“The Independent” Ermatovni ozarbayjonlik hakam deb yozdi

16 iyun 2014, 12:44
Britaniyaning eng mashhur nashrlaridan biri “The Independent” kecha bo'lib o'tgan Shveytsariya - Ekvador bahsiga sharh berayotib, uchrashuvni boshqarib borgan FIFA referisi Ravshan Ermatovni ozarbayjonlik hakam deb yozdi.
Xabaringiz bor, kecha JCH-2014da “E” guruhining 1-tur bahslari bo'lib o'tdi. Bunda Shveytsariya terma jamoasi Ekvadorga qarshi maydonga tushib, 2:1 hisobida g'alaba qozondi. O'yinni esa hamyurtimiz Ravshan Ermatov boshchiligidagi hakamlar brigadasi boshqarib bordi. Ermatovga qanotlarda Abdulhamid Rasulov bilan Bahodir Qo'chqorov yordam berishdi.

“The Independent” nashri esa o'z saytiga Ermatovni ozarbayjonlik referi deb yozdi.  O'yinga sharh bergan jurnalist bu borada shunday yozgan: “O'yin durang natija bilan yakuniga etay deb turgan bir paytda Valon Bexrami boshlab bergan qarshi hujumni Seferovich golga aylantirdi. Bu vaziyatda ozarbayjonlik hakam Ravshan Ermatov o'yinni davom ettirishga yo'l qo'yib berib juda to'g'ri qaror qabul qildi”.

Endi “The Independent” Ermatovni ozarbayjonlik hakam deb bilib yozganmi yo bilmasdanmi, bunisidan xabarimiz yo'q. Lekin shunisi aniqki, gazeta Britaniyada 100 mingdan oshiq tirajda chop etiladi va saytiga ham juda ko'pchilik kiradi.

X.Xoliqov.

Manba: championat.asia