Alirizo Beyranvand: "Bunday imkoniyatni qo'ldan chiqarish kerak emas"

Xayrulla Xoliqov
31 okt 2018, 11:31
"Persepolis" darvozaboni Alirizo Beyranvand OCHL final dastlabki uchrashuv oldidan intervyu berdi.

Ma'lumki, 3 noyabr kuni Yaponiyada "Kashima Antlers" va "Persepolis" klublari o'rtasida Osiyo chempionlar ligasining dastlabki final bahsi bo'lib o'tadi. Alirizo Beyranvand uchun joriy mavsum omadli o'tmoqda. U OCHLda bir necha bor o'z darvozasini muqarrar gollardan saqlab qoldi.

"Ahmadrizo Abedzade va Nasser Xejazi buyuk darvozabonlar bo'lishgan, - deydi Beyranvand. - Men ham ulardan ko'p narsa o'rganishga harakat qilganman. Men ularga o'xshay olmayman, chunki ulardek bo'lish oson emas. Nasser Xejazining o'g'li hozir men bilan bitta jamoada o'ynayapti. Men u bilan yaxshi munosabatdaman".

"Agar Osiyo chempionlar ligasini qo'lga kiritsak, bu ham yurtimiz, ham jamoamiz uchun katta muvaffaqiyat bo'ladi. Bizda ajoyib jamoa bor. Biz hujum qilishni ham, himoyalanishni ham bilamiz. Jahon chempionatidan so'ng bor e'tiborimni "Persepolis"ga qaratib kelyapman. Qishda esa Osiyo Kubogi diqqat-markazimizda bo'ladi".

"OCHL - yuqori saviyadagi musobaqa, bunda barcha jamoalar g'olib chiqishni istaydi. Agar OCHLda muvaffaqiyat qozonsak, shundan so'ng klubni tark etish haqida o'ylab ko'rishim mumkin. Men Yevropaga yo'l olishni va katta klublardan birida o'ynashni xohlayman", - deydi 26 yoshli eronlik darvozabon.

O'xshash yangiliklar


Xayrulla Xoliqov Muallif
Manba: the-afc.com