“Yozyovon-Lochinlari” ikkinchi davraga qay tarzda tayyorgarlik ko'rmoqda?

Narzulla Saydullayev
29 iyul 2016, 11:22
Birinchi liga qatnashchisi “Yozyovon-Lochinlari” ikkinchi davraga puxta tayyorgarlik ko'rishga xarakat qilmoqda.
Jamoa bosh murabbiyi Islombek Ismoilovning ma'lum qilishicha, yozyovonliklar kuni-kecha Namanganda qisqa muddatli yig'in o'tkazib qaytgan. Tog'li hududda kechgan ushbu yig'inda jismoniy tayyorgarlikka e'tibor qaratilib, shu bilan birga ikkita nazorat uchrashuvini ham o'tkazib qaytgan. Avvaliga “Navbahor” yoshlariga qarshi bahs olib borib, 2:1 hisobida g'alaba qozongan bo'lsa, so'ngra Haqqulobodning “Norin” jamoasini 2:0 hisobida taslim etgan.

Tarkibda ham e'tiborga molik o'zgarishlar yuz bermoqda. Bungacha jamoa sharafini himoya qilib kelgan Jahongir Yusufjonov, Habibullo Buvatoev, G'iyos Tursunov, Islom Hoshimov, Davlatbek Yorbekov hamda Vladlen Norov endigi faoliyatini boshqa klubda davom ettiradigan bo'ldi.

Tarkibga yangi kelib qo'shilganlar esa “Cementchi”dan Dilshod Eminov va Alisher Fayzullaev. “Olmaliq” (yoshlar)dan Abdulaziz Jo'raboev, “Neftchi” (yoshlar)dan Doston Rashidov va ikkinchi liga ishtirokchisi “Roshidon”dan Rustam Abduhamidovdir.

Ertadan jamoa a'zolari yana Yozyovonda mashg'ulotlarga kirishishadi. 2 avgust kuni esa futbolchilar tibbiy ko'rikdan o'tadi. So'ngra rasmiy bahslar oldidan so'nggi nazorat uchrashuvi tashkil etish ko'zda tutilgan. Shu tariqa “Yozyovon-Lochinlari” ikkinchi davraga tayyorgarlik ko'radi.

O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia