
Murosasiz ruhda o'tishi kutilgan o'yinda “ajdarlar” 2:0 hisobida g'alabaga erishdi. Uchrashuvdan so'ng, farg'onaliklarning asosiy himoyachilaridan biri Shukurali Po'latovning fiklari bilan qiziqdik.
- “Nasaf” – “Neftchi” qarama-qarshiligi turning markaziy o'yini edi. Ko'pchilik muxlislar “Neftchi”ning haqiqiy kuchi “Nasaf” bilan o'yinda bilinadi degan fikrda edi. Ammo mazkur o'yinda jamoangiz imkoniyatni boy berdi. Uchrashuv haqida qanday fikrdasiz?
- Qarshiliklar bu yil munosib ishtirok etishmoqda. Shuning uchun bu o'yindan 4-5 kun oldin Toshkentdagi “Geofizika” qarorgohiga borib jiddiy tayyorgarlik ko'rgandik. “Nasaf”ni kuchli o'yin ko'rsatishini bilardik. Ammo shu kuni o'zimiz xohlagan o'yinni namoyish eta olmadik. Bungacha yaxshi o'ynab kelayotgandik. Ammo Qarshida negadir o'yinimiz o'zimiz istagandek chiqmadi. Uchrashuv yaxshi o'tdi. Raqib jamoa har bir bo'limda bittadan to'p kiritib, g'alaba qozondi.
- O'tkazib yuborilgan gollarda, ko'proq kimning xatosi bo'ldi?
- Birinchi golni standart vaziyatdan keyin kiritishdi. Ikkkinchi gol biz himoyachilarning yo'l qo'ygan xatosidan keyin yuz berdi. Bu vaziyatda aybni o'z zimmamizga olamiz.
- “Nasaf” sizlar kutgandek kuchli o'yin ko'rsatdimi?
- Ha, aytib o'tganimdek bu jamoa oxirgi yillarda ancha kuchaygan. Lekin o'ynasa bo'ladi. Bilasizmi, ikkinchi taymda bosh hakam Nosir Otaqo'zievni maydondan chetlatganidan so'ng ustunlik to'liq raqib tomonga o'tdi. Bungacha maydonda asosan teng kurash kechayotgandi.
- Darvoqe, “Neftchi” ustozi Amet Memet ham uchrashuvdagi hakamlikdan qoniqmaganini aytib o'tdi.
- “Nasaf” o'z maydonida o'ynadi. Bunday o'yinlarda hakamlarning mezbonlarga qandaydir ko'magi bo'ladi. Kovalenko hujumchimiz Nosir Otaqo'ziev birinchi sariqni bermasa ham bo'ladigan vaziyat edi, menimcha. Aynan ushbu yo'qotishdan so'ng, biz ham ruhiy ham jismoniy jihat bo'yicha tushkunlikka tushib qolgandek bo'ldik. Oldingi o'yinlarimizni kuzatgan bo'lsangiz, jamoamiz birinchi taymdan ko'ra ko'proq ikkinchi bo'limni yuqori suratda o'tkazmoqda. Ammo “Nasaf” bilan o'yinning ikkinchi bo'limida jismoniy va ruhiy tomondan raqibga imkoniyatni boy berdik.
- “Neftchi”da murabbiylar shtabi yangilanganidan so'ng siz mudofaa chizig'ida yangi futbolchilar bilan o'ynab kelmoqdasiz...
- Himoyadagi sheriklarimning hammasini ham yangi futbolchilar deya olmayman. Chunki Dilyor Ermatov va Shavkat Nasibullaev bunga qadar ham jamoamiz a'zolari sanalardi. Faqatgina ikkinchi davrada “Sho'rtan”dan Vyacheslav Ponomaryov kelib qo'shildi. Bularning barchasi bilan bir-birimizni tushunib o'ynamoqdamiz.
- Amet Memet boshchiligida “Neftchi”ning o'yini biroz jonlangandek tuyulmoqda. Aytingchi bu mutaxassis bilan jamoa qaddini rostlay oladimi?
- Amet Abdullaevich tajribali murabbiy. U kishi kelganidan keyin jamoa o'yini ancha o'sishga erishdi deyish mumkin. Hamma poziciyada raqobat kuchaytirildi. Eng muhimi taktik o'yin uslubi o'zgardi. Shu bois keyingi yillarda ham ushbu mutaxassis ish olib borsa yaxshi natijalar qayd etiladi deb o'ylayman.
- Oldinda yana 5ta o'yin qoldi. Ularning uchtasi sizlar uchun safarda bo'lib o'tadi. Aytingchi “Neftchi” bu yilgi mavsumni nechanchi o'rinda yakunlasa, bu sizlarni qoniqtirishi mumkin?
-Rahbariyat tomonidan chempionatni 5-o'rinda yakunlash vazifasi qo'yilgan. Buni amalga oshirish uchun bor kuchni ishga solamiz. To'g'ri, bizni oldinda “Paxtakor”, “Metallurg” “Lokomotiv” kabi kuchli jamoalarga qarshi o'yinlar kutib turibdi, lekin maqsadga erishish uchun oxirigacha astoydil kurashamiz.
- 5-o'rin uchun kurashda “Olmaliq” va “Metallurg” ham osonlikcha taslim bo'lmasligi aniq...
- Albatta ular ham jiddiy kurashadi. Lekin ularni ham qiyin uchrashuv kutib turibdi. Bo'lajak 5 tur hech bir jamoa uchun oson kechmasligi turgan gap.
Islombek Rustambekov suhbatlashdi.