Toshkentda Markaziy Osiyo Futbol Uyushmasi tashkil qilinadi

Narzulla Saydullayev
23 fev 2015, 11:05
O'zbekiston Futbol Federatsiyasi Prezidenti Mirabror Usmonov Markaziy Osiyo Futbol Uyushmasi (Central Asian Football Association) ga prezident etib tayinlandi.
2015 yilning 9 yanvarida Avstraliyaning Melburn shahrida bo'lib o'tgan Osiyo Futbol Konfederatsiyasi (OFK) ning navbatdan tashqari Kongessida tashkilot ustaviga o'zgartirishlar kiritilgan edi. Unga ko'ra OFK a'zo 47 ta futbol federatsiyalari 5 ta (bungacha 4 ta) geografik mintaqaga bo'linishi belgilab qo'yilgan va yangi Markaziy Osiyo mintaqasini tashkil qilish Konress a'zolari tomonidan maqullangan edi.

OFKning ushbu islohotlari doirasida Markaziy Osiyo mintaqasi futbol federatsiyalarining mutasaddi shaxslari Quvaytda yig'ilib, Markaziy Osiyo Futbol Uyushmasining qarorgohini Toshkent shahrida tashkil qilishga kelishib oldilar. Ayni paytda tashkilotni ro'yxatga qo'yish bo'yicha ishlar olib borilmoqda.

OFK ustaviga kiritilgan yangi o'zgartirishlarga ko'ra, endilikda, Markaziy Osiyo mintaqasi uchun tashkilot Ijroiya Qo'mitasidan 3 ta joy ajratiladi.

OFK Ustavining 7-moddasidan ko'chirma:

 OFK a'zo 47 ta futbol federatsiyalari 5 ta geografik zonaga bo'linadi:

G'arb: Bahrayn, Iroq, Iordaniya, Quvayt, Livan, Ummon, Falastin, Qatar, Saudiya Arabistoni, Suriya, BAA, Yaman – jami 12 ta

Janub: Bangladesh, Butan, Hindiston, Maldiv orollari, Nepal, Pokiston, Shri Lanka – jami 7 ta

Markaziy: Afg'oniston, Eron, Qirg'iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O'ZBEKISTON – jami 6 ta

ASEAN: Avstraliya, Bruney, Kambodja, Sharqiy Timor, Indoneziya, Laos, Malayziya, Myanma, Filippin orollari, Singapur, Tailand, Vetnam – jami 12 ta

Sharq: Xitoy, Xitoy Taypeyi, Shimoliy Koreya, Guam, Gonkong, Yaponiya, Koreya, Makao, Mongoliya, Shimoliy Mariana orollari – jami 10 ta

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: the-uff.com