PFL klublarni 25 martga qadar qarzlarni to'lashga chaqirdi
01 mar 18:52
Yangiliklar


PFL klublarni 25 martga qadar qarzlarni to'lashga chaqirdi
Vaholanki, taqiq mavjud bo'lgan holatda Liga klubga MyLeague platformasini yopib qo'ygandi.
Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov tomonidan imzolangan kafolat xatida sobiq futbolchi va murabbiylardan qolib kelayotgan qarzdorlik shu yilning 1-iyul sanasiga qadar to'liq bartaraf etilishi ko'rsatilgan. O'FA qo'mitasi esa Ligaga qarzdorlik 24-aprelga qadar bartaraf etilishini bayon qilgan hamda Navbahor klubidan taqiqni olib tashlagan. Liga garchi transfer taqiqi olinishini qo'llab-quvvatlamasa-da, mazkur holatda O'FA qo'mitasi qarorini hurmat qilishga majbur. Ammo unutmaslik kerakki, viloyat hokimi tomonidan ko'rsatilgan sana va qo'mita belgilab qo'ygan sana bilan muammoni to'liq hal qilish mumkin emas. Bu mavzu, shuningdek, Neftchi va So'g'diyona klublariga ham tegishli hisoblanadi.
Ayni vaqtda OFK licenziyalash jarayoni davom etayotgan bo'lib, uning asosiy mezoni sifatida klubning qarzlardan holi bo'lishi shartligi belgilab qo'yilgan. Aks holda klub OFK licenziyasini qo'lga kirita olmaydi. Yani, qitaning har qanday klubi licenziyaga ega chiqishi uchun joriy yilning 30-mart sanasiga qadar mavjud qarzdorlikni bartaraf etishi lozim. Mana endi savol tug'iladi: O'zbekistonning muayyan futbol klubi OFK licenziyasiga ega chiqa olmasa, buning oqibatlari qanday bo'ladi? Quyida shu haqda so'z boradi.
1. OFK licenziyasini qo'lga kirita olmagan klub, professional futbol klubi maqomini yo'qotadi.
Bunday klub esa professional futbol klublari uchun belgilangan soliq va bojxona imtiyozlaridan foydalana olmaydi. O'zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 483-moddasi hamda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ommaviy va professional futbolni har tomonlama rivojlantirishning qo'shimcha chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorida belgilangan imtiyozlar shular sirasiga kiradi.
2. Professional bo'lmagan futbol klubi legioner futbolchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasini Liga ro'yxatidan o'tkaza olmaydi.
“Superliga va Proliga reglamenti”ning 10.4-bandida mazkur masala belgilab qo'yilgan. Shundan kelib chiqilsa, mazkur taqiq nafaqat eng yaqin yozgi transfer oynasiga, balki kelayotgan qishki transfer oynasiga ham o'z tasirini ko'rsatadi.
3. Professional bo'lmagan futbol klubi ilk yozgi transfer oynasida 2002-yil va undan katta yoshdagi futbolchini ro'yxatdan o'tkaza olmaydi.
Yani, reglamentda belgilab qo'yilgan qoida asosida klubning faqatgina U21 yosh toifasidagi futbolchi bilan tuzgan mehnat shartnomasigina Liga ro'yxatidan o'tkazib beriladi.
Afsuski, bu kabi holatlardan ayrim futbol klublari tegishli xulosa chiqarmayapti. Qarzdorlikni bartaraf etishda mahalliy futbolchi, murabbiy yoki ishchi-xodimlar haqiga xiyonat qilish, ular bilan professional shartnoma imzolangan bo'lsa-da, hisob-kitob vaqtida sobiq ishchilarni butkul boshqa summalarga ko'ndirishga urinish kabi holatlardan Liga xabardor. Shularni inobatga olib, Liga futbol klublarini shu yilning 25-mart sanasiga qadar barcha qarzlardan holi bo'lishga chaqiradi. Boisi, 30-mart sanasiga qadar OFK platformasiga tegishli hujjatlarni yuklab ulgurish talab etiladi.
Liga futbol jamoatchiligini muborak Ramazon oyi bilan qutlaydi! Biz barchani berilgan vadalarga o'z vaqtida amal qilish hamda birinchi navbatda ishchi-xodimlar bilan hisob-kitob qilish, shundan keyingina xorijiy yig'inlar va ekipirovkalar, yangidan yangi futbolchilar bilan yangi kelishuvlar haqida o'ylashga chaqiramiz.
O’xshash yangiliklar

Fikrlar
❤️Havolani nusxalashingiz va uni brauzeringizda ochishingiz kerak❤️
Shaxsiylashtrish kerak klublarni boqimanda bolib qachongacha yuradi