15 km masofaga piyoda qatnagan, stadionni to'p solinadigan qopda tark etgan hamda "Bunyodkor"dan pulini undirolmay, Gulnora Karimovadan ko'mak so'ragan Rivaldo Qirg'iz Respublikasida futbol o'ynadi
01 sen 2023 01:41
Yangiliklar
15 km masofaga piyoda qatnagan, stadionni to'p solinadigan qopda tark etgan hamda "Bunyodkor"dan pulini undirolmay, Gulnora Karimovadan ko'mak so'ragan Rivaldo Qirg'iz Respublikasida futbol o'ynadi
O'zbek futbol ishqibozlari uchun begona bo'lmagan braziliyalik afsonaviy o'yinchi — Rivaldo ayni damda qo'shni mamlakat — Qirg'iz Respublikasida bo'lib turibdi. Kecha u harakat qilgan "Barselona" afsonalari jamoasi Markaziy Osiyo afsonalariga qarshi maydonga tushdi. SHu munosabat bilan, "Bunyodkor" sobiq futbolchisining hayot yo'li haqida hikoya qilmoqchimiz.
Rivaldo Vitor Borba Ferreira 1972 yilning 19 aprelida Braziliyaning Pernambuku shtatidagi Resife shahrida kambag'al oilada tavallud topgan.
Bo'lajak yulduz uchun ochlik begona emasdi. To'yib ovqat emagani sababli uning tishlari erta to'kila boshlaydi. Oyoqlari esa kamon singari ingichka edi. Umuman olganda, futbolchi o'sha davrlar haqida gapirishni yoqtirmaydi, bu tishlari yoki kelib chiqishidan emas, balki og'ir damlarni eslashni istamaganligidan dalolat beradi.
Rivaldo bolalikdan ishlashga majbur edi, u uyi yaqinidagi plyajda kun davomida sayyohlarga esdalik sovg'alari sotardi, kechqurun esa do'stlari bilan futbol o'ynardi. Ikki aka va ikki singilga ega Rivaldolar oilasi qashshoqlikdan aziyat chekardi.
Uning dastlabki qahramoni Ziko edi.
Men hech qachon u kabi zo'r futbolchi bo'laman deb o'ylamagandim. Ilk bor 10 yoshimda Zikoni televizorda ko'rganman.
Taqdirning ayanchli zarbalariga qaramay, otasi Romildo unga ishonch bildirgan. Braziliyada professional futbolchi bo'lish — qashshoqlikdan qutulishning yagona yo'li.
Otam hamisha uch aka-ukadan birimiz futbolchi bo'lishimizni orzu qilardi. U buni ko'ra olmadi, biroq bu men uchun futbolga o'zimni bag'ishlashga hamda otam orzusini hayotda amalga oshirishga turtki bo'ldi. Otam mening eng yaqin muxlisim edi. O'yin vaqti kimdir men bilan janjallashsa, yalang'och holatda meni himoya qilgani maydonga tushmoqchi bo'lardi.
Rivaldo 16 yoshida "Paulistano" klubi bilan ilk professional shartnomasini imzolaydi, ammo taqdirning yana bir shafqatsiz zarbasiga duch keladi: uning otasi avtobus urib ketishi natijasida halok bo'ldi. SHundan so'ng, yigitcha futbolni butunlay tark etmoqchi bo'ladi va bir oy davomida maydonga yaqin yo'lamaydi. Ammo uni onasi fikridan qaytardi.
"Endi taslim bo'lishga haqqing yo'q. Otangning orzusini ro'yobga chiqarishing kerak", deya yolvorgan onasi.
Otam bilan 16 yil birga bo'ldim. Bu qisqa vaqt bo'lishiga qaramay, uning menga o'rnak bo'lishi uchun etarli muddat edi. Otamdan menga katta meros qoldi, chunki uning nasihatlariga quloq solganman. Uning o'gitlarini tinglash menga yoqardi. Ahvolimiz shu qadar og'ir ediki, otam bilan birga suratga tusholmaganman... Otam vafotidan so'ng onamni, aka-uka, opa-singillarimni tashlab, "jangga otlandim". Men o'zimni to'laqonli ravishda mashg'ulotlarga baxshida qildim, har kuni nimanidir ko'proq va yanada ko'proq o'rganishni xohlardim.
Rivaldoning mashg'ulotlarga qatnashga puli hamisha etavermasdi, shu bois u 15 km masofani piyoda bosib o'tishga majbur bo'lgan.
Faoliyatini “Santa-Kruz”da boshlagan Rivaldo boshida asosiy tarkibga kirishib keta olmadi. Keyin esa quyi divizionning “Moji-Mirim” jamoasiga ko'chib o'tadi. O'sha erda o'zini xar tomonlama ko'rsata olgan yosh futbolchi “Korintians” skautlari nazariga tushadi va o'sha jamoa safiga borib qo'shiladi.
“Santa-Kruz” va “Moji-Mirim” jamoalarida to'p tepib yurgan kezlarimda, mendan yaxshi futbolchi chiqmasligini aytishardi. Hech kim menga ishonmasdi. Lekin bundan tushkunlikka tushmasdim.
"Moji-Mirim" libosida "Noroest"ga qarshi o'yinda gol urganimdan keyin mashhurlikka erisha boshladim. Adashmasam, o'sha kun 1993 yilning 18 apreli edi. SHundan so'ng barcha gazetalarda mening ismim chiqa boshladi.
1994 yil hujumkor yarim himoyachi "Korintians"ga ko'chib o'tdi. Transfer avvalroq azaliy raqib jamoalaridan birida Rivaldo "Korintians" darvozasiga uch bor to'p kiritgan. Jamoaga kelgach, u eski voqealarni unutmagan bazi muxlislar taqibiga duch keladi. Hatto sheriklari futbolchini muxlislar ushlab olmasligi uchun uni bir necha bor to'plar solinadigan qopga yashirib, mashina orqali stadionni tark etishida yordam bergan.
Futbolchining keyingi jamoasi esa “Palmeyras” bo'ladi. U jamoa safida 50 dan ortiq gol kiritib, Braziliya chempioni bo'lishiga yordam bergan. 1993–1994 yillarda u nufuzli Placar Magazine nashri tomonidan o'z poziciyaisda eng yaxshi futbolchi bo'lgani uchun Bola de Ouro sovrini bilan taqdirlangan.
1996 yil Italiyaning "Parma" klubi 2,5 million evro evaziga Rivaldoni sotib olmoqchi bo'ladi. Biroq Olimpiya o'yinlarida bronza medali sohibiga aylangan Braziliya futbolchilari tanqid ostida qoladi. Ayniqsa, yarim finalda Nigeriyaga mag'lubiyatga uchralgan bahsda Rivaldo maydon markazida to'pni oldirib qo'yadi, natijada raqib jamoa to'p kiritadi. Ko'pchilik ishqibozlar mag'lubiyatda asosiy aybni Rivaldoning bo'yniga ilishadi. Nizolardan so'ng futbolchi Italiyani emas, Ispaniyani tanlashni afzal ko'radi va "Deportivo" safiga qo'shiladi. U klubda bir mavsum o'ynaganiga qaramay, 41 o'yinda 21 ta gol urib, La Liga to'purarlari jadvalida to'rtinchi o'rindan joy oladi, klub esa turnir jadvalida uchinchi o'rinni egallaydi.
O'zimni yaxshi his qilishim uchun odamlarning men haqimda aytgan so'zlariga tayanishni xohlamayman. Menga shunchaki futbol o'ynash yoqadi.
"Barselona" 1997 yil jamoani tark etgan Ronaldo o'rniga boshqa braziliyalik Rivaldoni o'z safiga qo'shib oldi va "Deportivo"ga o'sha davr uchun katta summa hisoblangan 26 mln dollar to'ladi. Ammo u bu pulga arzirli ekanligini isbotladi.
Ispaniyaga kelganimda, odamlar meni kayf-safoga beriladigan qiyofada tasavvur qilishdi. Bu boshqa o'yinchilarga tegishli bo'lishi mumkin, ammo men uchun yot narsa. Men borimni oilamga bag'ishlayman. Intizomni yaxshi ko'raman. Endi ular Rivaldoning kimligini va o'z majburiyatlarimni bajarayotganligimni bilishadi. "Barselona" dunyoning eng yaxshi jamoalaridan biri. Bunday jamoada o'z o'yiningizni ko'rsatish imkoniyati ko'proq bo'ladi.
"Barselona"dagi birinchi mavsumida Rivaldo 34 o'yinda 19 ta gol urib, to'purarlikda ikkinchi bo'ldi. "Barselona" La Liga va Ispaniya kubogini qo'lga kiritdi. 1999 yilda u "Barselona" bilan yana bir La Liga chempionligini qo'lga kiritdi va 24 ta gol bilan yana liganing ikkinchi to'purari bo'ldi. 1999 yilda Rivaldo FIFA talqini bo'yicha dunyoning eng yaxshi futbolchisi deb topildi va "Oltin to'p" bilan mukofotlandi.
Men hamisha dunyoning eng yaxshi futbolchisi bo'lishni orzu qilardim. Imkonsiz narsaning o'zi yo'q.
"Barselona"dagi uchinchi mavsumida Rivaldo chap qanotda emas, balki pleymeyker sifatida o'ynashni talab qiladi, shu bois murabbiy Lui van Gal bilan kelishmovchilik yuzaga keldi. Munosabatlar keskin bo'lsa ham, Rivaldo CHempionlar ligasida 10 ta gol urishga muvaffaq bo'ldi, klub esa yarim finalga qadar etib bordi. Van Gal 2000 yilning iyun oyida istefoga chiqarildi.
Menga Van Gaal yoqmaydi, ishonchim komilki, u ham meni yoqtirmaydi.
Keyingi mavsumda Rivaldo 23 ta gol bilan liganing eng yaxshi to'purariga aylandi. Mavsum so'ngida esa "Valensiya"ga qarshi bahsda xet-trik qayd etib, jamoasining 3:2 hisobida g'alaba qozonishini taminlaydi. SHu bilan birga, kataloniyaliklarga CHempionlar ligasining mamlakat uchun ajratilgan to'rtinchi yo'llanmasini taqdim etdi. Ayniqsa, uning chalqancha usulda urgan uchinchi golni futbol ishqibozlarining yodidan chiqmagan.
Kim buyuk futbolchi ekanligini hal qiluvchi to'qnashuvlarda bilib olasiz.
Ushbu tunda nimalar sodir bo'lganiga aqlbovar qilmaydi. G'alaba golimni butun mavsum davomida tirishqoqlik ila kurashgan futbolchilarga hamda muxlislarga bag'ishladim. "Barselona"dagi besh yillik faoliyati davomida Rivaldo 130 ta gol urib, klubning barcha davrlardagi eng ko'p gol urgan futbolchilari qatoriga kirdi.
Klub rahbariyati tomonidan Van Galning yana murabbiylikka tayinlash qarori Rivaldoga uning bu erdagi safari yakunlanganligiga ishora bo'ldi. 2002 yil braziliyalik o'yinchi “Milan”ga ko'chib o'tadi. Apennin yarim orollarida ham Rivaldo yorqin o'yinlarini davom ettirdi. Jamoa bilan CHempionlar Ligasi g'olibligini qo'lga kiritdi.
Ispaniyani tark etayotganimda “Tottenxem” va “Milan”dan transfer taklifi bo'lgandi. O'shanda o'zining shonli tarixi va futbol olamidagi ananalari tufayli “Milan”ni tanlagandman.
So'ngra futbolchi 4 yil davomida Greciyada faoliyat olib bordi. Bu vaqtlar oralig'ida u “Olimpiakos” hamda “AEK” jamoalarida o'ynagan.
2008 yilning 28 avgustida esa futbolchining faoliyatida biz uchun ham ahamiyatli bo'lgan voqea sodir bo'ldi. Rivaldo o'sha kuni Toshkentning “Bunyodkor” jamoasi bilan bir yillik shartnoma imzoladi. Bir necha oydan so'ng shartnoma muddati uzaytirildi. Kelishuvga ko'ra, braziliyalik hujumkor yarim himoyachi yiliga 6 mln evro atrofida haq olishi kerak edi. SHu bilan birga, u Braziliyaning "Moji-Mirim" klubi prezidenti etib tayinlangandi. Uning vakili klubni vaqtincha boshqarib turdi.
Afina shahrida AEK klubi shanini himoya qilib yurgan kezlarim kutilmaganda, Markaziy Osiyodan bir taklif kelib tushdi. Ungacha menda Turkiyadan, Rossiya va BAA chempionatlaridan bir qator katta va kichik takliflar ham bor edi. Men ularni o'rganayotgandim. Negadir, O'zbekistondan kelgan taklif yuragimni jizillatdi. To'g'ri, menga yaxshi pul vada berishdi. Ammo, bu erda gap pulda ham emasdi. Menga avvallari umuman bo'lmagan yurtda to'p surish yoqib qoldi va uni chaqiruv deb qabul qildim. Quyoshli O'zbekistonga, mehmondo'st Toshkentga borgach, qarorim to'g'ri bo'lganiga iqror bo'ldim.
Rivaldo jamoadan ketmoqchi bo'lganiga qaramay, AEK uni sotishni istamagan. Klub shartnoma muddati mavsum so'ngigacha amal qiladigan futbolchiga unga o'rinbosar topa olgan taqdirdagina ruxsat berishini malum qildi. Biroq "Bunyodkor" 1 million evro atrofida qo'shimcha to'lov qilganidan so'ng kelishuv amalga oshgan.
Toshkent va umuman O'zbekiston — bu alohida mavzu hisoblanadi. Uni ikki og'iz gaplar bilan to'liqligicha ifodalab berish qiyin. Men bu yurtda ko'plab do'stlar orttirdim, futbolchilik faoliyatimni ham ko'ngildagidek o'tkaza oldim. O'zbek taomlarini gapirmasangiz ham bo'ladi. O'zbeklar ham xuddi turklar kabi go'shtni ko'p istemol qilishadi. Lekin, ularning palovini boshqa joyda uchratmaysiz. Uning tami haliyam og'zimda qolgan. Har bir viloyati xos yarasha palov qiladi va mazasi ham bir-biridan qolishmaydi. Men to'p surgan "Bunyodkor" klubi yosh bo'lishiga qaramasdan maqsadlari oliy edi. Osiyoda ham o'z o'rniga ega bo'layotgandi. Afsuski, hozir klubdagi vaziyat bilan tanish emasman. Yillar o'tib, faoliyatimga nazar tashlaydigan bo'lsam, shubhasiz O'zbekistonda o'tgan yillarimni tabassum bilan eslab yuraman. Qo'lini ko'ksiga qo'yib so'rashadigan xalqini esa, unutmayman.
2009 yilgi mavsumda u to'rtta ketma-ket o'yinlarda raqiblar darvozasini nishonga olgan: Avvaliga “Andijon” darvozasiga gol, keyingi o'yinda “Navbahor”ga ikkita gol, “Metallurg”ga qarshi uchinchi o'yinda uchta gol, “So'g'diyona”ga bilan bo'lgan to'rtinchi o'yinda esa “Bunyodkor” futbolchisi 17 daqiqa ichida poker muallifi bo'lgan.
2009 yilgi mavsum Rivaldo 29 o'yinda 20 ta gol urib, liga to'purariga aylandi va "Bunyodkor"ga chempionlikni taqdim etdi. Ammo klub CHempionlar ligasining chorak finalida musobaqa bilan xayrlashdi.
O'zbekistonni yaxshi ko'raman va u erda yaqin do'stlarim ko'p edi. Menda ajoyib rejalar bor edi. "Bunyodkor" klubini futbol xaritasiga kiritish uchun uni rivojlantirishga ko'maklashmoqchi edim. Men o'yin standartlarini yaxshilashni, yangi stadion qurishni, mashg'ulotlarni yaxshilashni va klubga yangi darajadagi professionallikni qo'shishni xohlardim. O'z odamlarimni "CHelsi", "Inter" va "Milan"ga jo'natib, Evropa klublarini muvaffaqiyatli boshqarish jarayoni anglab olishiga yordam berdim. Ammo afsuski, vadalar bajarilmadi va bundan qattiq ranjidim.
Uning bir yillik shartnomasi soliqdan tashqari 6 million evro hamda imidj huquqi bo'yicha kelishuv borasida malum summaga ega bo'ldi, yani u birinchi yilda taxminan 7,1 million funt sterling ishlab oldi.
2008 yilning yozida shartnoma imzolaganidan keyin bir necha oy o'tgach, unga 2011 yilning yoziga qadar mo'ljallangan ikki yillik yangi bitim taklif qilindi, shuningdek, "Bunyodkor"ni mintaqada qudratli klubga aylantirish borasida maslahatchi bo'lish vazifasi ham yuklandi.
Birinchi yil hammasi yaxshi bo'lib tuyulgandi. "Bunyodkor" moliyaviy jihatdan barqaror edi. Klub dastavval Zikoni (2008-09), so'ngra Luis Felipe Skolarini (2009-10) murabbiy sifatida taklif qildi. Qolaversa, Samuel Etoga bir mavsum uchun 25 million (bazi manbalarda 40 million) dollar taklif qilingan, biroq Toshkentga kelib-ketgan kamerunlik hujumchi rad javobini bergan. Homiylar ispaniyalik mashhur futbolchilarga, jumladan, Andres Inesta, Karles Puyol va Sesk Fabregaslarning Toshkentga tashrifi uchun har biriga 1 million evrodan to'lashgan.
Ammo Rivaldoga ikkinchi yil, 2009 yilning yozidan boshlab haq to'lashda muammo yuzaga keldi.
2010 yilning may oyida klubning eng yirik hamkori "Zeromaks"ning o'rtalarida bankrot deya elon qilinishi "Bunyodkor"ga moliyaviy tarafdan juda katta tasir o'tkazdi. May oyi so'ngida Luis Filipe Skolari jamoani tark etdi. 11 avgust sanasida Ikki karra O'zbekiston chempioni, O'zbekiston kubogi sohibi, O'zbekiston chempionati to'purari hamda O'zbekistonda yilning eng yaxshi futbolchisi bo'lgan Rivaldo Tvitter sahifasida "Bunyodkor" bilan shartnomasini bekor qilganini malum qildi.
Uning mazmuni quyidagicha edi:
Xayrli kun azizlar! Sizlarga yangiligim bor. Qariyb ikki yillik faoliyatimdan so'ng "Bunyodkor" bilan shartnomani bekor qildim.
Tvitidan bir kun o'tib, futbolchi Braziliyaga uchib ketdi. Voqea tafsilotlari keyinroq oshkor bo'ldi. Malum bo'lishicha, Rivaldo maoshini ololmagani uchun "Bunyodkor" ustidan FIFAga arz qilgan. FIFA esa Rivaldo foydasiga qaror qabul qilgan. Futbolchining agenti Luish Pereyraning takidlashicha, "qaldirg'ochlar" sobiq yarim himoyachisi faqat bir mavsum uchun maoshini olgan. SHartnoma shartlari esa bajarilmagan. Qayd etilishicha, Rivaldo hatto O'zbekiston Respublikasi birinchi prezidentining qizi Gulnora Karimovadan yordam so'ragan. CHunki u “GooGoosha” nomi ostida estrada yulduzi sifatida faoliyat olib borgan Karimovaning amalda klub boshqaruvchisi ekanligiga ishonch hosil qilgan.
Xalqaro sport arbitraj sudi "Bunyodkor"ning Rivaldo va Denilsonga qarshi ishini hamon ko'rib chiqmoqda. O'rtadagi muammo hamon bartaraf etilmagan.
“Bunyodkor”dan so'ng esa 2010 yilda o'zi prezident bo'lgan “Moji-Mirin” ga qaytadi va futbolchi sifatida ham harakat qiladi.
2011 yilda “San-Paulo”da bir muddat ijara asosida o'ynagan.
2012 yilning 13 yanvarida esa Rivaldo Angolaning “Kabushkorp” klubi bilan shartnoma imzolagan. Afrika qitasida ham qariya futbolchi yo'qolib qolmagan va ketma-ket gollar kiritib muxlislarni xushnud qilgan.
So'ngra 2013 yil erkin agent sifatida Braziliyaning “San-Kaetano”si safiga borib qo'shilgan. Jamoa safida 7 ta o'yin o'tkazgan futbolchi tizzasidagi jarohati sababli jamoani tark etgan.
2014 yilning 15 martida afsonaviy futbolchi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida faoliyatini yakunlashini elon qildi.
2015 yil esa yana maydonga qaytishini elon qildi.
Bir muddat “Moji-Mirin”da futbol bilan shug'ullangan Rivaldo 2015 yilning 14 avgust kuni ikkinchi marta faoliyati yakunlaganini malum qildi.
Rivaldo o'g'li bilan birga o'ynagan hamda ikkalasi ham bir o'yinda gol urgan kamdan-kam ota-bolalardan sanaladi. 2015 yil Braziliya B Seriyasi doirasida "Moji-Mirim" "Makae"ni 3:1 hisobida mag'lub etgan. Uchrashuvda Rivaldino birinchi va uchinchi, Rivaldo esa penaltidan ikkinchi golni urdi.
O'ylaymanki, biz tarix yarata oldik. Ota va o'g'il birga o'ynashganini eshitganman-u, ularning ikkisi ham bir o'yinda gol urishgani qulog'imga chalinmagan.
SHuningdek, u yuz qiyofasini o'zgartirgan holda o'zini Roberto da Silva deya tanishtirgan holda "Barselona" muxlislari bilan o'yinda ishtirok etgan va uchrashuv so'ngida ularni lol qoldirgan.
Terma jamoa
Rivaldo – Braziliya terma jamoasi bilan ikki marta jahon chempionatida ishtirok etgan. U ilk marotaba 1993 yilning 16 dekabrida Meksikaga qarshi o'yinda maydonga tushgan. Terma jamoa safida jahon chempionligiga ham erishgan. Umuman olganda, Rivaldo Braziliya terma jamoasi safida 74 ta o'yinda maydonga tushib, 35 ta gol kiritishga muvaffaq bo'lgan.
Terma jamoadagi debyutini 1993 yilda nishonlaganiga qaramasdan Braziliya milliy jamoasi murabbiyi Alberto Perreyra uni 1994 yilgi Jahon chempionatiga yo'l oluvchi futbolchilar ro'yhatiga kiritmadi. Rivaldo o'zidan to'rt yosh kichik bo'lgan Ronaldodan farqli o'laroq oltin medalan mahrum bo'ldi. Biroq, oradan to'rt yil o'tgach Franciyadagi mundialda Rivaldo, Ronaldo, Bebeto triosi terma jamoaning asosiy quroli bo'lib xizmat qildi.
2002 yilgi jahon chempionatining guruh bosqichidan o'rin olgan Braziliya — Turkiya uchrashuvi turli bahs-munozaralarga sabab bo'lgan. Koreyaning Ulsan shahrida bo'lib o'tgan belashuvda oson g'alaba qozonishi kutilgan Janubiy Amerika vakillari kutilmagan qarshilikka duch kelishadi. Hasan SHash dastlabki taym so'ngida turkiyalilkranii hisobda oldinga olib chiqdi. Ikkinchi bo'limni sergaklikda boshlagan braziliyaliklar 50-daqiqada Ronaldoning say-harakatlari evaziga hisobni tenglashtirdi. Uchrashuv yakunlanishi arafasida turklar posbonining to'pni o'yinga kiritishdagi xatosi sabab raqiblar tezkor qarshi hujumga shaylandi. Darvozabon bilan birga-bir vaziyatga chiqib borayotgan Luizaoni Alpay O'zalan to'xtatishga majbur bo'ldi. Hakam unga qizil kartochka ko'rsatdi va 11 metrli nuqtaga ishora qildi. Vaholanki, qoida buzilishi jarima maydonidan tashqarida sodir bo'lgandi. Penaltini esa qahramonimiz aniq amalga oshirib, jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi. Darvoqe, undan avvalroq Rivaldoning bosh bilan urgan goli ofsayd deya baholanib, inobatga olinmaydi. Hakam tomonidan qo'shib berilgan daqiqalarda esa Hakan Unsal burchak zarbasini amalga oshirishga shoshmayotgan Rivaldoga qarata to'pni tepib yuboradi. To'p yarim himoyachining oyog'iga tekkaniga qaramay, u yuzini ushlab, maydonga yotib oladi. Hakam esa turkiyalik yarim himoyachiga dastlab ikkinchi sariq, ketidan qizil kartochka ko'rsatadi. Uchrashuv braziliyaliklar foydasiga hal bo'lgan.
Mundial yarim finalida ham Turkiyani mag'lub etgan braziliyaliklar yakunda kubokni boshlari uzra yuqori ko'tarishadi.
Jahon chempionati men qo'lga kiritgan eng muhim unvondir. Bunga hech qanday shubha yo'q.
Rivaldo hayotda bosiq, diqqat markazida bo'lishni yoqtirmaydigan inson, buni o'zi ham tan olgan. Bo'sh vaqtini oilasiga bag'ishlashni yaxshi ko'radi.
Oilasiz odam hayotda hech narsaga ega hisoblanmaydi. Ishlar yaxshi ketayotgan paytda hayotdan zavq olishim uchun oilam yonimda bo'lishi kerak. Ishlarim ortga ketsa, ular menga dalda berishadi.
Oqil Abdubarnoev tayyorladi.
Fikrlar