

O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi Hakamlar qo'mitasining bahsli vaziyatlar yuzasidan navbatdagi qarori e'lon qilindi.
Unga ko'ra, joriy yilning 12 mart kuni O'zbekiston Pro ligasi 1-turidan o'rin olgan “Aral” – “Do'stlik” bahsi bosh hakami Jaloliddin Husnitdinov o'yinda yo'l qo'ygan xatolari tufayli uchrashuv nazoratchisi tomonidan 7,4 (qoniqarsiz) bahosiga loyiq ko'rilgan.
O'FA Hakamlar qo'mitasi tomonidan Ekspert-hakamlar komissiyasining chiqargan xulosasi, uchrashuv nazoratchisining qo'ygan bahosi inobatga olingan holda bosh hakam Jaloliddin Husnitdinovga Hakamlar tartib-intizom kodeksining 2.3.3-bandiga muvofiq, barcha musobaqalardan 2024 yil 15 mayga qadar, yani:
- O'zbekiston Kubogidan 3 ta tur;
- Superliga bahslaridan 4 ta tur;
- Pro liga bahslaridan 6 ta tur;
- Ayollar Oliy ligasidan 8 ta tur;
- U21 ligasidan 4 ta tur uchrashuvlariga chetlatish, o'yin uchun belgilangan hakamlik maoshidan 75% miqdorida olib tashlash jarima-intizom chorasi qo'llanilgan.
Avvalroq O'zbekiston futbol hakamlari markazi “Aral” – “Do'stlik” uchrashuvidagi bahsli vaziyatlar yuzasidan Ekspert-hakamlar komissiyasi qarorini e'lon qilgandi.



