Samvel Babayan: "So'g'diyona"dan uchralgan alamli mag'lubiyatdan keyin bugun g'alaba qozonishimiz shart edi"

Sherzod Nurmatov
1 may 2022
Superliganing 6-turidan o'rin olgan "Qizilqum" – "Navbahor" (1:2) uchrashuvidan keyin namanganliklar ustozi Samvel Babayan jurnalistlar savollariga javob qaytardi.

- O'yin haqida

- "Navbahor"ning barcha o'yinlari qiziqarli va kurashlarga boy tarzda kechmoqda. O'ylaymanki, bahs so'nggi daqiqalargacha barchani hayajonda ushlab turdi. Bir kishi ko'p bo'lib qolganimizga qaramasdan, ancha vaziyatlarni ko'kka sovurdik. "So'g'diyona"dan uchralgan alamli mag'lubiyatdan keyin bugun g'alaba qozonishimiz shart edi. 

Futbolda bitta raqibni ikki marta yutish qiyin. Buni qarangki, Kubokdan keyin Superligada ham yana "Qizilqum" bilan to'qnash keldik. "Qizilqum" chempionat yetakchisi va biz ularni mag'lub etishning uddasidan chiqdik. 

Jamoamiz yigitlariga o'yin uchun rahmat aytaman. Muxlislarni va hokim Shavkat Shokirjonovichni g'alaba bilan qutlayman. U kishi "Navbahor" uchun hammasini qilmoqda. G'alabani u kishiga bag'ishlaymiz.

- Elguja Grigalashvili va Nurillo To'xtasinov asosiy tarkibda maydonga tushmadi. Sababi nimada?

- O'yin uchun tanlangan taktikadan kelib chiqib shunday qilindi. Kichik rotaciyaga qo'l urgandik. Shunday bo'lsa-da, keyinroq ularni maydonga tushirdik.  

- 2-taymda "Navbahor" bir kishi ko'p bo'lib to'p tepgani sezilmadi...

- Bu psixologiyaga bog'liq holat. "So'g'diyona" bilan uchrashuvda bizdan har taraflama omad yuz o'girib, mag'lub bo'lgandik. Boshqa tarafdan aytsak, to'pni nazorat qilib, gol urishimiz lozim edi.

- Kubokdagi va hozirgi "Qizilqum" o'rtasida farq sezdingizmi?

- Farqi yo'q. O'shanda ham jiddiy kurashishgandi, bugun ham. "Qizilqum" yuqori saviyali o'yinchilardan tuzilgan jamoa. Bejiz ular chempionatda yetakchilik qilishmayapti.

- "Navbahor" tig'iz taqvimga ega. Jamoa bunga qanchalik tayyor?

- Jamoada futbolchilar etarli, rotaciyaga qo'l uramiz. Chempionatda ketma-ket o'yinlar bo'lishiga sabab oraliq "pauza"lar ko'p. Albatta, maksimal kuchimizni sarflab, ijobiy natija qo'lga kiritishga harakat qilamiz.


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: championat.asia