So’nggi yangiliklar

02:57Ла Лига. "Барселона" "Сельта"га қарши ўйинда сўнгги дақиқаларда иккита гол ўтказиб, ғалабани қўлдан чиқарди  88 02:06"Челси" 100 миллионлик форвардни харид қилмоқчи?!  2 00:29А Серия. "Милан" ва "Ювентус" ўртасидаги ўйин нурсиз дуранг билан якунланди  9 00:26АПЛ. "Манчестер Сити" ўз уйида "Тоттенхэм"га йирик ҳисобда таслим бўлди  26 23:11Битта гол урилган Тошкентдаги "Олимпик" — "Бунёдкор" ўйинидан ФОТОГАЛЕРЕЯ  0 23:00Франция чемпионати. "Ланс" Ҳусановсиз ўз уйида "Марсель"дан учта тўп ўтказиб, мағлуб бўлди  7 22:49Моуринью "Реал" собиқ ўйинчисини нишонга олди  2 22:11АПЛ. "Арсенал"дан йирик ғалаба, лондонликларнинг сўнгги голини ўтган йили Ўзбекистонга қарши баҳсда ҳаракат қилган 17 ёшли ўйинчи урди  9 22:06Бундеслига. "Байер" 0:2ни 5:2 қилди, "Боруссия Дортмунд"дан жавобсиз 4та тўп, "Хоффенхайм" — "Лейпциг" ўйинида 7та гол  0 22:00Суперлига. Экстра-тайм: жорий мавсум узоқ давом этган ўйинлар  0 20:57А Серия. "Интер" "Верона"га қарши ўйин тақдирини биринчи бўлимнинг ўзида ҳал қилди  0 20:40Вадим Абрамов: "Барча голларни қарши ҳужумлар туфайли ўтказиб юбордик, ўйин учун режамиз умуман бошқача эди"  3 20:27Александр Хомяков: "Раҳбарият янги мутахассис излаётган экан, демак улар мендан мамнун эмас"  8 19:44"Арсенал" - "Ноттингем Форест". Таркиблар билан танишинг  0 19:35"Челси" ғалаба қозонди ва жадвалда 3-ўринга чиқиб олди  2

Aleksandr Mochinov: “CHempionlik vazifasi qo'yilmagan edi” Yangiliklar

Aleksandr Mochinov: “CHempionlik vazifasi qo'yilmagan edi”

Futbolimizdagi eng katta muammolardan biri – maktabni tugatgan yoshlarni asosiy tarkibgacha bo'lgan oraliqda saqlab qola olmaslik.
Sababi, futbol maktabini bitirgan o'smirlar uchun shahar va respublika birinchiliklari nihoyasiga etadi va ularni musobaqalarsiz ushlab turish mushkul, katta futbolgacha esa xali 3-4 yil oraliqda vaqt bor. Aynan shu hollarda futbolimiz ko'plab iqtidorlarni yo'qotadi. “Bunyodkor” futbol klubi tomonidan akademiya bitiruvchilari va bosh jamoa o'rtasida uzviy bog'liqlikni saqlab qolish maqsadida maxsus dasturi ishlab chiqilgan va u hayotga tadbiq etilmoqda. Unga ko'ra futbol maktabi bitiruvchilari 2-liga – 1-liga – yoshlar tarkibi – bosh jamoa uzviyligi orqali katta futbolgacha bo'lgan yo'lni bosib o'tadilar. Yani bitiruvchilardan 50-60 nafari 3-4 yil davomida doimiy o'yin amaliyotiga ega bo'ladilar va o'z malakalarini oshirib boradilar. SHunisi quvonchliki, bu tizim orqali nafaqat futbolchilar, balki mahalliy murabbiylar ham katta futbolga dadil kirib bormoqdalar. Ulardan biri – yosh bo'lishiga qaramay PRO diplomiga ega bo'lishga ulgurgan va ushbu mavsumda “Bunyodkor” yoshlari bilan o'rinbosarlar musobaqasida g'oliblikni qo'lga kiritgan mutaxassis Aleksandr Mochinov.
O'z vaqtida “Nasaf”, “Navbahor”, “So'g'diyona”, “SHo'rtan”, shuningdek Qozog'istonning “SHimkent”, “Ordabosi”, “Taraz” jamoalarida to'p tepgan yarim himoyachi Aleksandr Mochinov xali futbolchilik faoliyatini yakunlamay turib, murabbiylikda o'zini sinab ko'rishga qaror qilgan. 2007 yil “Oq-tepa” klubida yordamchi murabbiy sifatida ish boshlagan Sasha murabbiylikka ruxsat beruvchi o'quv kurslarnini muvaffaqiyatli bitirgach, “S” licenziyasiga ega bo'ldi. CHo'ntagida murabbiylik licenziyasi bo'lishiga qaramay, Mochinov yana futbolchilik faoliyatiga qaytdi va 2008 yilning birinchi davrasida Bekobodning “Metallurg” klubi sharafini himoya qildi. Ikkinchi davradan esa “Oq-tepa”da, endi bosh murabbiy sifatida ish boshladi.

2009 yil Aleksandr Mochinovni “Bunyodkor” klubiga ishga taklif qilishdi va unga 1997 yilda tavallud topgan bolalar guruhi topshirildi. Biroq oradan xech qancha vaqt o'tmay, yosh murabbiyga oliy liga debyutanti – “Guliston”dan bosh murabbiylik lavozimiga taklif tushdi. “Bunyodkor” klubi vaziyatni to'g'ri baxoladi va murabbiyning oliy ligadagi faoliyatiga omad tiladi. Biroq iqtisodiy muammolarni ijobiy hal qila olmagan gulistonliklar mavsum boshlanmasdan yana 1-ligaga ravona bo'lishdi. “Bunyodkor” bilan amalda shartnomasi bo'lgan Mochinov klubga qaytib, avvalgi jamoasini qabul qildi hamda birinchi urinishdayoq shogirdlari bilan shahar birinchiligida g'oliblikni qo'lga kiritdi. Murabbiy faoliyatini kuzatib borgan “Oq-tepa” klubi raxbariyati “yaxshi mutaxassis o'zimizga ham kerak!” qabilida uni yana bir bor chaqirdi va birinchi ligada aniq maqsadlarni o'z oldiga qo'ygan jamoani boshqarishni taklif qildi. SHu tariqa 2010 yil qahramonimiz yana bir mavsum qadrdon jamoasi bilan birga ishladi.

2011 yil O'zbekistonda PRO licenziyasi bo'yicha navbatdagi ko'p bosqichli o'quv kurslari tashkil etildi va uni to'liq yakuniga etkazgan Mochinov mavsum nihoyasida yana “Bunyodkor” klubiga taklif etildi. Bu safar unga 1-ligaga tayyorgarlik ko'rayotgan “Bunyodkor-2” ishonib topshirildi. Xuddi o'sha paytda yoshlar tarkibiga qozog'istonlik mutaxassis Andrey Pinchukov jalb qilindi. Ikkala jamoa murabbiylari oldiga aniq maqsad qo'yildi: bosh jamoaga iqtidorli yoshlarni etkazib berish va ularda g'oliblik ruhiyatini singdirib borish maqsadida musobaqalarda yuqori o'rinlar uchun kurashish.

Lekin 2012 yilgi mavsumni Pinchukov jamoasi juda yomon boshladi: birinchi davraning 13 o'yinida yoshlar 3 marttadan g'alaba va durangga erishib, 7 uchrashuvda mag'lubiyat alamini tortishdi. O'z oldiga doimo yuqori maqsadlarni qo'yadigan klub raxbariyatini bu natija aslo qoniqtirmasligi tabiiy edi. SHu boisdan qozog'istonlik murabbiyga javob berildi va yoshlarga Mochinov bosh murabbiy etib tayinlandi. Ikkinchi davraning xuddi shuncha o'yinida yoshlar ajoyib ko'rsatkichga erishishdi – 9 g'alaba, 2 tadan durang va mag'lubiyat.

Va nihoyat bu yil murabbiy Aleksandr Mochinov futboldagi dastlabki muvaffaqiyatiga erishdi: uning shogirdlari yoshlar ligasida g'olib jamoaga aylanishdi. Biz Aleksandr Vladimirovichni chempionlik bilan qutlash bahonasida u bilan suhbat uyushtirdik.

- O'rinbosarlar murabbiyi uchun qay biri muhim, natijami yoki bosh jamoaga o'yinchi tayyorlashmi?
- Albatta asosiy jamoa uchun o'yinchi tayyorlash. O'rinbosarlar turniri o'tkazilishining asosiy sababi ham ana shunda. Lekin bosh jamoa o'z oldiga barcha musobaqalarda g'olib chiqish vazifasini qo'ygandan keyin, yoshlarda ham g'oliblik ruhini shakllantirish talab etiladi. Yani biz mavsum boshida Akbar To'raev, Dilshod Jo'raev, Alibobo Rahmatullaev, mavsum davomida Javlon Mirabdullaev, Sardor Sobirxo'jaev va Sardor Rashidovlarni bosh jamoaga kuzatganimiz bilan so'nggi turgacha g'oliblik uchun kurashdik.

- Yuqorida nomlari keltirilgan futbolchilar bosh jamoa azosi bo'lib ulgurdilar. Mavsumlar oralig'ida bosh jamoani kimlardir tark etsa, ular o'rnini o'rinbosarlar tarkibi hisobidan to'ldirish mumkinmi? Siz shaxsan yana kimlarni bosh jamoaga tavsiya qilgan bo'lardingiz?
- Hozirning o'zida bir guruh futbolchilar ostonada turishibdi. Ular akademiyamizning 1994-1995 yillarda tug'ilgan tarbiyalanuvchilari hisoblanishadi va turli yoshlardagi terma jamoa azolari hisoblanishadi. Nomlarga to'xtaladigan bo'lsam, 1994 yildan Hasan Asqarov va Kamronbey Kapadze, 1995 yildan Xurshid G'iyosov, Mirjamol Qosimov va Zabixillo O'rinboevni hozirdanoq bosh jamoa bilan shug'ullanishga tayyorlar. Malumki 1995 yildagi tarbiyalanuvchilarimizdan 6 nafari O'zbekiston terma jamoasi safida Osiyo chempionati saralash turnirida ishtirok etdi va kelasi yil bo'ladigan final turniriga yo'llanmani qo'lga kiritishdi.

- Bu terma jamoa murabbiylaridan biri Siz bo'lishingiz kerak edi...
- O'zbeklarda “Ikkita qo'chqorning kallasi bitta qozonda qaynamaydi!” deyisharmidi (kuladi). Avvalo menga ishonch bildirib, murabbiylar safiga meni qo'shishgani uchun terma jamoalar markaziga minnatdorchilik bildiraman. Lekin yordamchi murabbiylik uchun boshqa jamoa bosh murabbiyini jalb qilish shart emas deb hisoblayman. Barcha qarorni bosh murabbiy qabul qiladi va natijaga ham u javob beradi. SHunchaki o'yinoldi va tanaffusdagi mashg'ulotlarni o'tkazish uchun istalgan murabbiyni jalb qilish mumkin. Faqat shu vazifani deb “Bunyodkor” yoshlarini xoli qoldirishni istamadim. Bu – mening qarorim.

- Yoshlar tarkibida uzoq muddat ushlanib turishni hech kim istamaydi. SHu bois ham, 1-2 yil ichida bosh jamoaga qabul qilinmasa, ko'plab futbolchilar boshqa jamoa axtarishga tushishadi. Ularning qarori to'g'rimi va umuman, o'rinbosarlar tarkibida uzog'i bilan qancha muddat to'p surish mumkin?

- Bazi futbolchilar o'rinbosarlar darajasidan o'tib bo'lgan, lekin bosh jamoaga xali tayyor emas deb hisoblanadilar. Bunday vaziyatda qarorni bosh jamoaning bosh murabbiyi qabul qilishi kerak. Agar futbolchi bugun bo'lmasa, ertaga “ochilib” ketishiga ishonch bo'lsa, u boshqa jamoa axtarmagani maqul va sabr bilan o'z imkoniyatini kutishi kerak. Agar bosh murabbiy uning darajasi shu, bundan boshqa o'smaydi deb hisoblasa – unda klub bu futbolchiga javob berishi maqsadga muvofiq bo'ladi. Aytmoqchi bo'lganim, bu bosqichni nazorat qilish bosh jamoaning bosh murabbiyi vazifasi hisoblanadi va futbolchining keyingi taqdirini aynan u hal qiladi. Muddatlarga to'xtaladigan bo'lsak, fikrimcha o'yinchining shakllanishi uchun o'rinbosarlar tarkibida 2 yil etarli. Yani 16 yoshdan 18 yoshgacha. Bu yog'iga 3 yo'ldan biri tanlanishi kerak, yoki bosh jamoada shug'ullanib malakasini oshirish, yoki yana 1-2 yil o'rinbosarlarda imkoniyatini kutish yoki boshqa jamoaga o'tish.

- Yaxshi, unda aniq nomlarni keltiraman. Viktor Mochalov, Abduqahxor Hojiakbarov, Doniyor Xasanov, Sanjar To'raqulov, Orif Mamajonov, Aziz G'ulomxo'jaev, Anvar Raximov, Maruf Ahmadjonov, Rasuljon SHuxratov, Araik Boboev, Dmitriy Xutov, Dmitriy Kuzin. Ularga “Bunyodkor”ning kelajagi sifatida qaralgan edi, lekin...
- Ularning bari iqtidorli edi va ko'pchiligi hozirda oliy liganing boshqa jamoalari asosiy tarkibida maydonga tushishmoqda. Agar “Bunyodkor” o'rtamiyona jamoa bo'lganda, ularning yarmi hozir ham biz bilan birga bo'lardi. Lekin “Bunyodkor”ning tarkibi nafaqat mamlakat birinchiligi, balki Osiyo CHempionlar ligasida munosib qatnashish darajasiga qarab shakllanadi va bu tarkibdan joy olish faqat sanoqlilarga nasib etadi.

- Men bu savolni bejiz bermadim. Fikrimcha, o'rinbosarlar guruhi xar yili 3-4 iqtidorni bosh jamoaga tayyorlab berishi talab etiladi. Masalan bu yil 21-22 yoshli Alibobo Rahmatullaev, Sardor Rashidov, Dilshod Jo'raev bosh jamoaga qabul qilingan bo'lsalar, keyingi nomzodlar 20-21 yoshlilar orasidan tanlanishi mantiqan to'g'ri bo'lardi. Lekin yuqorida biz sanab o'tgan guruh klubni tark etishgach, oraliqda bo'shliq paydo bo'ldi, yani 19-21 yoshlilar qolmadi hisob. Siz navbatdagi nomzodlar 1994-1995 yillar dedingiz. Lekin ular bosh jamoaning asosiy tarkibiga xali tayyor emaslar, aniqrog'i xali bunga bir necha qovun pishig'i bor. SHu bois ham mavsumni 20 dan ziyod futbolchi bilan boshlagan bosh jamoa ikkinchi davrani 15-16 o'yinchi bilan yakunladi...
- “Bunyodkor” bosh jamoasidagi murabbiylar shtabi mamlakatdagi eng malakali mutaxassislardan tashkil topgan deb hisoblayman. Klub raxbariyati ham futbolni professional darajada tushunadigan insonlardan iborat. Aytmoqchimanki, yuqorida nomlari keltirilgan futbolchilar bosh jamoani kuchaytirishiga ishonch bo'lganda, ularga javob berilmasdi. Yana qaytaraman, ularning bari iqtidorli, lekin “Bunyodkor”ning talabi juda yuqori va unga faqat sanoqlilar javob bera oladi. Albatta, ularning bazilari raxbariyatdan hafa va boshqa jamoaga borib “Bunyodkor”da mening qadrimga etishmadi” deya bayonot berishganini ham eshitganmiz. Lekin futbolchi muammoni avvalo o'zidan izlashi kerak. Afsuski, ko'pchilik o'yinchilar ular boshqa jamoaga o'tishga majbur bo'lganlarida murabbiylarni ayblashadi. Bu juda katta xato. Xech qaysi murabbiy o'ziga dushman emas va tayyor mahsulotni shunchaki topshirib qo'ymaydi.

- Oddiy savol: bosh jamoa nomzodlarni o'rinbosarlardan oladi, o'rinbosarlar ular o'rnini kimlar hisobiga to'ldiradi?
- Javob ham oddiy: futbol maktabi hisobiga. Bu yil “Bunyodkor”, “Paxtakor”, “Nasaf” jamoalari o'z tarbiyalanuvchilaridan bir nechtasini asosiy tarkibda maydonga tushirdilar va bu ularning yuqori o'rinlarni egallashlariga tasir o'tkazmadi. Bu klublar o'z futbol akademiyalariga jiddiy etibor berganlari tufayli, hosil ham shunga yarasha bo'ladi. Kim futbol maktabiga etibor qaratmasa, nomzodlarni boshqa jamoalardan izlashiga to'g'ri keladi. Bu yil akademiyamizni 1996 yilda tavallud topganlar bitirishdi. Ulardan 4 nafari yaqinda nihoyasiga etgan o'smirlar o'rtasidagi jahon chempionatida ishtirok etishdi. Sergey Lushan boshqaruvidagi “Bunyodkor-2” jamoasi azolari yakuniga etgan mavsumda 1-ligada malakalarini oshirishdi. Demak bizda o'rinbosarlar tarkibini to'ldirish katta muammo bo'lmaydi.

- Buning uchun klub tizimidagi jamoalar o'rtasida uzviy bog'liqlik bo'lishi talab etiladi. Masalan Mirjalol Qosimov va Sizning ish borasidagi munosabatingiz qanchalik yaqin?
- Juda ham yaqin. Biz doimo o'zaro muloqotdamiz va muntazam ravishda xar bir o'yinchi borasida fikr almashib turamiz. Odatda o'rinbosarlar musobaqasi kuni bosh jamoada o'yin oldi mashg'ulot o'tkazilishi sabab, bosh murabbiy yoshlar o'yinini kuzata olmaydi. Ikkinchi davradan boshlab Mirjalol Qo'shoqovich aynan yoshlar o'yinini ko'rish uchun o'yin oldi mashg'ulotlarini kunning birinchi yarmiga ko'chirdi. Bu birinchidan asosiy tarkib azolariga o'yingacha organizm tiklanishiga etarli vaqt berilishini taminlasa, ikkinchidan bosh murabbiy yoshlar o'yinini bevosita kuzatadi va nomzodlar borasida o'z xulosasiga ega bo'ladi. Aynan shunday xulosalardan so'ng yoshlardan Javlon Mirabdullaev, Kamronbey Kapadze, Sardor Sobirxo'jaev asosiy tarkib mashg'ulotlarida ishtirok eta boshladilar. Va bu boradagi oxirigi misol: so'nggi turdagi “So'g'diyona” bilan uchrashuvimiz tomonlarning kelishuvi bilan Yangierda bo'lib o'tdi. Bosh jamoa esa Zominda o'ynashi belgilangandi. Ular joylashgan avtobus Zominga yo'l olganida, Qo'shoqovich o'z mashinasida Yangierga keldi va yoshlar o'yinini kuzatdi. Uchrashuv yakunlangach, echinish xonasiga kirib yigitlarni chempionlik bilan tabrikladi. Bosh murabbiyning “Bugungi g'alaba va chempionlik bilan tabriklayman. Lekin sizlarning asosiy maqsadingiz bosh jamoa safida to'p surish va katta futbolda chempionlik bo'lishi kerak. Bu esa faqat o'zingizga bog'liq” degan so'zlari shogirdlarimga o'zgacha tasir qildi. Asosiy tarkib va milliy terma jamoa bosh murabbiyining etibori ular o'z ustilarida yanada ko'proq ishlashlariga turtki bo'lishi aniq. Bunday etibor albatta yoqimli.

- Qaysi biri yaxshi: bosh jamoa murabbiy yordamchisi bo'lishmi yoki o'rinbosarlarda bosh murabbiy bo'lishmi?
- SHunday murabbiylar borki, umri davomida faqat yordamchi bo'lib faoliyat yurgizadi. SHunday murabbiylar borki, bir martta bosh bo'lgandan keyin, qaytib yordamchi bo'la olmaydi. Undagi etakchilik xususiyati bunga yo'l qo'ymaydi. Xuddi men terma jamoada yordamchi bo'la olmaganimdek (kuladi). Lekin hammasi bosqichma-bosqich bo'lgani foydadan xoli bo'lmaydi. Masalan men xali yoshman va bosh jamoada yordamchi bo'lib ishlashim keyinchalik bosh bo'lishimga faqat yordam beradi.

- Mavzuga bog'liq keyingi savol: hozirning o'zida Sizga asosiy jamoa bosh murabbiyligini taklif qilishsa rozi bo'larmidingiz?
- (O'ylanib turib) Oliy liganing boshqa klubidan bo'lsa rozi bo'lardim. General bo'lishni orzu qilmagan askar bormi? Lekin o'zimizning bosh jamoaga yordamchilikka bajonidil borgan bo'lardim. Mirjalol Qosimov, Aleksandr Volkov, Hikmat Ergashev va Murod Otajonovni etuk mutahassislar deb bilaman va ular bilan yonma-yon ishlab malakamni oshirgan bo'lardim.

- Bosh jamoada ishlashning yana bir yoqimli tomoni bor: har bir g'alaba uchun mukofot pullari beriladi. Yoshlarda esa bu ko'zda tutilmagan. Mukofot pullarisiz futbolchilarni har safar g'alabaga undash mushkul emasmi?
- O'rinbosarlar jamoasi asosiy tarkibga olib boradigan asosiy pillapoya hisoblanadi. Yoshlar ular uchun imkoniyat berilgani, yaxshi natija orqali o'zlarini ko'rsatishsa bosh jamoaga yo'l ochilishini, aks holda o'rtamiyona jamoaga o'tib ketishlari mumkinligini yaxshi bilishadi. Yuqorida aytganimdek, “Bunyodkor”ning asosiy tarkibidan joy olish hammaga ham emas. O'nlab, yuzlab futbolchilar buni orzu qilishadi. SHuning uchun yoshlarda o'ynash ular uchun berilgan imkon, boshqalarda yo'q bo'lgan imkon. Lekin bu hali asosiy tarkibga o'tishga kafolat emas, buning uchun bor mahoratni ishga solish va tinmay mehnat qilish lozim. Bu borada mukofot pullari birinchi o'ringa chiqmaydi. Mamlakat miqyosidagi buyuk klub libosida to'p surishning o'zi ular uchun katta mukofot.
Lekin boshqa jamoalarda o'rinbosarlarga mukofot puli ajratilishi va buni biznikilarga malum bo'lishi – o'ziga xos muammo tug'diradi. Ularning hayoliga keladigan birinchi savol “Nega biz hammani yutsak ham mukofot puli olmaymiz, raqibimiz esa har bir yutug'iga oladi?” qabilida bo'ladi. Qolaversa, ular ota-onasidan pul so'rashga iymanadigan yoshga etishgan. Bitta yaxshi butsining narhi falon pul. Qisqasi mukofot puli berilmasligi katta muammo emas, lekin oz miqdorda bo'lsa ham berib turilishi rag'batlantirishning eng oddiy usuli hisoblanadi. Yoshlarda “yaxshi mehnat qilsam xech kimga qaram bo'lmasdan o'zimni eplay olaman” degan tushuncha xosil bo'ladi.

- Ko'plab buyuk klublar haqida gap ketganida, ularning falsafasi haqida ham fikr bildiriladi. Masalan “Barselona”ning o'z falsafasi bor: klub prezidenti yoki bosh murabbiy kim bo'lishidan qatiy nazar, o'yin modeli o'zgarmaydi. SHu boisdan ham klub akademiyasidan chiqqan yoshlar asosiy tarkibga tez kirishib keta oladi. “Bunyodkor”ning ham o'z falsafasi bormi? SHaxsan Mochinovniki-chi?
- Falsafa va yo'nalishni bosh jamoa belgilaydi. Qolganlar esa unga moslashishi lozim. “Bunyodkor” xali yosh klub, xali 10 yoshga ham to'lmadi. Lekin sekin-asta o'z falsafasiga ega bo'lib bormoqda. Bunda bosh murabbiy Mirjalol Qosimovning klub tashkil topgan paytdan beri ishlab kelayotgani muhim o'rin tutadi. Pul bo'lganda ishlashni hamma ham biladi, uning yo'qligida ishni to'g'ri tashkil etish barchaning ham qo'lidan kelmaydi. “Bunyodkor” qisqa vaqt oralig'ida jahon futbol yulduzlarini ham ko'rdi, homiysiz, mablag'siz qolib ketgan paytlari ham bo'ldi. Lekin maqsad va vazifa o'zgarmadi. Jamoani asosiy tarkib to'laligicha tark etishiga qaramay, butunlay boshqa jamoa bilan yana chempion bo'lish tasodif emas, balki ishni to'g'ri yo'lga qo'yishdan darak beradi. Bu mavsum ham iqtisodiy jihatdan engil bo'lmadi. Oylik maosh va mukofot pullari kechikkan paytlar ham bo'ldi. Davralar oralig'ida asosiy tarkibni 5 o'yinchi tark etdi, ularning o'rni asosan yoshlar hisobiga to'ldirildi. Ham chempionlik, ham kubokdan mahrum bo'lishga olib keladigan vaziyatlar ham sodir bo'ldi. Lekin klub raxbariyatining bosh murabbiy bilan hamkorlikda ishni to'g'ri yo'lga qo'yishi o'z samarasini berdi va barcha musobaqalarda shohsupa “Bunyodkor”niki bo'ldi. Jamoalar bu yilga kelibgina o'z bazasiga ega bo'ldilar. Bu yog'iga bosh jamoa – o'rinbosarlar-akdemiya uzviy bog'liqligi klub falsafasini shakllantirib boradi.
Menga kelsak, xali yoshman va o'z falsafamni izlashda davom etmoqdaman. Aniqrog'i, g'oya bor, lekin uni hayotga tadbiq etish yo'llarini axtarmoqdaman.

- Mavsum yakunlariga to'xtalsak. Raqib jamoalardan kimlarni alohida ko'rsatgan bo'lardingiz?

- “Buxoro” jamoasi juda yoqdi. O'zaro o'yindan so'ng bu jamoa nega autsayderlar qatorida yurganini tushunmadim. “Paxtakor” singari kurashuvchan jamoa borligi kishini xursand qiladi. So'nggi turgacha ular erkin nafas olishimizga imkon berishmadi. “Nasaf” esa mavsum nihoyasida bizga yaxshigina saboq berdi. Yani o'yin taqdirini nomlar emas, shijoat va g'alabaga bo'lgan chanqoqlik hal qilishi mumkinligini isbotlab berdi. Birinchilik g'olibi so'nggi turda aniqlangani ham turnir qiziqarli o'tishiga asos yaratdi. Raqobat kuchli bo'lgan palladagina mahorat o'sadi.

- Yoshlar ligasida “Paxtakor” muntazam ravishda g'oliblik uchun kurash olib boradi. Lekin bu yil asosiy raqibingizni uyda ham, safarda ham mag'lub etdingiz. “Paxtakor” kuchsizlanib qoldimi yoki “Bunyodkor” kuchayib ketdimi?

- Men hali ham “Paxtakor” yoshlarini mamlakatdagi eng kuchli jamoa deb bilaman. Klub o'z strategiyasini o'zgartirib, asosiy urg'uni yoshlarga qaratmaganda, bu yil ham “Paxtakor” o'rinbosarlari g'olib bo'lishi aniq edi. Lekin asosiy tarkib yoshlar hisobiga to'ldirilishi, shuningdek mamlakat terma jamoalari asosini paxtakorchilar tashkil etishi va ular xalqaro musobaqalarda Vatanimiz sharafini himoya qilishgani uchun ham, yoshlar tarkibi tez-tez o'zgarib turdi, natijada barqaror o'yin ko'rsata olishmadi. SHunga qaramay so'nggi turgacha chempionlik uchun intilishganinnig o'zi tahsinga loyiq. Boshqacharoq aytadigan bo'lsam, biz chempion bo'lishimizda “Paxtakor” katta turtki bo'ldi. Aynan “Paxtakor” tufayli “Bunyodkor” o'z potencialini namoyon qila oldi.

- Asosiy raqiblarni mag'lub etgan holda, autsayderlarga ochko ulashish. Buning izohi bormi?
- Bor. Yoshlar psixologiyasi. “Paxtakor”ni safarda yirik hisobda yutganimizda, “SHo'rtan” va “Buxoro” bizga cho't emas degan raqibni mensimaslik psixologiyasi. “Ikkala o'yinga ham uchrashuv kuni etib bordik. Olis masofa natijasida organizm charchagan. SHu bois, ortiqcha kuch ishlatmasdan mahorat evaziga yutamiz” degan psixologiya. Biz har qancha urinmaylik, ular o'z qarashlaridan voz kecha olmadilar. Natijada o'zlarini qiyin axvolga solib qo'ydilar. Biz muddatdan avval g'oliblikni qo'lga kiritishimiz mumkin edi. Ammo so'nggi turgacha kurashishga to'g'ri keldi.

- Qarshida 1:5 hisobida mag'lub bo'lingach, chempionlikni hal qiladigan so'nggi o'yinga futbolchilarni tayyorlash qiyin kechmadimi? Ayniqsa ruhiy jihatdan?
- Yo'q. Bizda nima qilib bo'lsa ham g'oliblikni qo'lga kiritish degan vazifaning o'zi yo'q edi. SHuning uchun ularga ortiqcha bosim o'tkazmadik. Umuman mavsum boshida ham chempionlik vazifasi qo'yilmagan edi. Lekin yigitlar musobaqa davomida o'z kuchlariga ishonib bordilar va g'olib bo'lishlari mumkinligini his qildilar. Kerak va mumkin so'zlari orasida katta farq bor. Agar biz boshidan “Kerak!” degan vazifa qo'yganmizda, ular faqat natija uchun o'ynab, o'z potenciallarini to'laligicha ocholmagan bo'lardilar. Asosiy maqsad, yani bosh jamoaga o'tish intiluvchanligi ularning ochilib borishiga hizmat qildi. SHu bois ham so'nggi tur oldidan “Mavsumni chiroyli yakunlashimiz kerak, balki bu bazilar uchun yoshlar tarkibida so'nggi o'yin bo'lar, bosh murabbiy chaqirig'iga ko'ra ular qishki yig'inni asosiy tarkib bilan Dubayda o'tkazar” degan intiluvchi fikrlarni singdirishga harakat qildik. Bu esa o'z samarasini berdi.

- Bu yil turli yoshlardagi horijiy terma jamoalar yurtimizga yig'in o'tkazishga kelishdi va “Bunyodkor” yoshlari bilan ham o'rtoqlik uchrashuvlarida kuch sinashishdi. Bazida bunday uchrashuvlarga yoshlar ligasi bahslari to'g'ri kelib qoldi va ketma-ket 2 martta o'yin o'tkazishga to'g'ri keldi. Bu yoshlarga ortiqcha yuklama bo'lmadimi?

- Biz 2 kun davomida 2 martta o'ynadik. Lekin 1 kunda 2 martta o'ynashga to'g'ri kelganda ham men bajonidil rozi bo'lardim. Yuqorida aytganimdek, yoshlar ligasida har o'yinda yutish vazifasi qo'yilmagandi va biz bazi o'yinlarda zahira o'yinchilari bilan xarakat qildik. Xalqaro o'yinlar esa, o'rtoqlik maqomida bo'lsa ham katta tajriba beradi. Boz ustiga biz o'rtamiyona emas, Jahon chempionati ishtirokchilari bilan kuch sinashdik! SHu boisdan ham Iroq, Eron, Yaponiya terma jamoalari bilan bo'lib o'tgan uchrashuvlar bizga katta tajriba berdi.

- CHempion murabbiyga bu mavsumdan qoniqdingizmi degan savol berish mantiqsiz. Lekin natija birinchi o'ringa chiqmaydigan musobaqada yana nimadan qoniqish mumkin?

- Bajarilgan ishdan. Hosilni ko'rishdan. Bosh jamoaga qabul qilingan har bir o'yinchi bizning yutug'imiz. Iqtidor ko'pchilikda bor. Lekin u ochilmasdan qolib ketishi ham mumkin. Biz ularning ochilishiga qandaydir hissa qo'shgan bo'lsak, o'zimizni baxtli his qilamiz.

- PRO licenziyasiga ega murabbiy yoshlar ligasida g'olib chiqdi. Yani bu bosqich ortda qoldi. Endi bundan yuqori maqsadlarni ko'zlash vaqti kelmadimi?

- Yo'q. Men hali yoshman va o'rganishim lozim bo'lgan narsalar bor. Har bir murabbiy, barcha sovrinlarni yutgan bo'lsa ham, o'tkazgan har bir mavsumi unga saboq bo'lib qoladi va shu orqali tajriba to'playdi. Boz ustiga tarkibi tez o'zgarib turadigan yoshlar ligasida. Kelasi mavsum bizga yangi o'yinchilar qo'shiladi, boshqa xarakter va boshqacha yondashuv bilan. Ular bilan ishlash barobarida biz ham o'z mahoratmizni oshirib boramiz. “Sen kimgadir o'qitayotganingda o'zing ham o'rganib borasan” degan aqida bor. SHu boisdan ham “Men bu bosqichdan o'tdim, endi navbat keyingi bosqichga” degan maqsad yo'q. Men bajonidil o'z joyimda o'z ishimni davom ettiraveraman. Agar biror taklif tushsa – unda o'ylab ko'rishim mumkin.

- Klub bilan tuzilgan shartnoma muddati qachongacha?
- SHartnoma yil oxirida nihoyasiga etadi va men erkin agentga aylanaman (kuladi).

- Unda keyingi rejalar qanday?
- Hozircha bir narsa deyishim qiyin. Tatilda yaxshilab dam olmoqchiman. Keyin klub rahbariyati bilan uchrashaman. O'zaro kelishsak, faoliyatimni davom ettiraman...

Abror IMOMXO'JAEV suhbatlashdi.
Reyting:    

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика