“Vodiy futboli”. “Navbahor” – “Buxoro” o'yini tanaffusida yosh bolalar taqdirlanadi

Tolibjon Qosimov
6 iyun 2015, 15:32
Vodiy futboliga oid yangiliklar bilan tanishtirib borishda davom etamiz.
“Andijon”: Bugun Zominda o'yin

Bugun oliy ligada 12-tur uchrashuvlariga start beriladi. Kecha Jizzaxga kelgan “Andijon” jamoasi Zominda “So'g'diyona”ga qarshi maydonga tushadi.
Albatta hayron qolish mumkin, avvalgi turda “So'g'diyona” o'z maydonida “Paxtakor”ga qarshi bahsni Yangiyerda o'tkazgandi. Bu safar o'yin Zominda bo'lmoqda. Jizzaxga 3 ochko ilinjida kelgan jamoamiz bu o'yinda maydonga g'alaba qozonish uchun tushadi.


“Qo'qon-1912”: Jamoa kecha Gulistonga yetib keldi

Ma'lumki bugun “Qo'qon-1912” Bekobodda “Metallurg” bilan kuch sinashadi. Bo'lajak bahsga jiddiy hozirlik ko'rildi. Jamoa a'zolari kecha Guliston shahridagi Oltin vodiy mehmonxonasiga kelib joylashdi. Tushlikdan so'ng Bekobod tomon yo'lga chiqiladi. “Metallurg” bilan o'yin oldidan tarkibda o'ziga yarasha muammolar bo'lib, Izzat G'aniev jaroxat sabab mazkur uchrashuvni o'tkazib yuborsa, sariq kartochkalari soni 4taga etgan himoyachilar Ilya Ilin bilan Xurshid Muxtorov va shuningdek yoshlar ligasining o'tgan turida ikkinchi sariq kartochaki olib, maydondan chetlatilgan Maruf Zokirjonov bugungi bahsni o'tkazib yuboradigan bo'ldi.
Eslatib o'tamiz, bugun “Metallurg” – “Qo'qon-1912” bahsi soat 18:00da start oladi!


“Navbahor”: “Buxoro” bilan o'yinning tanaffus vaqtida yosh bolalarni taqdirlash marosimi bo'lib o'tadi


Bugun “lochinlar” o'z maydonida “Buxoro” bilan o'ynaydi. Mazkur uchrashuvning tanaffus vaqtida “Navbahor” FK qoshidagi “Umid” futbol maktabi tarbiyalanuvchilari bo'lmish 1999 yil va 2003-2004 yilda tug'ilgan yosh futbolchilarni taqdirlash marosimi bo'lib o'tadi. Sababi yaqinda Marg'ilon shahrida bo'lib o'tgan turnirda 2003-2004 yilda tavallud topgan yosh futbolchilar 2-o'rinni qo'lga kiritgan bo'lsa, Samarqanddagi musobaqada 1999 yildagi futbolchilar 3-o'rinni egalladi.


“Neftchi”: Bugun yoshlar jamoasi o'ynaydi

Yoshlar ligasining 12-tur o'yinlari bugun ham davom ettiriladi. Bahrom Haydarov boshqaruvidagi “Neftchi” yoshlar jamoasi Qirgulidagi “Neftchi SK” stadionida “Olmaliq” yoshlar jamoasiga qarshi bahs olib boradi. Uchrashuv soat 17:30da start oladi.
Aytish lozimki, “Neftchi” yoshlar jamoas 9 ochko bilan turnir jadvalining so'nggi pog'onasini band etib turibdi. “Olmaliq” yoshlari hisobida esa 19 ochko mavjud. Egallab turgan o'rni esa 5.

Tolibjon QosimovMuallif
Manba: championat.asia