Riise Klopp haqida: "Uni terma jamoa murabbiyi sifatida ko'ryapman"

Aslanov Jasurbek
24 dek 2025, 17:50
"Liverpul"ning sobiq himoyachisi Yon-Arne Riise Yurgen Kloppning murabbiylik faoliyatiga qaytish imkoniyatini baholadi.

"Agar u chindan ham qaytsa, o'ylashimcha, biror terma jamoa murabbiyiga aylanadi. U klubda ishlaydi deb o'ylamayman. Menimcha, u qachondir Angliya terma jamoasini joni dili bilan boshqargan bo'lardi. Men uni milliy terma jamoa murabbiyi sifatida ko'ryapman, chunki bu klubdagi ish kabi zo'riqishli emas.

Yurgen Klopp hayotni sevadi, u qilayotgan ishini yaxshi ko'radi, u shug'ullanayotgan har bir ishga ishtiyoqi bor. Energiyasi va kimligi sababli men uni yana ko'rishni xohlardim. Ammo shu bilan birga, uning qoldirgan merosi hozir juda ulkan. U Dortmund va Liverpulda shu qadar yaxshi ishladiki, boshqa klubda bundan ham yaxshiroq biror narsa qila olishini tasavvur qila olmayman. Balki, u erishganlaridan shunchaki mamnundir va endi boshqa ishlar bilan shug'ullanayotgandir. Nazarimda, "Liverpul"dagi ish unga qimmatga tushdi - u ruhan va jismonan charchagandi, chunki bu ishga borini, butun energiyasini bergandi", - dedi Riise.

Angliya terma jamoasini hozirda Tomas Tuxel boshqarmoqda. Uning shartnomasi 2026 yilgi jahon chempionati yakuniga qadar mo'ljallangan.

Avvalroq Klopp Red Bull kompaniyasining futbol yo'nalishi bo'yicha global rahbari lavozimini egallagan va kompaniyaning barcha klublarini nazorat qiladi. Germaniyalik mutaxassis "Liverpul"ni 2023/24 yilgi mavsum yakunida tark etgandi.

Klopp "Borussiya"ni 2008 yildan 2015 yilgacha boshqarib, klub bilan ikki marta Germaniya chempionatida, ikki marta Superkubokda va bir marta mamlakat Kubogida g'olib chiqqan, Chempionlar Ligasi finaliga qadar yetib borgan. "Liverpul" bilan u Angliya chempioni, Chempionlar Ligasi, klublar o'rtasidagi jahon chempionati, UEFA Superkubogi, Angliya Kubogi g'olibi bo'ldi, ikki marta Angliya Liga kubogini va bir marta Angliya Superkubogini qo'lga kiritdi.

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: Goal