 9-turiga kelib oliy ligada debyut qilgan Muzaffar Abdullaev Davron Fayzievning haqiqiy topilmalaridan biri bo'ldi. 21ta uchrashuvda ishtirok etgan Abdullaev 28ta gol o'tkazdi xolos. O'tgan yil so'nggi turlarda oliy ligada qolish uchun kurashgan "So'g'diyona"ning bu yil 10-o'rinni egallashida ushbu posbonning xissasi juda katta bo'ldi. 24 yoshli Muzaffar keyingi bir necha yillar uchun "So'g'diyona"ning darvozabon borasidagi muammosini hal qildi desak ham bo'ladi.

BOBIR ABDIXOLIQOV
Klubi:
"Nasaf"
Tug'ilgan sanasi: 23.04.1997
Ampluasi: Hujumchi
2015 yil: 1 o'yin 7 daqiqa
2016 yil: 19 o'yin 1210 daqiqa 4 gol

Bir yil oldin faqat bitta uchrashuvda 7 daqiqa harakat qilgan Bobir Abdixoliqov bu mavsumda 19ta uchrashuvda maydonga tushdi. Ro'ziqul Berdiev bildirgan ishonchni 19 yoshli futbolchi imkon qadar oqlashga harakat qildi. Abdixoliqov "Paxtakor", "Neftchi", "SHo'rtan" va "Mashal" kabi kuchli klublar bilan o'yinlarda gol urishga erishdi. "Pele" keyingi yil bundan ham yaxshiroq va samaraliroq o'yinlar ko'rsatishiga umid qilib qolamiz.

"Nasaf"dagi "Pele" haqida


 

Narzulla Saydullaev tayyorladi


Saytimizning Instagram dagi sahifasi - instagram.com/championat.asia

Saytimizning Telegram dagi kanaliga obuna bo'ling - telegram.me/championatasia

Saytimizning Youtube saytidagi kanaliga obuna bo'ling - youtube.com

SaytimizningFacebook dagi sahifasi - facebook.com/championat.asia

Reyting: +18   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика