Qibrayga katta futbol qaytmoqda!

Narzulla Saydullayev
15 okt 2020
Qibray o'zbek futbolida o'z o'rniga ega. O'z vaqtida O'zbekiston yoshlar terma jamoasining asosiy hujumchisi bo'lgan, Qozonning Rubin klubida to'p surgan Davron Mirzaevni muxlislar yaxshi eslasa kerak.

Davron Qibray futbol maktabi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Lekin ayrim sabablarga ko'ra, futbolimizga bir qator futbolchi-yu, futzalchilarni yetishtirib bergan tumanda ma'lum vaqt katta futbol to'xtab qolgan edi. Xususan, 90-yillarda 1-ligada Rohat jamoasi Qibray sharafini himoya qilgan, shundan so'ng tuman jamoalarini professional ligalarga ko'rmay qo'ygandik. Uzoq yillik tanaffusdan keyin Qibrayga katta futbol qaytish arafasida. Qibray tuman hokimi Mirqosimov Mira'zam Mirazadovich Vazirlar Mahkamasining Hududiy futbol associaciyalari faoliyatini yanada qo'llab-quvvatlash chora-tadbirlari to'g'risidagi qaroriga asosan tumanda futbolni rivojlantirish bo'yicha alohida qaror qabul qildi. Shu munosabat bilan etti yildan beri Toshkent viloyati chempionatida muntazam ishtirok etib kelayotgan Humo futbol klubining moddiy-texnik bazasini yaxshilash ishlari amalga oshirilmoqda. Shaxsan tuman hokimi Mirqosimov Mira'zam Mirazadovichning qatiy nazorati ostida tumanga katta futbol qaytish arafasida. Yani, Humoning asosiy maqsadi O'zbekiston Professional futbol ligasi tasarrufidagi musobaqaga yo'llanma olish.

Tuman hokimining e'tiboriga mos ravishda Ravshan Sahobuddinov murabbiyligidagi Humo 3-tur o'yinlari o'tkazilgan Toshkent viloyatini chempionatini muvaffaqiyatli davom ettirmoqda. Jumladan, 3ta o'yinning ikkitasida g'alaba nashidasini surgan Humo yana bir bahsda durang qayd etgan holda 7 ochko bilan o'z mintaqasida turnir jadvalida ikkinchi pog'onadan joy olib turibdi. Jamoaning natijasidan tashqari qilinayotgan mehnatlar samarasi boshqa yo'nalishlarda ham bo'y ko'rsatmoqda. Xususan, Humoning ikki nafar a'zosi – Behruz Shukurullaev hamda Diyorbek To'laboev 2006 yilda tug'ilgan futbolchilardan iborat O'zbekiston o'smirlar terma jamoasi bosh murabbiyi Server Jeparov e'tiboriga tushdi. Futbolchilar o'smirlar termasiga nomzod bo'ldi. Aytish kerakki, tumandagi BO'SMda Humoning kelajagi bo'lgan yosh iqtidor egalari tarbiyalanmoqda. Jamoaning yosh tarbiyalanuvchilari ham xuddi akalari singari viloyat birinchiliklarini muvaffaqiyatli davom ettirmoqda.

Umid qilamizki, Humo o'z oldiga qo'yilgan vazifa bajarib, Qibrayga yana katta futbol havosini olib kiradi. Jamoaning kelajagi bo'lgan bolalardan esa, o'zbek futbolining yulduzlari yetishib chiqadi.



Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia