So’nggi yangiliklar

23:11"Арсенал" ҳужумчи борасида яна Италия клубига мурожаат қилди  0 22:44Мбаппе Франция клубининг бошқарув акциялари пакетини сотиб олади  0 21:55"Насаф" яна бир трансфер ҳақида эълон қилди  4 21:35"Арсенал" 45 млн. еврога ҳимоячи сотиб олди  2 21:23Клейди Даци - ОКМК футболчиси  4 21:14"Фулхэм" 34 млн. фунт эвазига "Арсенал" футболчисини сотиб олади  1 20:45"Барселона" футболчиси "Ал Ҳилол" таклифини рад этди  1 20:14Абдураимов "Нефтчи"га ўтди  2 20:00"BMW" Мбаппега машина совға қилди, лекин...  4 19:39ЎФА Остон Ўрунов ўрнига бошқа футболчини жалб этиш бўйича сўров юборди  35 19:36"Кейлор Навас — "Монца" футболчиси!"  4 19:16"Комо" "Бавария"нинг ёш иқтидори билан шартнома имзолади  1 18:55ФИФА "Қизилқум" клубига нисбатан белгиланган трансфер тақиқини олиб ташлади  2 18:34"Сурхон" собиқ устози Баҳрайннинг 5 карра чемпиони бош мураббийи бўлди  6 18:17Илгиз Танташев бригадаси Олимпиада 3-турида ишлайди  4

A Seriya tarixidagi eng yosh chempion-murabbiy Yangiliklar

A Seriya tarixidagi eng yosh chempion-murabbiy

Arpad Veysning tarixi - bu faqatgina 20 asrning birinchi yarmidagi buyuk murabbiy haqidagi hikoya emas. Uning ismi 60 yil davomida nohaq yoddan chiqarilgan edi.

Bunga sabab, avvaliga, fashist rejimi oldidagi qo'rquv, Ikkinchi Jahon urushidan keyin esa o'sha paytdagi ayanchli voqealarni eslashni istashmagan. Bugungi kunda 1927 yil Bolonyada barpo etilgan “Renato Dal-Ara” stadionida (o'tgan asrning birinchi yarmida u “Litoriale” deb atalgan) Arpad Veysning qisqacha biografiyasi aks etgan yodgorlik taxtasi bor. Bu yodgorlik Benito Mussolini otliq haykali joyiga o'rnatilgan. Bundan 15 yil avval “Arpad Veys kim edi?” degan savolga 10tadan 9ta odam javob bera olmasdi. Biroq 2003 yil bir italiyalik jurnalist surishtiruv o'tkazdi. Natijada A Seriyaning eng yaxshi murabbiylaridan birining nomi abadiylashtirildi.

“Guerin Sportivo” jurnalining bosh muharriri Matteo Marani 2 yil davomida Evropani kezib, Italiyaning uch karra chempioni haqida malumot izladi. Ammo "pichoqqa ilinadigan" hech narsa topolmadi. Marani bu ishga nuqta qo'ymoqchi bo'ldi, lekin o'sha onda Arpad Veys o'g'lining maktabdagi do'stini uchratib qoldi. SHundan so'ng, Matteoning hamma ishi o'ngidan kela boshladi. 2007 yil Marani 10dan ortiq shaharlarga borib, anchagina insonlar bilan uchrashdi va kerakli malumot, hujjat va rasmlarni qo'lga kiritdi. Jurnalist tez orada “Skudettodan Osvencimgacha” nomli kitobini chop etdi.

Arpad Veys — Italiya futbolidagi noyob va afsonaviy shaxs. U kalchoga qanchalik ahamiyatli ekanini bilish uchun uning yutuqlarini sanashning o'zi kifoya:

— Italiyaning uch karra chempioni;

— A Seriya tarixidagi eng yosh chempion-murabbiy — 34 yosh edi;

— A Seriyaning ikki klubida chempionlik maqomiga erishgan birinchi murabbiy: “Ambroziana” va “Bolonya”;

— Uning rahbarligi ostida Italiya klubi Angliya klubini ilk bor mag'lub etgan .

Keling, yaxshisi bular haqida bafurja so'zlab beramiz.

Italiya tomon yo'l

Arpad Veys 1896 yil 16 aprel kuni SHolt (o'sha payt Avstro-Vengriyaga edi) shahrida tavallud topgan. U bolaligidan futbol bilan shug'ullangan, lekin professional darajada 23 yoshida debyut qilgan. Bunchalik kech boshlashiga sabab tizzasida xronik kasalligi bo'lgan. Veysning birinchi klubi “Terekvesh” edi. U erda to'rt yil faoliyat yuritdi. SHundan so'ng uni Vengriya termasiga chaqirishdi. Biroq Arpadning tizzasidagi og'riq ko'pincha unga pand berdi. SHuning uchun termaning atigi 6ta o'yinida ishtirok eta oldi, xolos. Veysni 1924 yilgi Olimpiadaga ham chaqirishdi, lekin u maydonga tushgani yo'q.

O'yinchi 1923 yil CHexoslovakiyaga bordi va Brno shahrining “Makkabi” klubi bilan shartnoma imzoladi. Biroq u oz fursatdan keyin klubdan ketdi: o'sha yillarda futbolchilar 20-30 kishi bo'lib, kuchli chempionatlarni tomosha qilishga borishardi. Kunlardan bir kuni u ham shunday chempionatlardan birini ko'rishga bordi va “Padova” rahbariyatining etiboriga tushdi. Bir yildan so'ng esa Milanning “Inter” klubiga o'tdi. Bazi sabablar tufayli klub nomi o'sha payt “Ambroziana” deb atalgan. Lekin muxlislar uni baribir “Inter” deyishgan.

Veys Juzeppe Meaccani kashf qildi

Veys “Ambroziana”ning bir nechta o'yinida ishtirok etdi. Bir yildan keyin, 1925/1926 yilgi mavsumda tizzasini sindirib oldi va faoliyatini butunlay yakunladi. Arpad Veysning Italiyadagi o'yinlar soni 20taga ham etib bormadi.

U o'yinchilik faoliyatini yakunlagan bo'lsa-da, futbol sohasidan ketgani yo'q. 1926 yil yozda murabbiy bo'lib uchun Janubiy Amerikaga tahsil olishga jo'nab ketdi. Arpad Argentina va Urugvay bo'ylab sayohat qildi. 6 oydan so'ng Italiyaga qaytdi va “Alessandriya” bosh murabbiyiga yordamchi bo'ldi. O'z ishini endigina boshlagan yosh yigitni “Ambroziana”da bosh murabbiylik lavozimiga taklif qilishdi. O'shanda u 31 yoshda edi.

1927 yil iyul. Milan jamoasi Komo shahrida bo'lib o'tadigan mavsumoldi turniriga tayyorgarlik ko'rayotgan edi. Veys tarkibni iloji boricha yosh o'yinchilar bilan to'ldirishga harakat qildi. O'shanda u 17 yoshli Juzeppe Meaccaga nima uchun katta etibor bergani haligacha tushunarsiz. To'g'ri, u yoshlar jamoasida uch yildan beri to'p tepardi. Lekin jussasi juda kichik, atigi 40 kg edi. Malumotlarga qaraganda, o'sha turnir oldidan asosiy futbolchining tobi qochib, isitmasi yuqori bo'lgan. SHuning uchun bahsda ishtirok eta olmagan. Veys o'shanda eng oxirida Meaccani chaqirgan va jamoaga olishga qaror qilgan ekan. Juzeppeni mashhur filgan “o'q” laqabini unga aynan Veys aytgandi. Meacca “Milaneze”ga qarshi bahsda debyut qildi va birinchi o'yindayoq dubl qilishga muvaffaq bo'ldi. Final hushtagidan so'ng Veys kiyinish xonasiga kirib, shunday deb baqirdi: “Endi bu Balilla (italyanchadan tarjima qilganda “o'q” degan manoni anglatadi) — asosiy tarkib o'yinchisi”.

Meaccaning noyob qobiliyatini payqagan murabbiy u bilan ishlab, uni yulduzga qilishga kirishdi. Masalan, to'pni soatlab devorga otish, to'p devorga har tekkanida oyoqlarni almashtirib turishga majbur qilardi. Agar to'p erga tushib ketsa, sekundomerni boshidan yoqib, yana qaytadan shug'ullantirar edi. Aynan shu yo'l bilan Veys yosh o'yinchini chidamli qilib, texnikasini oshirardi.

1929/1930 yilgi mavsum Arpad Veys va Juzeppe Meacca “Ambroziana” tarkibida A Seriyada g'olib chiqishdi. Bu Italiya chempionatining yangi formatdagi birinchi mavsumi edi: ikki doira uchrashuvlari o'tkazilgan va viloyatlarga ajratilmagan. Meacca 31ta gol urib, eng yaxshi to'purar bo'ldi, 34 yoshli Veys esa — Italiyaning eng yosh chempion-murabbiyi bo'lgan. O'sha vaqtlar mamlakatning Milliy fashistlar partiyasi tarkibiga o'yinchilarni saralash ishlari olib borilayotgan edi. SHu bilan birga, “Mehnat Xartiyasi” qonuni ham kuchga kirgandi.

Bolonya afsonasi

“Ambroziana” Skudettoni qo'lga kiritganidan so'ng, Italiya klublari orasida “Yuventus” peshqadamlikni qo'lga oldi. Keyingi 5 yil davomida turinliklar hech kimni chempionlikka yaqinlashtirmadi. Lekin 1935/1936 yilgi mavsumda “Bolonya” Turin klubi bilan raqobatni boshladi. Bosh murabbiy esa Arpad Veys edi.
O'sha payt u mamlakatdagi eng yaxshi murabbiylardan biri edi. SHuningdek, uning shaxsiy hayotida ham hammasi alo darajada edi: turmush o'rtog'i Ilona bilan bir o'g'il va bir qiz farzandli bo'lishdi. “Bolonya” rahbariyati ham uning oilasiga har tomonlama yordam berib turdi.

1934 yil “Bolonya” prezidenti Renato Dal-Ara bo'ldi. U klub tarixidagi eng asosiy insonlardan biri hisoblanadi. Aslida Renato futbol sohasida faoliyat yuritishni istamagan, fashist partiyasi azolari buyrug'iga binoan prezident bo'lgan: ularga rad javobini berishga jazm qila olmagan. Lekin shu tasodifdan so'ng klubning eng gullagan davri boshlandi. Aynan yangi prezident jamoaga Arpad Veysni taklif qilgan. Dal-Ara insonlarni tanlashda adashmasdi: u yurist edi va uzoq yillar davomida advokat bo'lib ishlagan. U vengriyalik bilan birinchi uchrashuvdan so'ng, bu lavozim uchun Arpaddan yaxshirog'ini topolmasligini tushungan.

“Bolonya” birinchi mavsumdayoq Italiya chempionatida g'oliblikni qo'lga kiritdi. Jamoa etakchisi — JCH-1934 qahramoni, klubning afsonaviy o'yinchisi Anjelo Skyavio edi. U finalda hal qiluvchi golni urgan. O'sha g'alabadan so'ng Arpad tarixda qoldi: Italiyaning ikki klubida A Seriya g'olibi bo'lgan birinchi murabbiy bo'ldi. Bir yildan keyin “Bolonya” yana chempion bo'ldi. SHundan so'ng, “Bolonya”ni Parijdagi xalqaro turnirga taklif qilishdi. “Sosho” va Praganing “Slaviya”sini ortda qoldirgan Veys shogirdlari finalda Londonning “CHelsi” klubi bilan to'qnash kelishdi. Ularni 4:1 hisobda mag'lub etishdi. Italiyaliklar ana o'shanda anliyaliklar ustidan ilk bor g'alaba qozongan edilar.

Fashist dahshatlari

Ammo bir yildan so'ng ayanchli hodisa ro'y berdi: Milliy fashist partiyasi 1933 yildan keyin mamlakatga kelgan yahudiylarni ish bilan taminlash mumkinmasligi va talim olishiga ruxsat berilmasligi haqida qonun joriy qildi. Ular zudlik bilan Italiyadan chiqib ketishlari lozim edi. Lekin yana biroz vaqtdan so'ng Mussolini qonunga o'zgartirish kiritib, 1933 yilni 1919 yilga almashtirdi. Sportda erishgan barcha yutuq va xizmatlariga qaramay, Arpad Veys oilasi bilan ushbu ro'yxatga tushib qoldi. Murabbiy oilasi bilan Urugvay yoki Argentinaga ketishi mumkin edi, lekin negadir boshqa yo'lni tanladi: Franciya. Bu juda katta xato bo'ldi.

Arpad u erda uch oy davomida ham ish topa olmadi. Oilasi qashshoqlashib qoldi: deyarli barcha mablag'i Italiyada qolib ketgandi. Veys ayoli hamda bolalari bilan Gollandiyaga jo'nab ketdi. Nihoyat, o'sha erda ish topishga muvaffaq bo'ldi. 1938 yil kuzda Veys “Dordrext”ning bosh murabbiyi lavozimida faoliyatini davom ettira boshladi. Keyingi ikki yil uning murabbiylik faoliyatidagi so'nggi yillar bo'ldi. Bu vaqt ichida u “Dordrext”ni ajoyib va kuchli jamoaga aylantirdi. Hattoki, ular kuchli “Feyenoord” ustidan ham g'alaba qozonishdi. Lekin fojeali voqea — Ikkinchi Jahon urushi boshlandi.

Niderlandiyaliklar 5 kun ichida taslim bo'lishdi. 1940 yil mayda mamlakatda nemis hokimiyati o'rnatildi. Yahudiylarning hayoti butkul o'zgarib ketdi. Sentyabrda yahudiylarga ishga joylashish, ommaviy joylarda yurish, pochtadan foydalanish va boshqa ko'plab narsalar man etildi. Veys oilasi bilan u erdan qochmoqchi bo'ldi. Bu borada “Dordrext” rahbariyatiga moddiy tomondan yordam berishini so'rab, murojaat qildi. Biroq unga rad javobini berishdi. O'sha vaqtlarda Arpad hayotini xavf ostiga qo'yib butalar orasiga yashirinardi va sevimli jamoasining o'yinlarini tomosha qilar edi. U bu ishni 1942 yil 7 avgust — uning uyiga askarlar kelgunga qadar qildi.

Veys va uning oilasini hibsga olib, Vesterbork koncentracion lageriga jo'natishdi. Ikki oy o'tib esa Osvencimga yuborishdi. Arpad xotini, 12 yoshli o'g'li Roberto va 8 yoshli qizi Klarani so'nggi marotaba lagerda ko'radi. Keyin ularni Birkenauga olib ketishadi. Ikki kundan so'ng Ilona, farzandlari va boshqa yahudiylarni gazlangan xonaga qamab qo'yishadi. Osvencim mahbuslari kamdan-kam hollarda 4 oydan ko'proq yashardi. Lekin mashaqqatli mehnat va og'ir sharoitga qaramay, Veys 16 oy yashadi. Bu vaqt ichida uning faqat tanasi ishladi, miyasi emas: turmush o'rtog'i va farzandlari vafot etganini eshitib, aqldan ozgan edi. 1944 yil 31 yanvar kuni Evropaning eng yaxshi murabbiylaridan biri olamdan o'tdi.

Hozirda Arpad Veys xotirasiga Bolonyada har yili yoshlar o'rtasida turnir o'tkaziladi. 31 yanvarda esa Italiya klublari uni turlicha xotirlaydilar: bir daqiqa sukut saqlab, keyin Osvencim haqidagi hujjatli filmlarni tomosha qiladilar.

“O'yinchilar muhabbatiga jismoniy kuch bilan emas, balki ularga mehr berish orqali erishish lozim. Futbolchilar ruhiyatiga ijobiy tasir ko'rsata olmaydigan murabbiylarga achinish kerak”, — Arpad Veys.


Nozima Zaripova tarjimasi

Reyting: +17   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика