"Sport TV"da O'FA va PFL rahbariyati ishtirokida ochiq muloqot bo'lib o'tadi

Tolibjon Qosimov
14 apr 2018, 13:07
18 aprel kuni "Sport" telekanalida O'FA va O'zPFL rahbariyati ishtirokida ochiq muloqot bo'lib o'tadi.

Bu haqda O'FA matbuot xizmati xabar berdi.

"O'zbekiston futbol Assotsiatsiyasi hamda Professional futbol ligasi yurtimizda futbolni yanada rivojlantirish, yangi bosqichga olib chiqish, yosh avlod orasida futbolni ommaviylashtirish va bu yo'l orqali sog'lom turmush tarzini targ'ib qilish maqsadida bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.

Yurtimizdagi muxlislar tomonidan bu borada bildirilayotgan fikr-mulohazalar, takliflar ham doimo o'rganib borilib, ana shu taklif-mulohazalar asosida qarorlar qabul qilinyapti. Asosiy maqsad futbolimizda shaffoflikni taminlash, futbol uchrashuvlari ochiq tarzda, halol kurashlar asosida o'tishini nazorat qilib borishdan iborat.

O'zbek futbol muxlislarining fikr-mulohazalariga quloq solish, ular bilan fikr almashish va futbolimizni rivojlantirish yo'lidagi takliflarni ko'rib chiqish, MTJ, Olimpiya terma jamoasi, bolalar futboli, Superliga va Pro-liga, shuningdek, O'zbekiston kubogi musobaqasini o'tkazish borasidagi yutuq va kamchiliklarni tahlil etish maqsadida shu yilning 18 aprel kuni soat 18:00da O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “Sport TV” telekanalida ochiq muloqot tashkil etiladi. O'zbekiston Milliy Olimpiya Qo'mitasi va “Sport” teleradiokanalining qo'shma loyihasi bo'lgan “Sport klub”ning navbatdagi soni millionlar o'yini - futbolga bag'ishlanadi.

Jonli efirda namoyish etiladigan ushbu dasturda O'FA va PFL rahbariyati, bo'lim boshliqlari ishtirok etishadi. Muxlislar o'zlarini qiziqtirgan savollarni O'FAning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga yoki quyidagi elektron pochtaga jo'natishlari mumkin: media@the-uff.com

Muxlislardan kelgan barcha savollar umumlashtirilib, ochiq muloqot davomida ko'rib chiqiladi va ushbu savollarga javob berib o'tiladi", - deyiladi O'FA rasmiy saytida keltirilgan xabarda.

O'xshash yangiliklar


Tolibjon QosimovMuallif
Manba: the-uff.com