So’nggi yangiliklar

13:16Родри Пеп ва Симеоне ўртасидаги фарқни айтди  0 12:11"Реал" 11 ойдан бери "Бернабеу"да 15 млн. евро даромад келтириши кутилаётган бар-ресторанни очолмаяпти  0 11:39Пети: "Анчелотти ва яна бир неча футболчилар Мбаппе "Реал"га ўтишини хоҳламаганига ишончим комил"  13 10:54Аморимнинг МЮдаги илк трансфери бразилиялик футболчи бўлиши мумкин  1 10:20Кейн Холландга тегишли бўлган Бундеслига рекордини янгилади  2 09:47Лунин А Серияга кўчиб ўтиши мумкин  1 09:11Goal мундиал фаворитлари рўйхатини янгилади. ТОП-10да ўзгаришлар бор  6 08:45Аморим «Манчестер Юнайтед»да нималарни ўзгартириш кераклигини айтди  1 08:18Sofascore. «Ал Ваҳда» дуранг ўйнади. Ҳожимат Эркиновнинг ҳаракатлари неча баҳога лойиқ кўрилди?  3 07:46Суперлига. Бугун турнинг қизиқарли баҳсига гувоҳ бўламиз  5 03:00Франция. ПСЖ "Тулуза" дарвозасига 3та гол урди  0 03:00Бундеслига. "Бавария" йирик ғалабага эришди, Кейндан хет-трик  0 01:47Арне Слот: "Гвардиоланинг қолишидан хурсанд бўлдим"  0 01:13"Манчестер Сити" Чемпионшипга тушириб юборилса, Пеп жамоада қоладими? Унинг ўзи жавоб берди  2 00:43Флик Левандовскининг оффсайди борасида тушунтириш беришларини сўради  7

Abduhamidullo Rasulov: "Futbol o'ynaganimda hakamlar bilan ko'p bahslashardim" Yangiliklar

Abduhamidullo Rasulov: "Futbol o'ynaganimda hakamlar bilan ko'p bahslashardim"

Osiyoning besh karra eng yaxshi referisi Ravshan Ermatovning bugungi darajasiga etishishida ustoz va murabbiylari, o'zining harakati hamda istedodidan tashqari maydondagi yordamchilarining ham o'rni, roli katta.

Ularning to'g'ri qaror chiqarishi natijasida Ermatov brigadasiga yuqori baho qo'yilmoqda va bu brigadaga eng masuliyatli o'yinlar ishonib topshirilyapti. Quyida etiboringizga Ravshan Ermatovning qanotdagi yordamchisi, “SHuhrat” medali sohibi Abduhamidullo Rasulov bilan uyushtirgan suhbatimizni havola qilamiz.

- Abduhamidullo aka, siz bilan erta tongda suhbatlashyapmiz. SHaxsan siz tongni qanday o'tkazasiz, kun tartibiga rioya qilasizmi?
- Har bir sportchida bo'lgani kabi men ham tongni badantarbiya mashg'ulotlarini bajarish orqali qarshi olaman. Oila azolarim bilan bir dasturxon atrofida nonushta qilamiz. Notushtadan keyin hamma o'z ishi va yumushiga otlanadi. Farzandlarimni bog'cha va maktabga olib borish mening zimmamda. SHundan so'ng sobiq “Yoshlik” stadioni (sobiq “Start”)ga to'laqonli mashg'ulotlarni o'tkazish uchun yo'l olaman. Ko'pincha mashg'ulotlarni Ravshan Ermatov bilan birga o'tkazamiz. Bu borada bizga murabbiylarimiz yordam berishadi. Ular asosan jismoniy tayyorgarlik bo'yicha yordam berishadi. Hakamlarning mashg'uloti futbolchilarnikidan biroz farq qiladi. Futbolchilar raqibga qarab murabbiylar shtabi tomonidan ishlab chiqilgan taktika asosida mashg'ulotlarni o'tkazishadi. Bizda asosan jismoniy tayyorgarlikka etibor qaratiladi. Hakamlik qiladigan jamoalarimiz, undagi futbolchilarni esa nazariy mashg'ulotimizda o'rganib, tahlil qilamiz.


- Hakamlikka o'tishingizdan avval xuddi Ravshan Ermatov kabi siz ham futbol o'ynagansiz. Keling, o'quvchilarimizga shu haqida ham gapirib bersangiz.
- Futbolga kirib kelishimga Ravshan Ermatovning dadasi Sayfiddin Ermatov sababchi bo'lganlar. Uyimizga yaqin hududda sobiq Ostrovskiy bog'i bo'lardi. SHu bog' hududidagi maydonda mahalladagi tengqurlarimiz bilan to'p tepib yurardik. SHu o'yinlarimizga kuzatib yurgan Sayfiddin aka o'zlari “Paxtakor” futbol maktabiga olib borganlar. SHu tariqa, Ravshan ikkimiz professional tarzda futbol bilan shug'ullana boshladik. Bir jamoada o'ynadik.

- Malumki, Ravshan Ermatov 15 yoshidayoq o'sha paytda 1-liga jamoasi bo'lgan “G'azalkent” asosiy tarkibida o'ynagan. Ermatov har ikki qanot yarim himoyasida birdek o'ynay olgan. Siz qaysi chiziqda harakat qilgansiz?
- Men tayanch yarim himoyachisi poziciyasida o'ynardim. Keyin bazida murabbiylarimiz vaziyatdan kelib chiqib o'ng qanotga ham qo'yishardi.

- Futbolchilikni tashlab, hakamlikka o'tishingizga nima sabab bo'ldi?
- Ravshanda bo'lgani kabi menga ham jarohat pand bergan. 1993 yili jiddiy jarohat olishim natijasida tizzamni operaciya qildirganman. SHunga qaramay, yana 5-6 yil futbol o'ynadim. Lekin baribir jarohat o'z tasirini o'tkazmay qolmadi. SHundan so'ng O'zbekiston Davlat jismoniy tarbiya institutiga o'qishga kirdim. 1997 yili mening oldimda ikkita yo'l turgandi. Yoki murabbiylikni faoliyatini boshlash yo bo'lmasa hakamlik. SHu ikki kasbdan birini tanlashim kerak edi. Bu holatda ham murabbiyim Sayfiddin Ermatov yordam keldilar. Aniqrog'i, u kishi hakamlik qilishim va bu sohada yutuqlarga erishishimga ko'zlari etayotganini aytdilar. Ochig'i, o'zim futbol o'ynab yurgan paytlarimda nuqul hakamlar bilan ko'p bahslashardim. SHuni inobatga olib, Sayfiddin akaga mendan hakam chiqmasa kerak, o'zim hakamlar bilan juda ko'p bahslashardim, deb aytdim. To'g'risi, mendan hakam chiqishiga ishonmasdim. SHunda murabbiyim qo'limga hushtakni berib, qani hakamlik qilib ko'rchi, agar o'zingga yoqsa, hakamlik faoliyatini boshlaysan, maqul kelmasa murabbiylik yo'lidan ketasan, dedilar. Yoshlar jamoalari o'rtasidagi o'yinda hakamlik qildim. Muvaffaqiyatli chiqadi, deb sira o'ylamagandim. Hakamlik sohasi menga juda yoqib qoldi va o'zim uchun bir paytlar yoqmagan kasbdagi faoliyatim boshlandi. Hakamlarga qanchalik qiyin ekanligini tushunib etdim. Boshlanishiga bosh hakam vazifasini bajardim, keyin yordamchi hakam sifatida faoliyatim davom etdi. Malumki, 2008 yilgacha yon hakamlar ham bosh hakam vazifasini bajarishi mumkin edi. Masalan, bugun referi assistenti vazifasini bajarsam, keyingi o'yinda bosh hakam sifatida jamoalarni maydonga boshlab tushardim. 2008 yildan bu ikki hakamlik alohida yo'nalish sifatida shakllandi. SHunda men qanot hakamligini tanladim.


- Nisbatan bosh hakam sifatida tanilish osonroq. Nima uchun aynan qanot hakamligini tanladingiz?
- Yordamchi hakam sifatida ham tanilishingiz mumkin. Maydondagi masuliyat uchchala hakamga ham birdek tushadi. Yordamchi hakamlarning majburiyati bosh hakamnikiga nisbatan kamroq bo'ladi, degan tushuncha noto'g'ri. SHunday holatlar bo'ladiki, siz chiqargan qaror uchrashuv taqdirini belgilab beradi. Bunday vaziyatlar juda ko'p bo'lgan. 2010 yilgi jahon chempionatida Ravshan Ermatov brigadasi boshqargan o'yinda xuddi shunday holat yuz bergandi. O'shanda Rafael Ilyasov chiqargan qaror tufayli o'zbekistonlik hakamlar brigadasiga bo'lgan ishonch ortib ketgan edi.   

- So'nggi paytlarda, xususan O'zbekiston chempionatida ham jarima maydonchasi ichida qo'l bilan o'ynash natijasida ko'plab bahsli penaltilar belgilanyapti. Siz FIFA referisisiz. FIFA tomonidan o'tkaziladigan seminarlarda bundan holatlarga qattiqqo'lroq munosabatda bo'lish, oddiy holatda ham 11 metrli jarima zarbalarini belgilayvermaslik bo'yicha sizlarga ko'rsatmalar berilyaptimi?   
- Haqiqatan ham, bunday holatlar so'nggi paytlarda juda ko'p uchrayapti. Seminarlarda bu kabi vaziyatlarga alohida to'xtalinadi. Disklarga tushirilgan o'yinlardagi ko'plab shunga o'xshash vaziyatlar tahlil qilinadi. Endi to'pni qo'lga tabiiy holatda kelib tegishi bor. Bunda futbolchi qo'lidan olib qochishga ulgurmaydi. SHunday holatlarda ham penalti belgilayotgan vaziyatlar uchrab turadi. Bahs-munozaralar shundan kelib chiqyapti. Agar futbolchi atayin darvoza tomon ketayotgan to'pni qaytarib qolsa, unda yuz foizlik jarima zarbasi belgilanadi.

- Qanot hakami ham penalti belgilay oladimi?
- Belgilay oladi. SHunday vaziyatlar bo'ladiki, jarima maydonchasidagi holat bosh hakamdan ko'ra yon hakamga yaxshiroq ko'rinadi. Futbolchi bosh hakamning ko'rishiga halaqit berib qolishi mumkin yoki referi vaziyatdan uzoqroqda bo'ladi. Bunday holatlarda yon hakamning qarori va ko'rsatmasi birinchi o'ringa chiqadi.  


- Futboldagi bahsli holatlarda video takrorlardan foydalanish kerakli mavzu ham juda keng muhokama qilindi. Bu borada shaxsiy fikringiz qanday?
- Bugungi kunda futbol juda ham tezlashib ketdi. Tabiiyki, bunday hollarda hakamlar uchun qaror qabul qilish biroz mushkullashadi. Qo'shimcha texnik vositalar esa hakamlarning ishini qaysidir manoda engillashtiradi. Mana Angliyada to'pning darvoza chizig'ini kesib o'tgan yoki o'tmaganligini ko'rsatib beruvchi moslamadan foydalanish yo'lga qo'yildi. Bu o'z mevasini berishni ham boshladi. To'p chiziqni kesib o'tgan paytlarda gol inobatga olinmagan holatlar ko'payib ketgandi. Buning natijasida terma jamoalar, klublar aziyat chekayotgandi. Yodingizda bo'lsa, JCH-2014 saralashi doirasidagi Eronga qarshi “Jar” stadionida o'tkazilgan uchrashuvda Odil Ahmedovning goli inobatga olinmagandi. Yangi texnologiya natijasida bunday ko'ngilsiz holatlarning oldi olinadi. Afsuski, hozircha bu texnologiyalardan hamma davlatlarda ham va hamma musobaqalarda ham foydalanishning imkoni yo'q. Endi video takrorga keladigan bo'lsak, shaxsan men bunga qarshiman. CHunki, buning natijasida futbolning jozibasi yo'qoladi. Har bir bahsli holat uchun o'yinni to'xtatib, video takrorga murojaat qilinaversa, o'yinning jozibasi qolmaydi. Qolaversa, uchrashuv vaqti ham cho'zilib ketadi. Futbol dunyoda birinchi raqamli sport turi. Bugungi kunda bu sport turini millionlab emas, milliardlab insonlar tomosha qilishyapti. Xokkeyga o'xshab o'yin davomida video takrorlarni tomosha qilishga vaqt sarflash futbolga xos holat emas. To'g'ri, futbol xatolardan holi emas. Kim ham xato qilmaydi. Murabbiy yoki futbolchilarda xato yo'qmi? Xato qilishdan hech kim kafolatlanmagan. Messi, Ronaldu kabi futbol yulduzlari ham xatoga yo'l qo'yishadi. Yaqin masofadan yoki penaltidan gol ura olishmaydi. Bu ham futbolning bir bo'lagi. Masalan bir o'yinda 40ta qoida buzilishi qayd etilsa, shundan 2-3tasida hakam o'zi istamagan holda noto'g'ri qaror chiqarishi mumkin. Bu bugungi jadal suratlarda rivojlanayotgan va yuqori tezlikka ega bo'lib borayotgan futbolimiz uchun normal holat bo'lsa kerak. To'p 50-60 metr masofaga ikki soniya ichida etib boradi. Hakam ana shu tezlikka monand qaror qabul qilishi kerak. SHu o'rinda muxlislar ham tezda qaror chiqarmasdan, biroz mulohaza yuritishlarini istardim.


- O'tgan yili Braziliyada o'tkazilgan jahon chempionati sizning faoliyatingizdagi eng yorqin damlar bo'ldi. O'sha mundialda Ravshan Ermatov JCHning jami 9ta uchrashuvida hakamlik qilib, bu boradagi dunyo rekordini yangiladi. SHaxsan siz uchun qaysi o'yinlar alohida yodda qolardi bo'ldi?
- Men uchun har bir uchrashuv qadrli. Jahon chempionati o'yinimi, o'zimizning milliy chempionat uchrashuvimi, buning ahamiyati men uchun bir xil. Barcha o'yinlarga katta tayyorgarlik ko'ramiz. Endi albatta, har bir hakam uchun jahon chempionati bu orzudagi musobaqa. Unda ishtirok etishni xohlamagan hakam bo'lmasa kerak. Maydonga chiqishdan avval Vatan shani, uning obro'sini o'ylaysiz. Birgina yo'l qo'yadigan xatoingiz tufayli sizning mamlakatingiz futboli, hakamligi haqida salbiy fikrlar bildirilishi mumkin. Bu juda katta masuliyat va javobgarlikni talab qiladi. Keyin maydonga tushgan paytda stadiondagi muxlislarga etibor qaratmaymiz. Aks holda 60-70 ming muxlisning hayajoni bosib ketadi. Yuqorida aytdim, men uchun har bir uchrashuvning ahamiyati yuqori. Lekin JCH-2014da boshqargan eng so'nggi o'yinimiz - Gollandiya - Kosta-Rika uchrashuvini alohida takidlab o'tgan bo'lardim. Jahon chempionati kashfiyoti bo'lgan Kosta-Rika terma jamoasi 4ta bo'lim davomida gollandlarga munosib tarzda qarshilik ko'rsatgandi. O'sha o'yin g'olibi asosiy vaqtda aniqlanmagan va qo'shimcha bo'limlargacha cho'zilgandi.

- Final o'yinini o'zbekistonlik hakamlar boshqarishini juda ko'pchilik kutgandi. Lekin FIFA hakamlar qo'mitasining qarori bunday bo'lmadi. O'sha paytda sizlarda tushkun holat yuzaga kelmadimi?
- Finalni Rozetti boshchiligidagi italiyalik hakamlar brigadasi boshqardi. Finalga Evropaning ikki terma jamoasi chiqqanidan keyin siz aytgandek, ko'pchilik mutaxassislar final o'yinini aynan Ravshan Ermatov brigadasi boshqaradi, degan fikrlarni bildira boshlagandi. Lekin FIFA hakamlar qo'mitasining qarori bunday bo'lib chiqmadi. Bundan ko'pam hafa bo'lmadik. Hali oldinda Rossiyada o'tkaziladigan jahon chempionati bor. Nasib qilsa, o'sha mundialda final o'yinini boshqararmiz.

- FIFA va OFK bayrog'i ostidagi nufuzli o'yinlarni boshqarib kelganinglardan keyin o'zimizning ichki chempionat uchrashuvlariga tayyorgarlik ko'rishda hotirjamlikka berilish holatlari kuzatilmaydimi?   
- Yo'q. Yuqorida ham aytdim, biz har bir uchrashuvga alohida tayyorgarlik ko'ramiz. O'yin tanlash holatlari bizda umuman yo'q. Bir xilda yondashamiz. Har bir o'ynimizdan keyin uchrashuv diskini qayta ko'rib chiqib, tahlil qilamiz. Qaerda xatolikka yo'l qo'ydik, nohaq penalti belgiladikmi yoki sariq kartochkani noto'g'ri berdikmi, degan savollarga javob izlaymiz. Bu o'yinni boshqardim, bo'ldi endi keyingisiga tayyorlanaman, degan narsa yo'q. Har bir boshqargan o'yinimiz qayta muhokama qilinadi. Xatoimiz bo'lsa, keyingi o'yinlarda takrorlamaslikka harakat qilamiz.


- Farzandlaringizning sportchi bo'lishini istarmidingiz?
- Sanatda bo'lgani kabi sportning ham nonin eyish qiyin. Endi farzandlarim o'zlari istagan sohani tanlashlari uchun imkoniyat yaratib berganman. Agar futbolni tanlashsa, bundan xursand bo'laman. To'ng'ich o'g'lim Umarjon hozirda futbol maktabiga boryapti. Futbolchi bo'lish istagida. Katta qizim esa gimnastika bilan shug'ullanyapti. Qaysi sohani tanlashmasin, yurtimizga foydasi tegadigan insonlar bo'lib voyaga etishlarini chin dildan xohlayman.

- Kuni kecha 1 oktyabr - O'qituvchi va murabbiylar kunini keng nishonladik. SHu o'rinda ustoz va murabbiylaringizga tilaklaring bo'lsa, bildirishingiz mumkin.
- Fursatdan foydalanib, barcha ustozlarimga minnatdorchilik bildiraman. SHu darajaga etishimda ularning xissalari juda katta. Maktabda ilk alifboni o'rgatib, to'g'ri yo'l ko'rsatgan ustozlarimga, O'zbekiston Davlat jismoniy tarbiya institutida tahsil bergan murabbiylarimga, futbolchilik va hakamlik faoliyatimda menga shu soha sir-asrorlarini o'rgatgan insonlarga tashakkur izhor qilaman. Hech qachon kasal bo'lishmasin. Murabbiylik mashaqqatli va shu bilan birga sharafli kasb. Ana shu zaxmatli yo'lda hormay, tolmay mehnat qilishlari va shu mehnatlari rohatini shogirdlari kamoloti orqali ko'rib yurishlarini chin dildan istayman.

Kamoliddin ALIMOV suhbatlashdi 

Reyting: +3   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика