Shavkat Ahmedov: "Maqsadimiz tumanda barqaror jamoa shakllantirish"

Narzulla Saydullayev
3 mar 2014, 19:00
Uychida "Xotira-79" jamoasi tashkil topgandan buyon klubda faoliyat yuritib kelayotgan Shavkat Ahmedov bilan yaqinda "Andijon"da uchrashib, u kishidan ayrim savollarga javob oldik.
- 30 yanvardan futbolchilarni o'z bazamizda yig'dik va fevralning ilk kunidan boshlab mashg'ulotlarga kirishdik. Hozircha tayyorgarlik reja asosida ketmoqda. Tarkibda o'zgarishlar amalga oshirilmoqda. O'tgan yilgi tarkibga nisbatan bu yil ko'proq yoshlarga e'tibor qaratmoqdamiz. Buning uchun Uychi tumanida yetishib chiqayotgan umuman olganda namanganlik yosh istedodli yigitlarni yig'inga jalb etib, ularni jiddiy sinovdan o'tkazmoqdamiz. Talabimizga javob berayotganlarini olib qolmoqdamiz. Rahbariyat tomonidan barcha sharoitlar yaratib berilmoqda. Bu borada nolimaymiz.

- Bosh murabbiylikka bu yil Usmon Asqaralievni olib kelganmiz. Namanganlik murabbiyni o'zimizga ustoz deb bilamiz. Katta tajribaga ega. Tabiiyki mahorati bizga asqotadi.

- Bu yil o'z oldimizga qo'ygan asosiy vazifamiz eng avvalo tumanda barqaror jamoani shakllantirish. Chempionatda esa ikkinchi bosqichga yo'llanmani qo'lga kiritish. Yuqorida aytib o'tganimdek, bu yil asosiy e'tiborni yoshlarni tarbiyalashga qaratganmiz. O'tgan mavsum jamoamiz safida harakat qilgan ayrim o'yinchilar bu yil oliy liga klublariga o'tishdi. Jumladan G'iyos Komilov o'tgan mavsumning birinchi davrasida aynan "Xotira-79" o'ynagandi. Shuningdek darvozabon Akmal Ortiqov ayni damda "Olmaliq" yig'inida ishtirok etmoqda. Futbolchilarimizning oliy liga klublarining nazariga tushayotganidan xursand bo'lamiz. Shu bois ularni ortiqcha muammosiz qo'yib yuboramiz. Har yili o'yinchilar bilan shartnoma imzolanayotganda, agarda kelgusida oliy liga jamoalaridan taklif bo'lsa ketishiga ruhsat beramiz degan bandni ham kiritamiz. Nasib qilsa joriy mavsumda ham bir qator yoshlarimiz kashfiyot bo'ladi degan umiddaman.

Islombek Rustambekov suhbatlashdi.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia