Sobolevning istiqboli, APLda muvaffaqiyatli to'p tepgan Navbahor ustozi va boshqalar haqida

Alisher
11 okt 2019, 12:02
Rus futbolchilarining mahalliy klublardagi iliq joylarini bo'shatib, evrofutbol ufqini zabt etish maqsadida kuchli birinchiliklarga yo'l olishlari masalasi so'nggi yillarda rus futbolida eng ko'p muhokamalarga sabab bo'layotgan kundalik masalalardan biriga aylandi.

Ammo bu yerda ruslarning Ko'hna Qitada o'ynash ishtiyoqida yonmayotgani emas, balki, u yerda Rossiyalik futbolchilarga bo'lgan talabning mavjud emasligi alohida ahamiyat kasb etadi. Ruslarning Yevropaga qilgan so'nggi Buyuk ko'chishlari Gus Xiddink boshchiligidagi terma jamoaning EVRO-2008 musobaqasidagi muvaffaqiyatli ishtirokidan keyin amalga oshirilgandi. Rossiya mezbonligidagi mundialning chorak finaliga chiqilgach, o'sha ko'chishlarning yangi to'lqini ro'y beradigandek ko'ringandi. Biroq, aslida, faqat Aleksandr Golovin Monakoga ko'chib o'tdi, xolos. Ustiga-ustak, mazkur transferga nisbatan muvaffaqiyatli, degan sifatni ishlatolmaymiz. Chunki monegasklar qatorasiga ikkinchi yildirki, musobaqa jadvalining quyi qismida autsayderlar bilan yoqalashib yuribdi.

Bugungi kunda RPL to'purarligi uchun hamyurtimiz Eldor Shomurodov bilan jiddiy kurash olib borayotgan Krilya Sovetov klubi hujumchisi Aleksandr Sobolevga Tumanli Albion grandlaridan qiziqish bildirilayotgani haqida mish-mishlar yuribdi. Emishki, Krilya Sovetovning Sochiga qarshi uchrashuvini Arsenal (Tula emas, London klubi) skautlari kuzatgan. Eslatib o'tamiz, o'sha bahsda Sobolevning dubli jamoasiga g'alaba keltirgandi. Mavsum avvalida esa 22 yoshli hujumchining MYUning transfer nishoniga tushib qolgani haqida xabarlar tarqalgandi. Darhaqiqat, hujumchi bu mavsum RPLda ajoyib o'yin namoyish etmoqda. U nafaqat gol uradi, bu ishni mohirona bajarishdan tashqari, jamoadoshlariga imkoniyat yaratib berishda ham muvaffaqiyatli o'ynamoqda. U RPLning 12 ta o'yinida 10 ta gol urgani holda to'purarlar jadvalida Shomurodov bilan birgalikda qo'shhokimlik qilmoqda. Hamyurtimizning ham Manchester shahriga yo'l olishi mumkinligi haqidagi xabarlar borligini inobatga olsak, ular o'rtasidagi kurash mavsum so'ngida avjiga chiqsa kerak. Zero, hozir qizil iblislarga ham shu ikkovidan biri yetishmayotgan bo'lsa, ne ajab!

Endi, mavsum yakunida amalga oshishi mumkin bo'lgan taxminlarni bir chetga surib, APLda muvaffaqiyatli faoliyat olib borishni uddalay olgan kam sonli rus futbolchilari haqida so'z yuritamiz.


Andrey Kanchelskis (MYU/ Everton / MS / Sautgempton - 1991-2003).

So'zni bizning kamtarona futbolimizga ham begona bo'lmagan Andrey Kanchelskisdan boshlasak. Andrey Antanasovich rus futbolining ingliz diyori tomon yo'l olgan ilk uchirmasi hisoblanadi. U Angliyaning 4 klubida faoliyat yuritgan hisoblanadi. Kanchelskisning asosiy yutuqlari Manchester YU. nomi bilan bevosita bog'liq. Ser Aleks Fergyusonning afsonaviy jamoasida bir necha yil davomida o'ng qanot yarim himoyasining almashtirib bo'lmas vakili bo'lgan Andrey 1991/95 yillarda jamoa bilan 5 ta kubok yutdi. Shu jumladan, ikki karra mamlakat chempioni bo'ldi. Qizil libosda o'tkazgan 123 o'yinida 47 marta gol urdi. Bu yarim himoyachi uchun ajoyib natija hisoblanadi. Shu tariqa u o'z nomini qizil iblislarning muhtasham tarixiga yozdirib qo'yishni uddaladi.  

Keyingi manzil – Everton. Makur klub sharafini 60 uchrashuvda himoya qilgan futbolchi raqiblarini 22 marta ranjitishni uddalagan. Andrey Everton tarixiga kirishni ham uddalagan. U Enfildda o'tkaziladigan derbilarda Liverpulni o'z dubli bilan ranjitgan klub tarixidagi yagona o'yinchi hisoblanadi. 

Evertondan keyin, yana APLning ikki klubida to'p surdi. Ammo faoliyatining so'nggi yillarini o'tkazayotgan futbolchi bir nechtadan o'yinga tushish bilan kifoyalangan. Rus futbolida o'z o'rniga ega bo'la olgan Andrey Kanchelskis bugungi kunda Namanganning Navbahor klubiga ustozlik qilayotganidan xabaringiz bor.


Andrey Arshavin (Arsenal 2009-2013).

Endi boshqa bir Andrey haqida gaplashimiz. Ajablanarlisi shundaki, Arshavinni ham Liverpul muxlislari yaxshi eslab qolishgan. Ular Arshavin nomini eshtishlari bilan bir seskanib qo'yadilar. Albatta, Enfildda poker qayd etish baxti har kimga ham nasib qilavermaydi. Arsenalga o'tish Arshavin uchun tramplin vazifasini o'tagan va futbolchi yangi darajaga ko'tarilib,  terma jamoa uchun ham ancha foyda keltirgandi. Andrey Arshavin to'pchilar safida 31 ta gol urib, 38 golga hammualliflik qildi. Buning uchun unga 144 o'yin kifoya bo'ldi. Londondagi so'nggi mavsumida etarli o'yin amaliyotiga ega bo'lmagach, Zenitga qaytishga qaror qildi. Futbolchilik faoliyatini eda 2018 yilda yakunladi. Uning so'nggi jamoasi Qozog'istonning Qayrat jamoasi bo'ldi.


Roman Pavlyuchenko (Tottenxem - 2008-2012).

Pavlyuchenkoning Angliyadagi faoliyati unchalik muvaffaqiyatli bo'lmasada, u APLdagi eng muvaffaqiyatli ruslardan biriga aylana oldi. Moskvaning Spartak klubi safidagi qator ajoyib mavsumlar va Evro-2008dagi muvaffaqiyatli ishtirokidan so'ng, Roman Londonning Tottenxem klubi safiga borib qo'shildi. Hujumchi shporlar safiga zudlik bilan moslashib ketolmadi, aksar hollarda o'yinni zahira o'rindig'ida boshlardi. Ammo kubok o'yinlarida Roman klubning asosiy o'yinchisiga aylana oldi. APL doirasidagi o'yinlarda zahiradan maydonga tushgan vaqtida ham jamoaga doimiy ravishda foyda keltira olardi. Shu tufayli ham unga uyqudagi gigant laqabi berilgan (gollandiyalik mutaxassis Gus Xiddink tomonidan). Angliyada o'tkazgan 4 mavsumida stabil ravishda gol urishni uddalayotgandi (111 o'yin, 44 gol – shundan 21 tasi APL doirasida kiritilgan). Ammo oxirgi mavsumida bor-yo'g'i 4 ta gol kiritishni uddalagan hujumchi 2012 yilda Moskvaning Lokomotiv klubi tarkibiga borib qo'shildi.


Dmitriy Xarin (Chelsi - 1992-1997).

To'qsoninchi yillarda rus darvozabonlari Yevropani egallashdi. Ammo ular orasida Dmitriy Xarin ajralib turadi. Chunki u APL tarixidagi yagona rus darvozaboni hisoblanadi. O'zgacha soch turmagi sohibi faqat APLda o'ynabgina qolmay, ko'p yillar mobaynida aristokratlarning asosiy darvozaboni vazifasini ham bajardi. Chelsi tarkibida 100dan ortiq uchrashuvda maydonga tushgan darvozabon Angliya kubogi, Kubok egalari Kubogi va Yevropa superkubogida zafar quchdi. Londondan Shotlandiyaning Seltik klubi safiga o'tgan Dmitriy 2004 yilda butsalarini mixga ildi va murabbiylik faoliyatini boshladi.


Aleksey Smertin (Chelsi / Portsmut / Charlton / Fulxem - 2003-2008).

Agar Arshavin va Pavlyuchenko Evro-2008 musobaqasidan keyin APLga yo'l olgan bo'lishsa, bu paytda Smertin APLdan kyetib ulgurgandi. Uning Angliyadagi faoliyatini muvaffaqiyatli, deb atash mushkul. Ammo boshlanishi juda istiqbolli edi. 2003 yilda aristokratlar tomonidan xarid qilinib, darhol Portsmut klubiga ijaraga berildi. Aleksey u yerda shartsiz asosiy tarkib futbolchisiga aylandi. Kamtarona jamoaning musobaqa jadvali ekvatoridan o'rin egallashida ulkan hissa qo'shdi va Chelsiga qaytdi. Keyingi mavsumni aristokratlar safida o'tkazib chempionlikni tantana qildi. Ammo Smertin asosiy tarkibda deyarli ko'rinmadi. Bunga sabab jamoda uning muqobili vazifasini Klod Makelele o'tayotgani edi. Futbolchi keying ikki mavsumni Fulxem safida o'tkazdi. U APLda jami 82 o'yin o'tkazdi va 2 bor raqiblar darvozasini ishg'ol qildi. 


Faxriddin Ro'ziev tayyorladi

O'xshash yangiliklar


AlisherMuallif
Manba: championat.asia