

Xabaringiz bor, bugun Italiya A Seriyasining 6-turiga start beriladi. Haftaning markaziy o'yini haqida gap ketsa, ko'pchilik Toshkent vaqti bilan 21:00 da "Juzeppe Meacca"da boshlanadigan "Inter" - "Atalanta" to'qnashuvini ko'rsatishi tabiiy. Amaldagi chempion va bronza medalining sohibi o'rtasidagi bahs.
Lekin ertaga o'tadigan "Lacio" va "Roma" uchrashuvini ham unutmaslik kerak. "Rim derbisi" nafaqat Apenninda, balki jahon futbolidagi eng keskin to'qnashuvlardan biri hisoblanadi. Mazkur jamoalar bugunga qadar 176 marta maydonga tushishgan. O'zaro o'yinlardagi ustunlik "bo'rilar" tomonida - 67 g'alaba, 47 mag'lubiyat va 62 durang. To'plar nisbati ham "Roma"ning ustunligini ko'rsatyapti - 224:178.

Bu o'yinning biz uchun ahamiyatli jihati shundaki, ilk bor o'zbekistonlik futbolchi "Rim derbisi"da maydonga tushishi mumkin.

Ma'lumot uchun, erataga Eldor Shomurodov "Lacio"ga qarshi 3-o'yinini o'tkazishi mumkin. Jarqo'rg'onlik forvard bunga qadar "Jenoa" libosida "burgutlar"ga qarshi 2 o'yin o'tkazib, 1 tadan gol va golli uzatmaga mualliflik qilgan.

Bundan tashqari, Mourinyu jamoasida Rui Patrisio, Temmi Abraham va Rikkardo Kalafiori singari futbolchilar birinchi bor "Rim derbisi" havosidan bahramand bo'lishi mumkin.
Umid qilamizki, ertaga hamyurtimiz maydonga tushib, samarali harakatlari bilan esda qoladi.
