“Qizilqum” jamoasi 26 yanvar kuni “Andijon” bilan o'ynaydi

Narzulla Saydullayev
24 yanv 2016, 18:33
Ayni kunlarda oliy liga jamoalari barcha e'tiborni yangi mavsumga puxta hozirlik ko'rishga qaratishgan.

Navoiyning “Qizilqum” jamoasi 23 yanvar kuni ikkinchi bosqich o'quv-mashg'ulot yig'inini yakunladi. Mashg'ulotlar Navoiy shahrida uyushtirildi.

Rejaga ko'ra, konchilar 24 yanvar ertalab  Farg'onaga yetib kelishdi. Hozirda navoiyliklar Farg'onadagi “Aziya hotel” mehmonxonasida istiqomat qilishmoqda.

“Qizilqum”  futbol klubi murabbiylar shtabi navbatdagi o'quv-mashg'ulot yig'in doirasida 29  yanvar - 10 fevral kunlari bo'ladigan  ananaviy “Hokim kubogi” turnirida ishtirok etishni rejalashtirishgan. Ayni chog'da  o'ttiz nafarga yaqin futbolchi murabbiylar ko'rigidan o'tmoqda.

Tarkibda deyarli hech qanday yo'qotish yo'qligi e'tiborlidir. Jamoani faqatgina himoyachi Asqarjon Muhiddinov tark etgan. Navoiyda tashkil  etilgan ikkinchi bosqich tayyorgarlik mashg'ulotlariga legionerlar ukrainalik Andrey Derkach, Vyacheslav Shevchenko, gruziyalik Georgiy Kvesieshivili kelib qo'shilishgandi. Shuningdek, yangi mavsumdan boshlab Alisher Yusupov, Ilhom Yunusov (ikkisi ham  “Nasaf”dan), Samandar Shodmonov (“Sho'rtan”)lar  “Qizilqum” jamoasi sharafini himoya qilishga yaqin turishibdi.

“Hokim kubogi” turniri bahslari boshlanguniga qadar, “Qizilqum” futbolchilari bir necha nazorat uchrashuvida maydonga tushishni rejalashtirgan. Jumladan, navoiyliklar Farg'onada dastlabki o'rtoqlik uchrashuvini 26 yanvarda “Andijon” vakillariga qarshi o'tkazadi. Bu o'yin Farg'onadagi “Markaziy” stadionda soat 15.00 da boshlanadi.

O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: fcqizilqum.uz