Sodiq futbolchilarning ulgurji ketishi

Narzulla Saydullayev
24 dek 2013, 19:00
O'zbek futbolida turli yillarda ajablanarli holatlarga guvoh bo'lib kelganmiz.
Masalan, bir jamoa yetakchilarining ikkinchisiga yoppasiga ko'chib o'tishi (bu hozir ham davom etyapti). Yoki oxirgi paytlarda “Neftchi” bilan ro'y berayotgan vaziyatni olaylik. Jamoada uzoq yillardan beri to'p tepib kelgan sodiq va mahalliy futbolchilarning klubni yoppasiga tark etishi. E'tiborlisi, o'sha o'yinchilar bir emas, balki turli jamoalarga ko'chib o'tishdi. Demak, bu holatda bir klub tarafidan futbolchilarni o'ziga og'dirib olish borasida gap bo'lishi mumkin emas.

Farg'onalik ishqibozlar bilan suhbatlashar ekanmiz, ular “Neftchi”ni natijalardan ham ko'ra ko'proq jamoadagi ananalar, mahalliy futbolchilarning tarkibda ko'p bo'lgani sababli sevishiga amin bo'lasiz. Shuning uchun so'nggi yillarda kuzatilgan omadsiz mavsumlardan keyin ham stadionga muxlislar tashrifi borasida “Neftchi” oliy ligada yaqqol peshqadam bo'lib turgandi. Futbolchilarda shu ananaga ishonch bo'lgani bois ertangi kunda nima bo'lishidan xavotir yo'q edi. 2013 yil klub tarixidagi eng shov-shuvli voqealardan biri ro'y berdi. 26 yil jamoaga bosh murabbiy bo'lgan Yuriy Sarkisyan iste'foga chiqarildi. Biroq jamoaga shuncha yillar davomida xizmati singan mutaxassisning Farg'onadagi uchrashuvda muxlislar bilan xayrlashishiga imkoniyat berilmadi. Ehtimol, buni keyingi yil yangi stadionda amalga oshirishar (OAV bunga ko'p e'tibor qaratdi), lekin Sarkisyan “Neftchi” bilan yulduzli davrlari o'tgan eski stadionda xayrlashishi adolatdan bo'lardi. Qolaversa, buni o'sha mahalda amalga oshirish shart edi. Biroq bu hodisa yuz bermadi. Sarkisyanning ketishi tufayli mahalliy futbolchilarning jamoa ananalariga bo'lgan ishonchi puchga chiqdi. Nima sababdandir jamoa rahbariyati ko'p yillardan buyon “Neftchi” uchun ter to'kib kelayotgan futbolchilarga yangi shartnomalar taklif qilmadi. Taklif qilinganlari esa buni qabul qilmadi. O'tgan yilning o'zida Sarkisyanning iste'foga chiqarilishini yoqlamagan Anvar Berdievga chiqish eshiklari ko'rsatildi. Bu qaror ortida futbol bilan bog'liq holat yotmagani judayam achinarli. 2000 yil Farg'onaga kelgan hujumchi 13 mavsum mobaynida deyarli mahalliy futbolchiga aylanib ulgurgandi, ishqibozlar uni yoqtirishardi. Jarohat olgan paytlarida jamoa uni o'z holiga tashlab qo'ymagani uchun Berdiev o'yinlar chog'ida bor kuchi bilan “Neftchi”ga yordam berishga intilardi. O'tgan yillar davomida Anvar farg'onaliklar uchun oliy liganing o'zida 164 to'p kiritgandi. Bunday natijaga erishish uchun unga 345 o'yin etarli bo'ldi. 2013 yilgi tarkibni olib qaraydigan bo'lsak, Berdiev oliy ligada eng ko'p maydonga tushgan va jamoada uzoq vaqtdan beri faoliyat ko'rsatib kelayotgan o'yinchilardan biri edi. Lekin Berdievning ketishi yo'qotishlarning boshlanish nuqtasi bo'lib xizmat qildi xolos.

Butun faoliyatini faqat “Neftchi”da o'tkazib kelgan Mansur Saidov va Iqbol Akramov o'tgan mavsum yakuniga etgach, jamoa bilan shartnomani uzaytirishmadi. Endi farg'onalik ishqibozlar Saidovni “Bunyodkor”, Akramovni esa “Olmaliq” libosida ko'rishlariga to'g'ri keladi. Bu og'riqli bo'ladi, albatta. Chunki bundan avvalroq Xolmatov, Qo'ziboev, To'xtaxo'jaev singari futbolchilarning ketishi ham afsuslanarli lahzalarni taqdim qilgandi. Lekin ular ketgani bilan “Neftchi”da mahalliy futbolchilar soni deyarli kamaymagandi. Jamoa ichki resurslari yordamida imkon boricha bu yo'qotishlar o'rnini to'ldirgandi. Biroq hozirgidek bir necha yetakchilar va ayni paytdagi tarkibda jamoa afsonalari hisoblangan o'yinchilarning o'rnini to'ldirish oson kechmasligi tabiiy. Chunki “Neftchi” futbol maktabidan asosiy tarkibgacha bo'lgan yo'lni bosib o'tgan Saidov va Akramov, uzoq yillar o'ynash orqali mahalliy futbolchi maqomidan kam bo'lmagan Berdiev maydonda sheriklariga dalda bo'lishardi, ishonch berishardi. Endi jamoada tayanch vazifasini kim bajarishini tasavvur qilish qiyin. Chunki tarkibda qolgan mahalliy futbolchilarning aksariyati hali yosh, safga o'tgan yili yoki endigina qo'shilgan o'yinchilarning buni bajarishlari deyarli imkonsiz. Eng salbiy tarafi shundaki, tarkibga qanday saviyadagi ijrochilar taklif qilinishidan qati nazar, muxlislarning jamoaga bo'lgan avvalgi munosabatini qaytarish oson bo'lmaydi. Chunki ular o'zlari ko'rishga o'rganib qolgan “Neftchi”ni ko'rishmaydi. Jamoa afsonalari klubda olib qolish zarur edi. Hech bo'lmaganda birini. Birgina Raulning “Real”dan ketishi o'z vaqtida ishqibozlarning jiddiy noroziligiga sabab bo'lgandi. O'shanda hujumchi zaxirada o'tirib qolgani sababli o'zi ketishni istagan bo'lsa ham muxlislar buni rahbariyatning aybi deb tushunishgandi. Yoki “Barselona” Puyolga javob berib yuborishi mumkin edi. Chunki u oldingi saviyada o'ynay olmayapti. Biroq jamoa ananalari tufayli bunday futbolchilar faoliyati oxirigacha jamoada ushlab turiladi.

Saidov 2001, Akramov esa 2002 yildan beri “Neftchi”ning asosiy tarkibida o'ynab kelishayotgandi. Mansur farg'onaliklar oxirgi marta chempion bo'lgan 2001 yilda o'ynagan kam sonli ijrochilardan biri edi. Ularning jamoadagi yetakchilik poziciyasini to'ldirish oson bo'lmasligi turgan gap. Shuningdek, “Neftchi” maktabida tarbiyalangan Sherzod Hakimov, Shukur Po'latov va Sardor Mirzaev ham boshqa klublarga ko'chib o'tishdi. E'tiborlisi, bu futbolchilarning aksariyati 2013 yilgi mavsumni kuchli uchlikda yakunlagan jamoalar bilan shartnoma imzolashdi. Demak, ularning saviyasi yaxshi. Aks holda, “Bunyodkor” yoki “Lokomotiv” o'sha futbolchilar bilan shartnoma imzolab o'tirmasdi. Bu o'rinda o'yinchilarning saviyasi pastlab ketgani haqida savollarni kun tartibidan olish tashlasa bo'ladi. Ularning “Neftchi”dan ketish sababi boshqa narsa bilan bog'liq. Saidov muhitdan ko'ngli to'lmagani sababli shunday qarorga kelgani haqida gapirdi. Qolganlar esa faoliyatini boshqa jamoalarda davom ettirish istagi kuchlilik qilganini takidlashdi.

Endi Amet Memet butunlay boshqa jamoani shakllantirishga majbur bo'ladi. O'tgan yili asosiy tarkibda o'ynagan jamoaning yarmini yo'qotgani tufayli ijobiy natijalar qayd etish oson bo'lmaydi. Shu o'rinda birdaniga shuncha futbolchining ketishi jamoada kelishmovchilik bo'lganini isbotlagandek bo'ldi. Yangi kelgan o'yinchilarning kirishib ketishlari uchun uzoq vaqt talab etiladi. Qolaversa, yaxshi saviyadagi futbolchilar oliy ligada unchalik ko'p emas. Tarkibni kuchaytirish uchun O'zbekistondan topiladigan o'yinchilar kifoya qilmaydi. Balki, muammoni legionerlarni jalb etish orqali hal etishga harakat qilishar. Buning qanday samara berishini kuzatib boramiz. Hozirgi sharoitda muxlislarni stadionga qaytarish uchun hech bo'lmaganda ijobiy natijalar juda va juda kerak.

Iqbol Akramov
2003 3 o'yin
2004 19 o'yin, 1 gol
2005 5 o'yin
2006 22 o'yin
2007 17 o'yin
2008 22 o'yin
2009 24 o'yin
2010 18 o'yin
2011 21 o'yin
2012 21 o'yin, 2 gol
2013 23 o'yin,1 gol

Anvar Berdiev
2000 yil 17 gol
2001 yil 14 gol
2002 yil 18 gol
2003 12 o'yin, 17 gol
2004 9 o'yin, 2 gol
2005 24 o'yin, 10 gol
2006 26 o'yin, 9 gol
2007 29 o'yin, 9 gol
2008 25 o'yin, 12 gol
2009 23 o'yin, 13 gol
2010 22 o'yin, 10 gol
2011 21 o'yin, 11 gol
2012 22 o'yin, 19gol
2013 15 o'yin, 7 gol

Mansur Saidov
2001 3 gol
2002
2003  26 o'yin
2004  2 o'yin
2005  20 o'yin
2006  29 o'yin, 5 gol
2007  24 o'yin, 3 gol
2008  24 o'yin, 2 gol
2009  28 o'yin, 5 gol
2010  24 o'yin, 3 gol
2011  16 o'yin, 3 gol
2012  22 o'yin, 4 gol
2013  23 o'yin, 2 gol

Behzod NAZAROV.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia