Vadim Abramov: "Futbolni to'g'ri o'ynash kerak, shunda hammasi joyiga tushadi"

Alisher Ostonov
12 avg 2025, 00:44
Superliga 18-turidan o'rin olgan "Dinamo" - "Paxtakor" (1:1) uchrashuvidan so'ng "Dinamo" bosh murabbiyi Vadim Abramov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?

- Afsuski, yana hisobda oldinda borib keyin gol o'tkazib yubordik. Bunga o'zimiz aybdormiz, chunki ikkinchi taymda ustunlikni raqibga topshirib qo'ydik. Noto'g'ri himoyalandik, yarim himoyada ko'p kamchiliklar ko'rindi. Xuddiki yarim himoyachilarsiz o'ynadik. Hisob 1:0 payti raqibni qarshi hujumda ushlasak bo'lardi, ammo o'zimiz qarshi hujumlarda raqibni o'tkazib yubordik. "Paxtakor" ofsayddan gol urgandek bo'ldi, lekin hozir buni aytishdan nima foyda. O'zimizni qoniqtirmagan durang qayd etdik.

- Ulug'bek Hoshimovning jarohati bo'yicha biron gap bormi?

- Nima bo'lganini ertaga bilamiz. Hech narsa jiddiy bo'lgani yo'q deb o'ylaymiz. Menimcha, Ulug'bek bir-ikki hafta o'ynay olmaydi.

- "Dinamo" safarda yaxshi o'ynayapti, ammo uydagi bahslarda bosim ostiga tushib qolgandek.

- Buni psixologik bosim demagan bo'lardim. Balki uydagi o'yinlarda ishtiyoq ko'p bo'layotgandir, ko'rsatishimiz kerak bo'lgan o'yinni ham esdan chiqarib qo'yyapmiz. Futbolni to'g'ri o'ynash kerak, shunda hammasi joyiga tushadi.



- Qizil kartochka haqida nima deya olasiz? 

- Nima ro'y berganini tushunmay qoldim. Hakamlar hatto VARga ham bormadi. Qizil kartochka olgan futbolchimiz juda odobli o'yinchi. U "qizil" oladiganlar toifasidan emas. Lekin nima uchun chetlatishdi hayronman.

- Abdixoliqovning golida o'yindan tashqari holat bormidi?

- Menimcha bor edi, lekin hakamlar uzoq o'ylab oxiri golni hisoblashdi.

- Bugungi hakamlikdan qoniqdingizmi?

- Biz hammamiz odamlarmiz va hamma xato qiladi.

- "Dinamo" chempionlik uchun harakat qiladimi?

- Biz kurashdan chekinmaymiz. Hali "Neftchi" va "Nasaf" bilan o'yinlarimiz bor. Oxirigacha kurashamiz.

O'xshash yangiliklar


Alisher OstonovMuallif
Manba: championat.asia