Qizilqum jamoasi 18 fevral kuni Turkiyaga yo'l oladi

Narzulla Saydullayev
16 fev 2015, 16:58
Shu kunlarda yangi mavsumga qizg'in hozirlik ko'rayotgan Qizilqum jamoasi a'zolari mashg'ulotlarni Navoiy shahrida davom ettirmoqda.
Rejaga ko'ra, navoiyliklar navbatdagi o'quv-mashg'ulot yig'inini Turkiyaning Antaliya shahrida tashkil etishadi. Mashg'ulotlar 18 fevraldan 4 martga qadar davom ettishi belgilangan.

Mazkur yig'in doirasida konchilar Antaliyada Ukraina, Ruminiya, Qozog'iston, Rossiya, Belorussiya va Polsha futbol klublari bilan sinov-nazorat uchrashuvlarida maydonga tushishadi. Yig'inga murabbiylar shtabi yigirma besh nafar futbolchi bilan yo'l olishni rejalashtirgan.

Yangi mavsum oldidan Qizilqum jamoasini yarim himoyachilar Samandar Shodmonov, Eldor Boymatov, Ruslan Vagapov, hujumchi Navro'zbek Alimovlar tark etganligini xabar qilgandik. Ayni paytda jamoa mashg'ulotlarida ukrainalik yarim himoyachi Andrey Derkach (Mashal), hujumchi Vyacheslav Shevchenko (Birkirkara, Malta)lar ishtirok etyapti.  Shuningdek, o'tgan mavsumda boshqa jamoalarda to'p surgan hujumchilar Bahriddin Vahobov (Buxoro), Feruz Boboqulov, Xurshid Yo'ldoshev (Oqtepa)lar ham konchilar tarkibida ko'rikdan o'tishyapti.

Eslatib o'tamiz, Qizilqum jamoasi a'zolari 17 fevral kuni poytaxtimizda to'planadi va ertasi kuni Turkiyaga safar qiladilar.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: fcqizilqum.uz