Ikkinchi davra startiga bir hafta qoldi
26 iyu 14:48
Yangiliklar
Superligada ikkinchi davra o'yinlari nihoyatda qizg'in kechishi kutilmoqda. Chempionlik uchun 5-6ta jamoa kurashni davom ettirayotgan bir paytda yana 5-6ta klub elitada qolish uchun o'z rejalarini ishga soladi.
Superliga ikkinchi davrasi 1 avgust kuni start oladi. Shu kuni ikkita o'yin bo'lib o'tadi. OKMK safarda "Buxoro" mehmoni bo'lsa, "Mashal" "Paxtakor"ga qarshi uy uchrashuvini o'tkazadi. Birinchi davradagi o'yinda OKMK o'z raqibini 2:1 hisobida mag'lub etib, "Paxtakor" yirik 5:0 hisobida muborakliklardan ustun kelgandi. Endi ham "Buxoro", ham "Mashal" o'sha mag'lubiyat alamini olishga urinib ko'radi.
2 avgust kuni taqvimdan uchta o'yin o'rin olgan. "Bunyodkor" "Neftchi" bilan kuch sinashish uchun Farg'onaga safar qiladi. Bu jamoalarning birinchi davradagi o'yini 2:2 hisobida yakun topgandi. 1-turda o'z maydonida "So'g'diyona"ni qiyinchilik bilan 1:0 hisobida mag'lubiyatga uchratgan "Nasaf" javob uchrashuvini o'tkazish uchun Jizzaxga yo'l oladi. Kunning markaziy o'yini esa Samarqandda "Dinamo" va "Navbahor" o'rtasida bo'lib o'tadi. Namanganda kechgan ilk uchrashuvda muxlislar gol ko'rishmagandi. Balki bu safar gollarga boy o'yin bo'lar.
Turning qolgan uchta bellashuvi 3 avgustda bo'lib o'tadi. Shu kuni vodiy derbisidan o'rin olgan "Andijon" - "Qo'qon-1912" qarama-qarshiligi bor. Birinchi davradagi bahsda tomonlar 1:1 hisobini qayd etishgandi. Javob uchrashuvi ham qizg'in kechishi kutilmoqda. Superliganing oxirgi o'rnida borayotgan "Sho'rtan" o'z maydonida "Xorazm"ni qabul qiladi. Birinchi davrada "Xorazm" zafar quchgani ko'pchilikning yodida bo'lsa kerak. Va nihoyat Termizda kechadigan "Surxon" - "Qizilqum" uchrashuvi 16-turni yakunlab beradi. Deyarli teng kuchli jamoalar o'rtasidagi ilk uchrashuvda "Qizilqum" 2:0 hisobida g'alaba qozongandi. Asosiy etakchi o'yinchilari jamoani tark etgan "Surxon" o'z maydonida qanday o'ynaydi, buni "Qizilqum" bilan bahsda ko'ramiz.
Superliga 16-tur o'yinlari:
01.08.2025. "Buxoro" - OKMK
Birinchi davradagi o'yin: OKMK - "Buxoro" 2:1
01.08.2025. "Mashal" - "Paxtakor"
Birinchi davradagi o'yin: "Paxtakor" - "Mashal" 5:0
02.08.2025. "Neftchi" - "Bunyodkor"
Birinchi davradagi o'yin: "Bunyodkor" - "Neftchi" 2:2
02.08.2025. "So'g'diyona" - "Nasaf"
Birinchi davradagi o'yin: "Nasaf" - "So'g'diyona" 1:0
02.08.2025. "Dinamo" - "Navbahor"
Birinchi davradagi o'yin: "Navbahor" - "Dinamo" 0:0
03.08.2025. "Andijon" - "Qo'qon-1912"
Birinchi davradagi o'yin: "Qo'qon-1912" - "Andijon" 1:1
03.08.2025. "Sho'rtan" - "Xorazm"
Birinchi davradagi o'yin: "Xorazm" - "Sho'rtan" 2:0
03.08.2025. "Surxon" - "Qizilqum"
Birinchi davradagi o'yin: "Qizilqum" - "Surxon" 2:0
X.Xoliqov
O’xshash yangiliklar

Fikrlar