Ravshan Haydarov: “Tayyorgarlik jarayoni biz kutgandek davom etmoqda”

Aslanov Jasurbek
30 may 2015, 18:22
O'zbekiston U-20 yoshlar terma jamoasi Yangi Zelandiyaning Kraystcherch shahrida yoshlar o'rtasidagi Jahon chempionatiga tayorgarlikni davom ettirmoqda.

Terma jamoa a'zolari guruh o'yinlari bo'lib o'tadigan Kraystcherch shahriga 28 may kuni yetib keldi va bugungacha uchta mashg'ulot o'tkazdi. Terma jamoa bosh murabbiyi Ravshan Haydarov Gondurasga qarshi 1-tur o'yiniga tayyorgarlik jarayoni meyorida olib borilayotganini va futbolchilar turnirga tayyor ekanini aytib o'tdi.

“Velingtondagi yig'inni yakunlab 28 may kuni Kraystcherchga yetib keldik. Gonduras hamda Germaniya yoshlar terma jamoalariga qarshi o'yinlar aynan mana shu shaharda bo'lib o'tishidan xabaringiz bor. Kraystcherchda bugungacha uch kun mashg'ulot olib bordik va barcha mashg'ulotlar har xil stadionlarda o'tkazildi. Aytishim mumkinki, mashg'ulotlar uchun ajratilgan maydonlar a'lo darajada. Tashkiliy tomondan ham terma jamoa uchun yaratilgan sharoitlarga etiroz yo'q. Havoning biroz sovuq ekani mashg'ulotlar jarayoniga halaqit bermayapti va bu holat navbatdagi o'yinlarga ham ta’sir o'tkazadi deb o'ylaymayman”, - deydi Haydarov.

"Amaliy mashg'ulotlar bilan bir qatorda har kuni terma jamoalar murabbiylar shtabi bilan futbolchilar uchun nazariy mashg'ulotlar ham o'tkazilmoqda. Ushbu mashg'ulotlar davomida guruh bosqichidagi raqiblarimizni o'rganib chiqmoqdamiz. Raqiblar borasida imkon qadar etarli ma'lumotlar olinmoqda", - deya qo'shimcha qildi terma jamoa bosh murabbiyi.

O'zbekiston yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi shuningdek, terma jamoa a'zolari safida jarohat olganlar yo'q ekani va deyarli barcha futbolchilar 1-tur o'yiniga tayyor ekanini ta'kidladi. “Tarkibimizda jaroxat olgan futbolchilar yo'q va barcha futbolchilar nasib qilsa musobaqaga tayyor. Biz esa o'z o'yinimiz bilan musobaqani ko'tarinki kayfiyatda boshlashga, muxlislar va bizni qo'llab-quvvatlayotgan barchani xursand qilishga harakat qilamiz. O'z navbatida o'ylaymanki, muxlislar ham biz uchun duoda bo'ladilar va bizni qo'llab-quvvatlab turadilar”, - dedi Ravshan Haydarov.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: the-uff.com