Shahboz Beg'amovdan bugungi o'yinlarga prevyu

Alisher
30 apr 2022
Bugun O'zbekiston Superligasi 6-tur doirasidagi ikki o'yin bo'lib o'tadi.

Bunyodkor - Olimpik

- Quvnoq Bunyodkor futbol o'ynashni yaxshi ko'radi va raqibga ham bemalol futbol o'ynashiga qo'yib beradi. Farg'onada rosa omadli bo'ldi o'yini. Neftchi bosdi, gollarni Bunyodkor urib ketdi. Ko'pchilik Bunyodkorni yosh deydi, lekin tarkib optimal balanslashgan: 5 legioner va tajribali futbolchilar jamlanmasi mavjud. Olimpik elitada yomon ko'rinmayapti, shunchaki g'alaba masalasi cho'zilmoqda. Kapadze futbol o'ynashni xush ko'radi va bugungi raqibi bilan bu borada yaxshigina bellashadi. Taktik rang-barang bo'lgan Kapadze Olimpikni ilk g'alabaga etaklashi uchun juda qulay fursat, menimcha. Gollarga boy, haqiqiy quvnoq futbol tomosha qilsak ajab emas. Imkoniyatlar teng. Bunyodkor jamoa sifatida zo'r, o'yiniga 5 baho. Lekin himoya chizig'idagi kamchiliklar hujumdagi samarali harakatlar orqali berkinib qolmoqda. Kapadze aynan taktik taraflama pishiqroq bo'lgani uchun Bunyodkorning bu kamchiligini yuzaga chiqaradi, degan fikrdaman va shu bois imkoniyatlarni tenglashtirib baholayman. Xullas, yaxshi futbol ko'rsak kerak, Xudo xohlasa.


Dinamo - Neftchi

- Mavsum startini omadsiz boshlagan jamoalar. Rogan Dinamoda o'z uslubini joriy qilish arafasida. Albatta buning uchun vaqt talab etiladi. Dinamo standart vaziyatlariga alohida urg'u qaratadigan va qarshi hujumda xavfli jamoaga aylanmoqda. Asosiy falsafa - himoyani mustahkam ushlash. O'tgan o'yinlarda hech bir o'yinda Dinamo yomon o'ynamadi, shunchaki natija borasida oqsadi. Natija keladigan darajaga chiqish uchun vaqt talab qilinishi aniq. O'tgan tur natija ham berdi. Neftchi esa ilk o'yinda g'alabaga erishib, qolgan uchrashuvlarni o'yin taraflama yorqin o'tkazib, biroq natija taraflama chuqurlikka tushdi. Paxtakor bilan munosib o'ynadi, So'g'diyonadan kuchli o'ynab, 5-6ta yaqqol vaziyatlar yaratib gol urolmadi. Qizilqum bilan o'rtacha, lekin yirik mag'lubiyatga loyiq o'ynamadi. Bunyodkordan ancha ustun o'ynab, tabloda ustunlikni boy berdi. O'yin tashkillashtirish masalasida zo'r, lekin natija bobida juda sust o'ynayotgan jamoa o'rta balansni topishi va o'sha nuqtani ushlashi kerak. Aks holda buyog'iga jadvalda ham pastda qolib kyetishi xavfi yuqori. Neftchida yarim himoya kuchli, himoya yoki darvoza chizig'i borasida keskin aksincha fikr. Hujumdagi realizaciya foizi daromad solig'idan ham past ko'rsatkichda.

Bugungi o'yin Neftchi uchun finalga teng. Lekin raqib anoyi emas, mavsum startidan farqli ravishda ancha pishgan va Superligada istalgan jamoaga haqiqiy bosh og'riqqa aylanadigan Dinamo. Bu o'yinda ham imkoniyatlar deyarli teng. Neftchi darvozabonlari (eng kuchsiz tarafi ham shu)  Dinamo bilan ayniqsa standart vaziyatlarida qovun tushirmasa kamida ochko bilan ketadi. Aks holda quruq qo'l bilan qaytadi…


SHAHBOZ BEG'AMOV


AlisherMuallif
Manba: championat.asia