So’nggi yangiliklar

21:53"Ал Ҳилол" Неймардан қутулиш ҳақида ўйламоқда  6 21:36Қатар термаси Ўзбекистонга қарши ЖЧ саралашидан ўрин олган ўйин учун қайдномасини эълон қилди  6 21:00ОЧЛ 2. "Насаф" ўз майдонида Иордания клубига мағлуб бўлди ва гуруҳдан чиқиш имкониятини камайтириб юборди  232 20:47Россия кубоги. "Рубин" ва ЦСКА ўзаро баҳс олиб боришмоқда. Файзуллаев ва Раҳмоналиев асосий таркибда (онлайн ҳисоб)  0 20:10Англия премьер-лигасида энг кўп маошни қайси футболчилар олади? Салоҳ 4-ўринда  7 19:45Расман: Григорий Колосовский - "Локомотив" бош мураббийи  14 19:25Алексей Евстафеев: "Ҳозирги ҳолатимизда бир очко биз учун кам"  1 19:10Ҳаким Фузайлов: "Мавсум охири бўлишига қарамай, йигитлар охиригача курашишди"  0 18:28МЮ 70 миллион еврога сотиб олган футболчи умумий машғулотларга қўшилди  1 17:50Про лига. "Қўқон-1912" "Олимпик-MobiUz"ни мағлуб этди ва плей-оффга йўлланма олди  2 17:45"Лилль" ҳужумчиси ЕЧЛда грандлар кушандасига айланмоқда  1 17:25"Барселона"нинг юлдузли таркибидан кимларни танидингиз?  38 17:10Қатар МТЖ футболчиси: "Ўзбекистон биздан аламини олмоқчи"  19 16:55Про лига. "Дўстлик" - "Хоразм" учрашувида дуранг қайд этилди   1 16:48Анчелотти Фергюссонга етиб олди  2

Afsonalar. CHili yulduzi - Ivan Samorano Yangiliklar

Afsonalar. CHili yulduzi - Ivan Samorano

Bugun jahon chempionatining “V” guruhida 1-tur uchrashuvlari bo'lib o'tadi.
Kuyaba shahridagi “Arena Pantanal” shahrida CHili va Avstraliya terma jamoalari o'zaro bahs olib borishadi. “Afsonalar” rukni ostida CHili futboli yulduzlaridan biri Ivan Samorano haqida fikr yuritamiz.

Malumot uchun:
To'liq ismi: Ivan Luis Samorano Samora
1967 yil 18 yanvarda tug'ilgan
Fuqaroligi: CHili
Bo'yi: 178 sm
Ampluasi: hujumchi
Laqabi: Ivan Grozniy, Bam-Bam

Ivan Samorano CHili futboli tarixidagi eng yaxshi hujumchilardan biri hisoblanadi. Unda chililiklar Marselo Salas va Elias Figeroa bilan bir qatorga qo'yishadi. Samorano futbolchilik faoliyati mobaynida Ispaniya va Meksika chempionligini, CHili, Ispaniya superkubogini, shuningdek UEFA Kubogini qo'lga kiritgan. CHili Kubogi, Ispaniya va SHveycariya chempionatida bir necha bor to'purar deb topilgan, qolaversa, Olimpiada o'yinlarida ham to'purarlik qobiliyatini namoyish etgan. Bundan tashqari bir marta o'z mamlakatining “Eng yaxshi futbolchisi” deb topilgan.

Samorano CHili poytaxtida tug'ilib o'sgan bo'lishiga qaramay, poytaxt klublari etiborini hech torta olmagan. Taqdir uni CHilining shimoliga qarab etaklaydi. U futbol o'ynash maqsadida 20 ming aholi istiqomat qiladigan konchilar shahriga yo'l oladi va ikkinchi ligada qatnashayotgan “Kobre Andino” bilan shartnoma tuzadi. Bir yil vaqtini ikkinchi ligada o'tkazgan qahramonimiz tezda ko'zga tashlanadi va oliy ligada ishtirok etayotgan “Kobresal” murabbiylari etiboriga tushadi. Bu jamoa o'rtamiyona futbolchilardan iborat bo'lgani uchun oltin medallarga davo qilolmasdi. SHunga qaramay, Samorano ketma-ket gollar urishni qoyillatadi. Keyinchalik uni “Kobresal” arzimagan pul evaziga SHveycariyaning “Sent-Gallen” klubiga sotib yuboradi.



Evropaga yo'l olgan futbolchi qisqa vaqt ichida SHveycariyada o'zini ko'rsatadi. U yangi klubi safida 54 uchrashuvda maydonga tushib, 36ta gol uradi. Bunday ko'rsatkichni u atigi ikki mavsum ichida qayd etadi. Endi Ivanni boshqalar ham taniy boshlaydi va shu zahoti Ispaniyaning “Sevilya” jamoasidan taklif tushadi. Keyingi ikki yilni “Sevilya”da o'tkazgan Samorano 56 uchrashuvda qatnashib, raqiblar darvozasini 22 bor ishg'ol qiladi. Hujumchining Ispaniyadagi ajoyib o'yini va gollariga mahliyo bo'lib qolgan “Real” rasmiy taklif bilan chiqib chililik to'purarni o'z safiga qo'shib oladi.

“Real”ga o'tish orzuning ushalishi degani edi. Ivan madridliklar bilan Ispaniya chempionligini qo'lga kiritadi, Kubokda zafar quchadi. U “Real” safida to'rt mavsum to'p tepib, jami 81ta gol urishga muvaffaq bo'lgan. “Real” muxlislari uni tezda yoqtirib qolishadi va “Ivan Grozniy” degan laqabni berishadi. 1994-95 yilgi mavsum arafasida “Real”ning o'sha paytdagi murabbbiyi Xorxe Valdano hujumchini sotib yubormoqchi bo'ladi, biroq oxirida bu fikridan qaytib yana jamoasida olib qoladi. O'sha mavsum chililik futbolchi murabbiy ishonchini oqlab 28ta gol urishga erishadi.

Bu paytda taniqli yulduzlarni xarid qilish orqali nom qozongan Massimo Moratti tuni bilan bezovtalanib chiqayotgandi. Uning tushiga mudom Samorano tomonidan urilgan gollar kirayotgandi. Nihoyat tush haqiqatga aylanib, Samorano Milanning “Inter” klubiga ko'chib o'tadi. O'shanda “Inter”ning hujum chizig'ida Samorano - Nvankvo Kanu - Yuriy Jorkaeff uchligi to'p surardi. “Ivan Grozniy” Milanga ko'chib o'tgach, o'sha yilning o'zidayoq jamoasi bilan UEFA Kubogi finaliga etib boradi. Biroq hal qiluvchi bahsda “Inter” penaltilar seriyasida “SHalke 04”ga yutqazib qo'yadi. Italyan OAV shu zahoti bosh aybdor sifatida Samoranoni ko'rsatadi, uni penalti tepa olmaslikda ayblashadi. Qolaversa, chempionat davomida atigi ettita gol urganini ham qistirib o'tishadi.



“Men Samorano penalti tepayotganda uzoqdan yugurib kelsa to'pni har doim darvozabondan chap tomonga tepishini bilardim” degandi o'yindan keyin “SHalke” posboni Yens Lemann. Natijadan qoniqmagan Moratti keyingi mavsumdayoq “Barselona”dan juda katta pul evaziga braziliyalik Ronaldoni sotib oladi. Ronaldo kelgach, Samorano zaxiraga mixlanadi. Bundan tashqari, 9-raqamli futbolkani kim kiyishi borasida o'zaro bahs-munozaralar boshlanib ketadi. Ivanning yoshi katta bo'lgani uchun 9-raqamni mavsum oxirigacha kiyadi, lekin yangi chempionat oldidan baribir Ronaldoga topshiradi.

Ronaldo kelganidan so'ng chililik hujumchi asosiy tarkibdagi o'rnini yo'qotib qo'ygan bo'lsa-da, o'z ustida ishlashdan to'xtamaydi va ajoyib gollari bilan “Inter”ning UEFA Kubogida g'olib chiqishida o'z hissasini qo'shadi. Moskvaning “Spartak” klubi bilan kechgan yarim final bahsida va “Lacio”ga qarshi final o'yinida u gollar urib jamoasi yutug'iga katta ulush qo'shadi. Samorano 31 yoshida dastlabki xalqaro sovrinni yutadi.



Samorano CHili termasi safida ham o'zini ko'rsata olgan. 1998 yil Franciyada o'tkazilgan jahon chempionatida Marselos Salas bilan birgalikda ajoyib hujum juftligini hosil qilgandi. Ivan mundial paytida Italiya va Avstriya darvozasiga bittadan to'p kiritadi. Saralash bahslarida esa Salas - Samorano juftligi jami 23ta gol urishga muvaffaq bo'lgan. U terma jamoada ilk bor 20 yoshida maydonga tushgan.

Samorano futbolchilik paytida murabbiylar bilan deyarli tortishmagan. U har doim o'zini professional sifatida tutgan. Qolaversa, matbuot bilan ham doim yaxshi munosabatda bo'lgan. Samorano faoliyati mobaynida doim 9-raqamli libosda to'p surgan. Faqat “Inter”ga Ronaldo kelganidan so'ng klub rahbariyatining qistovi bilan “9”ni Ronaldoga berishga majbur bo'lgan, o'zi esa “18”ni olib, bir bilan sakkiz orasiga plyusni qo'shib qo'ygan: 1+8=9.

2000 yil Sidneyda o'tkazilgan Olimpiada o'yinlarida qatnashgan Ivan Samorano 6ta goli bilan musobaqa to'purari bo'ladi. O'sha musobaqada CHili termasi yarim finalda bo'lajak chempion Kamerunga yutqazib, uchinchi o'rin bilan cheklanadi.

X.Xoliqov tayyorladi.
Reyting:    

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика