Suhrob Ne'matov: “Chempionatni o'z uyingda boshlash baribir engillik tug'diradi”

Narzulla Saydullayev
14 mar 2021, 13:25
Xademay mamlakatimizda PRO-Liga o'yinlari ham start oladi. “Buxoro” jamoasi qur'a natijalariga ko'ra, chempionatni safarda boshlaydigan bo'ldi.

Aniqrog'i Davron Fayziev boshqaruvidagi jamoa Toshkentning “Oq-Tepa” mehmoni bo'ladi. Qur'a, bo'lajak o'yin va umuman chempionatga bo'layotgan tayyorgarlik haqida buxoroliklarning yetakchisi Suhrob Ne'matov bilan suhbatlashdik.

- Suhrob aka, PRO-Liga o'yinlari uchun bo'lib o'tgan qur'a tashlash marosimi xususida fiklaringizni bildirib o'tsangiz?
- Nima ham derdim, qur'aning ko'r deb aytishadiku. Qur'a tashlash jarayoni har yilgidanda bu safar boshqacha ruhda o'tkazildi. Tashkilotchilik yuqori saviyada bo'ldi. TV orqali butun jamoa bo'lib, kuzatib bordik. Qur'aga ko'ra chempionatni safarda boshlaydigan bo'ldik.

- Mavsumning ilk rasmiy o'yinini mehmonda o'tkazish noqulay emasmi? Boz ustiga “Buxoro”ning asosiy takibchisi bo'lishi kutilayotgan “Neftchi” PRO-Liganing 1-turini o'z uyida o'tkazadi.
- Albatta chempionatning birinchi uchrashuvini o'z maydoningda o'tkazish birmuncha engillikni yaratadi. Lekin istaysizmi yo'qmi baribir har bir raqib bilan o'ynash kerak bo'ladi. To'g'risi, qur'adan oldin ilk turni Buxoroda o'tkazishni istagan edim. Biroq Toshkentda “Oq-Tepa”ga qarshi o'ynashga majburmiz. “Neftchi”ga keladigan bo'lsak, farg'onaliklarning bu borada omadi keldi. Yangi tashkil etilgan “Olimpik” jamoasi to'g'risida ko'p ma'lumotga ega emasman. Menimcha “Neftchi”ga birinchi tur nisbatan engilroq keldi.

- “Buxoro”ning yangi mavsumga tayyorgarlik jarayoni qanday ketmoqda?
- Hammasi murabbiylarimizning ishlab chiqqan rejasi asosida ketmoqda deyish mumkin. Hozir Toshkentda tayyorgarlik bosqichining uchinchi qismini o'tkazyapmiz. Fikrimcha endi asosiy e'tibor “Oq-Tepa” bilan bo'ladigan o'yinga qaratiladi va shu tariqa chempionatni ham boshlaymiz.

- “Oq-Tepa” haqida fikringiz qanday?
- Juda yaxshi jamoa. Tarkibida ijrochilar etarlicha topiladi. Har bir raqibiga qiyinchilik tug'dira oladi. Bemalol ayta olamanki, bu yil PRO-Liganing hech bir o'yini oson kechmaydi. “Oq-Tepa”ni o'rganamiz va chempionatning ilk turida g'alaba qozonib muxlislarimizni quvontirishga xarakat qilamiz.

- “Buxoro”ning o'rtoqlik o'yinlarida bazida mag'lubiyatga uchrab turgani, ayrim muxlislarni havotirga solmoqda?
- Tayyorgarlik davridagi nazorat o'yinlarida natija asosiy o'ringa chiqmaydi. Murabbiylar asosiy e'tiborini ko'proq qo'l ostidagi futbolchilarning imkoniyatlarini ko'zdan kechirishga qaratadi. Jamoa o'yinini shakllantirishga urinadi. Shuning uchun ayrim omadsizlikka uchralgan uchrashuvlardan fojea yasash kerak emas. Tayyorgarlik jarayonidagi xatolar ustida ishlab, rasmiy o'yinlarda bexato o'ynashga muhimdir.

- Buxorolik muxlislar bu yil jamoani yana Superligaga qaytishini istamoqda. Bu borada jamoangizning imkoniyatlarini qanday baholaysiz?
- Klub rahbariyati jamoani yana kuchlilar safiga qaytarish uchun barcha sharoitlarni yaratib bermoqda. Tarkib deyarli 95 foizga yangilandi. Shuningdek murabbiylar shtabi ham. Tabiiyki jamoaning o'yin uslubi ham yangitdan qurilmoqda. Bunga baribir vaqt kerak. Chempionat boshlansa, o'yindan o'yinga hammasi biz uchun yaxshi bo'lishiga umid qilaman. Nasib qilsa bu yil oldimizga qo'yilgan vazifani uddalaymiz.

O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia