So’nggi yangiliklar

13:50Энрике: "Ҳайратланарли томоша кўргингиз келса "Дю Солей Цирки"га боринг"  0 13:426+4+3. Кузги имтиҳондан яхши ўтдик  3 13:16Родри Пеп ва Симеоне ўртасидаги фарқни айтди  0 12:11"Реал" 11 ойдан бери "Бернабеу"да 15 млн. евро даромад келтириши кутилаётган бар-ресторанни очолмаяпти  0 11:39Пети: "Анчелотти ва яна бир неча футболчилар Мбаппе "Реал"га ўтишини хоҳламаганига ишончим комил"  14 10:54Аморимнинг МЮдаги илк трансфери бразилиялик футболчи бўлиши мумкин  1 10:20Кейн Холландга тегишли бўлган Бундеслига рекордини янгилади  2 09:47Лунин А Серияга кўчиб ўтиши мумкин  1 09:11Goal мундиал фаворитлари рўйхатини янгилади. ТОП-10да ўзгаришлар бор  6 08:45Аморим «Манчестер Юнайтед»да нималарни ўзгартириш кераклигини айтди  1 08:18Sofascore. «Ал Ваҳда» дуранг ўйнади. Ҳожимат Эркиновнинг ҳаракатлари неча баҳога лойиқ кўрилди?  3 07:46Суперлига. Бугун турнинг қизиқарли баҳсига гувоҳ бўламиз  5 03:00Франция. ПСЖ "Тулуза" дарвозасига 3та гол урди  0 03:00Бундеслига. "Бавария" йирик ғалабага эришди, Кейндан хет-трик  1 01:47Арне Слот: "Гвардиоланинг қолишидан хурсанд бўлдим"  0

Alisher Ahmedov: "Tez orada terma jamoada ko'rasizlar" Yangiliklar

Alisher Ahmedov: "Tez orada terma jamoada ko'rasizlar"

Faoliyati davomida “So'g'diyona”, “Uz Dong Ju”, “Nasaf”, “Neftchi”, “Registon”, “Gefest” (Qarag'anda, Qozog'iston) jamoalarida to'p tepgan darvozabon Alisher Ahmedov ayni paytda Maldiv orollarining “Nyu Radiant” klubi sharafini himoya qilyapti.

Bu klub kichik orol davlat chempionati oliy ligasi vakili bo'lib, amaldagi mamlakat chempioni hisoblanadi. Hozirda ham “Nyu Radiant” Maldiv chempionatida karvonboshilikni davom ettiryapti. Albatta, jamoaning bu muvaffaqiyatlarida hamyurtimizning xissasi katta. Biz navbatdagi tur oldidan Alisher Ahmedov bilan bog'lanib, undan intervyu oldik.

- Alisher, futboldagi ilk qadamlar qanday boshlangan? Futbolchi bo'lishingizga kim sababchi bo'lgan?
- Barcha bolalarda bo'lgani kabi men ham esimni tanigan paytimdayoq millionlar o'yiniga mehrim tushgan. O'sha paytlarda Jizzax shahrida 5-6ta jamoa bo'lardi. Ertalab chiqib ketib, to to'p ko'rinmay qolguncha futbol o'ynardik. Endi futbolni tanlashimga oilaviy muhit ham tasir o'tkazgan. CHunki, dadam ham futbolni yaxshi ko'radilar. Futbolga bo'lgan mehr aynan ulardan menga o'tgan desam aslo mubolag'a bo'lmaydi. Mahallamizda “So'g'diyona” jamoasi tarkibida to'p tepadigan futbolchilar istiqomat qilishardi. SHu maktabimizning mo'jazgina stadonida to'p tepgan paytlarimiz ular darvozaga meni qo'yishardi. Fursatdan foydalanib, bu futbolchilarga rahmat aytmoqchiman, qaysidir manoda darvozabonlikni tanlashimga ular sababchi bo'lishgan. Dadamdan boshqa oila azolarimiz futbol o'ynashimga qarshi chiqishardi. Sababi, bir necha bor oyoqlarim shikastlanib, qo'llarim sinib uyga qaytardim. Tabiiyki, buni ko'rgan uydagilar to'p tepishimga qarshilik ko'rsatishardi. Kunlarning birida Toshkentdagi Respublika Olimpiya zaxiralari kollejida tahsil o'qiyotgan do'stim qo'ng'iroq qilib, darvozabon kerak ekanligi va o'zingni sinab ko'r, deb qoldi. SHunda bu taklifga hech ikkilanishsiz rozi bo'ldim. Belgilangan imtihon va meyorlarni topshirib, o'qishga qabul qilindim. Kollejda Odil Ahmedov bilan birga o'qish baxti nasib etdi. Keyin o'sha paytda yoshlar terma jamoasi murabbiyi bo'lgan Islom Ahmedovning nigohiga tushib qoldim. Bu inson professional darvozabon bo'lib etishimga juda katta yordam berdilar. Ulardan bir umrga minatdorman.

- Futbol faoliyatingiz Jizzaxda boshlanibdi. Keyin qaysi klublarda o'ynadingiz. Birinchi professional shartnomangiz qachon va qaysi klub bilan imzolangan?
- Olimpiya zaxiralari kollejida o'qib yurgan kezlarim “So'g'diyona” jamoasining o'sha paytdagi bosh murabbiyi Suyun Murtazoev meni jamoaga taklif qildilar. SHu tariqa, 2004 yili ilk professional shartnomamga imzo chekkanman. 


- Hujumchi bo'lib tanilish nisbatan osonroq. Nima uchun aynan darvozabon bo'lishni xohladingiz?
- Kollejga o'qishga kelishdan oldin hujumchi bo'lganman. Yoshlar jamoasida ko'p gol ham urganman. Bir kuni jamoamizning darvozaboni o'yinga kelmay qolgan. SHunda murabbiyimiz darvozaga turishni menga topshirganlar. O'sha uchrashuvda darvozam daxlsizligini saqlab qolganman. Bir nechta “seyv”larni amalga oshirganman. O'yinni kuzatib o'tirganlar orasida selekcioner murabbiylar ham bor edi. Mana shu uchrashuvdan so'ng darvozabon bo'lish istagi tug'ildi va aytib o'tganimdek, olimpiya zaxiralari kollejiga o'qishga kirdim. Bejizga darvozabon yarim jamoa deyishmaydi. Lekin o'ziga yarasha kattagina masuliyati ham bor. 

- O'z vaqtida “Nasaf” jamoasida o'ynagansiz. Bu klubdan qanday taasurotlar qoldi?
- Birinchi galda “Nasaf” jamoasining O'zbekiston kubogini qo'lga kiritgani bilan barcha futbolchilar, klub rahbariyati, murabbiylar shtabi va muxlislarini chin yurakdan tabiklayman. “Nasaf” jamoasi tarixi kitobida nomim borligidan faxrlanaman. Bu klubga o'tishimga o'sha paytda “Nasaf” jamoasi o'rinbosarlari murabbiyi Vitaliy Legay sababchi bo'lgandi. Yarim davra o'rinbosarlar safida o'ynaganimdan keyin asosiy jamoa bosh murabbiyi Viktor Kumikov meni birinchi tarkibga kiritgan. O'sha mavsum oxirigacha asosiy tarkib bilan birga yurdim va yakunda O'zbekiston chempionatining bronza medallarini qo'lga kiritdik. Bunday baza va klubda yaratilgan sharoitlar oliy liganing hech bir jamoasida yo'q. Buni ishonch bilan ayta olaman.

- Qozog'iston klubidan taklif qanday bo'ldi?
- Qarag'anda shahrining “Gefest” klubi Toshkentda yig'in o'tkazgan. Bu jamoa murabbiylari mavsumoldi nazorat o'yinlarimizda mening harakatlarimni ko'rib, o'z tarkiblariga chaqirishdi. Etiborlisi, to'g'ridan-to'g'ri, hech qanday ko'riksiz shartnoma taklif qilishdi. Qizig'i shunda ediki, Qarag'anda shahrining asosiy jamoasi hisoblangan “SHaxtyor”ning bosh murabbiyi Viktor Kumikov edi. SHuni inobatga olib ham taklifga rozilik berdim.

- Odil Ahmedov bilan birga o'qiganman dedingiz. Odil kollejda qanday o'qir edi? O'sha paytda ham etakchilik qobiliyati bo'lganmi?
- Odil har joyda etakchi, kuchli, irodali futbolchi bo'lgan. SHu xislati hozir ham bor. Lekin shuncha qobiliyatiga qaramay, maydonda ham, hayotda ham juda kamtarin inson.

- Odildan tashqari, o'sha paytda siz bilan birga tahsil olgan futbolchilardan hozir kimlar futbolda faoliyat yurityapti?
- Mirzakamol Kamolov, Muqimjon Toshmatov, Sardor Qobuljonov, Rahmatillo Berdimurodov kabi do'stlarimiz bugungi kunda ham oliy liga jamoalar safida o'ynashyapti.

- Maldiv orollari chempionatida o'ynagan birinchi o'zbekistonlik futbolchi bo'ldingiz? Nima uchun aynan Maldiv? O'zi taklif qanday bo'lgan edi?
- O'tgan yili qishda Vadim Abramov “Lokomotiv”ga taklif qilgandi. Jamoa bilan birga mavsumoldi 3-4ta nazorat uchrashuvida maydonga tushdim. Barcha o'yinlarda asosiy tarkibda o'ynadim. SHu o'rinda Vadim Karlenovich haqida ijobiy fikrlarimni bildirmoqchiman. Abramov tajribali murabbiy. Hayotda ham ajoyib inson. Hamma bilan bir xilda munosabatda bo'ladi. Hech kimni ajratib ko'rsatmaydi. O'sha paytda Maldiv chempionidan ham taklif bo'ldi. “Nyu Radiant” klubi OFK Kuogida ishtirok etishini inobatga olib, bu chorlovga rozilik berdim. 

- Kim taklif qildi?
- SHaxsan jamoa bosh murabbiy chaqirdi. U You Tobe tarmog'ida o'yinlarim va seyvlarim bo'lgan videoni ko'rgan ekan. Ikki kun ichida hammasi ijobiy hal bo'ldi. Maldivga uchib bordim va klub bilan shartnoma imzoladim.

- Namuncha tez, ko'rik bo'lmadimi?
- Yo'q. Ko'rik faqat O'zbekistonda bo'ladi (kuladi). Boshqa kuchli chempionatlarni ham qarasangiz, u erdagi klublar uzoq muddatli kuzatishlardan so'ng malum bir futbolchini taklif qilib, shartnoma imzolashadi. Bizda esa umuman boshqa holat.

- Maldiv varianti sizni nimasi bilan o'ziga jab qildi?
- Birinchi galda “Nyu Radiant” klubining mamlakat chempioni ekanligi meni o'ziga tortdi. Keyin jamoaning OFK Kubogida ishtirok etishi shartnomaga imzo chekishimga turtki bo'ldi.   

- Yangi muhitga ko'nikib ketish qiyin kechmadimi?
- Ochig'i, begona yurt, notanish odamlar, til muammosi boshida qiyinchilik tug'dirdi. Lekin vaqt o'tishi bilan muhitga ko'nikib ketdim. SHu o'rinda klub rahbariyatining yuqori saviyada va iliq tarzda kutib olishganini ham aytib o'tishim kerak. Jamoa tarkibiga qo'shilganimdan bir hafta o'tib, OFK Kubogi doirasidagi birinchi o'yinimda maydonga tushdim. Biz safarda Indoneziya chempioniga qarshi to'p tepdik. SHu tariqa, Maldiv klubi safidagi faoliyatim boshlandi. Guruhning barcha o'yinlarida “eng yaxshi futbolchi” deb topildim va buning natijasi o'laroq guruh bosqichining ramziy terma jamoasiga kiritildim. O'ziga yarasha muxlislar orttirdim, mutaxassislar nigohini o'zimga qarata oldim.

- Maldiv chempionatining saviyasi qanday ekan? Bizning birinchi liga bilan taqqoslasa bo'ladimi?
- Nimalar deyapsiz, bizning birinchi ligadan ancha-muncha kuchli. Maldiv chempionati oliy ligasida 8ta jamoa ishtirok etadi. Bu klublar moliyviy jihatdan barqaror va bir-biriga munosib. Raqobat juda kuchli. Engil o'yinning o'zi yo'q. Tanishlarim, futbolchi do'stlarim bilan gaplashganimda, ularning aksariyati Maldiv futboliga past nazar bilan qarashlarini aytishadi. Balki, kichik davlat bo'lgani uchun shunday fikr bildirishayotgandir. Lekin sizlarni ishontirib aytishim mumkinki, Maldiv chempionati kuchli va Osiyoda o'z o'rniga ega.

- Stadionlarning holati, futbol infratuzilmasi qanday? CHempionat qanday tizimda o'tkaziladi?
- Bizning uy stadionimiz o'z bag'riga 25000 tomoshabinni sig'dira oladi. Maydonning holati alo darajada. Men kelgunimga qadar chempionat o'yinlari 4ta davrali bo'lgan ekan. Bu yildan esa 3ta davrada tashkil etilyapti. Bundan tashqari, mamlakat kubogi va Prezident Kubogi musobaqalari ham o'tkaziladi. Nufuzi jihatidan OCHLdan so'ng ikkinchi o'rinda turuvchi OFK Kubogida Maldivning 2ta klubi ishtirok etadi.

- Mamlakat rahbariyati futbolni qo'llab-quvvatlayaptimi?
- Albatta. Aynan shuning natijasida Maldivda futbol jadal suratlarda rivojlanib boryapti. Klublar baquvvat homiylarga ega. Odamlar ham futbolga qiziqishadi. Har bir o'yinga kamida 15 ming muxlis keladi.

- Futbolchilarning o'rtacha maoshi qancha? Legionerlarga qancha haq to'lanadi?
- Bu haqida malumotga ega emasman. Har bir futbolchi shartnomasida ko'rsatilgan maoshni oladi. SHaxsan mening maoshim sir bo'la qolsin. Lekin shunisi aniqki, O'zbekiston chempionatida berilayotgan maoshdan ko'p olyapman. 


- Maoshlar vaqtida beriladimi yoki uzilishlar bo'ladimi?
- Bu borada hech qanday muammo yo'q.

- Til masalasida ijobiy tomonga o'zgarishlar bormi?
- Ha, ingliz tilini o'rgandim va hozir jamoadoshlarim bilan bemalol gaplashyapman.

- Maldiv chempionatida legionerlarga cheklov yo'qmi?
- CHeklov bor. Har bir klub 4 nafardan xorijlik futbolchini ro'yxatdan o'tkazishi mumkin.

- Qaerda yashayapsiz? Alohida uy berishdimi?
- Alohida uy berishgan. Birinchi kunlari klub bazasida yashagandim.

- Murabbiy bilan munosabatlaringiz qanday?
- Yaqinda murabbiyimiz almashdi. Hozir serbiyalik Nikola Kovajich jamoamizga murabbiylik qilyapti. Rus tilini yaxshi bilar ekan. Jamoada ikkimiz rus tilida so'zlashamiz. U bundan avval Tojikiston, SHri-Lanka terma jamoalari faoliyat yuritgan. Dushanbening “Istiqlol” klubi bilan birga OFK Prezidenti Kubogini yutgan.

- Klubda sizdan boshqa yana legionerlar bormi?
- Ha, bor. Ikki nafar nigeriyalik va bir slovakiyalik futbolchi o'ynaydi.

- Maldiv chempionatida o'zbekistonlik futbolchilar soni ko'payishi mumkinmi? Hech kimga tavsiya qilib ko'rmadingizmi?
- Albatta. Kim ham istamaydi legioner maqomida o'ynashni. Nasib qilsa, yaqin kunlarda Maldivda o'zbekistonlik futbolchi paydo bo'lsa, bundan ajablanmayman.  

- “Nyu Radiant” rahbariyati klub oldiga qanday vazifa qo'ygan?

- Faqat chempionlik va o'zimiz ishtirok etadigan kubok bahslarida ham birinchi bo'lish vazifasi qo'yilgan. Ko'z tegmasin, hozircha turnir jadvalida mag'lubiyatsiz peshqadamlik qilishda davom etyapmiz. Kelasi mavsum yana OFK Kubogida qatnashamiz. Bu musobaqada imkon qadar uzoqroqqa etib borishni maqsad qilganmiz.

- Bu yilgi OFK Kubogidagi ishtirokingiz klub rahbarlari tomonidan qanday baholandi?  
- O'rtacha baholandi. CHunki, mavsum davomida jamoada ikki marotaba bosh murabbiy o'zgardi. SHunday bo'lsada, musobaqad yomon ishtirok etmadik.

- Jamoa bilan shartnomangiz qancha muddatga imzolangan?
- SHu yili noyabr oyida yakunlanadi.

- Kelishuvni uzaytirish istagi bormi?
- SHu bo'yicha taklif bilan chiqishdi. Lekin shartnomani uzaytirishga shoshilmayapman. Bunga etarlicha asoslarim bor. Boshqa juda yaxshi sharoitlarga ega takliflar tushyapti.

- Yaxshi takliflar boshqa davlat klublari tomonidan bildirilyaptimi?
- Xuddi shunday.

- Aynan qaysi klublardan, ayta olmaysizmi?
- Hozircha ayta olmayman. CHunki, hali hech narsa hal bo'lmadi. Ammo, shunisi aniqki, bu mamlakat va uning klubi ancha kuchli va Osiyoda o'z o'rniga ega. Tez orada bundan xabar topasiz.

- Tasavvur qiling, jamoangiz O'zbekiston oliy ligasida ishtirok etsa, yakunda 16ta klub orasida nechinchi o'rinni egallashi mumkin?
- Bemalol kuchli beshtalikda bo'lardi. Bunga ishonchim komil.

- SHu zaylda o'sishda davom etsangiz, sizda milliy terma jamoada to'p tepish imkoniyati yuzaga kelishi mumkin. SHu haqida ham o'ylab ko'rdingizmi?
- Bo'lmasamchi. Eng katta orzuim va maqsadim milliy terma jamoa tarkibida maydonga tushish. Aynan shu maqsadni amalga oshirish uchun ham kuchliroq chempionatga yo'l olmoqchiman. Nasib qilsa, tez orada meni milliy terma jamoa libosida ko'rasiz, degan umiddaman. 



            
BIZNING MA'LUMOT:
Alisher Ahmedov
Tug'ilgan yili - 04.08.1987  
Tug'ilgan joyi - Jizzax
Ampluasi - darvozabon
Bo'yi - 191 sm
Vazni - 85 kg
TO'P TEPGAN JAMOALARI:
2004-2008 “So'g'diyona”
2008-2009 “Uz Dong Ju”
2009-2011 “Nasaf”
2011-2012 “Neftchi”
2012-2013 “Registon”
2013-2014 “Gefest” (Qarag'anda, Qozog'iston)
2015 - “Nyu Radiant” (Maldiv orollari)


Kamoliddin ALIMOV suhbatlashdi

Reyting: +4   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика