Vadim Abramov: "Bugun muxlislar bosimidan ham kattaroq bosimga duch keldik"

17 sen 2026, 22:51
Superliga 22-turdan o'rin olgan "Navbahor" – "Dinamo" uchrashuvidan so'ng "Dinamo" bosh murabbiyi Vadim Abramov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?
- Qo'ldan kelgancha o'ynadik. Birinchi taym quvnoq o'tdi, darvozalarga beshta to'p kiritildi. Ikkinchi bo'limda esa gol bo'lmadi.

- Uchinchi goldan keyin o'yin tugadi deb hisoblaysizmi? Chunki hali oldinda ikkinchi bo'lim bor edi.
- Birinchi taymning o'zida ikkita gol urib uchta o'tkazsang baribir bu ham ta’sir qiladi. Maydonda futbolchilar o'ynaydi, ulardan so'rash kerakdir, nega bunday bo'lganini.

- Mezbon jamoa muxlislari maydonga lenta otgani ham o'z ta’sirini ko'rsatdimi?
- Biz mehmonda o'ynadik, yana nimayam derdim. Namanganda ko'pincha shunday bo'ladi. Balki Samarqandda biz ham shunaqa qilarmiz.

- Jamoangiz tezkor gol urdi, shu bilan birga tezkor gol o'tkazdi.
- O'zimizning xato sabab gol o'tkazdik. Himoyada bunday o'ynamasligimiz kerak edi. "Navbahor"ning bir nafar futbolchisini to'rtta himoyachimiz o'tkazib yubordi. Darvozabon to'pni uzoqqa tepyapti, raqib futbolchisi birga bir chiqib boryapti.

- Ko'rsatmalaringizni futbolchilar to'liq bajarishdimi?
- (kulib) Agar 2:3 hisobida mag'lubiyatga uchragan bo'lsak, demak ko'rsatmalar bajarilgan. Jiddiy aytadigan bo'lsam, xatolarga yo'l qo'ydik. Men bunday xatolarni kutmagandim. Safarda ikkita gol urish yaxshi, lekin uchta gol o'tkazganimizni tushunmayapman.

- Jumaboev gol urganidan so'ng golni nishonlashi muxlislar hayqirig'iga sabab bo'ldi.
- Men buni o'ziga ham aytdim. Golni nishonlab keraksiz joyda sariq kartochka oldi. Lekin futbolchilarimiz muxlislar bosimiga tushib qolishdi deb o'ylamayman. Bugun muxlislar bosimidan ham kattaroq bosimga duch keldik. Bu bosim o'yinga ko'proq ta’sir ko'rsatdi. Faqat bu haqda gapirgim kelmayapti. Bizning o'yinchilar "sariq" olyapti, lekin "Navbahor" futbolchilariga "sariq" berishmayapti. Bu g'alati. Bir vaziyatda Azizbek Amonovga nisbatan ochiqchasiga qo'pollik ishlatildi, lekin hech qanaqa chora ko'rilmadi.

- "Dinamo" 11 yildirki "Navbahor"ni xoh uyda, xoh safarda enga olmayapti. Balki bu ham ta’sir qilgandir?
- Bilmadim, agar shuni o'yindan oldin aytganingizda bugun yutgan bo'lardik. Lekin vada berib aytaman, keyingi safar "Navbahor" bilan qayerda o'ynasak, g'alaba qozonamiz.

- Endi FIFA kunlari sabab tanaffus bo'ladi. Jarohat olgan futbolchilar safga qaytadimi?
- Biz ham shunga umid qilib qolamiz.

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia