

“Lochinlar” hujumchisi Zabihillo O'rinboev tayyorgarlik jarayonlari haqida fikr bildirdi.
"Yig'in boshlanganiga bir haftadan oshdi. Yana bir necha kun Toshkentda qolib, Turkiyaga yo'l olamiz. Tayyorgarlik reja asosida ketmoqda. Tarkib deyarli 90 foizga shakllandi, yana 1–2 nafar futbolchi qo'shilishi kutilmoqda. Jamoada umumiy kayfiyat yuqori",- deydi namanganliklar hujumchisi.
- Tarkib shakllangan ekan, jamoa oldiga qanday maqsadlar qo'yildi?
- “Navbahor”da avval ham o'ynaganman. Bu klubda maqsad doim yuqori. Kim maydonga tushishidan qati nazar, jamoa katta natijalar sari intiladi.
- Timur Kapadze kelgach, mashg'ulot jarayonlarida qandaydir yangiliklar sezildimi?
- Bu tabiiy holat. Har bir murabbiyning o'z uslubi, qarashlari va talablari bor. Biz ham bosqichma-bosqich moslashyapmiz.
- O'tgan mavsumda jamoa birinchi davrani yaxshi o'tkazib, yetakchilar safida edi. Ikkinchi davrada esa natijalar pasaydi. Bu muvaffaqiyatsizlikka nima sabab bo'ldi?
- Mavsumni mutlaqo omadsiz deb bo'lmaydi. Yuqori o'rinlar uchun kurashish imkoni bor edi. Ichki masalalarni hozir aytish noto'g'ri hisoblanadi. Shunday bo'lishi kerak ekan. Xulosalar chiqardik va bunday holatlarni takrorlamaslikka harakat qilamiz.



