Yoshlar terma jamoasi (U-22) dekabrda yig'ilmaydi

Narzulla Saydullayev
28 noya 2013, 13:32
Ma'lumki, 1991-92 yilda tug'ilgan futbolchilardan iborat yoshlar terma jamoamiz kelasi yilning yanvar oyida Ummonda bo'lib o'tadigan U-22 Osiyo chempionatida ishtirok etadi.
11-26 yanvar oralig'ida o'tkazilgan mazkur musobaqaga tayyorgarlikni yoshlarimiz 10 dekabrdan boshlashi haqidagi xabarlar chiqqandi. Lekin terma jamoalar markazi direktori Asqar Tolibjonov dekabrda hech bir terma jamoaning yig'in o'tkazish rejasi yo'qligini ma'lum qildi:

“Internetdagi xabarlarni o'qib hayron bo'ldim, - deydi Asqar Imomjonovich. – Biz dekabr oyida hech qanaqa yig'in rejalashtirayotganimiz yo'q. To'g'ri, Ummondagi Osiyo chempionati yanvar oyida o'tkaziladi, lekin shunda ham U-22 jamoasini dekabrda yig'moqchi emasmiz. Hozircha rejamiz quyidagicha: yanvarning boshlarida terma jamoa a'zolari BAAga uchib ketishadi va o'sha yerda 3-4ta o'rtoqlik bahsi o'tkazib, keyin Ummonga o'tishadi”.

-   Bosh murabbiy masalasi hal etildimi?
-   Hozircha yo'q. Chunki dekabrda barcha yoshdagi terma jamoalar bosh murabbiylarining O'FF bilan tuzgan shartnomasi yakuniga etadi. Qachonki, murabbiylar bilan yangi shartnoma imzolangach, U-22 jamoasini Osiyo chempionatiga kim olib borishini ma'lum qilamiz.
 
-   Ma'lumki, saralash bahslarida Aleksey Evstafeev bosh murabbiylik qilgandi.
-   Ammo hozircha Evstafeevning jamoani musobaqaga olib borishi xususida hech narsa deya olmayman. Chunki uning ham shartnomasi dekabrda tugaydi. O'ylaymanki, 4-5 dekabr kunlari shu masalaga oydinlik kiritiladi.

Eslatib o'tamiz, U-22 yoshlar terma jamoamiz Ummondagi qita birinchiligida “D” guruhida Xitoy, Iroq va Saudiya Arabistoniga qarshi bahs olib boradi. Yoshlarimiz dastlabki o'yinni 12 yanvar kuni Xitoyga qarshi o'tkazishsa, 14 yanvarda Iroq va 16 yanvarda S.Arabistoni bilan bellashishadi.

Xayrulla Xoliqov.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia