

– Uchrashuv haqidagi fikrlaringiz bilan o'rtoqlashsangiz.
– "Lochin" jamoasini g'alaba bilan tabriklayman. O'yinga keladigan bo'lsak, ikkita xatoga yo'l qo'ydik va darvozamizdan ikkita gol o'tkazib yubordik. Ikkinchi goldan keyin yigitlar shoshilib harakat qila boshladi, natijada o'yin tizimimiz butunlay buzilib ketdi. Xudo xohlasa, bundan tegishli xulosa chiqaramiz. Kamchilik va xatolarni o'rganib chiqib, yigitlarni keyingi o'yinga tiklashga, tayyorlashga harakat qilamiz.
– Bugun "G'azalkent" o'z o'yinini ko'rsatishga harakat qildi. Oldingi uchrashuvlarda jamoa hisobda ortda borayotgan bo'lsa-da, o'z rejasidan chekinmay, barqaror o'yin ko'rsata olgan va buning uddasidan chiqqan edi. Bugun ayrim vaziyatlarda futbolchilarda qandaydir sarosima sezildimi? Ularning xayolida tezroq hisobni tenglashtirish maqsadida shoshilish hissi ustunlik qildimi? Sizningcha, bu holat nima bilan bog'liq?
– Baribir charchoq alomatlari sezilyapti. Yaqinda "FarDU" bilan o'ynaganimizda o'yinni to'liq nazorat qildik, biroq yigitlar o'sha uchrashuvda juda katta kuch sarflab qo'yishdi. Qisqa vaqt oralig'ida ketma-ket o'yinlar o'tkazilganda, tiklanish jarayoni qanchalik yaxshi bo'lmasin, baribir charchoq yig'ilib boradi. Asosiy sabab shunda deb o'ylayman. Birinchi bo'limda ko'rgan bo'lsangiz, rejamiz va tizimimiz asosida tizimli hujumlar tashkil etdik, hamma narsa joyida edi. Bitta xato tufayli gol o'tkazib yubordik. Shundan so'ng yigitlarda shoshqaloqlik kuzatildi, lekin shunga qaramay, xavfli vaziyatlar yarata oldik. Hujumni yakunlash, so'nggi zarbani berish borasida biroz oqsayapmiz. Xudo xohlasa, bu jihatlar ustida ishlasak, hammasi joyiga tushadi.
– Darvozabonlardan qanchalik ko'nglingiz to'lyapti va bu boradagi raqobat sizni qanoatlantiryaptimi? Keyingi o'yinlarda ushbu chiziqda o'zgarishlarni ko'rishimiz mumkinmi?
– U-19 jamoamizda Atashev o'ynayapti. Zaxiradagi darvozabonimiz ham o'yin amaliyotiga ega bo'lib boryapti. Lekin hozir ikkalasini solishtiradigan bo'lsak, Kenjaev tajribaliroq va kuchliroq. Shuning uchun hozircha Kenjaev asosiy tarkibda maydonga tushyapti.
– Hozirgi hujumchilar fonida, qanday bo'lmasin, jamoangizda bo'ydor va baquvvat hujumchini ko'rishni xohlarmidingiz?
– Albatta xohlardim, bunday o'yinchimiz bor. Xudo xohlasa, u ikkinchi davradan saflarimizga qo'shiladi. Baquvvat deganda, to'pni o'zida yaxshi saqlay oladigan va kurashuvchan hujumchini nazarda tutyapman. Shunday futbolchimiz bor, lekin uni hozircha ro'yxatdan o'tkaza olmadik. Ikkinchi davradan tarkibga jalb qilamiz va hujumdagi muammolarni sekin-asta bartaraf etamiz, deb o'ylayman.
– Bugun birinchi golni urgan Abduvohid Oxtaev o'z golini nishonlamadi. Bu sizni hurmat qilgani yoki oldin birga ishlaganingiz uchunmi?
– Ha, shunday. Zominda birga ishlaganmiz, juda yaxshi yigit. U bizning o'yin tizimimizni yaxshi bilgani uchun ham gol urdi. U asosan qanotda o'ynardi. Men unga: "Jarima maydonchasi yoyiga ko'proq ochilgin, o'sha yerda gol urish uchun qulay vaziyatlar ko'proq bo'ladi", deb ko'p takidlardim. Mana, bugun xuddi shu uslubda darvozamizga yo'l topdi. Tayanch yarim himoyachilarimiz unga ulgura olishmadi. Himoyachilar ortga chekinganida, tayanch zonasi vakillari o'sha hududni yopa olmadi va u vaziyatdan unumli foydalandi. Shogirdimiz ekan, hurmat yuzasidan golni nishonlamadi. Unga faqat omad tilayman.
– Hozir o'yinlar orasidagi vaqt qisqa bo'lib, tezkor tiklanish talab qilinadi. Umuman olganda, "G'azalkent"da tiklanish jarayoni va tashqi omillar – masalan, muz, vitaminizaciya kabi masalalarda muammo yo'qmi?
– Umuman muammo yo'q. Basseynimiz, saunamiz bor. Kam maydonga tushganlar trenajyor zalida shug'ullanadi. Vitaminizaciya a'lo darajada. O'yin vaqtida va undan keyin ichiladigan vositalar ko'p jamoalarda, hatto Superliga klublarida ham yo'q. Buni ishonch bilan ayta olaman, chunki futbolchilarimiz qabul qilayotgan vitaminlar O'zbekistonda birinchi raqamli hisoblanadi.
– "Lochin" murabbiyiga ham shu savolni bergandim: hozir Superliganing ko'plab klublarida moliyaviy muammolar kuzatilyapti. "G'azalkent"da bu borada sharoit qanday?
– Sharoitlarimiz a'lo darajada. Oylik maoshlar bo'yicha hech qanday muammomiz yo'q. Hamma narsa eng yuqori saviyada tashkil etilgan. Hozir milliy terma jamoalar shug'ullanadigan markazda yig'in o'tkazyapmiz. Tabiat qo'ynidagi stadionlarda mashg'ulot olib boryapmiz. Trenajyor, basseyn, sauna – barchasi muhayyo. Umuman hech qanday muammo yo'q. Bizdan faqat ishlash va futbolchilarni o'stirish talab qilinadi. Qidirib topaman desangiz ham klubdan birorta muammo topolmaysiz.



