Sherzod A'zamov: "Raqiblarni jismonan yutib qo'yamiz deb o'ylamayman. Sayfiev o'ng qanotda ilojsizlikdan o'ynayapti"

Iskandarov Abdulaziz
13 iyun 2026, 14:28
Terma jamoamizning Jahon chempionati oldidan olib borayotgan tayyorgarligi, tarkib borasidagi bahslar va bo'lajak o'yinlardan kutilayotgan natijalar muxlisu mutaxassislar diqqat markazida turibdi.

So'nggi nazorat uchrashuvlari va terma jamoa atrofidagi voqealar yuzasidan taniqli sobiq futbolchi va ekspert Sherzod A'zamov bilan suhbat uyushtirdik.

- Hozirgi kunda terma jamoa tarkibi borasida hamma turlicha fikrlar bildirmoqda. Sizning Jahon chempionatiga yo'l olgan tarkibimiz haqidagi fikringiz qanday?


- Avvalambor shuni aytish kerakki, terma jamoa murabbiylar shtabi imkoni boricha eng maksimal va kuchli tarkibni yig'ishga harakat qildi. Ular futbolchilarning hozirgi holatini, ruhiyati va xarakterini ichidan bilganliklari uchun bizdan ko'ra yaxshiroq tahlil qila olishadi. Biroq, ayrim o'yinchilarning yakuniy ro'yxatdan tushib qolgani meni ham biroz hayron qoldirdi. Shaxsiy fikrimcha, Alisher Odilov va Nodirbek Abdurazzoqov kabi futbolchilar bu safargi tarkibga va Jahon chempionatiga borishga loyiqroq edilar.

- Oxirgi yillarda o'zimiz uchun yuqori planka (mezon) qo'yib oldik. Kanada va Gollandiya bilan o'yinlarda asosiy kamchiliklarimiz nimalarda ko'rindi? Gollandiyaga qarshi bahsda vakillarimiz ancha yaxshiroq taassurot qoldirgandek bo'ldi...

- Bu ikki uchrashuvni tahlil qiladigan bo'lsak, Gollandiyaga qarshi o'yinda terma jamoamizning mazmunliroq ko'ringani sababi - raqib bizga etarlicha baho bermaganida bo'lishi mumkin. Yevropadagilar bizga qarshi bor kuchlari bilan o'ynashmadi, vaziyatlardan unumli foydalanishmadi. Shu bois bizning jamoa fon kuchliroq ko'rindi. Ammo yaqin Erondagi voqealarni inobatga olsak, ayni paytda o'yin amaliyotisiz qolib ketgan futbolchilarimiz bor. Yigitlarning uchta qiyin o'yinga jismoniy kuchlari etadimi-yo'qmi - buni vaqt ko'rsatadi. Shu sababli bu Jahon chempionati o'yin amaliyoti yo'q futbolchilarimiz uchun ancha og'ir o'tadi.

- Siz Hojiakbar Alijonov bilan ham, Farrux Sayfiev bilan ham birga to'p tepgansiz, ularning imkoniyatlarini yaxshi bilasiz. Ayni paytda bosh murabbiy Kannavaro o'ng qanot himoyasidagi muammoga echim topishga qiynalmoqda. Sobiq futbolchi va mutaxassis sifatida bu vaziyatdan qanday chiqish mumkin deb o'ylaysiz?

- Hozirgi holatda murabbiy ilojsizlikdan Farrux Sayfievni o'ng qanotga qo'yishga majbur bo'lmoqda. Bu Sayfievning u erga loyiq emasligidan emas, albatta. Farrux - istalgan o'yinchi bilan raqobatlasha oladigan kuchli futbolchi, biroq u chap qanotda ancha samaraliroq va foydaliroq o'ynaydi. Bu muammoning eng oddiy va to'g'ri echimi - asli shu poziciyada o'ynaydigan, jarohat olgan o'ng qanot himoyachilarimizning tezroq safga qaytishidir.

- Musobaqa oldidan jismoniy tayyorgarlik va futbolchilarning optimal formasi o'rtasidagi balansni ushlash juda qiyin. Hozirgi yuklamalar fonida terma jamoamiz turnirga charchoq alomatlari bilan kirishi xavfi bormi yoki bu zamonaviy futbolda normal holatmi?

- Ochig'i, biz terma jamoa murabbiylariga aql o'rgatadigan darajada emasmiz. Ular o'zlari nima istashayotganini va jamoani qaysi holatga olib chiqmoqchi ekanliklarini juda yaxshi bilishadi. Agar sobiq futbolchi sifatida shaxsiy fikrimni so'rasangiz, menga ko'proq o'yin amaliyoti berilishi yoqardi. Hozir ham shu fikrdaman. Biz guruhdagi uchta raqibni ham shunchaki jismoniy ustunlik yoki ko'p yugurish evaziga yuta olamiz, deb o'ylamayman. Murabbiylar ham buni biladi, lekin hech bo'lmasa raqiblar bilan jismoniy holatda teng bo'lish, ulardan qolishmaslik maqsadida shunday yuklamalar berishgan bo'lishi mumkin.

- Xo'sh, unda biz guruhdagi raqiblardan aynan nimaning evaziga ochko olishimiz va g'alaba qozonishimiz mumkin?

- Birinchi navbatda - raqiblarning bizga qarshi o'z o'yinlarini ko'rsata olmasliklari hisobiga. Ikkinchi va eng asosiy omil esa - futbolchilarimizdagi yuksak ishtiyoq va Vatan sharafi uchun maydonda bor kuchini berib o'ynash tuyg'usi bo'ladi. Mana shu ikki omil bizga muvaffaqiyat keltirishi mumkin.

O'xshash yangiliklar


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: Championat.asia