Aleksandr Lobanov: “Paxtakor” bilan o'yinda kamida durangga loyiq edik”
05 apr 2021 11:15
Yangiliklar
Aleksandr Lobanov: “Paxtakor” bilan o'yinda kamida durangga loyiq edik”
Ushbu jamoalar ishtirokidagi o'yinlar doimo muxlislarning diqqat markazida turadi. Ko'pchilik tahmin qilganidek, uchrashuvda “sherlar” g'alaba qozondi. Biroq bahsda mezbonlar tomonidan kiritilgan dastlabki gol munozaralarga sabab bo'ldi. “Metallurg” posboni Aleksandr Lobanov ham uchrashuvdan keyin saytimizga intervyu berish chog'ida, bu vaziyatga to'xtalib o'tdi.
- Aleksandr, avvalo suhbatimizni sobiq jamoangiz bo'lmish “Paxtakor”ga qarshi kechgan o'yindan boshlasak. Uchrashuvda “Metallurg” durang qayd etishi ham mumkin edi. Fikrimizga qo'shilasizmi?
- Albatta, amaldagi chempionga qarshi yomon o'yin ko'rsatmadik deb hisoblayman. Uchrashuvni hamma ko'rdi. Jamoamizga birozgina tajriba etishmasligi pand berdi. Birinchi gol o'yindan tashqari xolatda kiritilgani esa bizni yanada asabiylashtirdi. Afsuski hakamlarning xatolari yakunda mag'lubiyatga uchrashimizga olib keldi.Menimcha kamida durangga loyiq edik.
- Bu yildan boshlab O'zbekiston Coca-Cola Superligasi o'yinlarida hakamlar uchun engillik yaratish tariqasida VAR tizimidan foydalanib kelinmoqda. Bu bo'yicha nima deysiz?
- Fikrimcha bu narsa kerak. CHunki o'zingiz ko'ryapsiz, xuddi “Paxtakor” bilan o'yinimizdagi kabi hakamlar jiddiy xatolarga yo'l qo'ymoqda. Ular haqiqatdan ham adashyaptimi yoki rostan qilyaptimi buni hech bir inson aytib bera olmaydi. Hakam xatodan keyin malum muddatga chetlatilmoqda. Lekin natija baribir qoladi. Ishonasizmi “Paxtakor” bilan durang uchun rahbariyat mukofot puli vada qilgandi. Agarda kamida durang qayd etilganida uyimizga mukofot puli bilan, yaxshi kayfiyatda kirib borardik. Qanot hakamining jiddiy xatosi tufayli bundan quruq qoldik. Endi nima desak ham hech nima o'zgarmaydi. Nazarimda Superliganing har bir o'yinida VARdan foydalanilsa adolatli bo'lardi. Hakamlar xatolarini o'z vaqtida to'g'rilab ketishiga imkoniyat tug'iladi.
- “Metallurg” hozirgacha to'rtta o'yin o'tkazib, shundan uchta bahsda mag'lubiyatga uchradi va bir marotaba g'alaba qozondi xolos. Jamoangizning ushbu muvaffaqiyatsizligi vaqtincha deb hisoblaysizmi?
- Xabaringiz bor, bizda yaqinda bosh murabbiy o'zgardi. SHuningdek murabbiylar shtabida ham ayrim o'zgarishlar yuz berdi. Endi jamoaning o'yin uslubiga ham o'zgartirish kiritilmoqda. Futbolchilar asta-sekin yangi taktikaga moslashib borishi uchun biroz vaqt kerak. Umid qilamanki, keyingi turlardan muxlislarimizni quvontira boshlaymiz. Tabiiyki turnir jadvalidagi o'rnimiz ham yaxshilanib boraveradi.
- Darvoqe, “Metallurg”ning tajribali futbolchisi sifatida jamoada bosh murabbiyning o'zgarishi bo'yicha qanday munosabatda bo'ldingiz?
- Bu - klub prezidentining qarori bo'ldi. Uni ortiqcha muhokama qilish mening vakolatimga kirmaydi. Rahbariyat jamoada nimanidir o'zgartirishni istadi. SHuning uchun bosh murabbiy o'zgardi. Biz futbolchilar har qanday xolatda ham majburiyatimizni bajarishimiz kerak. Jasur Abduraimov ham uzoq vaqt “Paxtakor” murabbiylar shtabida faoliyat yuritib, o'ziga yarasha tajriba orttirdi. Endilikda o'zining falsafasini “Metallurg”da namoyon qiladi.
- “Metallurg”da darvozabonlarni uzoq yillardan buyon shug'ullantirib kelgan Alisher Ahmedov yaqinda jamoa bilan xayrlashdi. Uning o'rnida ish boshlagan Pyotr Gizimchuk bilan ishlash qanday kechmoqda?
- Albatta har bir murabbiyning o'ziga yarasha ishlash uslubi bo'ladi. Ahmedov va Gizimchukning mashg'ulot o'tkazishi, shogirdlarini o'yinga tayyorlashi bo'yicha qarashlari umuman farq qiladi. Biz professionallarmiz va qaysi murabbiy bilan bo'lmasin astoydil ishlab, topshiriqni bajarishimiz kerak.
- “Metallurg” shu kungacha to'rtta o'yinda beshta to'p o'tkazib yubordi. Aytingchi ushbu gollarda o'zingizni qanchalik aybdor his qilasiz?
- O'tkazib yuborilgan gollarda baribir istaysizmi yo'qmi asosiy yuk darvozabonga tushadi. Imkon qadar har bir o'yinda jamoamni gollardan qutqarib qolishga urinaman. Lekin futbol xatolardan xoli emas. Dunyoning manaman degan taniqli posbonlari ham bazida xatoga yo'l qo'ymoqda. Asosiysi xatoni keyinchalik boshqa takrorlamaslik kerak. Bilasizmi har bir o'yinda video-operatorimizga iltimos qilib, uchrashuv tasmasini aynan o'zim ishtirok etgan vaziyatlarni kesib (narezka) berishini va shu orqali o'zim uyda o'yinlarimni ko'rib chiqib, tahlil qilaman.
- Keyingi tur “Metallurg” o'z uyida “Andijon”ga qarshi bahs olib boradi. Bo'lajak uchrashuv haqida nima deysiz?
- Andijonliklar ham imkon qadar ochko bilan qaytishga urinishi aniq. Lekin biz ham o'z maydonimizda muxlislarimizni g'alaba bilan xursan qilishni istaymiz. Uchrashuv jangavor ruhda o'tishi turgan gap. Menimcha birgina gol o'yin taqdirini hal qiladi.
Fikrlar