So’nggi yangiliklar

09:11Goal мундиал фаворитлари рўйхатини янгилади. ТОП-10да ўзгаришлар бор  0 08:45Аморим «Манчестер Юнайтед»да нималарни ўзгартириш кераклигини айтди  1 08:18Sofascore. «Ал Ваҳда» дуранг ўйнади. Ҳожимат Эркиновнинг ҳаракатлари неча баҳога лойиқ кўрилди?  0 07:46Суперлига. Бугун турнинг қизиқарли баҳсига гувоҳ бўламиз  2 03:00Франция. ПСЖ "Тулуза" дарвозасига 3та гол урди  0 03:00Бундеслига. "Бавария" йирик ғалабага эришди, Кейндан хет-трик  0 01:47Арне Слот: "Гвардиоланинг қолишидан хурсанд бўлдим"  0 01:13"Манчестер Сити" Чемпионшипга тушириб юборилса, Пеп жамоада қоладими? Унинг ўзи жавоб берди  2 00:43Флик Левандовскининг оффсайди борасида тушунтириш беришларини сўради  4 00:10Саудия Арабистони. Обамеянгнинг голи "Ал Насср"ни мағлуб қилди, Роналдудан 911-гол  15 23:33Россия. "Рубин" "Акрон"ни йирик ҳисобда мағлуб қилди  1 23:17Рубен Аморим: "Ўзимга, футболчиларга ва клубга ишонаман"  2 22:44Месси Флик "Барселона" бош мураббийи бўлгани ҳақида гапирди  8 22:08"Интер Майами"ни ким бошқариши аниқ  1 21:48Виталий Левченко: "Нефтчи"да ёшлар йўқ? Бунинг учун шароитлар йўқ"   9

Aleksandr Grigoryan: “O'zbekistonda futbolni qanchalik sevishlariga guvoh bo'lganman” Yangiliklar

Aleksandr Grigoryan: “O'zbekistonda futbolni qanchalik sevishlariga guvoh bo'lganman”

O'tgan yilning yoz faslida “Paxtakor” klubini qisqa muddat boshqargan rossiyalik mutaxassis Aleksandr Grigoryan Rossiya birinchi divizioni vakili – “SKA-Energiya” jamoasida ishladi.

Garchi ushbu murabbiy Toshkentda u qadar ko'p vaqt ishlamagan bo'lsa-da, futbolni yaxshi tushunishini hamda o'z ishini sidqidildan bajarishini ko'rsatib bergandi. Faqat ayrim sabablar tufayli u yana yurtiga qaytib ketgandi. O'tgan haftada mazkur mutaxassis bilan suhbatda bo'ldik va bir qator masalalarda muloqot qildik. Tabiiyki, yurtimiz futboli haqida ham gap bordi.

- Aleksandr Vitalevich, agar yodingizda bo'lsa, siz bilan ilgari ham gaplashgandik. O'shanda gazetamizga intervyu bergandingiz. Buni eslaysizmi?
- Ha, esimda. Yana meni yo'qlaganingiz uchun minnatdorman.

- Avvalo, stadion, uning holati va sig'imi haqida gapirib bersangiz?
- Bilasizmi, iqlim sharoitidan kelib chiqqan holda Xabarovskda tabiiy holdagi maydonni saqlab turish juda qiyin masala hisoblanadi. SHuning uchun stadionimiz maydoniga suniy qoplama yotqizishimizga to'g'ri kelgan. Qolaversa, tamirlash ishlarini olib bordik. Mo'jaz arenamizga 10500 nafar tomoshabin sig'adi. Masalan, kuni kecha o'tkazilgan uchrashuvda stadionga salkam 8000 atrofida ishqiboz tashrif buyurdi.  

- Maydonning qoplamasidan ko'nglingiz to'lyaptimi?
- Yuqorida aytib o'tganimdek, maydonimiz qoplamasi suniy. Bunday qoplamali maydonda to'p surish qanday bo'lishi borasida o'zingizda ham etarlicha tasavvur borligiga shubha qilmayman.


- Bilasizmi, stadioningizda sharoitlar yaxshi bo'lsa-da, negadir oxirgi paytlarda tomoshabinlar tashrifi pasayib ketyapti. Bunday muammo nafaqat Rossiya, balki MDHdagi mamlakatlarda ham kuzatilmoqda. Sizningcha, buning sababi nimaga borib taqaladi?
- Garchi klubimiz birinchi ligada ishtirok etsa-da, uy o'yinlarida muxlislar tashrifi bizda u qadar yomon emas. Bilasizmi, boshqa shaharlarda xuddi kechagi o'yinga kirgandek ishqibozlar stadionga kelmaydilar. SHunday arenalar ham borki, o'yin chog'ida mingga yaqin muxlisni kuzatasiz xolos. Lekin nima sababdan odamlarning o'yinga oz kelayotgani sababini sizga tushuntirib bera olmasam kerak. Masalan, o'zim yurtingizda ishlagan paytimda uchrashuvlarni o'tkazish uchun jamoa maydonga tushgan paytda tomoshabinlar ko'pligi ko'zimni quvontirardi. Stadionlarning muxlislar bilan to'lishini O'zbekistonda ko'rganman. Misol uchun, “Olmaliq”qa qarshi o'yin chog'ida mana shunday holat menga juda yoqqandi. “Paxtakor”ning ijrosidagi bahslarga ishqibozlar ko'p tashrif buyurardilar. SHuningdek, Farg'onaning “Neftchi” jamoasi o'ynagan paytda stadionga 20 ming muxlis kirganiga o'zim guvoh bo'lganman. Men uchun bellashuv chog'ida muxlislarning arenanin to'ldirib o'tirishlari juda boshqacha ahamiyat kasb etadi. Zero, futbol mana shunday ishqibozlar bilan yanada jozibali ko'rinadi.

- Aleksandr Vitalevich, “SKA-Energiya” klubi bilan qancha muddatga shartnoma imzolagansiz? Kelajakdagi rejalaringiz bilan o'rtoqlasha olasizmi?
- SKA-Energiya bilan imzolagan shartnomam yana bir necha kundan so'ng nihoyasiga etadi. Aniqroq aytsam, 31 may kuni jamoa bilan tuzgan bitim poyoniga etishi kerak. Albatta, mavsum og'ir o'tganiga qaramasdan, o'rtadagi hamkorlikni uzaytirish masalasida muzokaralar boshlab yuborilgan. Aytishim kerakki, kechagi uchrashuvdan so'ng aksariyat futbolchilar uylariga qaytganlar. Axir Uzoq SHarqda ishlash oson emas. O'yinchilar qatori endi men ham bir necha kun hordiq chiqarmoqchiman. SHundan keyin o'rtadagi kelishuv borasida rahbariyat bilan bafurja gaplashib olaman.

- Ayting-chi, Uzoq SHarqda ishlashning eng murakkab jihatlari nimalardan iborat?
- Avvalo iqlim sharoiti, so'ngra vaqt borasidagi tafovut kishiga o'ng'aysizliklar tug'dirishi mumkinligini aytmoqchiman. Masalan, safardagi o'yinni o'tkazish uchun yo'l olganingizda bu juda seziladi. Uzoq SHarqda kechki soat 18.00 bo'lgan paytda uchrashuvni o'tkazish uchun markaziy mintaqaga borib qolsangiz o'rtadagi farq naqd 7 soatni tashkil etadi. Bu esa sizga o'z tasirini ko'rsatmasdan qolmaydi. Tasavvur qilyapsizmi, bunday paytda bahsni yarim tunda o'tkazgan bo'lasiz! Bu esa kishi organizmga o'z tasirini o'tkazmasdan qolmaydi. SHundoq ham futbol kishidan katta jismoniy kuch va chidamni talab qiladigan o'yindir. Xullas, bunday bosimga dosh berish oson emas.


- Bilasizmi, jamoangiz xoh uyda, xoh safarda bo'lsin, kuchli klublarga qarshi yaxshi o'yin ko'rsatadi va ochkolarni qo'lga kiritadi. Ajablanarlisi, nisbatan kuchsiz klublar bilan bellashgan paytda buning aksini kuzatish mumkin. Murabbiy sifatida bir-biriga zid bo'lgan bunday holatni qanday baholaysiz?
- Gapingizda jon bor. “SKA-Energiya” kuchli raqiblarga qarshi o'zini tayyorlaydi. Musobaqa jadvalining quyi pog'onalaridan joy olgan jamoalar bilan to'qnash keladigan bo'lsa, negadir o'yinchilar xotirjamlikka berilib ketadilar. Aynan shuning evaziga nisbatan kuchsiz raqiblar bizdan ochko tortib oldilar. Futbolda esa har qanday raqibga doim munosib hozirlik ko'rish darkor. Biroq negadir o'yinchilarning hammasi ham buni negadir etiborga olmaydilar. Vaholanki, murabbiy sifatida ixtiyorimga topshirilgan klubni uchrashuvlarga qay darajada tayyorlash kerakligini yaxshi bilaman. Ammo kishining tabiatini o'zgartirish amrimahol.

- Jamoangiz qayd etayotgan natijalarga nazar tashlar ekanman, 2:0, 1:1, 0:0 hisoblari tez-tez kuzatilganiga guvoh bo'ldim. Etiborlisi, SKAda yirik g'alaba yoki yirik hisobdagi mag'lubiyat deyarli yo'q...
- Klubimiz o'yinni himoyaga urg'u bergan holda olib bormaydi. Biz uyda yoki safarda bo'lsin, himoyaga biqinib olishni yoqtirmaymiz. Ammo jamoamizning himoyachilari va darvozaboni o'z ishini yaxshi bajaradilar. Hujumchilarimiz ham noliydigan darajada emaslar. Ammo futbolda har doim ham yirik yoki gollarga boy natijalarni ko'rsatish har kimga ham nasib etavermaydi. Aftidan, xavfli vaziyatlardan imkon qadar samarali foydalanish borasida oqsayotgan bo'lsak kerak. Masalan, 1:1 hisobida nihoyasiga etgan uchrashuvlarni bemalol g'alaba bilan tugatishimiz ham hech gap emasdi.

- Futbolda o'yinchilarning ovqatlanishlariga alohida etibor qaratiladi. Aytingchi, jamoangizda ularning eb-ichishini nazorat qiladigan alohida mutaxassis ishlaydimi? Kishini tetiklashtiruvchi quvvatbaxsh ichimliklar borasidagi qarashlaringiz haqida bilmoqchiman.
- Gapingiz rost, futbolda o'yinchilarning ovqatlanishi katta ahamiyat kasb etadigan omillardan biri hisoblanadi. SHu soha odami bo'lganim bois bunday jihatga befarq qarab tura olmayman. Masalan, vataningizda ishlab yurgan paytlarimda ham o'yinchilarning taomnomasi bilan qiziqardim. Qolaversa, o'yinchilarga quvvat bag'ishlaydigan egulik va ichimlariklarning ahamiyati o'zgacha. Futbolchilar kundalik hayotini rejimga asosan tashkil qiladilar. Mutaxassis sifatida kechki soat 18.00 dan keyin bajariladigan mashqlarga qarshiman. O'zbekistonda ishlab yurganimda bunday paytda havo harorati yuqori bo'ladi. Sizlarda faqat ertalabki salqinda mashq qilish mumkin. O'yinlarni quyosh botib, havo tafti pasaygandan keyin o'tkazish maqsadga muvofiq. Bu bilan men maslahat bermoqchi emasman, shunchaki, o'z qarashlarimdan kelib chqqan holda fikr bildiryapman xolos.. Issiq havoda mashq qilish yoki o'yin o'tkazish oson emas. Bunday paytda shak-shubhasiz, bir qancha omillar qatori futbolchilarning emoq-ichmog'i ham alohida ahamiyatga ega. Axir mashg'ulot yoki o'yin chog'ida sarflangan quvvatning o'rnini faqat to'g'ri ovqatlanish bilan to'ldirish mumkin. Futbol – juda murakkab o'yin. U kishidan chidam, matonat va katta jismoniy kuchni talab qiladi. SHunday ekan, bunday omillarga ilmiy nuqtai nazaradan yondashish maqsadga muvofiq. Zamonaviy futbolda esa mazkur masalaga allaqaon shu nuqtai nazardan qarash urfga aylanib ulgurgan. SHuning uchun o'yinchilar maydonga tushish oldidan qorinlarining och-to'qligiga etibor qaratishlari zarur. To'q qoringa o'ynab bo'lmagani kabi futbolchi ochiqqan holatda ham tushmasligi kerak.   

- Futbolda kutilmagan holatlar tez-tez uchrab turadi: simulyaciya, jarohat, penalti belgilanishi, hakamlarning noto'g'ri qaror qabul qilishlari va hokazo. Bunday holatlar bilan kurashishning maqul yo'li bormi?
- To'g'ridan-to'g'ri siz sanab o'tgan holatlar bilan kurashishning iloji yo'q. Masalan, o'zimdan kelib chiqib aytadigan bo'lsam, qo'l ostimdagi jamoada to'p surayotgan o'yinchilarni bahslarga tayyorlash chog'ida mug'ombirlik ishlatish yaxshi emasligini, har qanday raqibga qarshi bor kuch-quvvatini ishga solgan holda kurashishlari kerakligini va shuning bilan birga ularni hurmat qilishlarini alohida etkazishga harakat qilaman. Ularni o'yinlarga tayyorlar ekanman, futbol sportning yakka kurashlari emasligini tushuntiraman. Axir bu o'yin boks yoki kurashdan keskin farqlanadi. Qolaversa, shogirdlarimdan bahs chog'ida ularni ruhiy muvozanatdan chiqarmoqchi bo'lgan raqiblarining hiylalariga aldanib qolmaslikni so'rayman. Hakamlar bilan bog'liq holatlarda ham qo'l ostimdagi futbolchilardan noto'g'ri qaror qabul qilingan paytda qiziqqonlik qilgancha extiroslarga zo'r bermasliklarini tushuntiraman. Balki ular tomonidan qabul qilingan qaror jamoangizga qimmatga tushishi ham mumkindir, lekin maydonda hakamlar bilan tortishish yaxshi oqibatlarga olib kelmasligini yoddan chiqarmaslik zarur. To'g'ri, adolatsizlik shundoq ko'rinib turgan paytda og'izga tosh solib olgandek jim turish ham yarashmaydi. Bu bilan nima demoqchi ekanligimni o'zingiz ham tushunib turgan bo'lsangiz kerak.  

- Futbol ichidagi odam bo'lganingiz uchun sizdan bir narsani so'ramoqchiman: oxirgi yillarda videotakrorlardan foydalanish masalasi dolzarb ahamiyat kasb etgan. Bu borada bahs-munozaralar hamon davom etib keladi. Murabbiy sifatida videotakrorlardan foydalanish masalasiga qanday qaraysiz?
- Bu masala borasidagi qarashlarim ijobiy. Axir har bir holatda adolatli bo'lish kerak. O'yin chog'ida muhokama qilinishi to'g'ri kelib qoladigan murakkab vaziyatga faqat videotakrorlarni diqqat bilan kuzatish yordamida xolis baho berish mumkin. Uning yordamida odilona qarorga kelsa bo'ladi. Agar o'zingiz ham diqqat bilan kuzatib borayotgan bo'lsangiz, nafaqat futbolda, balki sportning boshqa bir qancha turlarida ham videotakrorlardan foydalanish o'ziga xos urfga aylanganini ko'rib turgan bo'lsangiz kerak. Boz ustiga vaziyatga bunday yondashish orqali futboldagi korrupciyaga sezilarli darajada barham berishning iloji topiladi.  

- Yuqorida o'zingiz Uzoq SHarqda futbol o'ynash naqadar qiyin ekanligini aytib o'tdingiz. Iqlim sharoitidan kelib chiqqan holda Xabarovsk o'lkasida kech kuzdan boshlab havo sovushga tushadi. Hatto erta bahorda ham erdan qor ketmaydi. Aytingchi, shunday sharoitda qo'l ostingizdagi shogirdlaringizni o'yinlarga tayyorlash va undan keyin tiklanish jarayonlarini qanday yo'l bilan hal qilasiz?
- Bilasizmi, bu juda uzoq muhoqama qilinadigan mavzu. Darhaqiqat, gapingiz rost. Iqlim sharoitidan kelib chiqqan holda aksariyat uchrashuvlarni ko'pincha sovuq havoda o'tkazishimizga to'g'ri keladi. Masalan, havo harorati -14 darajani ko'rsatgan paytda ham uch bor maydonga tushishimizga to'g'ri keldi. Yuqorida aytib o'tganimdek, iqlim o'yinchilarga o'z tasirini o'tkazmasdan qolmaydi. Futbolchilarning qahraton sovuq va jazirama issiq havoda ham maydonga tushishlariga to'g'ri keladi. Tabiiyki, bunday holatda ularni navbatdagi o'yinga tayyorlash qarshingizda qo'shimcha muammolarni tug'dirmasdan qolmaydi. Lekin inson tabiatan har qanday sharoitga ko'nikib ketaveradi. Rossiya – bepoyon o'lka. Undagi iqlim ham o'ziga yarasha. Uzoq SHarq, Ural, Ural orti va markaziy mintaqada to'p surishning o'ziga yarasha murakkab jihatlari bor. 


- 2018 yili Rossiya jahon chempionatiga mezbonlik qiladi. Aytingchi, Rossiyadan tashqari o'zingiz yoqtirgan boshqa terma jamoa va klublar ham bormi?
- Tabiiyki, terma jamoalar orasida Rossiyani doim birinchi o'ringa qo'yib kelaman. Klublarga kelsak, bolalik chog'imda Erevanning “Ararat” jamoasiga muxlislik qilardim. Aytishim kerakki, professional murabbiy sifatida faoliyatimni erta boshlaganim bois keyinchalik faqat o'z ishim bilan andarmon bo'lib qolganimdan so'ng bunday qiziqishlarga etiborim pasayib ketgan. SHuni ishonch bilan takidlashim mumkinki, professional murabbiylarning aksariyat qismi bu masalada xuddi men kabi fikr bildirsa kerak. CHunki murabbiyning ixtiyoriga o'zi boshqarayotgan jamoa bo'ladi. Qisqasi, murabbiylarning bunga vaqti qolmaydi. Murabbiy o'z ishini qilishi kerak yoki buni yig'ishtirib, muxlislar qatoridan joy olishi darkor. Albatta, biz murabbiylar boshqa klublarni ham kuzatib boramiz. Lekin buni kasbimiz taqozosi yuzasidan amalga oshiramiz. Masalan, shaxsan menga Dortmundning “Borussiya” klubi namoyish etadigan o'yin o'ziga tortadi. SHuningdek, Gvardiolaning “Bavariya”da olib borgan ishini kuzatish o'zimga yoqqanini aytib o'tishim darkor. Diqqat qiling: men u boshqargan “Barselona”ni emas, “Bavariya” haqida gapiryapman. SHundoq ham uning “Barsa”da olib borgan fantastik ishini hamma yaxshi biladi. Lekin Gvardiola “Bavariya”da ishlash chog'ida nemischa ruhga o'zidan nimanidir qo'sha oldi.   

- Aleksandr Vitalevich, murabbiylarning bir jamoada uzoq qolib ishlashi har doim ham kuzatilavermaydi. Bir klubda uzoq ishlagan mutaxassislar barmoq bilan sanarli darajada. Bu bilan nima demoqchiman? Kasbimiz taqozosiga ko'ra aksariyat hamkasblaringiz bergan intervyulari bilan tanishib boramiz. Ularning ko'pchiligi bu masalada shunday fikrdalar: murabbiy bugun ishga tayinlangan bo'lsa, ertaga istefoga chiqarib yuborilishi mumkinligini bilishi kerak. Agar sir bo'lmasa aytingchi, yurtimizdagi klublardan biri sizga ishlash taklifi yuborsa, qanday javob qaytargan bo'lardingiz?   
- Bilasizmi, meni ko'proq qiyin vaziyatga tushib qolgan klublarda ishlash qiziqtiradi. Masalan, SKA mana shunday holatni boshdan kechirayotgan paytda rahbariyat menga klubni birinchi ligada olib qolish haqidagi taklif bilan chiqdi. Meni qiyin holatdagi jamoani yaxshi saviyaga olib chiqish ko'proq qiziqtiradi.

- “Paxtakor”dan ketib SKAda ish boshlagan paytingizda jamoa ligadagi o'rnini saqlab qolish uchun kurashardi. Demak, yuqoridagi gapingizdan kelib chiqqan holda fikr yuritadigan bo'lsak, xabarovskliklarning taklifini shuning uchun qabul qilgan ekansiz-da?
- Ha, shunday desa ham bo'laveradi. Asosiysi, klubda ish boshlaganimdan ko'p o'tmay musobaqa jadvalidagi xavfli hududdan sezilarli darajada uzoqlashishga erishdik. Murabbiylar shtabi vakillari bilan SKAning o'yinini yo'lga qo'yib olganimiz o'z navbatida jamoa ishqibozlarini quvontirmasdan qolmadi. To'g'ri, futbolda birov sizga ochkolarni qo'sh-qo'llab topshirib qo'ymaydi. Ochkolarga ega chiqish uchun avvalo jamoangizning o'yinini kuchaytirishingiz kerak bo'ladi.  

- O'zbekiston terma jamoasining sobiq o'yinchilari – Vladimir SHishelov va Andrey Akopyancni bilasizmi?
- 2010 yili “Nijniy Novgorod”da bosh murabbiy sifatida ishlab yurgan paytimda Andrey Akopyanc jamoada o'ynardi. O'shanda biz birinchi ligada 3-o'rinni egallaganmiz. Akopyanc jamoaning yarim himoya chizig'i markazi va qanotlarida o'ynay olardi. Uni yaxshi eslayman. Malakali futbolchi edi.

- O'zbekiston yoshlar terma jamoasida iqtidorli o'yinchilar ko'p. Ulardan birini o'z jamoangizda ko'rishni istagan bo'larmidingiz?
- Bu masala birinchi navbatda rahbariyatning fikriga bog'liq. Murabbiy sifatida shuni aytishim mumkinki, agar futbolchi chindan ham qobilyatli va o'z ishiin yoqtiradigan bo'lsa, jon deb boshqarayotgan klubimga qabul qilishga tayyorman. Men “Paxtakor”da ishlab yurgan kezlarimda “Lokomotiv” va boshqa klublardagi o'yinchilaringizni diqqat bilan kuzatardim. Yurtingizda iqtidorli futbolchilar talaygina. Asosiysi, sizlarda intizom masalasi ham ijobiy ko'rinish olgan. Bunday ijrochilar bilan har qanday murakkab vazifalarni bajarsa bo'ladi.

- Bo'lajak rejalaringiz qanday?
- Keling, bu savolingizni javobsiz qoldiray. CHunki men irim-sirimlarga va ko'z tegishiga ishonadigan odamman. Uzr, meni to'g'ri tushunasiz deb o'ylayman.

- Baribir bilish qiziq: shu bo'yi birinchi liga bahslari kuzda boshlanadi. Unga qadar esa qiziqarli takliflar kelib tushishi ehtimoldan holi emas...
- Yuqorida ham aytdim, klub bilan tuzgan shartnomam 31 mayda nihoyasiga etadi. SHundan keyin SKA bilan hamkorlikni davom ettirish yoki tamomlash masalasini ko'rib chiqaman. Unga qadar esa murakkab kechgan mavsumdan so'ng 4-5 kun yaxshilab dam olmoqchiman.


SHuhratbek JO'RAEV suhbatlashdi.

Reyting: +5   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика